Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Xalqaro ekspertlar O‘zbekistonning paxtachilik sohasidagi yutuqlarini e’tirof etmoqda



Ulashing :


Avval xabar berganimizdek, mamlakatimizda paxtachilikka oid dunyodagi ilg‘or tajribani tahlil etish maqsadida “VIII Jahon paxta tadqiqot konferensiyasi (WCRC-8)” o‘tkazildi.

Anjuman doirasida uch kun oldin boshlangan Xalqaro paxta bo‘yicha maslahat qo‘mitasi 82-yalpi majlisi yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov qishloq xo‘jaligi, xususan paxtani yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha yurtimizda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Natijada erkin raqobatni ta’minlovchi bozor tamoyiliga asoslangan ushbu sohani sanoat asosida rivojlantirish, qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratish va hosildorlikni oshirish maqsadida klaster tizimi yo‘lga qo‘yilib, bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda. Shuningdek, paxta yetishtirishda davlat buyurtmasi bekor qilinib, erkin bozor tamoyiliga o‘tildi.

Tadbirda paxta yetishtiruvchi davlatlar oldida turgan muammolarni hal etish uchun hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Iqlim o‘zgarishining sohaga ta’siri, barqaror dehqonchilik amaliyotini joriy etish orqali hosildorlikni oshirish, fermerlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning daromadini ko‘paytirishga ilg‘or amaliyotni joriy etish bo‘yicha fikr, tajriba almashildi.

AQSH, Turkiya, Kot-d-Ivuar, Misr, Tayvan, Janubiy Afrika, Keniya vakillari o‘z davlatlarida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berishdi. Sohani ilmiy asosda rivojlantirish, yangi navlar, iqlim o‘zgarishiga chidamli paxta urug‘lari yaratish yo‘lidagi ilg‘or tajriba, erishilgan yutuqlar tahlil qilindi.

Yetakchi xorijiy mutaxassislar, ekspertlar, olimlar mamlakatimizda yo‘lga qo‘yilgan tizimli islohotlar samarasini yuqori baholadilar.

Go‘zal Sattorova, O‘zA





Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

04 10 2024 / 16:17