
So‘nggi sakkiz yilda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari sohasiga 27,5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shundan 16,5 trillion so‘mi davlat byudjetidan, 1 milliard AQSH dollari esa xalqaro moliya institutlarining investitsiyalari hisobidan qoplandi. Mazkur mablag‘lar evaziga 3 627 ta inshoot hamda 40,6 ming km ichimlik va oqova suv tarmoqlari barpo etildi.
E’tiborli jihati, bu orqali 7,7 million aholi ilk marotaba ichimlik suvi bilan ta’minlandi, shuningdek, 11,5 million aholining suv ta’minoti yaxshilandi. Shu bilan birga, 1,1 million aholi oqova tizimiga ulandi. Natijada ichimlik suvi qamrovi 63 foizdan 80,9 foizgacha, oqova suv xizmatlari esa 17,2 foizdan 20,9 foizgacha oshirildi.
Islohotlarning amaliy natijasi – yirik hududiy loyihalarda aksini topadi. Jumladan, “To‘palang” suv ombori loyihasi asosida 147 km tarmoq tortilib, Surxondaryoning Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on tumanlaridagi 141 ming aholining ichimlik suvi ta’minoti va sifati tubdan yaxshilandi.
Jizzax viloyatida esa Zarafshon daryosi suvlaridan foydalanish orqali Do‘stlik, Paxtakor, Mirzacho‘l tumanlari va Jizzax shahridagi 286 ming nafar aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi.
Qashqadaryoda “Oqsuv-Dehqonobod” loyihasining amalga oshirilishi natijasida Dehqonobod tumanida yashovchi 76 ming nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Ahamiyatlisi, tumanda aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 1,8 foizdan 51,7 foizga ko‘tarildi.
Yirik loyihalardan yana biri Toshkent viloyatidagi “Qodiriya” suv inshooti rekonstruksiya qilinishi bo‘ldi. Loyihani amalga oshirish natijasida 8 ming aholi ilk marotaba ichimlik suvidan bahramand bo‘lgan bo‘lsa, 265 ming aholining ichimlik suvi ta’minoti tubdan yaxshilandi.
Joriy yil avvalida aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 74 foizga yetgan Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlarida 275 ming aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Sohani raqamlashtirish hamda zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish shaffoflik va aniqlikni ta’minlaydi. Shu bilan birga inson omilini kamaytirish evaziga korrupsion holatlarning kamayishiga erishiladi. Ta’kidlash joiz, sohani modernizatsiya qilish yo‘lida raqamli texnologiyalar keng joriy etildi. Jumladan, “UzWater” yagona billing tizimi ishga tushirildi. Bu orqali to‘lovlar shaffofligi ta’minlanib, oldingi 5 xil billing tizimining murakkabligi bartaraf etildi. Bundan tashqari, iste’molchilar uchun takomillashtirilgan shaxsiy kabinet joriy etilib, u orqali iste’molchilar to‘lovlar hisobotini (oylar, yillar bo‘yicha) ko‘rib borishi, to‘lovni amalga oshirishi va hisoblagichlar ma’lumotlarini kiritish imkoni yaratildi.
GIS geoinformatsion tizimi orqali inshootlar va tarmoqlar xaritasi shakllantirildi. Buning uchun Kadastr agentligidan tegishli litsenziya olindi. Ob’ektlarning geoaxborot tizimini yaratish va yuritish bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, hududiy suv ta’minoti korxonalari tomonidan taqdim qilingan nuqtali va chiziqli ob’ektlar vektor formatidagi yagona geografik qatlamga jamlandi.
Bugungacha Toshkent viloyatining Chirchiq, Nurafshon va Ohangaron shaharlarida to‘liq, Sirdaryo viloyatining Guliston va Yangiyer shaharlarida qisman geoaxborot tizimlari bazasi yaratildi.
Hozir bu yo‘nalishdagi ishlar Namangan va Xorazm viloyatida ham boshlangan. Ta’kidlash joiz, respublikadagi 38 ta yirik suv inshooti raqamlashtirildi.
SCADA tizimi orqali masofaviy monitoring va avtomatik boshqaruv imkoniyati yaratildi. Ushbu tizim Toshkent, Buxoro va Jizzaxdagi yangi inshootlarda joriy etilmoqda.
Salomatlik uchun juda muhim bo‘lgan ichimlik suvi sifati va xavfsizligini ta’minlash asosiy maqsad hisoblanadi. Bu borada suv sifati va xavfsizligi monitoringi uchun “Water Lab” axborot tizimi tatbiq etilmoqda. Bunda respublika bo‘ylab ichimlik suvi sifatini nazorat qilish imkoniyati sezilarli darajada kengaytiriladi. Buning uchun mavjud laboratoriyalar to‘liq raqamlashtirilib, hisobotlari elektron tarzda yuritiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga amalga oshirgan tarixiy tashrifi davomida “SUEZ” kompaniyasi bilan ichimlik suv ta’minoti sohasida yirik hamkorlik kelishuvlariga erishildi. Ushbu hamkorlik doirasida Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga qaratilgan ikki bosqichli loyiha amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda Denov, Sariosiyo, Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘on tumanlarida “SUEZ” kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida zamonaviy boshqaruv tizimlari joriy qilinadi. Jumladan, tarmoqlarni avtomatik boshqaruvchi SCADA tizimi o‘rnatiladi, 3 500 km ichimlik suvi tarmog‘i GIS xaritasi ishlab chiqiladi, 3 100 ta hisoblagich, 15 ta oqim nazorati uskunasi o‘rnatiladi. 450 nafar mahalliy mutaxassis xorijiy tajriba asosida malaka oshiradi.
Ikkinchi bosqichda esa “Swiss Challenge” tamoyiliga ko‘ra tender asosida tanlab olingan xorijiy hamkor bilan davlat-xususiy sheriklik (DXSH) shartnomasiga asosan tarmoqlarni boshqarish va kengaytirish ishlari olib boriladi. Natijada suv ta’minoti to‘liq xususiy sherikka ishonib topshiriladi va aholining ichimlik suvi bilan qamrovi 90 foizgacha yetkaziladi.
Joriy yil davomida ichimlik suvi va oqova xizmatlarini kengaytirish uchun 7 trillion so‘m miqdorida mablag‘ o‘zlashtirilishi belgilangan (shundan 1,1 trillion so‘m byudjetdan, 454 million AQSH dollari xalqaro moliya institutlaridan). Bu mablag‘lar hisobiga 23 ta suv inshooti, 139 ta suv tarqatish va suv ko‘tarish stansiyasi, 2 140 km tarmoq barpo etiladi, 225 ming suv hisoblagich o‘rnatiladi.
Natijada 712 ming aholi ilk bor ichimlik suviga ulanadi, 135 ming xonadon oqova suv tizimiga bog‘lanadi. Ichimlik suvi ta’minoti 82,8 foizga, oqova suv qamrovi esa 22,3 foizga yetadi.
Suv infratuzilmasini samarali boshqarishda raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada 2025-2029 yillarda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida 125 million dollarlik “Iqlim texnologiyalari orqali suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi asosida quyidagi ishlarni amalga oshirish maqsad qilingan. Jumladan, 4 838 ta ultratovushli hisoblagich, 2 861 ta ma’lumot uzatish uskunasi o‘rnatilishi, 80 ming kilometrga yaqin ichimlik va oqova suv tarmoqlari hamda 12,7 mingta inshootning geoaxborot tizimi (GIS) joriy etilishi, 15 ta ma’lumot markazi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash lozim, bu orqali respublikada yagona situatsion markaz va hududlarda ma’lumotlar markazlari ochiladi hamda ichimlik suvi aniq hisob-kitobi, avariyalar nazorati to‘liq yo‘lga qo‘yiladi. Suvning texnik yo‘qotishlari aniq o‘lchanadi va yo‘qotish darajasi umumiy hisobda 5 foizga qisqartiriladi.
Oqova suv tizimlarining samaradorligini oshirish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Birlashgan Arab Amirliklarining “Envirol” kompaniyasi bilan kelishuvga erishilgan. Kelishuvga ko‘ra, kompaniyaning 50 million AQSH dollarilik investitsiyasi evaziga Toshkent shahridagi umumiy ovqatlanish shoxobchalarida yog‘ tutgich uskunalari o‘rnatiladi va ularda yig‘ilgan chiqindi yog‘lar to‘plangan holda loyiha doirasida quriladigan yangi qayta ishlash korxonasiga yo‘naltiriladi. Qayta ishlash korxonasida ushbu chiqindi yog‘lardan kir sovun va yoqilg‘i-moylash materiallari ishlab chiqariladi. Bu nafaqat suv inshootlarining yuklamasini kamaytiradi, balki iqtisodiy va ekologik samaradorlikni oshiradi.
Muxtasar aytganda, O‘zbekistonda suv infratuzilmasini modernizatsiya qilish yo‘nalishida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, xalqaro hamkorlik va ilg‘or texnologiyalarning joriy etilishi natijasida aholi hayot sifati tubdan yaxshilanmoqda. Bu esa mamlakatning barqaror ekologik va iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiluvchi muhim omil bo‘lib qolmoqda.
Ahmad Suvonqulov,
“O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi
raisi vazifasini bajaruvchi.
O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
27 03 2025 / 16:32