Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq, 2025 yil 1 iyundan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.
Kambag‘al
oilalar qo‘llab-quvvatlanadi
2025 yil 1 iyundan boshlab “qizil” toifaga kiritilgan oilalarning “a’lo”
baholarga o‘qiydigan talaba qizlariga Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi
hisobidan bazaviy stipendiyaning ikki baravari miqdoridagi maxsus
stipendiya to‘lanadi. Bu haqda prezidentning “Kambag‘al
oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish
to‘g‘risida”gi farmonida keltirib o‘tilgan.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 iyundan boshlab:
·
qonunchilik hujjatlarida Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan
oilalar uchun belgilangan ijtimoiy xizmatlar, yordamlar va imtiyozlar Kambag‘al
oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga ham tatbiq etiladi, 2026 yil 1
yanvardan boshlab esa faqat Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga
ko‘rsatiladi;
·
davlat xizmatlaridan foydalanish uchun bojlar, yig‘imlar va boshqa
to‘lovlarni to‘lashda “sariq” toifaga kiritilgan oilalarga 50 foiz, “qizil”
toifaga kiritilgan oilalarga esa 75 foiz miqdorida chegirmalar qo‘llanadi.
·
kambag‘al oilalar “qizil” yoki “sariq” toifadan “yashil” toifaga o‘tganda
ular uchun qonunchilikda nazarda tutilgan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
choralari keyingi o‘n ikki oy muddatga saqlab qolinadi;
·
“qizil” toifaga kiritilgan oilalarga passiv daromad keltiruvchi
qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi.
Haydovchilar uchun yengilliklar
O‘zbekiston prezidenti topshirig‘i bilan,
haydovchilarga yengillik yaratishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilingandi.
Qarorda keltirilgan ayrim o‘zgarishlar 2025 yil 1 iyundan ishga tushadi.
Jumladan, 2025 yil 1 iyundan boshlab yo‘l chiziqlarini
bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlarini avtomatlashtirilgan foto-video qayd
etish moslamalari orqali qayd etishga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘xtash chizig‘i –
“stop-liniya” bundan mustasno.
Haydovchi chiziqni bosib olsa, bu qoidabuzarlik
fotoradar yoki videokamera orqali qayd etilmaydi, demak, avtomatik ravishda
jarima yozilmaydi. Lekin YPX xodimi tomonidan aniqlanganda, qoidabuzarlik
o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi.
Shuningdek, 2025 yil 1 iyundan boshlab, shaharlarda
avtomobil yo‘llarini ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq
ishlarni soat 7:00 dan 21:00 ga qadar amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Dam
olish kunlari, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan alohida holatlar bundan
mustasno.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligi oshadi
2025 yil 8 may kuni prezidentning “Nogironligi bo‘lgan
shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha
chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon qabul qilingandi.
Hujjatga ko‘ra, 2025 yil 1 iyundan boshlab I va II
guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik
sub’yektlariga 50 mln so‘mgacha subsidiya ajratilishi belgilandi. Bunda:
·
subsidiya surdotarjimon, psixolog va hamrohlik xizmatini tashkil qilish
xarajatlarini qoplash uchun ajratiladi;
·
jismoniy shaxslarga hamrohlik xizmatini o‘zini o‘zi band qilgan shaxs
sifatida ko‘rsatishga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, 2025 yil 1 iyundan boshlab “Yagona
milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan
shaxslarning elektron reyestri yuritiladi, unda nogironligi bo‘lgan
shaxslarning ma’lumoti va mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar
shakllantiriladi.
Elektron reyestr ma’lumotlari mas’ul davlat organlarining elektron
dasturlari asosida real vaqt rejimida shakllantiriladi. “Inson” ijtimoiy
xizmatlar markazlari elektron reyestrga kiritilgan shaxslarning bandlik holatini
monitoring qiladi.
Xitoyga
vizasiz borsa bo‘ladi
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida o‘zaro vizadan ozod qilish to‘g‘risidagi
hukumatlararo Bitim (Chendu, 2024 yil 1 dekabr) 2025 yil 1 iyundan e’tiboran
kuchga kiradi.
Bitim O‘zbekiston va Xitoy fuqarolarining ikki davlat hududiga o‘zaro
vizasiz safarlariga doir masalalarni tartibga soladi.
Bitimga muvofiq, O‘zbekiston va Xitoy davlatlari fuqarolari ikki davlat
hududlariga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun har bir alohida
bo‘lish muddati 30 kundan oshmaydigan muddatda va har qanday 180 kunlik davr
ichida jami 90 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda viza talablaridan ozod qilinadi.
Bunda ikki davlat fuqarolari davlatlari hududiga har bir kirish va
bo‘lish muddati 30 kundan oshmasligi lozim. Agar fuqarolar 30 kundan ortiq
qolishlari kerak bo‘lsa, ular kirish vizasini oldindan olishlari lozim.
Vizasiz rejim mehnat faoliyati, o‘qish va media faoliyati bilan
shug‘ullanish, shuningdek, boshqa Tomon vakolatli organlarining oldindan
roziligini talab qiladigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga
nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ko‘rsatilgan bitim Xitoyning Gonkong va Makao maxsus ma’muriy
hududlariga tashrif buyurishga nisbatan amal qilmaydi.
“Faol
hayotga qadam” dasturi joriy etiladi
Prezidentning tegishli qaroriga
ko‘ra, 2025 yil 1 iyundan o‘zgalar parvarishiga muhtoj voyaga yetgan shaxslarni
qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Faol hayotga qadam” dasturi joriy etiladi.
Dastur doirasida quyidagi 5 turdagi yangi ijtimoiy xizmatlar
ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi:
uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam
ko‘rsatish xizmati;
uy sharoitida qarab turish xizmati;
·
tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmati;
·
kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati;
·
shaxsiy yordamchi xizmati.
Dastur doirasidagi ijtimoiy xizmatlardan foydalanish xarajatlarining bir
qismi vaucher asosida qoplab beriladi.
Vaucher qiymati Hukumat tomonidan belgilangan miqdorda subsidiya
shaklida to‘lanadi.
Vaucher berish va uning qiymatini to‘lash “Yagona milliy ijtimoiy
himoya” axborot tizimidagi “Oila hamkori” platformasi orqali amalga oshiriladi.
Xalqaro
fan olimpiadalari g‘oliblariga katta mukofot beriladi
2025 yil 1 iyundan nufuzli xalqaro fan olimpiadalari g‘olib va
sovrindorlariga to‘lanadigan bir martalik pul mukofotining amaldagi miqdori 5
baravarga oshiriladi. Bu haqda «O‘zbekiston Respublikasi prezidentining yoshlar
bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir
chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan.
Bugungi kunda eng nufuzli olimpiadada 1-o‘rinni olgan o‘quvchiga BHMning
500 barobari (187,5 mln so‘m), xalqaro olimpiada g‘olibiga BHMning 150 barobari
(56,25 mln so‘m), mintaqaviy olimpiada g‘olibiga esa BHMning 12 barobari (4,5
mln so‘m) miqdorida pul mukofoti beriladi.
Endilikda eng nufuzli olimpiadalarda (masalan, IMO – matematika, IBO –
biologiya, IChO – kimyo, IPhO – fizika, IOI – informatika) g‘olib va sovrindor
bo‘lgan o‘quvchilarga quyidagicha mukofot pullari beriladi:
1-o‘rin:
937 mln 500 ming so‘m (2500 baravar);
2-o‘rin:
562 mln 500 ming so‘m (1500 baravar);
3-o‘rin:
375 mln so‘m (1000 baravar).
Shuningdek, nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 100 talik
ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja (PhD va
unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan 35 yoshgacha bo‘lgan
mutaxassislarga uy-joy sotib olish uchun uy-joy joylashgan hududdan kelib
chiqib, o‘n yil muddatga BHM 2150 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda
ajratiladi.
Boshqa
o‘zgarishlar
2025
yil 1 iyundan boshlab:
·
TIEK tomonidan kasbga, sportga va ta’limga tavsiya berish tartibi bekor
qilinadi va TIEKning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasining muddatini
uzaytirish hamda maxsus jihozlangan transport vositasini boshqarish layoqatini
belgilashga oid funksiyalari davlat tibbiyot muassasalariga o‘tkazilishi
orqali tugatiladi;
·
ta’lim tashkilotlaridagi vatanparvarlik ruhida yoshlarni tayyorlash
bo‘yicha direktor o‘rinbosari — harbiy chaqiriqqacha tayyorgarlik rahbari
lavozimi tugatilib, shtat birliklari Mudofaa vazirligiga o‘tkaziladi va ushbu
shtat birliklari hisobidan ChQBT rahbari lavozimi joriy etiladi;
·
Davlat chegarasi orqali avtomobil o‘tkazish punktlarida avtotransport
vositalarining elektron navbat tizimi joriy etiladi;
Kun.uz rasmiy
kanalidan olindi.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
30 05 2025 / 11:02