Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishda ilmiy yondashuvning ahamiyati



Ulashing :


Mamlakatimizda so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida aniq chora-tadbirlar asosida ish olib borilmoqda. 2017 yil 3 yanvarda ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan.

2025 yil 5 mart kuni esa davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha qilingan ishlar muhokama etilib, korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov ekanligi ta’kidlandi.

Ilmiy adabiyotlarda korrupsiyaning asosiy sabablari sifatida iqtisodiy tengsizlik, huquqiy tizimdagi kamchiliklar hamda institutsional muammolar ko‘rsatiladi. Bu omillar korrupsiyaning paydo bo‘lishini va uning tarqalishini tezlashtiradi. Aynan shuning uchun ham bu borada ilmiy izlanishlar olib borish orqali muammoni asil mohiyatini anglash va unga qarshi kurashish mumkin bo‘ladi. Ilmiy yondashuv korrupsiyaning sabablarini aniqlash va uning oldini olishda samarali qarorlarni ishlab chiqish uchun muhimdir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz”. Buning uchun jamiyatning ma’naviy va axloqiy savodxonligini oshirish, yoshlarning huquqiy, ma’rifiy bilimlarini kuchaytirish, korrupsiyaga qarshi o‘z pozitsiyasini qat’iy bildirish kerak.

Korrupsiyaning sabablarini o‘rganish ilmiy tadqiqotlar uchun muhim ahamiyatga ega. Bu tadqiqotlar korrupsiyaning barvaqt oldini olish bo‘yicha strategiyalarni ishlab chiqishda yordam beradi. Masalan, iqtisodiy sabablar korrupsiyaning paydo bo‘lishiga turtki beradi, chunki turli xildagi cheklashlar, amaldorlarning nazoratsizligi va imtiyozlarga ega bo‘lishi ularni pora olishga undaydi.

Ilmiy tadqiqotlar korrupsiyaning ijtimoiy oqibatlarini ham tahlil qiladi. Korrupsiya, o‘z navbatida, iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiradi, investitsiyalarning kamayishiga, ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Ijtimoiy adolatsizlikni kuchaytiradi, jamiyatda islohotlarni noto‘g‘ri tushunish va noto‘g‘ri talablarni targ‘ib etadi. Shunday qilib, korrupsiyaga qarshi kurashish faqat davlat organlari va qonun bilan cheklanmasdan, balki ijtimoiy muhitning yaxshilanishini ham talab qiladi.

Tadqiqotchilar korrupsiyaning oldini olish uchun samarali davlat siyosatini ishlab chiqishda huquqshunoslik va siyosatshunoslik sohasidagi tadqiqotlarning ahamiyatini ta’kidlashadi. Bu huquqiy va siyosiy mexanizmlar korrupsiyaga qarshi kurashish uchun muhimdir. Ular orasida korrupsiyaga qarshi qonunlar, tizimli monitoring, jamoatchilik nazorati va keng targ‘ibot tadbirlari muhim rol o‘ynaydi. Ijtimoiy va huquqiy sohalarda amalga oshiriladigan tadqiqotlar korrupsiyaga qarshi kurashishga samarali ta’sir ko‘rsatishga yordam beradi.

Ilmiy tadqiqotlar korrupsiyaga qarshi kurashishda innovatsion texnologiyalarning ahamiyatini ham ko‘rsatmoqda. Modern axborot tizimlari, ma’lumotlar tahlili va elektron hukumatning rivojlanishi korrupsiyaning oldini olishda muhim rol o‘ynaydi. Elektron tizimlar korrupsiyaning oldini olish va shaffofligini ta’minlashga yordam beradi.

Shuningdek, yoshlar ta’limi va tarbiyasi ham korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim o‘rin tutadi. “...Islohotlarimiz natijadorligi avvalo, sadoqatli, fidoyi va korrupsiyaga toqatsiz yangi avlodga bevosita bog‘liq. Bu ishda fikri toza yosh avlodni tarbiyalash ustuvor vazifaga aylanishi shart”. Shu maqsadda maktab direktorlari “Tarbiya” fani doirasida o‘g‘il-qizlarimizga halollik, birovni haqqiga xiyonat qilmaslik kabi ezgu g‘oyalarni sodda tilda tushuntirib borishi kerak” degan edi Yurtboshimiz.

Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurashishda ilmiy yondashuvning ahamiyati katta. Ilmiy tadqiqotlar korrupsiyaning sabablarini aniqlash, undan saqlanish va samarali siyosatlar ishlab chiqishga yordam beradi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish uchun ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy aspektlarni ham inobatga olish kerak. Innovatsion texnologiyalarning rivojlanishi, jamoatchilik nazoratining kuchaytirilishi va yoshlarning ma’naviy hamda huquqiy ma’rifiyligi muvaffaqiyatga erishishda muhim ahamiyatga ega.

Abdulla Ro‘ziqulov,

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi

O‘zА





Sarlavxa :
Iqtisodiyot

26 03 2025 / 11:38