Iqtisodchilar Yuliy Yusupov va Otabek
Bakirov Xalqaro valyuta jamg‘armasining O‘zbekistondagi missiyasidan so‘ng
bergan ayrim tavsiyalarini tanqid qildi.
XVJning e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, jamg‘arma soliq
tushumlarining uch yil davomida YAIMga nisbatan 2 foiz punktiga
(2020-yilga nisbatan) kamayishini qoplashni va soliq tizimini adolatli
qilishni taklif qilmoqda. Takliflar maxsus aksiz solig‘ini (alkogol, qazib
olinadigan yoqilg‘i, transport, shakar uchun) oshirish, investitsiya va bojxona
imtiyozlarini kamaytirish, daromad solig‘ining yagona stavkasidan progressiv
shkalaga o‘tishni o‘z ichiga oladi.
Iqtisodchi olim, Iqtisodiy taraqqiyotga
ko‘maklashish markazi direktori Yuliy Yusupov soliq imtiyozlarini qayta ko‘rib
chiqish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatladi:
“Men individual va sohaga oid
imtiyozlarni bekor qilish kerakligiga to‘liq qo‘shilaman — ular bozor
mexanizmlarini buzadi, korrupsiyaga yordam beradi va raqobatni
cheklaydi”, — dedi u.
Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra,
2020-yildan boshlab soliq tushumlari kamaygani haqidagi gap haqiqatga to‘g‘ri
kelmaydi. “OTB ma’lumotlariga ko‘ra, pasayish kuzatilmagan: 2020-yilda
konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari YAIMga nisbatan 26,9 foizni,
2024-yilda esa 30,5 foizni tashkil etgan”, — deya tushuntirdi ekspert.
Uning qo‘shimcha qilishicha, asl muammo
budjet daromadlari emas, balki davlat xarajatlarining keskin o‘sishida:
2020-yilda YAIMning 29,1 foizidan 2024-yilda 35,5 foizgacha.
“Ha, daromadlar o‘sishi xarajatlar
o‘sishidan orqada qolmoqda, ammo bu davlatning oshirib yuborilgan
xarajatlarini kamaytirishdan ko‘ra soliq yukini oshirishimiz kerakligini
anglatadimi?” — so‘radi Yusupov.
Iqtisodchining
fikricha, XVJ tavsiyalari mantig‘i rasmiy ravishda to‘g‘ri, ammo mahalliy
voqelikka mos kelmaydi:
“XVJ mantig‘iga
ko‘ra, agar xarajatlar ko‘p bo‘lsa, soliqlar ham katta bo‘ladi. Lekin
bu rivojlangan bozor iqtisodiyoti uchun mo‘ljallangan mantiq. O‘zbekiston
esa bunday davlat emas”, — deya ta’kidladi u.
Yusupovning
ta’kidlashicha, O‘zbekiston aholi jon boshiga YAIMi qariyb 3000 dollarga teng
bo‘lgan kambag‘al mamlakatligicha qolmoqda, bozor iqtisodiyoti ham emas —
bu yerda asosiy qarorlar bozor tomonidan emas, balki amaldorlar tomonidan
qabul qilinadi (katta davlat xarajatlari, imtiyozlar, subsidiyalar, soliq
va bojlar, shuningdek, imtiyozli kreditlar).
“Mamlakat
qanchalik kambag‘al bo‘lsa, u ko‘tara oladigan budjet va soliq yuki
shunchalik kam bo‘ladi… Agar u, albatta, boy mamlakatlarga yetib olishni
istasa. Chunki YAIMda davlat xarajatlarining yuqori ulushi biznes
xarajatlarining yuqoriligi va raqobatbardoshlikning pastligini
bildiradi”, — deydi u.
Ekspertning
ta’kidlashicha, O‘zbekistonda davlat xarajatlarining YAIMdagi ulushi G‘arbiy
Yevropa mamlakatlaridagi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslanarli — u korxonalarning
kvazifiskal xarajatlarini hisobga olgan holda (Jahon banki ma’lumotlariga
ko‘ra) YAIMning 40% dan ortig‘ini tashkil etadi.
“Hatto Sharqiy
Osiyoning boy mamlakatlarida ham bu ko‘rsatkich 1,5−2 baravar kam. Men hatto
muvaffaqiyatli rivojlanayotgan kambag‘al iqtisodlar haqida
gapirmayapman”, — dedi u.
Uning fikricha,
mansabdor shaxslar xarajatlarining muttasil o‘sib borayotgani — samarali
jamoatchilik nazoratining yo‘qligi natijasi:
“Ular faoliyati
ustidan samarali jamoatchilik nazorati, samarali nazorat va muvozanat
mavjud bo‘lmagan sharoitda bu o‘tkir istak davlat xarajatlarining cheksiz
o‘sishiga aylanadi, bu esa iqtisodiyotga oshib borayotgan soliq va qarz
yuki bilan qoplanadi”, — dedi Yusupov.
Soliqlarni
ko‘tarish o‘rniga u muqobil variantni taklif qildi:
·
davlat
xarajatlarini, ayniqsa, iqtisodiy xarajatlarni 1,5−2 barobarga tubdan
qisqartirish;
·
davlatning mulk ulushini kamaytirish;
·
mamlakatda biznes yuritish xarajatlarini kamaytirish
va mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish maqsadida tadbirkorlik
subyektlariga soliq va qarz yukini kamaytirish;
·
bojlar
va tarifsiz to‘siqlarni olib tashlash;
·
raqobat
muhitini mustahkamlash, “mansabdor shaxslar tomonidan sun’iy ravishda
yaratilgan monopoliya va korrupsiya illatlarini yo‘q qilish” maqsadida
individual va sohaga oid imtiyozlarni bekor qilish.
“Va, eng muhimi,
davlatning iqtisodiyotdagi funksiyalarini tubdan o‘zgartirish. Mansabdor
shaxslarni biznesdan tortib olish, ularga shu kungacha tinmay amalga
oshirib kelayotgan bozor mexanizmlarini, raqobat muhitini buzishni taqiqlash
kerak”, — dedi Yuliy Yusupov.
U XVJning
iqtisodga soliq yukini oshirish borasidagi yondashuviga qo‘shilmaydi.
“Makroiqtisodiy tamoyillarning mexanik tatbiq etilishi mamlakatning
institutsional va tarixiy xususiyatlarini hisobga olmagan holda aynan mana
shu narsaga olib keladi”, — deb xulosa qildi ekspert.
Moliyachi Otabek
Bakirov Xalqaro valyuta jamg‘armasining O‘zbekiston daromad solig‘ining bir
tekis stavkasidan (12 foiz) progressiv shkalasiga o‘tishi kerakligi haqidagi
tavsiyasini keskin tanqid qildi.
Jamg‘armaning
hisoblashicha, soliq solinadigan bazani kengaytirish va 2020-yildan
boshlab YAIM ulushi sifatida soliq tushumlarining kamayishini qoplash uchun bu
qadam zarur.
Biroq, Otabek
Bakirovga ko‘ra, bu taklif zararli va O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy
voqeligini hisobga olmaydi. “Bu juda yomon va, qanchalik g‘alati eshitilmasin,
antiijtimoiy taklif”, — dedi u.
Uning
eslatishicha, ilg‘or soliq shkalasini joriy etish haqidagi ishoralar bir yil
avval O‘zbekiston rasmiylari tomonidan berilgan, hozir esa shunga o‘xshash
g‘oyalar “go‘yoki XVJ ekspertlari og‘zidan birga bir yangramoqda”.
Bakirov XVJ
taklifi qabul qilinishi mumkin emasligining bir qancha sabablarini aniqladi.
“Oxirgi yillarda
daromad solig‘idan tushumlar ulushda ham, summada ham tezroq o‘smoqda, birinchi
chorakda ham bu tendensiya davom etgan. Ya’ni mehnat bozori oqarishdan,
daromad solig‘i to‘lovchilar soni o‘sishdan to‘xtagani yo‘q”, — dedi u.
Progressiv
shkalaga o‘tish, uning so‘zlariga ko‘ra, qisqa vaqt ichida daromadlarni
oshirishi mumkin, ammo bandlikning “oqarishi”ni to‘xtatadi va konvertlarda
ish haqi amaliyotini qaytaradi.
“Yuqori daromad
egalari, ya’ni boylar O‘zbekiston sharoitida daromadlarini korporativ
xarajatlar orqali yoki dividend orqali chiqarib olishadi, aslo ish haqi orqali
emas. Shuning uchun ijtimoiy adolat haqida gap ketsa, dividend solig‘ini
oshirish (daromad solig‘i stavkasigacha) yoki shaxsiy iste’molga ketayotgan
korporativ xarajatlarni soliq bazasiga kiritishni ilgari surish lozim”, —
deb hisoblaydi iqtisodchi.
“O‘zi nima uchun
mehnatkash daromadidan 12%, burjuy esa dividendidan 5% (undayam mingta imtiyoz)
soliq to‘lashi kerak? Shumi ijtimoiy adolat?” — deb so‘radi u.
Uning fikricha,
soliqlarni oshirish — samarasiz qarzlar to‘lovi.
“Agar daromad
solig‘i stavkalari oshirilsa va progressiv shkalaga o‘tilsa, tinimsiz
o‘sayotgan qarzlarni to‘lash yukining xalq bo‘yniga soliqlarni oshirish
ko‘rinishida (tariflar ko‘rinishida ilinishi allaqachon boshlangan) ilinishi
tezisi amalda tasdiqlanadi”, — dedi Bakirov.
Ekspert ijtimoiy
siyosat uchun budjet daromadlarini oshirish zarurligiga rozi, ammo “mehnatkashlar
hisobidan emas”.
“Oxirgi 8 yilda
dollardagi milliarderlarga aylangan shovvozlar nihoyat soliqqa tortilishi
kerak. Qani o‘zbek gaz va neft konlarini egallab olganlar, karrasiga soliq
stavkasi pasaytirilganlar? Shularning cho‘ntagini bo‘g‘ish payti kelmadimi?
Qani bojsiz moshin olib kirib sotayotganlar? Shulardan hisob so‘rash
kerakmasmi? Yo ular yap-yangi djetlarda uchsin, saroylarda yashasin, qora
xalq ular uchun soliq to‘lasinmi?” — so‘radi u ritorik tarzda.
Bosh vazir
o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning iyun oyi
boshida ma’lum qilishicha, 2024-yil
yakuniga ko‘ra O‘zbekistonda daromad solig‘i to‘lovchilar soni 6,3 million kishiga
yetgan (iqtisodiyotda band bo‘lgan aholining 44,1 foizi). Taqqoslash uchun:
2022-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, ushbu soliqni 5,37 million kishi yoki iqtisodiy
faol aholining 39,4 foizi to‘lagan.
XVJ oltin
narxining yuqori bo‘lishiga qaramay, soliq tushumlari YAIM ulushi sifatida
pasayishda davom etganini ta’kidladi. Bu, xususan, tez rivojlanayotgan
xizmatlar sohalarida (masalan, axborot texnologiyalari) soliq imtiyozlari, zaif
soliq tekshiruvlari, yirik soliq to‘lovchilarni boshqarishdagi operatsion
muammolar va QQSni qaytarishning keskin o‘sishi kabi bazani buzuvchi omillar
bilan, shuningdek, ham investitsiyalarning ko‘payishi, ham, xabarlarga
ko‘ra, firibgarlik bilan
bog‘liq.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
30 06 2025 / 12:57