Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Sohaga xususiy sektor jalb qilinadi



Ulashing :



Joriy yilda “O‘zsuvta’minot” AJ va uning tizimidagi tashkilotlar tomonidan 1 619 kilometr ichimlik suvi, 521 kilometr oqova suv tarmoqlarini tortish, tizimdagi 162 ta inshootni qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Bularning natijasida 715 ming aholiga ilk bor markazlashgan toza ichimlik suvi yetib boradi, 135 ming xonadon oqova tarmog‘iga ulanadi, 157 ming iste’molchiga zamonaviy hisoblagich o‘rnatiladi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining Fransiyaga tashrifi doirasida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ichimlik suvi bo‘yicha 340 million yevrolik 3 ta loyihaga kelishilgan. Jumladan, Fransiyaning “Suez” kompaniyasi Denov, Sho‘rchi, Sariosiyo va Qumqo‘rg‘ondagi ichimlik suvi ta’minotini xususiy boshqaruvga olmoqda. Natijada viloyatda markazlashgan ichimlik suvi qamrovi 90 foizga yetishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda shular haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlanishicha, oqova tarmog‘i mavjudligi qurilish, sanoat va xizmatlar rivoji uchun muhim omil. Uni kengaytirishda byudjetdan har yili trillionlab mablag‘ sarflanmoqda. Bu jarayonlarda sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish zarurligi alohida ko‘rsatib o‘tildi.

Yana bir jihat, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish jarayonini soddalashtirish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Yig‘ilishda tenderlarni tezlashtirib, yil yakunigacha 850 million dollarlik ishlarni bajarish topshirig‘i berilgan.

– Sohani raqamlashtirish uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 125 million dollar jalb qilinishi belgilandi, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov. – Besh yilda yirik suv inshooti va magistral quvurlarga 4 800 ta “aqlli” hisoblagich, 2 800 ta telemetriya tizimi o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Bu elektrotexnika sanoati uchun katta bozor ekani qayd etilib, hisoblagich ishlab chiqarishni ko‘paytirish, xizmat ko‘rsatishni bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Shuningdek, yig‘ilishda markazlashgan issiqlik ta’minoti, tabiiy gaz ta’minoti, yerlarni auksion orqali sotish, fermerlar reytingi mezonlari, dolzarb bir oylik doirasida mahallalarda olib borilayotgan dehqonchilik va obodonlashtirish ishlari, “mahalla-servis” kompaniyalari tashkil qilish tajribasi, tuman va shahar obodonlashtirish bo‘limlari tarkibida ichki yo‘llarni saqlash uchastkalari tashkil qilinishi kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Brifing yakunida 2025 yil birinchi yanvar holatiga aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 80,9 foizni, oqova suv xizmati bilan qamrab olinganlik darajasi 20,9 foizni tashkil etgani qayd etildi.

Nilufar Bozorova, O‘zA


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

19 03 2025 / 11:46