O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat
Mirziyoyev ilgariroq daromad va hosildorlikning oshishi uchun dehqonchilik
ilmga asoslanishi kerak, degan edilar. Kuni kecha Farg‘ona viloyatiga qilingan tashrif
chog‘ida uning amaliy yo‘llarini ham tavsiya qilishdi. Ya’ni, kelgusi yili
Farg‘ona viloyatida yuz foiz paxta maydonlariga chigit Xitoyning Shinjon
usulida ekiladi. Xo‘sh bu nima degani?
Dastlab shu kungacha qanday uslubda paxta
yetishtirilganini tilga olaylik. Toshloq tumani dehqonini ham,
tashkilotchilarini ham usta paxtakor, deyish mumkin. Negaki, mana bir necha
yildirki, viloyatda eng yuqori hosildorlik olgan ham, shartnomani eng birinchi
ado etgan ham toshloqliklardir. Masalan, Xurshidbek O‘saraliyev boshchiligidagi
“Xurshidbek ziyo” fermer xo‘jaligini olaylik. 32 gektarda F-8290 navli paxta
yetishtirmoqda. Ko‘chatlari avvalo zich, shunga qaramay durkun, baquvvat.
Hosilniku “quyib” tashlagan.
–60x40 sxemada qo‘shqator qilib erta bahor – 27 mart
kuni yerga chigit tashlagan edik. Hozir har getarda 200 mingdan ziyod
ko‘chatimiz bor, –deydi Xurshidbek. –Mana, ikkinchi suvni qo‘yyapmiz. O‘tgan
yili 170-180 ming ko‘chat bilan 50-55 sentnergacha paxta olgandik. Bu yil 60
sentnerdan kam bo‘lmaydi.
Avvallari bir gektarda 100-120 ming paxta ko‘chati
bo‘lar edi. Hosil ham, mehnati ham, qolaversa daromadi ham shunga yarasha
bo‘lgan. 2023 yilga kelib ko‘chat sonini keskin oshirdilar. Endi dehqon, uning
texnikasi daladan chiqmay qoldi.
–Hozirgacha 6 marta “sajen”, ko‘chat soni
ko‘pligi uchun azotli, fosforli o‘g‘it odatdagidan 100-150 kilogrammdan ortiq
soldik. To‘g‘ri, harajat katta, lekin hosildorlik yuqori bo‘lgani uchun daromad
ham shunga yarasha bo‘ladi, – deydi fermer.
Toshloq tumanida 5700 gektar maydonga chigit
tashladilar. Uning o‘ttiz foizida an’anaviy usulga nisbatan bir yarim, ikki
barobar ko‘chat ko‘p.
–O‘tgan yili 180 ming ko‘chati bo‘lgan maydonlar 50
sentnerdan paxta bergan edi. U avvalgi yildagiga nisbatan 10 sentnerga yuqori,
– deydi Toshloq tumani hokimi o‘rinbosari Azimjon Boborahimov. –Bu yil esa
200-220 mingtadan ko‘chat bor har bir gektarda. Demak 60 sentnerdan hosil olish
orzu emas,haqiqat.
Zamon, qishloq xo‘jaligi tizimi, ish uslubi va
siyosati o‘zgardi. Endi avvalgi yillardagi kabi terimda qo‘l kuchiga tayanib
bo‘lmaydi. Mexanizatsiya xal qiluvchi omilga aylanadigan vaqt keldi. Buni
toshloqlik fermerlar anglab yetdilar.
–Ilgari paxta maydonlarimiz 3, 5, 10 gektargacha edi.
Hozir maydonlar 18 gektardan kam emas. Uning sababi paxtani mashinada teramiz
deya maydonlarni atayin kengaytirganimizda, – deydi “Ne’matjon hoji” fermer
xo‘jaligi rahbari G‘iyosiddin Ne’matov.
Tuman hokimligi fermer va klaster kuchini
hosildorlikni oshirishga qaratish bilan birga terim mashinalarini ko‘paytirish
xarakatida.
–50 sentner 200 ming ko‘chat yetishtirgan maydon uchun
oddiy xol ekan. Agrotexnikaga qat’iy rioya qilinsa bemalol 60 sentnerdan hosil
olsa bo‘lishiga ishondik, – deydi Azimjon Boborahimov. –Bu yil ish kuchini va
harajatni tejash maqsadida 6 ta terim mashinalarini sotib olmoqdamiz va tumanda
mashina terimini keng yo‘lga qo‘yamiz.
Farg‘ona viloyatida, jumladan Toshloq tumanida mana
ikki yildirki yangicha usulni sinab ko‘rishmoqda.
–O‘zbekiston
Respublikasi prezidenti Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida aynan “Mezon”
usuli haqida gapirib o‘tdi. Uning afzalligi shundaki ko‘chatning qalinligi
mevaning ko‘pligi hisobiga hosildorlik yuqori bo‘ladi, – deydi “Fayzli tong
jilvasi” fermer xo‘jaligi rahbari Rahmatjon Otaxonov. –Bunday usulda paxta
yetishtirganda ozuqani va ishlovni ko‘paytirish lozim.
Mehnatni ilmiy asosda tashkil etish juda tez
natijasini berdi. Mana bu maydonlarni ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi.
–76 sxemada har gektarida 200 mingtadan ko‘chat
yetishtirdik. Bir tupda 9-10 tadan bo‘liq ko‘sagimiz bor. Paxta ishlashda
davom etyapti. O‘tgan yili har gektaridan 50 sentnerdan paxta olgan edik. Bu
yil niyatimiz hosildorlikni 60 sentnerga yetkazish, – deydi Rahmatjon.
Xo‘sh, Xitoyning Shinjonidachi? Ular avvalo yuz foiz
chigitni plenka ostiga ekadilar. Ikkinchidan, barcha paxta maydonlari 76
sxemaga moslashtirilgan. Uchinchidan, har gektar maydonda 200-220 mingdan kam
emas ko‘chatlar.
Va nihoyat, paxta g‘arq ochilganida yuz foiz terim
mashinalarida yig‘ib olinadi. Shundan gektaridan olinadigan hosildorlik 50-60
sentnerdan kam emas, daromad esa yuqori hosildorlik va ish asosan
mexanizatsiyada bajarilgani uchun eski usulga nisbatan ancha yuqori.
Prezident farg‘onalik dehqonlarni viloyatning barcha
paxta maydonlarida aynan shu usulni qo‘llashga chorladi.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
17 07 2024 / 11:23