Qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun o‘g‘itlar –
O‘zbekistonning o‘zida 700 mln dollarlik yirik bozorga aylanib ulgurdi. Yildan
yilga ishlab chiqaruvchilar va mahsulot turlari kengayib bormoqda.
Fermerlar va klasterlar oldidagi tanlov imkoniyati
oshishi albatta yaxshi, ammo to‘g‘ri va sifatli mahsulotni tanlash mutaxassis
bo‘lishni yoxud malakali mutaxassis maslahatini olishni taqozo etadi. Aks
holda, natija kutilganidek bo‘lmasligi ehtimoldan xoli emas.
Agrokimyo sohasida faoliyat yuruvchi Kimyo.uz
korxonasi ta'sischisi va rahbari Murod Majidov hamda ushbu korxona bosh
texnologi Asilbek Muzaffarov Kun.uz'ga bergan intervyusida sohaga doir dolzarb
masalalar haqida so‘z yuritdi.
«O‘g‘itlardan noto‘g‘ri foydalanish – ilmsizlik
oqibati»
Murod Majidov:
— Bugungi kunda o‘simliklarni kimyoviy o‘g‘itlar bilan
parvarishlashga nisbatan salbiy qarashlar paydo bo‘lgan. Masalan, bozorga
borib, tarvuzni kessangiz, o‘rtasi oppoq bo‘lib chiqadi, odamlar esa buni ko‘p
selitra ishlatyapti deb qabul qilishadi. Lekin bu o‘g‘itlar ham o‘simlikka
kerak, muammo shundaki, har doim ham o‘g‘itlardan to‘g‘ri foydalanilavermaydi.
O‘g‘it miqdori ko‘paytirib yuborilishi yoki boshqa
holatlarning sababi – ilmsizlik. Shuning uchun korxonamiz shiori: «Ilmni
hayotga tatbiq qilamiz».
Bugungi kundagi eng dolzarb masala – ilm yutuqlaridan
to‘g‘ri foydalanish. Ilmga asoslanmagan faoliyat uzoqqa bormaydi.
Bir do‘stimiz aytib qoldi. Chet eldan O‘zbekistonga
mehmon kelgan ekan. Qayerga qarasaki, dorixonalar juda ko‘p. Shunda do‘stimiz
unga «Dorixona» so‘zi bu brend nomi emas, farmatsevtika mahsulotlari
sotiladigan joy ekanini tushuntirgan. Haligi odam dorixonalar bunchalik
ko‘pligidan hayron bo‘lgan.
Haqiqatan ham, O‘zbekistonda dorixonalar – 650-700 mln
dollarlik juda katta bozor. Lekin aholimiz shunchalik kasalmandmiki, shuncha
ko‘p dori ichadi? Bunga yechim esa ilmni to‘g‘ri tatbiq qilish. Ya'ni bizdan
keyingi avlodlarga sog‘lom yer, sog‘lom iqlim, sog‘lom muhitni qoldirishimiz
kerak.
Shundagina farzandlarimiz farovon hayot kechiradi,
dorixonaga yugurmay, topgan pulini o‘qishga, ilmga ishlatishiga sharoit
bo‘ladi.
Bu biznesni boshlashda foydani birinchi o‘ringa
qo‘ymaganmiz. Asosiysi – qadriyatimiz. Qishloq xo‘jaligi ekinlarini
o‘g‘itlashdagi muammolarni ko‘rib, ularga yechim topamiz, deya jamoa tuzganmiz.
Olimlarning ilmiy yutuqlarini o‘rganib, ularni amalga tatbiq etish maqsadida
faoliyat boshlaganmiz. Undan keladigan daromad esa keyingi masala.
Kimyo.uz korxonasi dunyo tajribasini o‘rganib, ularni
O‘zbekiston sharoitiga moslagan holda yechimlar taklif etib kelmoqda.
Boshqalardan farqimiz – qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilm yutuqlarini chetdan
shunchaki olib kelish emas, balki uni O‘zbekistonning sharoitiga, tabiatiga,
resurslariga moslab, to‘g‘ri tatbiq qilishni yo‘lga qo‘ymoqdamiz.
Tomchilatib sug‘orish yangicha uslubdagi o‘g‘itlashni
ham talab etadi
Murod Majidov:
— Tomchilatib sug‘orish – suv resurslaridan
foydalanish texnologiyalaridan biri. Undan boshqa texnologiyalar ham bor.
Hozirga kelib suv tanqisligi muammosi aktuallashib boryapti. Bu yil yozgi
sug‘orish mavsumida suv ta'minoti me'yoridan 25 foizga kam bo‘lishi kutilyapti.
O‘zbekiston o‘z iqtisodiyotini me'yorida yurg‘izishi
uchun yiliga 40 mlrd kub metr suvga ehtiyoj bor. Shundan 10 mlrd kub metr suv
O‘zbekiston hududida shakllanadi, qolgan 30 milliardi qo‘shni respublikalardan
oqib keladi.
Shuning uchun ham qishloq xo‘jaligida suvni tejovchi
texnologiyalarni joriy qilishga e'tibor qaratilyapti. Bu yil 423 ming gektar
maydonda tomchilatib sug‘orish joriy etilishi reja qilingan. Albatta, bu
jarayonda ham o‘ziga yarasha muammolar bor.
Birinchisi, muhandislik loyihalarini ilmiy asosda
ishlab chiqish. Agar tomchilatib sug‘orish to‘g‘ri tashkil etilmasa,
samaradorlik past bo‘ladi. Hozirda bu borada o‘qitish kurslari tashkil etilishi
kutilyapti.
Ikkinchi katta masala – o‘simlikni oziqlantirish,
ya'ni o‘g‘itlash. Tomchilatib sug‘orish uchun ishlangan texnologiya yordamida
o‘simlikni suyuq o‘g‘itlash fertigatsiya deyiladi. Bunday turdagi o‘g‘itlar
O‘zbekistonda ilgari bo‘lmagan, ishlab chiqarilmagan ham. Asosan quruq va ildiz
ostiga beriladigan o‘g‘itlardan foydalanib kelingan.
Bugungi kunda suyuq o‘g‘itlashga ehtiyoj katta
ekanidan kelib chiqib, biz dunyo tajribasini o‘rgangan holda, tomchilatish
tizimida o‘simlikni oziqlantirish uchun o‘g‘itlarni ishlab chiqdik.
O‘g‘it ishlab chiqaruvchilar ko‘p, lekin...
Asilbek Muzaffarov:
— Suv tanqisligi yuzaga kelayotgani uchun suyuq, suvda
eriydigan, kapelnitsalar teshigiga tiqilib qolmaydigan darajada toza
o‘g‘itlarga ehtiyoj oshyapti. Bu nima degani? Misol uchun, bir tonna suvga
bor-yo‘g‘i 2 litr suyuq o‘g‘itni aralashtirib, ekinlarga berganingizda,
o‘simlik bu o‘g‘itlarni quruq o‘g‘itlardan ko‘ra tezroq o‘zlashtiradi.
Lekin dehqonlarda bu borada bilimlar yetishmasligi,
hatto bu texnologiyani o‘rnatib berganlarning ham malakasi yetarli bo‘lmasligi
hosil yo‘qotilishiga olib kelyapti. Biz esa yetuk mutaxassislar tajribasida
ko‘rdikki, jarayon to‘g‘ri tashkil etilsa, o‘zimizda ishlab chiqarilgan
o‘g‘itlar bilan ham samaraga erishish mumkin.
Sifatli o‘g‘itlash hosildorlikni oshirish bilan birga,
mahsulot sifatini ham ko‘tarib beradi.
Hozirda o‘g‘itlar bilan shug‘ullanuvchi firmalar juda
ko‘p. O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan o‘g‘it ishlab chiqaruvchilarning soni 2
mingdan oshadi. Ularning faoliyat yo‘nalishlari turlicha: ayrimlar faqat ma'lum
turdagi o‘g‘itlarnigina ishlab chiqaradi, ba'zilar mahsulotni chet eldan import
qilib, biroz o‘zgartirish kiritgan holda bozorga chiqaradi. Kimyo.uz esa
o‘g‘itlash jarayonining boshidan oxirigacha, kompleks yechimlar taklif etadi.
Bu yerda o‘ziga yarasha nozik jihatlar bor. Suyuq
o‘g‘itlar – dehqonlar, fermerlar uchun yangilik, shuning uchun ular har doim
ham sifatli mahsulotni tanlay olishmaydi.
«Yerdan qarzimiz ko‘p» — tuproq unumdorligini oshirish
zarurati haqida
Asilbek
Muzaffarov:
—
Yetishtirilayotgan mahsulot o‘zi bilan birga yerning «kuchi»ni ham olib
qo‘yishini e'tiborga olish kerak. Bu narsa ilmiy isbotlanganiga bir necha o‘n yil
bo‘lgan. Oddiy paxtani olsak, o‘tgan yili gektaridan 40 sentner hosil oldik, bu
40 sentner hosil bir gektar yerdan o‘rtacha 200 kg azot, 75 kg fosfor, 220-250
kg kaliy o‘g‘itini olib chiqib ketadi.
Bu nima degani? Dehqon yerdan olgan hosiliga mos
ravishda yerdan o‘g‘it qarz bo‘lib qoldi degani. Endi, O‘zbekistonda ro‘yxatdan
o‘tib faoliyat yuritayotgan 2 mingta o‘g‘itchilik korxonalaridan nechtasi ana
shu yo‘qotilgan resursni qaytarishga yordam berayotganini hisoblab ko‘rsa
bo‘ladi.
Zamonaviy qishloq xo‘jaligi tizimida yer egasi doim
davlatga tuproq namunasini analiz uchun topshirib boradi. Davlat esa tekshirib,
agar tuproq unumdorligi tushib ketsa, yer egasiga nisbatan tegishli choralar
ko‘rishi, agar unumdorlik oshgan bo‘lsa, uni rag‘batlantirishi kerak.
Masalan, Niderlandiyada shunday. Tuproq unumdorligi
oshgan bo‘lsa, demak, dehqon yerga yaxshi qaragan. Dehqon yer unumdorligini
oshirish xarajatlarini o‘z hisobidan amalga oshiradi, davlat esa bu xarajatlarning
qanchadir qismini qoplab beradi.
Shu chora yerni unumdor saqlab qolish, bizdan keyingi
avlodlarga ham shu holda qoldirish imkonini beradi. Lekin afsuski,
O‘zbekistondagi holat maqtanarli darajada emas: biz yillar davomida yerdan
hosil olib kelyapmiz, lekin yerning o‘zini oziqlantirishga yetarli e'tibor
qaratmadik.
Boshqacha aytganda, bir necha o‘n yil davomida yerdan
«yig‘ilib qolgan qarzimizni» qaytarishimiz, tuproqni ozuqa bilan
to‘yintirishimiz kerak. Biz qilmasak, ertaga farzandlarimiz ikki-uch barobar
ko‘proq qiynalib, shunday qilishga majbur bo‘ladi.
«O‘g‘it tanlashda tanlov imkoniyati ko‘p, aldanib
qolish ham hech gap emas»
Asilbek Muzaffarov:
— O‘g‘itlar masalasida misol keltirsam. O‘zim ko‘rdim,
chet el bilan hamkorlikda ochilgan qo‘shma korxona. Mahsuloti reklamasini o‘qib
ko‘rdim. Na zamonaviy jahon standartiga, na eski standartlarga mos kelmaydi.
Organik-mineral o‘g‘it deb ta'riflangan, organikasi qayerda ekan desam, chet
eldan dengiz suvo‘tlari olib kelinib, fosfor, kaliy qo‘shilib, o‘simlik
aminokislotasiga asoslangan o‘g‘it tayyorlangan ekan. Mahsulot etiketkasida esa
«hayvondan olingan aminokislotalar» deb yozib qo‘yibdi. Hatto tarjimani ham shu
darajada e'tiborsizlik bilan qilishgan.
Bu – bitta holat. Boshqa bir misol keltirishim ham
mumkin. Biz ekin ekilishidan oldin tuproq namunasini olishdan boshlab, to hosil
yig‘ib olingunga qadar o‘g‘itlash masalasida fermerlar yoki klasterlarning
yonida turamiz. Biz kabi mahsulot va xizmatlarni taklif etuvchi boshqa chet el
kompaniyalari ham bor. Ular bilan ko‘p gaplashamiz, tajriba almashamiz. Ana
shunda bir holatga guvoh bo‘ldik, o‘g‘itchilar dehqonga: «Biz bilan
ishlasangiz, yerga qilayotgan xarajatingiz uchdan birga qisqaradi, hosildorlik
oshadi...»
Bu taklif menga juda qiziq ko‘rindi, ularning ishini
o‘rganish qiziqishi uyg‘ondi. Lekin keyin bilsam, o‘g‘itga shunday narsalarni
qo‘shisharkanki, natijada yerdagi bor quvvat so‘rib olinadi. Ma'lum vaqtdan
keyin bunday o‘g‘it ishlatilgan yer unumsiz yerga aylanadi, tuproq o‘ldiriladi.
To‘g‘ri, foydalanish mumkindir, lekin uzog‘i bir yil. Masalan, fermer moliyaviy tomondan qiyinchilikka
uchrab qolgan bo‘lsa.
Ba'zi o‘g‘itchilar bor, sohani tushunadigan va ilmli
bo‘lib ko‘rinadi, lekin qilayotgan ishi aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Shunday
holatlarga uchrab qolmaslik uchun fermer va klasterlarga mustaqil konsultant
yollashni maslahat beraman.
Kimyo.uz ilmiy institutlar bilan hamkorlikda ishlaydi.
Umrini shu sohaga bag‘ishlagan odamlar, chet ellik mutaxassislar bilan
maslahatlashamiz. Berayotgan yechimlarimiz – osmondan olinmagan, ilm orqali
ishlab chiqilgan mahsulotlar.
Bundan tashqari, har bir yerga individual yondashamiz.
Yerning holati, xususiyatlari, joylashgan zonasi kabilardan kelib chiqqan holda
o‘g‘it retsepturasi tanlanadi va ishlab chiqariladi. Bizning asosiy ustunlik jihatlarimiz shulardan iborat.
Bobur
Akmalov suhbatlashdi.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
01 04 2021 / 16:25