Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Fermerlar QQS stavkasi nolga tushirilishi natijasida trln so‘mgacha mablag‘ tejaydi



Ulashing :


1-yanvardan O‘zbekistonda fermer va dehqonlar uchun paxta va g‘alladan tashqari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotishda QQS nolga tenglashtiriladi. Imtiyoz qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining deyarli yarmini qamrab oladi va biznesga 1 trln so‘mgacha mablag‘ni tejash imkonini beradi.

O‘zbekistondagi fermer xo‘jaliklarining deyarli yarmi qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozdan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

4-sentabr kuni prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda 2026-yil 1-yanvardan boshlab fermer va dehqonlar o‘z mahsulotlarini sotganda QQS stavkasi nolga teng bo‘lishi ma’lum qilindi. Imtiyoz paxta va g‘alladan tashqari meva-sabzavot, go‘sht, sut, tuxum va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga tatbiq etiladi.

“Bugun davlatimiz rahbariga qishloq xo‘jaligi sohasidagi yangi takliflarni taqdim etdik. So‘nggi paytlarda fermer va tadbirkorlar bilan muloqotda soliq yuki va qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha savollar ko‘proq yangramoqda. Bugun shu masalalarni hal qilish bo‘yicha takliflar berildi”, — dedi Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda QQS stavkasi 12 foizni tashkil etadi, biroq prezident topshirig‘iga binoan uni pasaytirish bo‘yicha taklif tayyorlangan:

“Xalqaro tajribani o‘rganib, fermerlar tomonidan yetishtirilgan paxta va g‘alladan tashqari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish bo‘yicha taklif tayyorlandi. Ya’ni bunday tovarlar uchun QQSning nol stavkasini belgilash taklif etilmoqda”.

Vazirning hisob-kitoblariga ko‘ra, 48 mingdan ortiq fermer — mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan 100 mingdan ortiq fermerning deyarli yarmi — bu choradan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foyda ko‘radi. “Bu fermerlarga soliq yukini kamaytiradi va shunga mos ravishda ularning xo‘jaliklari rentabelligini sezilarli darajada oshiradi: agar hozir rentabellik darajasi 5−7 foizni tashkil etsa, u 15 foizgacha o‘sishi mumkin”, — dedi u.

Abdurahmonov, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga QQSning bekor qilinishi yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga yordam berishini va yangi agrar tizimlarga yo‘l ochishini ta’kidladi:

“Hozir kichik, sanoatlashtirilmagan bog‘larda QQS undirilmaydi, lekin yirik xo‘jaliklarda u amal qiladi va ishlab chiqarishda qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. QQSning bekor qilinishi agrosektorda yangi tizimlarning rivojlanishiga turtki bo‘ladi”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy ta’sirlardan biri fermerlarning aylanma mablag‘larini bo‘shatish bo‘ladi:

“Urug‘lik, o‘g‘it, yoqilg‘i va elektr energiyasiga sarflangan summalar endi QQSga tortilmaydi, ya’ni bu pullar qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga ishlatilishi mumkin”.

Yangi tartib va keshbek

Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbari, shuningdek, prezident vazirlikka Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda har yili QQSning nol stavkasiga tushadigan mahsulotlar ro‘yxatini e’lon qilish bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qildi. Bunda, bo‘shagan QQS summasi uch kun ichida elektron platforma orqali iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga keshbek ko‘rinishida qaytarilishi lozim.

“Prezident bu yangi tizim ekanini, xalq buni his qilishi kerakligini ta’kidladi. Uni har bir kishiga amalda tushuntirish kerak. Avvallari bizga bunday bo‘lishi mumkin emasdek tuyulardi, bugun esa davlat rahbari yechimlarni taqdim etdi”, — dedi vazir.

Shuningdek, mutaxassislarni o‘qitish va yangi modelni tizimli joriy etish vazifasi qo‘yildi:

“Eng katta vazifa — hammani o‘qitish, tizimli yondashuvni joriy etish. Prezidentimiz bu ishni joylarda, ilg‘or fermerlarimiz ishtirokida tashkil etish, natijasini monitoring qilib, bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida har oyda axborot berib borish bo‘yicha topshiriq berdi”.

Oziq-ovqat xavfsizligi va YAIM

Yakunda Abdurahmonov islohotlarning mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi va iqtisodiyot o‘sishi uchun muhimligini ta’kidladi:

“Mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotida qishloq xo‘jaligining ulushi salmoqli ekani, ayniqsa, muhim. Bu sohani soyadan chiqarish uning salohiyatini bir necha barobar oshiradi”, — dedi u.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda 517 trillion so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish maqsad qilingan. Biroq, prezident ta’kidlaganidek, mamlakatning real ichki imkoniyatlari bundan ham yuqori.

Imtiyoz samarasi

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyevning ma’lum qilishicha, bugungi kunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga bir qator imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilmoqda — xususan, ularga 11 turdagi subsidiyalar mavjud. Bundan tashqari, chorvachilik va parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga to‘langan QQSning 50 foizini qaytarib berish mexanizmi joriy etildi.

Endilikda tadbirkorlar o‘zlari yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotishda ilgari 12% QQS to‘lashga majbur bo‘lgan summani o‘zlarida saqlab qolishlari mumkin bo‘ladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, nol darajali stavkani qo‘llash natijasida bunday korxonalar ixtiyorida 440 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ qoladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, nol darajali stavkaning amal qilishi meva-sabzavot mahsulotlarini sotishga ham tatbiq etiladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu mexanizm biznesda qo‘shimcha 500 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni, yuqoridagi chora bilan birgalikda esa qariyb 1 trillion so‘mni saqlab qolish imkonini beradi.

Ma’muriyatchilikni soddalashtirish maqsadida nol darajali stavkani qo‘llash natijasida yuzaga keladigan QQS bo‘yicha manfiy farqni qoplash mexanizmi ham saqlab qolinadi.

“Endilikda tadbirkorlik subyekti tomonidan murojaat qilinganidan so‘ng mablag‘lar avtomatik tarzda uch kun ichida qaytarib beriladi”, — deya qo‘shimcha qildi Abdiyev.

Uning qayd etishicha, bu chora-tadbirlar, avvalo, korxonalarning aylanma mablag‘lari o‘sishiga olib keladi va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining yashirin iqtisodiyotdan chiqishi uchun rag‘bat yaratadi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

05 09 2025 / 14:43