
Dala chetiga bir uyum paxta to‘plandi. Uni nima qilsa bo‘ladi? Dehqonning bu peshona terini qanchaga baholasa arziydi? Zar qadrini zargar biladi deganlaridek, qiymatni belgilash unga qaysi ko‘z bilan qarashga bog‘liq.

Tasavvur qilish qiziq jarayon. “Oq oltin” shu holida chetga sotib yuborilsa, birnavi mablag‘ga aylanadi. Oddiy terimchi uchun esa uning kilogrami ming-ikki ming so‘m atrofida turadi. Agar birortasi bog‘lovdagi mol-holiga yedirib yuborsa, suv tekin ketadi. Oddiy yemish bo‘ladi.
Sir emas, yaqin-yaqingacha ko‘pchilik bu xomashyoning qiymatini shu torgina doirada tasavvur qilar edi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda g‘o‘zani parvarishlashdan tortib paxtani ip-kalavaga aylantirish, undan mato tayyorlash, yarim tayyor mahsulotdan esa kiyim-kechak ishlab chiqarish zanjiri yaxshi rivojlandi. To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatining investitsion jozibadorligi oshdi.
Sohaning eksport salohiyatini kengaytirish, mahalliy to‘qimachilik mahsulotlarining xorijiy bozorlarga kengroq kirib borishi uchun katta sharoitlar yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 16 yanvarda qabul qilingan “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida qayta ishlash zanjirini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu yo‘nalish ravnaqida yangi o‘sish bosqichini boshlab berdi.
Hujjat bilan 2025-2027 yillarda ushbu yo‘nalishda qayta ishlash zanjirini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. Maqsadlar o‘sish dinamikasiga e’tibor qaratamiz. Mahsulotlar eksportini joriy yilda 4 milliard, kelgusi yilda 5 milliard va 2027 yilda esa 7 milliard dollariga yetkazish rejasi olindi.
Shuningdek, AQSH va Yevropa davlatlari bozorlariga tayyor mahsulotlar eksporti 500 million dollarga yetkazilishi maqsad qilindi. Ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy dizaynerlik ishlanmalarini keng joriy qilish hamda xalqaro brendlarni jalb qilish orqali esa jami eksportda tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ulushi 70 foizga yetkazilishi qayd etildi.
Soha rivojida mablag‘ muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ip-kalavani chuqur qayta ishlashni yanada rivojlantirish maqsadida 5 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar, kreditlar jalb qilish ko‘zda tutilgan.
– Yangi farmon sohada erishilgan yutuqlarni alohida qayd etib, istiqboldagi yangi rivojlanish yo‘nalishlarini aniq ko‘rsatib beradi, – deydi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bo‘lim boshlig‘i Abdug‘affor Umaraliyev. – To‘qimachilik tarmog‘ida qayta ishlashni chuqurlashtirish uchun qulay moliyaviy shart-sharoitlar yaratish maqsadida bir qator qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etildi. Xususan, ip-kalava va matoning eksport yig‘imidan tushadigan mablag‘lar to‘liq miqdorda “Tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi”ga yo‘naltiriladi. Mahalliy mahsulot va brendlarni xalqaro “marketpleys”larda targ‘ib qilish, joylashtirish va reklama qilish bo‘yicha “Made in Uzbekistan” dasturi amalga oshiriladi.
Joriy yilda yetmishdan ortiq to‘qimachilik loyihalari amalga oshiriladi. Buning natijasida aralash ip, trikotaj mato, gazlama, tayyor tikuv-tirikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvati sezilarli oshadi.
Mahalliy korxonalar ishlab chiqarish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun faktoring kompaniyasi tashkil etiladi. Bundan tashqari, bir qator soliq imtiyozlari qo‘llaniladi.
Ushbu chora-tadbirlar esa shu yo‘nalishdagi tadbirkorlik sub’ektlari uchun katta imkoniyatlarni yaratadi, ulardagi eksport hajmi va ish unumdorligini oshiradi. Yangi-yangi ish o‘rinlari vujudga keladi.
Keyingi yillarda to‘qimachilik sanoati mamlakatning asosiy drayver yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu kabi islohotlar iqtisodiyot ravnaqi, aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
11 02 2025 / 16:18