O‘zbekistondagi iqtisodiy vaziyat asta-sekin yaxshilanishda
davom etmoqda. Buni O‘zbekistondagi ishbilarmonlik holatini baholash, O‘zbekiston
biznes doiralardagi kayfiyatni aks ettirish bo‘yicha dekabr oyida o‘tkazilgan so‘rovnoma
natijalari ham ko‘rsatib bermoqda.
Pandemiya bilan bog‘liq cheklovlar bosqichma-bosqich bekor qilinib, iqtisodiyot
tiklanar ekan, hukumatning roli asosiy omil bo‘lib qolmoqda. Hukumat tomonidan qabul qilingan islohotlar iqtisodiyot uchun ijobiy impulslar
bermoqda.
O‘zbekiston Prezidentining Parlamentga murojaatida yangi chora-tadbirlar, jumladan, biznesni qo‘llab-quvvatlash, xo‘jalik yurituvchi
sub’ektlarni tekshirish moratoriysini yana bir yilga uzaytirish, soliq imtiyozlari,
oziq-ovqat, neft va elektr sanoatidagi 73 tovar mahsulotiga aksiz solig‘ini bekor
qilish va sog‘liqni saqlash xarajatlarini oshirish haqida e’lon qilindi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan 2020 yilning
dekabr oyida O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhitini baholash uchun korxonalar o‘rtasida
so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnomada respublika bo‘yicha 1000 dan ortiq korxonalar
ishtirok etdi. Mutaxassislar tadbirkorlardan ularning biznesini rivojlantirish istiqbollari
to‘g‘risida savollar bilan murojaat qilishdi.
So‘rovnoma ikki yo‘nalishda o‘tkazildi:
·
biznesning hozirgi
holatini sifatli baholash;
·
tadbirkorlarning
o‘z biznesi bo‘yicha keyingi 2-3 oylik kutilmalari.
O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhitining tahlili shuni ko‘rsatdiki, biznesning
hozirgi holati ko‘rsatkichi o‘tgan oyga nisbatan 6 punktga oshib 33 ballni tashkil
etdi, bu esa tadbirkorlarning o‘z biznesining hozirgi holatiga
nisbatan o‘rtacha mo‘‘tadil ijobiy kayfiyatda ekanligini bildiradi.
Xususan, sanoat sohasida indeks 10 balga ko‘tarildi, qurilish va xizmatlar sohalarida
mos ravishda 14 va 24 punktga o‘sish kuzatildi. Qishloq xo‘jaligi sohasida esa aksincha
24 ballga pasayish kuzatildi.