Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Fermer dalaga reja uchun emas, daromad uchun kirishi kerak



Ulashing :


O‘zbekistonda agrar tarmoqning iqtisodiyot, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda tutgan o‘rnidan kelib chiqib, ichki va tashqi bozorlar ehtiyojlari asosida rivojlanib boradigan an’anaviy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishidan zamonaviy va samarali agrobiznesga o‘tish qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Shu maqsadda qishloq xo‘jaligi sohasini innovatsion rivojlantirish, yangi texnologiyalarni keng joriy etishga katta e’tibor berilmoqda. Ko‘zlangan maqsadlarga erishishda, avvalo, sohaning o‘zagini tashkil etuvchi klasterlar va fermerlik faoliyati rivoji muhim ahamiyatga ega.

Fermer xo‘jaliklari va agroklasterlarni tejamkor, hamyonbob, raqamli boshqariladigan texnologiyalar bilan ta’minlash davr talabi. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, fermer dalaga reja uchun emas, daromad uchun kirishi kerak. Bugun paxtachilik, g‘allachilik va meva-sabzavotchilik klasterlari hamda chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish borasida barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.

Qishloq xo‘jaligi vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov fermer xo‘jaliklari va klasterlar rahbarlariga murojaat bilan chiqdi:

– 2024 yildan boshlab mamlakatimizda ilk marotaba paxtachilikda hosildorlikni oshirish maqsadida ko‘sak qurti va gerbitsidga chidamli xorijiy g‘o‘za navlari (BT-g‘o‘za) sinovdan o‘tkazildi, – deydi Ibrohim Abdurahmonov. – BT-g‘o‘za navi – genetik jihatdan o‘zgartirish jarayonida o‘simlik genomiga hasharot va zararkunanda uchun zararli bo‘lgan oqsillarni ishlab chiqaradigan bakterial gen kiritilgan g‘o‘za navi hisoblanadi.

Bunday biotexnologik navlar dunyo g‘o‘za maydonlarining qariyb 25 million (umumiy paxta maydonlarining 75–80 foizi) gektarida ekiladi va ko‘sak qurtiga samarali kurashning yagona, kamxarajat, ekologik toza yechimi hisoblanadi. Ushbu yangi biotexnologik navlar 2024 yilda respublikaning barcha hududlarida qariyb 72 ming gektar maydonda o‘zining ijobiy natijasini bergani bois, 2025 yilda respublikada 379 ming gektar maydonga zamonaviy intensiv agrotexnologiya usulida ekilmoqda.

Oldimizda turgan galdagi vazifa ushbu xorijiy g‘o‘za navlariga ko‘sak qurti moslashib qolmasligiga katta e’tibor qaratish hisoblanadi. Biotexnologik navlar to‘qimalaridagi zaharli oqsillarga chidamlilik kelib chiqmasligi uchun AQSH, Avstraliya va Xitoy kabi yirik paxta yetishtiruvchi davlatlarda 10–30 yildan beri xorijiy BT-g‘o‘za navlari ekilgan maydonlar yonida oddiy an’anaviy navlar ekilgan “qochoq” (boshpana) maydonlarni tashkil etish amaliyoti joriy etilgan.

Qochoq (boshpana) hududlarni tashkil etishda ilmiy asoslangan qoidaga ko‘ra, paxta xomashyosi yetishtirish uchun (texnik maydonlar) ko‘sak qurti va gerbitsidga chidamli xorijiy g‘o‘za navlari ekilgan umumiy maydonning ekilish sxemasidan qat’i nazar (76x10 sm qo‘shqator, 76 sm yakka qator, 60 sm qo‘sh yoki yakka qator, 76x14 qo‘shqator, ochiq yoki plyonka ostiga) 20 foiziga oddiy tez gullaydigan mahalliy (Sulton, Namangan-77, AN-Boyovut-2, S-8290 kabi) navlar ilovadagi ekish sxemalaridagidek ekilishiga ahamiyat berilishi lozim.

Qochoq maydondan hosil olinmaydi va minimal agrotexnik tadbirlar amalga oshiriladi, kam sug‘oriladi, tez gullashi ta’minlanadi. Urug‘lik maydonlardan toza urug‘ olish uchun dalaning to‘rt tomoni kamida ikki qatordan kungaboqar, oq jo‘xori va romashka o‘simligi bilan qalin o‘ralishi maqsadga muvofiq. Urug‘lik olish maqsadida BT-g‘o‘za navlari ekilgan konturlarda yon-atrofiga asalari qutilarini qo‘yish (joylashtirish) taqiqlanadi. Alohida qayd etishim lozimki, bu maydonlarni tashkil etish bo‘yicha yo‘riqnoma va paxta ekilgan maydonlardagi zarur agrotexnik tadbirlar to‘g‘risidagi uslubiy qo‘llanma mavjud.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Ibrohim Abdurahmonovning ilmiy faoliyati o‘simliklar genomikasi, germplazma xarakteristikasi, genetik xaritalash, marker seleksiyasi, transgenomika, proteomika va bioinformatika bo‘yicha tadqiqotlarga ixtisoslashgan bo‘lib, akademikning tashabbusi bilan dunyoda birinchi marta “muvozanatsiz bog‘lanish” usuli yordamida g‘o‘zaning elita navlarini ko‘paytirishda qo‘llaniladigan markerlar aniqlangan. O‘zbekistonda yetishtiriladigan g‘o‘za navlarining molekulyar-genetik pasportlari ham yaratilgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

15 04 2025 / 16:46