Hozirgi
kunda suv ta’minoti sohasida elektr energiyasidan oqilona va tejamkor
foydalanish masalasi eng dolzarb yo‘nalishlardan biriga aylandi.
Chunki ichimlik suvi ta’minoti infratuzilmasidagi asosiy xarajatlardan
biri elektr energiyasi bo‘lib, undan samarali foydalanish orqali iqtisodiy va
ekologik samaradorlikka erishish mumkin.
“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2025 yilning birinchi yarmida
amalga oshirilgan ishlar ushbu yo‘nalishda tizimli islohotlar boshlanganini
ko‘rsatadi.
– Joriy yilda energetik samaradorlikni oshirish bo‘yicha aniq maqsadli
dastur ishlab chiqildi va bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etilmoqda, –
deydi “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Tohirjon
Haydarov. – Jumladan, korxonalarda 397 ta yoritish chirog‘iga harakat
sensorlari joylashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha ularning 327 tasi
foydalanishga topshirildi.
Shu bilan birga, 697 dona oddiy
lampani energiya tejovchi LED chiroqlariga almashtirish vazifasi belgilangan
edi. Amalda 711 ta zamonaviy chiroq o‘rnatildi, reja 105 foizga bajarildi.
Ma’lumki, LED texnologiyasi an’anaviy yoritish vositalaridan bir necha barobar
kam energiya sarflab, uzoq muddatli foydalanish imkonini beradi.
Tizimda reaktiv quvvatni
qoplash maqsadida 1 910 kVAr sig‘imli kondensator batareyalari joylashtirilishi
ko‘zda tutilgan bo‘lib, 6 oylik davr mobaynida 1 311 kVAr hajmidagi jihozlar
ishga tushirildi. Bu yillik rejaning 68,6 foizini tashkil etadi.
Quyosh energiyasidan foydalanish bo‘yicha ham ijobiy dinamika
kuzatilmoqda. Rejada 3 660 kVt quvvatdagi quyosh panellarini joriy etish
nazarda tutilgan bo‘lib, amalda 3 868 kVt quvvatga ega inshootlar ishga
tushirildi. Bu ko‘rsatkich rejadan 106 foiz yuqori natijani ko‘rsatadi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida dastlab 1 million 647 ming kVt/soat
elektr energiyasi tejalishi kutilgan bo‘lsa, amalda 1 million 923,1 ming
kVt/soat energiya tejaldi. Moliyaviy
hisob-kitoblarga ko‘ra, bu 1 milliard 923,1 million so‘mlik iqtisodiy samarani
ta’minladi. Umumiy hisobda yilning birinchi yarmida energiya tejash bo‘yicha
belgilangan reja 116,8 foizga bajarildi.
Nasos agregatlari samaradorligini
oshirish maqsadida 501 ta eski turdagi, yuqori sarfli nasos yangi, energiya
tejovchi uskunalarga almashtirildi. Bu orqali 833 ming kVt/soat energiya
tejaldi.
Shuningdek, jamiyat mablag‘lari hisobiga 161 ta inshootda umumiy quvvati 7 953
kVt bo‘lgan quyosh panellari joylashtirildi. Ularning yordamida 7,1 million
kVt/soat elektr energiyasi tejaldi, bu 7,1 milliard so‘mlik iqtisodiy foyda demakdir.
Sohadagi yana bir yangilik
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan hamkorlikda avtomatlashtirilgan hisobga
olish va nazorat qilish tizimi (ASKUE) joriy etilganidir. U orqali ichimlik
suvi va oqova suv ob’ektlarida sarflanadigan elektr energiyasi real vaqt
rejimida monitoring qilinadi. Texnologik normativlardan og‘ishish yoki
uskunalarda nosozlik kuzatilganda tezkor chora ko‘rish, shu bilan birga elektr
iste’moli yuzasidan shaffof hisob-kitobni ta’minlash imkoni ham yaratildi.
Xulosa qilib aytganda, 2025
yilning dastlabki olti oyida amalga oshirilgan choralar orqali milliardlab so‘m
iqtisod qilingan. Eng muhimi, bu jarayon faqat iqtisod emas, balki xizmatlar
sifatini yaxshilash, ekologik barqarorlik va kelajak uchun mas’uliyatni
ta’minlashga qaratilgan. Har bir tejalgan kilovatt-soat barqaror rivojlanish
sari qo‘yilgan yana bir qadamdir.
Nilufar Bozorova, O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
10 09 2025 / 9:46