Milliy Tadbirkorlik
Kodeksi - tadbirkorlar huquqiy himoyasining
huquqiy poydevori
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 22 dekabrda Oliy
Majlisga Murojaatnoma yo‘llab, unda quyidagi fikrni ta’kidlagandi: “Ochiq tan olish
kerak, aksariyat hollarda biron-bir masalani aniq hal etmaydigan, bir-biriga to‘g‘ri
kelmaydigan qonun va qonunosti hujjatlarini qabul qilish amalda ko‘plab muammolar
tug‘dirmoqda. O‘zingiz ayting, samarasiz ishchi guruhlar tashkil etish, huquqni
qo‘llash amaliyotiga ta’sir ko‘rsatmaydigan, ijro mexanizmlariga ega bo‘lmagan,
ta’bir joiz bo‘lsa, «o‘lik» qonunlar kimga kerak? Ana shunday salbiy holatlarni
bartaraf etish maqsadida qonunchilik va normativ hujjatlar ijodkorligini takomillashtirishga
doir konsepsiya ishlab chiqib, amalga oshirishimiz lozim”.
O‘tgan yilning dekabrida esa davlatimiz rahbari Parlamentga
Murojaatnomasida xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qancha chora-tadbirlarni
bayon qildi, jumladan, tadbirkorlik faoliyati
bilan bog‘liq 5 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, ularning
soni qisqartirilishi hamda tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqilishini qayd etdi.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi rivojlanishining beshta ustuvor yo‘nalishi
bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini
mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining tegishli bandida tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq normativ-huquqiy
hujjatlarni qayta ko‘rib chiqib, tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqish
vazifasi aniq-ravshan belgilab qo‘yildi. Ayon bo‘lyaptiki, tadbirkorlik faoliyatini
huquqiy tartibga solinishining takomillashtirilishi o‘ta muhim, ustuvor vazifalar
sirasidan o‘rin olyapti. Bu esa xususiy biznes mamlakatimiz hayotida naqadar katta
o‘rin tutishini, shundan kelib chiqib, davlatimiz
ishbilarmonlarga yanada qulayroq shart-sharoit yaratishga kirishganini anglatadi.
Tilga olingan kodeksni ishlab chiqishda faoliyatining o‘zak-negizini tadbirkorlikni
qo‘llab-quvvatlash tashkil qiluvchi tashkilotlar nihoyatda faol qatnashyapti, bu
ishga butun salohiyatini safarbar qilyapti.
Ma’lumki, O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash
markazi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Tadbirkorlik sub’ektlarining
huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili (Biznes-Ombudsman)
O`zLiDeP bilan hamkorlikda Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqish masalalariga
bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etdi. Muloqotda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik
muammolarini o‘rganish instituti, Oliy Sud
huzuridagi Sudyalar oliy kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat boshqaruvi akademiyasi, Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi huzuridagi
YUristlar malakasini oshirish markazi, Oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari,
shuningdek, fermerlik va tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etib, kun tartibidagi
masala yuzasidan fikr-mulohazalar bildirishdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz
taraqqiyotida hal qiluvchi ahamiyatga ega mazkur sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash,
tadbirkorlar duch kelayotgan to‘siqlarni butunlay olib tashlash g‘oyat muhimdir.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tadbirkorlik faoliyatini tartibga
soluvchi qonunchilik ijodkorligida yangicha yondashuvlarni joriy etish allaqachon
katta zaruratga aylanganini bildirdilar. O‘tgan yillarda milliy qonunchilik tizimida
yangicha yondashuvlar asosida islohotlar amalga oshirildi. Lekin talay kamchiliklar
batamom yo‘qolib ketmadi. Jumladan, xususiy sektorga oid turli me’yoriy hujjatlarda
qarama-qarshiliklar, chalkashliklar, bir-birini takrorlovchi normalar, byurokratiya
kuchayishiga xizmat qiluvchi talablar hamon mavjud. Ustiga-ustak, qonun-qoidalar shu qadar ko‘p va
tez-tez o‘zgarib turadiki, nainki tadbirkor, hatto yuristlar ham ularni o‘qib-o‘rganishga,
hammasini yodda saqlashga ojiz qoladi. Bu
salbiy holatga qanchalik tez barham berilsa, shunchalik yaxshi.
Davra suhbatida tadbirkorlik keng quloch yozishida mahalliy
davlat hokimiyati organlari katta rol o‘ynashi ham aytildi. Ular tadbirkorlik faoliyatini
rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy sub’ektlari
sirasiga kiradi. Joylarda tadbirkorlik va
yaratuvchanlik muhitini shakllantirish, yoshlarni, birinchi navbatda ta’lim muassasalari
bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, aholini tadbirkorlikka oid
axborot-ma’lumotlar bilan ta’minlash, tegishli hududdagi bo‘sh bino va inshootlarni
ishlab chiqarish ob’ektlariga aylantirish, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, milliy
hunarmandchilik, chorvachilik, parrandachilik, dehqonchilik, shaxsiy tomorqa xo‘jaligini
rag‘batlantirishga ko‘maklashish, zamonaviy inson omilini shakllantirish kabi vazifalarning
qay darajada bajarilishi ularga ham bog‘liq. Mahalliy davlat hokimiyati organlarida
xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vakolatlar, imkoniyatlar bor.
Ammo ularni ishga solish mushkul. Joylarda barcha davlat
idoralari ham tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash
borasida aholi va tadbirkorlarga zarur shart-sharoit yaratmoqda, deb ayta olmaymiz.
E’tiborlisi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash
bilan bog‘liq faoliyatini belgilovchi qonun hujjatlarida yagona yondashuv mavjud
emas. Soha mutaxassislari fikriga ko‘ra qonunchilik hujjatlarida davlat tashkilotlarining
bu boradagi faoliyati ba’zilarida “majburiyat”, boshqalarida “vazifa” va ayrimlarida
esa “vakolat” hamda “javobgarlik” sifatida belgilangan. Amaldagi nazorat tizimi
esa formal tusga ega bo‘lib, ijrodagi muammolarni
aniqlash va hal qilishga yo‘naltirilmayapti. Ana shu sabablarga ko‘ra mahalliy
davlat hokimiyati organlarining tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish
borasidagi faoliyatini takomillashtirish bugungi davr talabidir. Bu esa tadbirkorlik
yo‘nalishida olib borayotgan ishlarimizga, tegishli qonunlarimizga fuqarolarimiz,
tadbirkorlar, chet el investorlarida ishonchsizlik uyg‘otishi mumkin. Tadbirkorlik kodeksi
ana shu salbiy holatga ham barham berishi zarur.
Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarini
davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, tadbirkorlik
sub’ektlarini davlat tomonidan boshqarish va nazorat qilish, huquqlarini himoya
qilish, tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi o‘zaro shartnomaviy munosabatlarni
tartibga solishda ham yirik hajmdagi qonunchilik hujjatlari amalga kiritilishi oqibatida
ularni qo‘llashda muayyan qiyinchiliklar
va muammolar yuzaga kelyapti. SHu sababli tegishli qonun hujjatlarini tizimlashtirgan
holda yagona tadbirkorlik kodeksiga birlashtirish va institutsional tartibga solish
zarur.
E’tiborlisi, Tadbirkorlik kodeksining qabul qilinishi sohaga doir qonun
hujjatlarini tizimlashtirish bilan bog‘liq masalalar echimini topishni talab etadi.
Qonunlar ichki tizimliligini ta’minlashda kodekslashtirish alohida o‘rin tutadi.
Ma’lumki, kodeks muayyan huquq (qonunchilik) sohasidagi normativ majmuani ifodalovchi,
jamlovchi qonundir. Kodeks tuzish jarayonida tarmoqdagi huquqiy normalar, turli
darajadagi normativ-huquqiy hujjatlar tahlil qilinadi, qayta ishlanadi, ixchamlashtiriladi
va takomillashtiriladi.
Tadbirkorlik faoliyati erkinligini kafolatlash
tamoyilidan kelib chiqib, ushbu sohadagi qonunchilikda ixtiloflar vujudga kelganda
tadbirkor manfaatini himoyalash ustuvorligini
va qonunchilikdagi ziddiyatlar tadbirkorlik sub’ektining foydasiga talqin qilinishini
kodeksda belgilab qo‘yish ham yurtimizda tadbirkorlik rivojiga xizmat qiladi.
Tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik va norma ijodkorligida
yangicha yondashuvlarni joriy etishni taqozo etuvchi ayrim omillar mavjud. Bular
sirasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Tadbirkorlarning huquqlari va
qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili ta’kidlaganidek, tadbirkorlik
faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri
tartibga solishga yo‘naltirilmaganligi va tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi
qonunlarni amaliyotga joriy etish mexanizmining etarlicha shakllanmaganligi va boshqalar
kiradi.
Tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonun va qonunosti
hujjatlari loyihalarini tayyorlash hamda ularni qabul qilishda bir qator talablar
chetda qoldirilgan. Xususan, qonunda ortiqcha havolalarning ko‘pligi, ayniqsa, tegishli
huquqlar va ularning hajmini belgilovchi normalar qonundan havolaki normalar orqali
“chiqarib” yuborilganini qayd etish zarur. SHuningdek, qonunosti hujjatlari ko‘p
hollarda tadbirkorlik sub’ektlarining qonun bilan belgilangan huquq va manfaatlarini
to‘liq ro‘yobga chiqarmaydi yoki ularga g‘ov bo‘ladi.
Tadbirkorlik Kodeksining qabul qilinishi zarurati quyidagi
omillar, jumladan, tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan maqsadli tartibga solishning
adolatli asoslari hamda aniq mezonlarini vujudga keltirish, tadbirkorlik faoliyati
erkinligining qonuniy kafolatlarini ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari
va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish,
kafolatlash hamda haqiqiy ishbilarmonlik muhitini vujudga keltirish, tadbirkorlik
sub’ektlari uchun raqobat muhitini yaxshilash va davlatning ayrim funksiyalarini
xususiy sektorga o‘tkazish, tadbirkorlik faoliyati etikasi qoidalari va korrupsiyaga
qarshi kurashish tartib-taomillarini keng joriy etish, davlat organlarining (ayniqsa,
mahalliy davlat hokimiyati organlarining) tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish
va qo‘llab-quvvatlash borasidagi imkoniyatlarini to‘liq safarbar etish, davlatning
iqtisodiyotga asossiz aralashishining oldini olish va boshqa dolzarb omillar bilan
ham izohlanadi.
Ushbu normalarning hayotga amalda tadbiq etilishi tadbirkorlik
sub’ektlariga haqiqiy adolatli iqtisodiy va moliyaviy erkinlikni taqdim etadi. Bunday
erkinlikning huquqiy asoslari esa faqatgina qonun darajasida va albatta, tadbirkorlik
kodeksida belgilab qo‘yilishi lozim.
Tan olish kerakki, hozirgi kunda qonunlarning islohotlar
amalga oshishiga ijobiy ta’siri kutilganidek emas va ijtimoiy munosabatlarni tartibga
solishdagi roli ularni takomillashtirishni talab etadi.
Iqtisodiy faollik
erkinligi, tadbirkorlik sub’ektlari iqtisodiy manfaatlarining qonuniy himoya qilinishi,
narxlarni erkinlashtirish va bozor infratuzilmasini shakllantirish, tovar ishlab
chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi sub’ektlarning o‘zaro raqobati, tadbirkorlik
sub’ektlarining qonun man etmagan har qanday faoliyat turi bilan shug‘ullanishi
mumkinligi singari muhim tamoyillarning Tadbirkorlik kodeksida yanada mukammal holda
mustahkamlanishi va amaliyotga tatbiq etilishini ta’minlash mexanizmlari joriy etilishi
lozim.
Barcha mulk shakllarining
teng huquqliligi va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishiga doir konstitutsiyaviy
tamoyil asosida fermerlar, dehqon xo‘jaliklari, tomorqa er egalari va agroklasterlarning
davlat tasarrufidagi korxonalar, mahalliy hokimlik idoralari va kichik tadbirkorlik sub’ektlari hamkorligi hamda o‘zaro munosabatlarini bozor
prinsiplariga muvofiq tashkil etish bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Masalan, klasterlar tomonidan fermer xo‘jaliklari
erlarini olib qo‘yish va faoliyatini tugatish, fermerlar bilan tuzgan shartnomalarni
bekor qilish qonunchilikka zid ma’muriy usullar orqali bajarilyapti. Ayni paytda, hozirda belgilangan tartibda muhokama qilinayotgan
“Agrosanoat klasterlari maqomi va ularning
faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi
Nizomni tasdiqlash hakida”gi hukumat qarori loyihasida qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilarini
agrosanoat klasterlariga majburiy tartibda biriktirish amaliyotining bekor qilinishini
ko‘zda tutilayotganligi e’tiborga loyiqdir. Klasterlar
haqida gap ketganda, chorva klasterlariga yaylov maydonlari ajratish va ular faoliyatini
tashkil etish jarayonida lalmi dasht hududlarda chorvachilik faoliyati orqasidan
qo‘y-mol boqib, hayot kechirib kelayotgan, aksariyati ishsiz bo‘lgan mahalliy aholi va davlat statistika hisobotida chorva mollari soni
ko‘rsatilib, tegishli soliq to‘lovlarini amalga oshirib kelayotgan ko‘p tarmoqli
fermer xo‘jaliklari manfaatini ham hisobga olish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Shuningdek,
agroklasterlar majburiyatlarining bajarilishi va investitsiya loyihalari amalga
oshirilishini monitoring qilish mexanizmi ham mavjud emas.
Yangidan tashkil etilayotgan
agroklasterlarning qishloq aholisi qonuniy manfaatlarini inobatga olgan holda faoliyat
yuritishi to‘g‘risidagi bandlarning klasterlarga oid qonunchilik normalariga kiritilishini
hayotning o‘zi taqozo etmoqda.
Yer maydonidan foydalanish
(yerga egalik) huquqi tamoyilidan kelib chiqib, ijara shartnomasida belgilangan
shartlarni bajarib kelayotgan fermer xo‘jaliklarini shartnomada ko‘rsatilgan muddatlar
davomida optimallashtirishga tushirmaslik va yerning zaxiraga qaytarib olinmasligining
(sud qarori bundan mustasno) kafolatlanishi ham ayni muddaodir.
Shuningdek, hozirgi
vaqtda qonun hujjatlarini muhokama qilish uchun sharoit yaratish orqali ularning
tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini baholash tizimini yanada takomillashtirish dolzarb
ahamiyatga ega. SHu o‘rinda tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir qilayotgan amaldagi
qonunchilik va me’yoriy hujjatlarni tanqidiy ruhda ko‘rib chiqish va ushbu yuzasidan
ishlab chiqilayotgan Tadbirkorlik Kodeksi loyihasiga kiritish bo‘yicha soha mutaxassislari,
olimlar, tadbirkorlar va fermerlarning takliflarini O‘zbekiston Respublikasining
Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali (my.gov.uz) orqali taklif
berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish lozim.
Mavjud
normativ-huquqiy hujjatlarning baholanishi ular tartibga soladigan tegishli yo‘nalish
va masalalarni yanada takomillashtirish, tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga
to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini
amalga oshirish uchun ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish va qisqartirish
nuqtai-nazaridan ko‘rib chiqilishi maqsadga
muvofiq. Bunda jumladan,
- tadbirkorlik sub’ektlariga yangi cheklovlar va yangi
turdagi ruxsat berish tartib-taomillari, litsenziyalar joriy qilish yoki mavjud
cheklov, ruxsat berish tartib-taomillari va litsenziyalanadigan faoliyat turlarini
tadbirkorlik sub’ektlarining yanada kengroq doirasiga tatbiq qilish;
- ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni yoki litsenziyalarni
olish uchun qo‘shimcha talablar va shartlarni joriy etish;
- tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ancha xarajatlar
qilishga olib kelishi mumkin bo‘lgan talablar (shartlar)ni joriy etish;
- tadbirkorlik sub’ektlarining belgilangan huquqlarini
qisqartirish (kamaytirish) yoki qo‘shimcha majburiyatlar joriy qilish;
- tadbirkorlik sub’ektlari uchun yangi turdagi javobgarlik
choralarini joriy qilish;
- tadbirkorlik sub’ektlariga soliqlar va boshqa majburiy
to‘lovlar belgilanishi va h.k. ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta’siri nuqtai
nazaridan baholanishi kerak.
Ayni paytda, ijtimoiy-iqtisodiy
rivojlanish dasturlarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan qonunchilik hujjatlari
(dasturlar) ham tadbirkorlik sub’ektlari manfaatlarini inobatga olgan holda yoki
ushbu dasturlarni amalga oshirish jarayonida ularga etkazilgan ziyon (masalan,
“snos”larni kompensatsiya qilish va h.k.) qoplanishi tartiboti belgilangan holda
qabul qilinishi maqsadga muvofiq. CHunki tadbirkor ham soliq to‘lovchi va ish o‘rinlarini
yaratuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ekt sifatida konstitutsiya va qonun himoyasidagi
xo‘jalik yurituvchi sub’ektdir. Maqsad jamiyat va tadbirkor manfaatini uyg‘unlashtirish
uchun mustahkam poydevor yaratishdir.
Jamiyatda tadbirkorga nisbatan
sotsialistik tizim davridan meros bo‘lib qolgan “o‘g‘ri” va “qallob” degan noto‘g‘ri
tushunchaga barham berish, uning haq-huquqlarining himoyalanishini ta’minlaydigan
muhit yaratish bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida juda muhim ahamiyatga ega. Aks
holda o‘z mablag‘larini ishlab chiqarish va aholiga xizmat ko‘rsatish maqsadlari
uchun tikkan hamda ijtimoiy mas’uliyatni bo‘yniga olgan biznes vakilining qonuniy
himoyasini ta’minlay olmasak, jamiyat ravnaqi haqida bong urishga o‘rin qolmaydi.
Keyingi yillarda jahon
hamjamiyatida fuqarolar tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati
ochiqligi va shaffofligiga nisbatan talab kuchaydi. Dunyoning turli mamlakatlarida davlat organlari ochiqligini ta’minlash va normativ-huquqiy
hujjatlar (NHH) muhokamasi uchun aholi va tadbirkorlar bilan onlayn-muloqot turli
shakllari yo‘lga qo‘yilgan. Jamoatchilik muhokamalari davlat boshqaruvining turli
xil sohalarida amalga oshirilmoqda.
Bunda jamoatchilik muhokamasi xalqning hokimiyat
boshqaruvida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishi va bevosita demokratiya tizimi sifatida
aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga takliflar, qo‘shimchalar, fikr-mulohazalar taqdim
etish yo‘li bilan huquqiy hujjatlar qabul qilinishiga qadar uning mazmun-mohiyatini
shakllantirishda ishtirok etishga imkoniyat yaratadi.
Bugungi kunda axborot-kommunikatsiya
texnologiyalari (AKT) rivojlanib borayotganligi va jamiyat hayotida beqiyos ahamiyat
kasb etayotganligini, davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro hamkorligi uchun
yangi imkoniyatlar tug‘dirayotganligini inobatga olib, ishlab chiqilayotgan milliy
Tadbirkorlik Kodeksi loyihasini shakllantirish bo‘yicha real vaqt rejimida ishlaydigan
maxsus veb-portal orqali interaktiv muhokamani tashkillashtirish maqsadga muvofiqdir.
Bu esa muhokama muddatlarini tezlashtirish va muhokama shaffofligini ta’minlaydi
hamda unda faol ishtirok etuvchi shaxslarning nuqtai nazarini aniq ifoda etishga
shart-sharoit yaratadi.
Tadbirkorlik Kodeksidan kutilayotgan asosiy maqsad
– tadbirkorlarning huquqlari, faoliyati erkinligi
kafolatlarini tadbirkorlar uchun sodda va ravon tarzda havolaki normalardan holi,
to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuchga ega qonun hujjatida aniq belgilab berilishini ta’minlash
va ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizda keng joriy etilishidir.
Davra suhbatida Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab
chiqish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat tashkilotlari vakillaridan
iborat ishchi guruhni shakllantirish, uning ish rejasini tayyorlash, tadbirkorlikka oid juda ko‘p amaldagi qonun
hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish va ularning sonini qisqartirib, Tadbirkorlik
kodeksiga birlashtirish, bu borada xorijiy tajribani o‘rganish, yo‘l xaritasini
ishlab chiqish, kodeks konsepsiyasini yaratish, Tadbirkorlik kodeksi bo‘yicha amalga
oshirilayotgan ishlardan ishbilarmonlarni xabardor qilish va ularning fikr-mulohazalarini
o‘rganish va boshqa shu singari ishlarga taalluqli masalalar muhokama qilinib, muayyan
kelishuvlarga erishildi. Tadbirkorlik kodeksi loyihasi muhokamalariga tadbirkorlar,
fermerlar qanchalik ko‘p jalb qilinsa, hujjat shunchalik pishiq-puxta bo‘lishi shubhasizdir.
Bunda mavjud qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish
va ishlab chiqilayotgan Tadbirkorlik Kodeksi loyihasiga kiritish uchun muhokama
ishtirokchilari tomonidan berilgan takliflar tegishli vazirliklar, davlat va xo‘jalik
boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan taalluqliligi
bo‘yicha ko‘rib chiqilishini ta’minlash borasida qonun bilan belgilangan me’yorlar
doirasida chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim.
Shu o‘rinda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati –
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi amaldagi qonunchilik bilan belgilangan
o‘z imkoniyatidan kelib chiqib, elektorati – tadbirkor va fermerlarning huquq va
manfaatlarini himoya qiluvchi siyosiy kuch sifatida hozirda ishlab chiqilayotgan
Tadbirkorlik Kodeksi loyihasiga kiritilishi
lozim bo‘lgan asosiy omil va tamoyillarni
siyosiy platforma darajasida puxta ishlab chiqib, tegishli vazirlik va idoralarga
chorlov va chaqiriq bilan chiqishi, o‘z nuqtai
nazarini bayon etishi, jamoatchilik muhokamasini keng miqyosda tashkillashtirishi
bugungi kun davr talabi bo‘lib qolmoqda.
Sultonmurod Mixridinov,
O‘zbekiston Tadbirkorlik
va
fermerlikni qo‘llab-quvvatlash
markazi bo‘lim boshlig‘i
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
09 04 2021 / 9:15