
Prezident ushbu yig‘ilish kun tartibiga ko‘pdan beri tayyorgarlik qilinib, viloyat, tuman, shahar hokimlarining faoliyati o‘rganilgani, natijada bu masalada muammolar to‘planib qolganini keskin tanqid qildi.
– Ochig‘ini aytsak, hamma hokimlar, ayniqsa, quyi pog‘onadagi rahbarlar o‘tgan yil qancha qiynalganimizni yaxshi biladi. Agar tadbirkorlar bizni qo‘llab-quvvatlamaganda, ularga yengillik berish bo‘yicha qarorlar chiqarmaganimizda bu natijalar bo‘larmidi? Tariximizda bo‘lmagan uchta “daftar”ning natijasini ham tadbirkorlar qilib beradi. Mana shularni rahbarlar darrov esidan chiqarib qo‘ydi. Viloyat, tuman, shahar sektor rahbarlari, sizlar siyosatni tushunmayapsizlar. Bugundan boshlab juda qattiq nazorat bo‘ladi, xuddi 2020 yildagiga o‘xshab o‘zim jilovni mahkam ushlayman. Bugun birinchi pog‘ona rahbarlarni ishdan olayapman, agar chorak yakuni bo‘yicha natija bo‘lmasa viloyat rahbarlarini ham ishdan bo‘shataman. Og‘ir davrda yashayapmiz, bizga ko‘p narsa bog‘liq. Hozirgi O‘zbekistonda ko‘p qarorlar qog‘ozda qolib ketayapti. Mana shuni bajaradigan tizimni yaratib, o‘zimizni qiynab, har kuni izlanish, intilish va pirovard maqsadga ishlash bo‘lmasa, natija bo‘lmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident ko‘p joylarda korrupsiya, poraxo‘rlik tadbirkorga kishan bo‘layotgani, agar ular bo‘lmasa soha yaxshi rivojlanishini ta’kidladi.
– Tuman va shahar hokimlari bir narsani bilishi kerak: tadbirkorni qo‘llab-quvvatlamasak, ularga sharoit yaratmasak, tadbirkorni ko‘paytirmasak mahalliy byudjet bo‘lmaydi-ku, ish o‘rinlari yaratilmaydi-ku?! Viloyat hokimlari qattiqqo‘l bo‘lmayapti, ular hech kimni ishdan olmayapti. Viloyat birinchi rahbarlarini yana bir bor ogohlantiraman: sizlarga barcha vakolat berilgan. Uch oyda o‘zgarish bo‘lmasa birinchi rahbarlarni ishdan olaman. Shuning uchun yana bir marta aytaman: tadbirkor, tadbirkor, tadbirkor. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlamaslik – bugungi siyosatga xiyonat.
Avval xabar qilganimizdek, videoselektorda sohada yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Mirzayevga, viloyat prokurori, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga, shuningdek, Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov va viloyat prokuroriga hayfsan berildi.
Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, soliq boshqarmasi boshlig‘i, markaziy bank boshqarmasi boshlig‘i, Navoiy viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, markaziy bank boshqarmasi boshlig‘i va soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
09 04 2021 / 9:27