Tahlil qilinayotgan davrda O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklari bo‘lgan mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish kuzatildi. Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 1-choragida Rossiya iqtisodiyoti 5,4%ga o‘sdi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda Xitoy yalpi ichki mahsuloti 5,3%ga oshdi. Qozog‘istonda qisqa muddatli iqtisodiy ko‘rsatkichning o‘sishi 4,7%ni tashkil etdi. Qirg‘izistonda iqtisodiy o‘sish sur’ati 8,8%ni tashkil etdi.
Inflyasiya. O‘zbekistonda dastlabki uch oyda narxlar 1,7%ga oshgan (2023 yil 1-choragida – 2,4%). Yillik hisobda iste’mol narxlarining o‘sishi ham 8%gacha sekinlashdi (2023 yil mart oyi oxirida – 11,7%). Taqqoslash uchun, Qozog‘istonda 1-chorakda iste’mol narxlari indeksi 2023 yil dekabr oyiga kelib 2,6%ga (yillik hisobda – 9,3%), Rossiyada – 1,9%ga (yillik hisobda – 7,8%) oshdi. O‘zbekistonda 2024 yilning 1-choragida oziq-ovqat mahsulotlari narxi 1,7%ga, nooziq-ovqat mahsulotlari 1,1%ga, xizmatlar 2,3%ga oshdi.
Birinchi uch oy yakunlariga ko‘ra, misli ko‘rilmagan investitsiya faolligi kuzatildi – asosiy kapitalga investitsiyalar 75%ga oshdi. Markazlashtirilmagan investitsiyalar hajmi 1,8 barobar, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 2,6 barobar oshdi. Shuningdek, korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobidan investitsiyalar 13%ga, aholi mablag‘lari hisobidan 6,3%ga o‘sishi kuzatilmoqda.
Markazlashtirilgan investitsiyalar hajmi 17%ga oshdi. Shu bilan birga, byudjet mablag‘lari hisobidan investitsiyalar 50%dan ortiqroqqa qisqartirildi. Hukumat kafolati ostida jalb qilingan investitsiyalar 2,4 barobar oshdi, biroq ularning umumiy investitsiyalardagi ulushi 4,8%ni tashkil etdi.
Umuman olganda, 1-chorak yakunlariga ko‘ra, investitsiyalar umumiy hajmida markazlashtirilmagan investitsiyalarning ulushi 93%ni, markazlashtirilgan investitsiyalar esa 7%ni tashkil etdi.
Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida 2023 yil yanvar-mart oylaridagi ko‘rsatkichlarga nisbatan jadal o‘sish dinamikasi kuzatildi.
Qishloq xo‘jaligida o‘sish sur’ati 2023 yilning 1-choragidagi 3,2%dan joriy yilning 1-choragida 3,6%gacha tezlashdi. O‘simlikchilik va chorvachilik 3,6%ga, o‘rmon xo‘jaligi 2,7%ga, baliqchilik 5,8%ga o‘sdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda sanoat ishlab chiqarishi 6,5%ga o‘sdi (2023 yil yanvar-mart oylarida – 4,1%). Tarmoqlar bo‘yicha ishlab chiqarishning qariyb 80%ini tashkil etuvchi qayta ishlash sanoatida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 7,1%ga, tog‘-kon sanoatida 4,9%ga, elektr ta’minoti, gaz ta’minoti, sovutish tizimlari – 2,9%ga, suv ta’minoti va chiqindilarni utilizatsiya qilishda - 5,8%ga o‘sish sur’atlarini tashkil etdi.
2024 yilning yanvar-mart oylarida qurilish sohasida mahsulot ishlab chiqarishning o‘sish sur’ati 6,8%ni tashkil etdi (2023 yilning shu davrida – 4,5%).
2024 yilning birinchi uch oyida bozor xizmatlari hajmi 14,2%ga, 2023 yilning shu davrida esa 10,9%ga oshdi. Xususan, eng katta o‘sish ta’lim sohasida – 26%, moliyaviy xizmatlar – 25%, axborot va kommunikatsiyalar – 19%, sog‘liqni saqlash – 14%, doimiy yashash joyi va ovqatlanish – 11%, ko‘chmas mulk - 11%ga kuzatildi. Chakana tovar aylanmasi 9,3%ga oshdi.
Transport xizmatlari hajmi 7,2%ga, yuk aylanmasi 6,2%ga, yo‘lovchilar aylanmasi 5%ga oshdi.
Yanvar-mart oylarida tashqi savdo aylanmasi 6,2%ga o‘sib, 15,8 mlrd dollarga yetdi (2023 yilning yanvar-mart oylarida o‘sish 12,8%ni tashkil etdi). Shu bilan birga, eksport 10%ga oshib, 6,4 mlrd dollarni tashkil etdi (2023 yilning yanvar-mart oylarida 0,7%ga pasayish kuzatildi), import 3,8%ga oshib, 9,4 mlrd dollarni tashkil etdi (o‘tgan yilning dastlabki uch oyida importning 23%ga o‘sishi kuzatildi).
Joriy yilning dastlabki uch oyida yoqilg‘i-energetika materiallari eksporti qariyb 2 barobar, xomashyo 32%, kimyo sanoati mahsulotlari 28%, xizmatlar 10%ga o‘sgan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika materiallari importini 37%ga, xizmatlarni 40%ga, sanoat tovarlari importini 14%ga oshirdi. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari importi 6,7%ga, kimyo mahsulotlari 2,5%ga, mashina va uskunalar 2,6%ga kamayganini qayd etish lozim.
***
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
30 04 2024 / 17:41