Prezident qarorlari – amalda
O‘zbekiston yaqin istiqbolda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish uchun tegishli rejalarga ega davlatlardan biri. Buni shu
yo‘nalishdagi islohotlar yaxshi natija berayotganida ham ko‘rish mumkin.
Xalqaro moliyaviy institutlar zaminimizda muqobil energiya zaxirasi katta ekanini qayd etmoqda. Bu – asosli. Keyingi yillarda “yashil energetika” sohasiga doir yirik
loyihalar amalga oshirildi. Ushbu loyihalar istiqbolda mamlakatimizda qayta
tiklanadigan energiya manbalari ulushini uch karradan ziyodga ko‘paytirish
imkonini beradi. Iqtisodiyot ravnaqi uchun bu katta va muhim raqam.
Shu o‘rinda “yashil” iqtisodiyotni birgina energetika sohasi rivoji bilan
bog‘lash xatoligini ta’kidlash joiz. Bu katta tushuncha. Unga toza ichimlik
suvi bilan bog‘liq masalalar, oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligida
zamonaviy yondashuvlar, barqaror shaharlar, o‘rmon maydonlarini kengaytirish,
cho‘llanishni kamaytirish kabi masalalarni hal qilish kiradi. Boshqacha
aytganda, “Yashil” iqtisodiyot rivojidan davlat, biznes va oddiy aholi baravar
naf ko‘radi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 iyunda “O‘zbekiston Respublikasida «yashil» iqtisodiyotga o‘tishda milliy shaffoflik tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unda «yashil» iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, ilg‘or xalqaro
standartlarga muvofiq ushbu yo‘nalishda shaffoflik darajasini tubdan oshirishga
alohida e’tibor qaratilgan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimida issiqxona gazlari ajratmalarini qisqartirish va boshqa masalalar bo‘yicha tegishli modda bor.
Parij bitimiga muvofiq, shaffoflik tizimi orqali issiqxona gazlari ajratmalari monitoringi natijalari va hisobotlarni, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga moslashish jarayonlariga oid ma’lumotlarni jamoatchilik e’tiboriga yetkazib borish talab etiladi.
– Bir yuz to‘qsondan ortiq mamlakat milliy iqtisodiyot va ishlab chiqarishda issiqxona gazlarini kamaytirish bo‘yicha kelishib olgan, – deydi iqtisod fanlari doktori, professor Bobur Valiyev. – Bu davlatlarda har yili global isishni ikki darajadan kamaytirish vazifalari belgilangan. Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 2 dekabrda
«2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga o‘tishiga
qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar
to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinganini eslatib o‘tmoqchiman. Bu hujjatda
milliy miqyosda issiqxona gazlari ajratmalarining monitoringi, hisoboti va
tekshiruvi bo‘yicha shaffoflik – MRV tizimini yaratish vazifasi belgilangan. Bu
tizim qanday ishlaydi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bunda, dastlab, shu
yo‘nalishda mamlakatda olib borilgan ishlarni baholash monitoring qilinadi.
Tizimning ikkinchi bosqichida erishilgan natijalar e’lon qilinadi. Oxirgi
bosqichda islohotlar ekspertizadan o‘tkaziladi.
Qisqacha aytganda tizim issiqxona gazlari emissiyasi, iqlim o‘zgarishi ta’sirini yumshatish va moslashtirish bo‘yicha erishilgan yutuqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning shaffofligini ta’minlaydi.
Darhaqiqat, mamlakatimiz 2018 yil iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimni ratifikatsiya qilgan. MRV
tizimi mazkur bitim doirasidagi xalqaro majburiyatlarga muvofiq issiqxona
gazlari chiqindilarini kamaytirish, tegishli chora-tadbirlar va harakatlarni
yanada samarali baholash va rejalashtirish imkonini yaratadi.
O‘zbekiston Respublikasida «yashil» iqtisodiyotga o‘tishda milliy shaffoflik tizimini joriy etish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Bunda
ilg‘or xalqaro standartlar va xorijiy tajribalar o‘rganildi.
Hujjat bilan, kelgusi yildan boshlab har besh yilda Parij bitimi doirasida iqtisodiy va ijtimoiy ta’sirni baholash asosida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha milliy majburiyat belgilandi. Iqtisodiyot, shu jumladan, sanoat tarmoqlarida issiqxona gazlari
ajratmalari qisqartirilishini muvofiqlashtirish va tartibga solish choralari
ko‘rilmoqda. Issiqxona gazlari ajratmalari qisqartirilishining milliy
reyestrini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Joriy yilning 1 dekabriga qadar milliy shaffoflik tizimi onlayn platformasi
ishga tushiriladi. Bu resursning «Yashil» iqtisodiyot onlayn platformasiga
integratsiya qilinishi nazarda tutilmoqda. Kelgusi yilning 1 yanvariga qadar
esa tajriba-sinov tariqasida muayyan soha, hudud va korxonalarda issiqxona
gazlari ajratmalari xatlovdan o‘tkazilishi ta’minlanadi.
Bu islohotlar mamlakatimiz iqtisodiyotining uzoq va istiqbolli yo‘li uchun muhim ahamiyatga ega. Bugun bu harakat, shu yo‘nalishdagi tashabbuslar dunyoda
dolzarblashayotganining sababi ham shunda.
Rivojlanishning “yashil” formatini tanlagan davlatlar yirik xalqaro tashkilotlar, biznes vakillari e’tiborini tortayotgani ham bejiz emas. Dunyoga ochilayotganimiz, sarmoyadorlarning mamlakatimizda katta
loyihalarni ro‘yobga chiqarishni ma’qul ko‘rayotgani keyingi yillardagi
harakatlar natijasidir.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
10 07 2024 / 12:14