O‘zbekistonda aholini ichimlik
suvi va kanalizatsiya bilan ta’minlash uchun jami 3,26 mlrd dollar tashqi qarz
olingan. Natijada vaziyat yaxshilanyapti, lekin o‘tkazilgan o‘rganishlar rasmiy
raqamlarni savol ostiga qo‘ymoqda. Strategik islohotlar agentligining Delivery
Unit loyiha ofisi bu yo‘nalishdagi mavjud holat, tizimli muammolar va yechimlar
bo‘yicha takliflarni ma’lum qildi.
2025 yil boshiga kelib, O‘zbekistonda aholining 80
foiz qismi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan.
Taqqoslash uchun, 2017 yil 1 yanvar holatiga bu ko‘rsatkich 64 foiz edi.
Hududlar kesimida eng yuqori qamrov darajasi Toshkent
shahri (98,2%), Andijon (91,9%) va Xorazm (91,6%) viloyatlarida kuzatilgan. Eng
past ko‘rsatkichlar esa Qashqadaryo (61%) va Surxondaryo (65,3%) viloyatlarida.
Bu esa janubiy hududlarda ichimlik suvi ta’minoti hali ham hal etilmagan muhim
muammo ekanini ko‘rsatadi. (Bu raqamlar manbasi – “O‘zsuvta’minot” AJ)
Yana bir muhim jihat: rasmiy va haqiqiy qamrov
o‘rtasidagi farq. Masalan, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Yangiyo‘l tumanida
aholining 16 foiz qismi markaziy ichimlik suvi ta’minotiga ega emas. Biroq,
2023 yilda o‘tkazilgan "Mapaton" tadbiri xonadonlar kesimida bu
ko‘rsatkich 24 foiz ekanini aniqlagan.
Bu esa qamrovni aholi soniga nisbatan hisoblash noaniq
natijalar berishi va real ehtiyojlar noto‘g‘ri baholanishi mumkinligini
anglatadi. Haqqoniy manzarani aks ettirish uchun qamrov xonadonlar kesimida
hisoblanishi lozim.
Shu bilan birga, aholi mavjud tarmoqlarda suv sifatini
past deb baholagani sababli ularga ulanishdan bosh tortayotgani ham katta
muammo. Bu esa infratuzilma rivojlanishiga sarflanayotgan mablag‘larning
samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Kanalizatsiya bilan
qamrov holati ichimlik suviga qaraganda ancha yomon. Bugungi kunda aholining
atigi 20,5 foiz (7,6 mln kishi) kanalizatsiya xizmatlaridan foydalanmoqda. 2017
yilda bu ko‘rsatkich 15 foiz edi.
Eng yuqori qamrov darajalari: Toshkent shahri – 93,6%,
Navoiy – 25,8%, Toshkent – 22,5% va Samarqand – 22,1% viloyatlarida kuzatilgan.
Eng past qamrov darajalari: Qoraqalpog‘iston – 5,4% Surxondaryo – 6,3%,
Andijon, Namangan, Qashqadaryo – 8,4% viloyatlariga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, mavjud kanalizatsiya tarmoqlari ham
juda eskirgan. Masalan: Xorazmda – 65,6%, Qashqadaryoda – 46,7%,
Qoraqalpog‘istonda – 45,2% tarmoqlar kapital ta’mirga muhtoj. (Raqamlar manbasi
– “O‘zsuvta’minot” AJ)
Ichimlik suvi va kanalizatsiyaga investitsiyalar: keng
ko‘lamli rivojlanish yoki qarz yukining ortishi?
Ichimlik suvi va kanalizatsiya sohasini rivojlantirish
maqsadida “O‘zsuvta’minot” AJ davlat kafolati ostida xalqaro moliya
institutlari (XMI) va xorijiy hukumat tashkilotlaridan jami 3,26 mlrd
AQSh dollari miqdorida kredit mablag‘lari jalb qilgan. Bu mablag‘lar
38 ta loyihani amalga oshirish uchun yo‘naltirilgan.
Hozirgi kunda 2,54 mlrd dollarlik 24 ta loyiha faol
bosqichda amalga oshirilmoqda. Kredit mablag‘lari 10 ta xalqaro moliya instituti
tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, ular quyidagicha taqsimlangan:
XMI ishtirokidagi eng yirik loyihalar Buxoro
viloyatida amalga oshirilmoqda – 633,5 mln dollar. Biroq, Andijon va Farg‘ona
viloyatlarida xalqaro moliya institutlari ishtirokida hech qanday loyiha mavjud
emas.
Ichki infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun
davlat kafolati ostida kredit mablag‘larini jalb qilish rivojlanayotgan
mamlakatlar uchun tabiiy holat hisoblanadi. Biroq, bunday mablag‘larning samarali
va oqilona ishlatilishi talab etiladi. Agar loyihalar
samarasiz bajarilsa, davlat budjetidan qarzlarni to‘lash uchun qo‘shimcha
mablag‘ ajratilishiga to‘g‘ri keladi, bu esa boshqa ijtimoiy sohalarga salbiy
ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Budjet mablag‘lari: yirik investitsiyalar va kelajak
rejalari
Kredit mablag‘laridan tashqari, davlat budjeti
hisobidan ham katta mablag‘lar ajratiladi. 2024 yilda ichimlik suvi va
kanalizatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun respublika budjetidan 1,6
trln so‘m ajratilgan. Shu jumladan:
·
918 mlrd so‘m –
76 ta loyiha Investitsiya dasturi doirasida,
·
327 mlrd so‘m –
102 ta loyiha Vazirlar Mahkamasi rayosatlari bayoni asosida aholi punktlarida,
·
171 mlrd so‘m –
34 ta loyiha "Yangi O‘zbekiston" massivlarida.
Shuningdek, 2025–2027 yillar Investitsiya
dasturiga muvofiq,
shu uch yil davomida ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish
uchun 4,384 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Shu jumladan:
·
3360 km muhandislik tarmoqlari,
·
215 ta yangi obekt quriladi.
Loyihalarning moliyalashtirilishi yillar kesimida
taqsimlangan, tarmoqlar va obektlarning parametrlari viloyatlar bo‘yicha
ko‘rsatilgan. Ammo aniq manzilli ro‘yxat hali shakllantirilmagan.
O‘zbekistonda ichimlik suvi va kanalizatsiya
loyihalarini kim boshqarishi kerak: davlatmi yoki XMIlar?
O‘zbekistonda ichimlik suvi va kanalizatsiya
tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar ko‘pincha xalqaro moliyaviy
institutlar (XMI) tashabbusi bilan amalga oshiriladi. Aslida esa, davlatning
mazkur sohada o‘z tasdiqlangan strategiyasi bo‘lishi, unga asosan loyihalarni
mustaqil tashabbus asosida shakllantirishi va muvofiqlashtirishi zarur emasmi?
Hozirda soha 10 ga yaqin turli XMIlar tomonidan
moliyalashtirilmoqda, bu esa loyihalarni muvofiqlashtirishda muammolarni
keltirib chiqaradi. Tashabbuslarning takrorlanishi va hududlarning nomutanosib
rivojlanishiga sabab bo‘lib, moliyalashtirishdagi tartibsizliklar soha
samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Oddiyroq va samaraliroq yo‘nalish sifatida, suv
ta’minoti va kanalizatsiya sohasida kredit jalb qilishni bir yoki ikkita asosiy
XMIga (masalan, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki) biriktirish afzalroq
bo‘lishi mumkin.
Hududiy loyihalardagi muammolar
2023 yilda Yangiyo‘l tumanida o‘tkazilgan mapaton
natijalari loyihalashdagi muhim kamchiliklarni ochib berdi. Loyihalarda mahalla
ichidagi ko‘chalar mustaqil mahalla sifatida ko‘rsatilgani natijasida,
ko‘zlangan natijalarning past bo‘lish ehtimoli oshgan. Bundan tashqari, kredit
shartnomalari imzolangandan so‘ng, mahallalarning chegaralari va nomlari
o‘zgargani loyihalarni amalga oshirishda qiyinchiliklarga sabab bo‘ldi.
Ko‘pincha, XMIlar loyihalarni tayyorlashda mahalliy
aholi bilan faqat dastlabki bosqichda maslahatlashuvlar o‘tkazadi. Biroq, bu
muloqotlar asosan ko‘chirish rejalarini monitoring qilish va ekologik jihatlar
bilan cheklanib, loyihalarning amaliy samaradorligiga kam e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, barcha moliyalashtirish manbalari bo‘yicha yagona hisobi
yuritilmayotgani monitoring va nazoratni murakkablashtirmoqda.
Loyihalarni muvofiqlashtirish masalasi
Masalan, "Tashabbusli budjet" loyihasi,
mahalliy budjet mablag‘lari yoki XMIlar mablag‘lari hisobidan amalga
oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari muvofiqlashtirilmagani sababli,
avval avtomobil yo‘llari ta’mirlanib, keyin ularni qaytadan qazish zarurati
paydo bo‘lmoqda. Bu nafaqat ortiqcha xarajatlarga, balki aholining kundalik
hayotida qo‘shimcha noqulayliklarga olib keladi.
Davlat dasturlari doirasida qurilgan obektlar
topshirilganda ham, ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha jiddiy qoidabuzarliklar
aniqlanmoqda. Masalan, quvur yotqizish texnologiyalariga amal qilinmasligi yoki
suv tozalash inshootlarining yo‘qligi kabi muammolar uchrab turibdi. Shu
sababli, “O‘zsuvta’minot” AJ bunday obektlarni o‘z balansiga qabul qilmaydi,
natijada ichimlik suvi tizimlari tegishli xizmat ko‘rsatishsiz qolib,
ifloslanish yoki butunlay ishdan chiqish xavfi yuzaga keladi.
Nima qilish kerak?
Avvalo, davlat tomonidan ichimlik suvi va
kanalizatsiya tizimini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va
tasdiqlash zarur. Bunda loyihalar yagona tizimda shakllantirilishi va
tasdiqlanishi, shundan keyingina moliyalashtirish manbalari (respublika
budjeti, mahalliy budjet, kreditlar yoki grantlar) aniqlanishi kerak. Bu tizim
nafaqat loyihalarni shakllantirish, balki monitoring va baholashni ham o‘z
ichiga olishi lozim.
PIMIS tizimi: samarali moliyalashtirish vositasi
Bunday yagona tizim xalqaro amaliyotda PIMIS (Public
Investment Management Information System – Davlat investitsiya boshqaruvi
axborot tizimi) deb ataladi. U
quyidagi jarayonlarni qamrab oladi:
·
Loyiha
takliflarini taqdim etish va ko‘rib chiqish;
·
Loyihalarni
tasdiqlash va amalga oshirish;
·
Monitoring va baholash.
PIMIS tizimi davlat mablag‘larini shaffof va samarali
boshqarish imkonini beradi. Bunday tizim Keniya va Ozarboyjonda muvaffaqiyatli
joriy etilgan.
Loyihalarni shaffof va hisobdor qilish
Ichimlik suvi ta’minoti loyihalarining shaffofligini
ta’minlash uchun mahalliy hokimliklar veb-saytlarida hududda amalga
oshirilayotgan har bir loyiha haqidagi ma’lumotlar (moliyalashtirish manbalari,
amalga oshirish muddatlari, pudratchilar va texnik sxemalar) e’lon qilinishi
lozim. Shuningdek:
·
har bir qurilish
obektida aholi uchun ochiq bo‘lgan ish rejalari va muddatlari ko‘rsatilgan
axborot stendlari o‘rnatilishi;
·
foydalanuvchilar
uchun fikr-mulohaza qoldirish va dolzarb savollar bilan murojaat qilish
imkoniyati yaratilishi;
·
ommaviy axborot
vositalari orqali har chorakda hisobotlar e’lon qilinishi kerak.
Bundan tashqari, mahalliy aholini qurilish ishlarining
sifatini jamoatchilik tomonidan nazorat qilishga jalb etish maqsadida, ular
uchun maxsus yo‘riqnomalar ishlab chiqish, qurilish obektlariga muntazam
tashrif buyurish, ish jarayonini nazorat qilish va aniqlangan kamchiliklar
haqida murojaatlar yuborish imkoniyatini yaratish maqsadga muvofiq.
Strategik
islohotlar agentligi
Delivery Unit loyiha ofisi
кун.уз dan olindi
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
15 04 2025 / 16:38