Prezident issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish chora-tadbirlarini
tasdiqladi. 2027-yilda issiqxonalar eksportini 4 mlrd dollarga, ishlab
chiqarishni 670 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Qo‘llab-quvvatlash
choralari imtiyozlar, moliyaviy yordam va kafolatlangan gaz ta’minotini
o‘z ichiga oladi.
Кириллчада На русском языкеBugun, 01:16 Jamiyat
O‘zbekiston prezidenti 8-oktabr kuni issiqxona xo‘jaliklari faoliyati
samaradorligini oshirish va eksport hajmini ko‘paytirish chora-tadbirlari
to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Hujjatda 2025−2027-yillarda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari
eksporti hajmini oshirish va issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish
bo‘yicha vazifalar belgilangan:
·
eksport hajmini
2026-yilda 3,5 milliard dollarga va 2027-yilda 4 milliard dollarga yetkazish;
·
tabiiy gaz bilan
kafolatlangan issiqxonalarda meva-sabzavot yetishtirish hajmini 2026-yilda 620
ming tonnaga, 2027-yilda esa 670 ming tonnaga yetkazish, eksport qilinadigan
mahsulotlar ulushini 30 foizdan 70 foizga oshirish;
·
2026-yilda 20 ming
gektar va 2027-yilda 15 ming gektar maydonga qo‘shimcha ajratilgan
maydonlar bo‘ylab meva ko‘chatlari va sabzavot ekinlari ekishni tashkil
etish.
Issiqxona xo‘jaliklari uchun imtiyozlar
Issiqxona faoliyatidan olingan daromadlari jami daromadlarining
kamida 60 foizini tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun 2026-yil
1-yanvardan boshlab 2028-yil oxirigacha ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz
miqdorida belgilanadi.
2025-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra mavjud bo‘lgan soliq qarzlarini to‘lash muddati
foizlar hisoblanmasdan 2028-yil oxirigacha uzaytirildi.
Issiqxona infratuzilmasi — qozonxonalar, mahsulotlarni saralash va
qadoqlash, issiqxonalar va kommunal xo‘jalik inshootlari uchun ehtiyot
qismlarni saqlash obyektlarini qurish uchun ajratilgan yer maydonining 5
foizigacha, lekin 20 gektardan ko‘p bo‘lmagan qismidan qishloq xo‘jaligi
yerlarining toifasini o‘zgartirmagan holda foydalanishga ruxsat etiladi.
Bundan tashqari, issiqxonalar bilan shug‘ullanuvchi yuridik
va jismoniy shaxslar uchun yer solig‘i qishloq xo‘jaligi yerlari
uchun belgilangan stavkalar bo‘yicha hisoblanadi. Shu bilan birga, qishloq
xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarga nisbatan qo‘llanadigan stavkalar bo‘yicha
hisoblangan summalar 2025-yil yanvar oyidan boshlab qayta hisob-kitob qilinadi.
Kredit majburiyatlari bajarilmagani sababli tijorat
banklariga o‘tkazilgan yoki garov sifatida saqlanayotgan issiqxonalar va
ko‘chmas mulk obyektlari 2028-yil 1-yanvargacha qo‘shilgan qiymat solig‘idan
ozod qilinadi. Bundan tashqari, bunday mulklar tijorat banki balansiga qabul
qilingan paytdan boshlab, yangi investorga sotilishigacha bo‘lgan davrda
yer solig‘idan ham ozod qilinadi.
Barqarorlik reytingidan qat’i nazar, 2030-yilgacha moliyaviy yordam
Biznes-plan
ko‘rsatkichlarini (ish o‘rinlari yaratish, mahsulot sotishdan tushgan tushum)
2025−2027-yillarda o‘rtacha 30 foizdan, 2028−2029-yillarda esa 50 foizdan
ko‘proqqa bajargan issiqxona xo‘jaliklariga “Tadbirkorlikni rivojlantirish
kompaniyasi” tomonidan kompensatsion qo‘llab-quvvatlash qayta tiklanmoqda.
2025-yil 1-oktabrgacha
issiqxona loyihalarini amalga oshirish uchun kredit (lizing) olgan barcha
toifadagi tadbirkorlik subyektlariga muddati o‘tgan qarzdorlik bo‘lmagan
taqdirda foiz stavkasining bir qismi qoplanadi:
·
xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha — 4 foiz punktidan ortiq
miqdorda;
·
milliy valyutadagi
kreditlar bo‘yicha — 14 foiz punktidan ortiq miqdorda;
Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari
hisobidan tijorat banklari issiqxona xo‘jaliklariga 12 oy muddatga yillik
14 foiz stavkada imtiyozli kreditlar ajratadi:
·
hosil narxining 50
foizi miqdorida — aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun;
·
chang
va gazni tozalash uskunalarini o‘rnatish uchun.
Energiya samaradorligini oshirish raqamli platformasi orqali sotib olingan
issiqlik nasoslarini o‘rnatish xarajatlarining 20 foizigacha qismi qoplanadi.
Gaz ta’minoti
Tabiiy gazda ishlayotgan issiqxona xo‘jaliklari oktabrdan martgacha
kafolatlangan tabiiy gaz hajmini har oy uchun 50% oldindan to‘lash sharti
bilan oladi.
Energetika vazirligiga har yili 1-oktabrga qadar
(2025-yil uchun 10 kun muddatda) kafolatlangan hajmlarda tabiiy gaz yetkazib
berish bo‘yicha shartnomalar tuzilishini ta’minlash topshirildi. Ushbu
shartnomalarda tabiiy gaz ta’minotidagi yetishmovchiliklar natijasida hosilning
nobud bo‘lishiga olib keladigan zarar uchun yetkazib beruvchining javobgarligi
aniq belgilanishi kerak.
Bundan tashqari, Energetika vazirligi issiqxona xo‘jaliklari tijorat
banklari balansiga o‘tkazilganda, yangi investorlarga sotilganda yoki boshqacha
tarzda samarali foydalanilganda (shu jumladan, respublikaning boshqa
hududlariga ko‘chirilganda), shuningdek, yangi issiqxonalar tashkil etilganda
10 kun muddatda texnik shartlar berilishini, gaz va elektr tarmoqlariga
ulanishini ta’minlashi shart.
Eksportni oshirish chora-tadbirlari
Hujjatga muvofiq, meva-sabzavot mahsulotlarining minimal eksport narxlarini
belgilash amaliyoti bekor qilinmoqda.
Bundan tashqari, dukkakli ekinlarni yig‘ib olish uchun texnika sotib olgan
tadbirkorlik subyektlari Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash davlat
jamg‘armasidan quyidagicha kompensatsiya oladi:
·
uskunalar narxining 15%;
·
lizing yoki kredit
stavkasining 10% dan ortiq qismi.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga Tashqi ishlar vazirligi bilan
birgalikda 2025-yil oxirigacha quyidagi vazifalar yuklandi:
·
xorijiy
kompaniyalar bilan oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi bo‘yicha
laboratoriya sinovlarini o‘tkazish va xalqaro sertifikatlashtirish
tizimini joriy etish bo‘yicha kelishuvlarga erishish choralarini
ko‘rish;
·
O‘zbekistondan
eksport qilinadigan yangi va quritilgan mahsulotlardagi pestitsidlar
va nitrat qoldiqlarini import qiluvchi mamlakatlarning
oziq-ovqat xavfsizligi talablariga muvofiq laboratoriya tahlili tizimini joriy
etish.
2025-yil 15-oktabrga qadar dukkakli ekinlarni yig‘ishtirib olish uchun 200
ta g‘alla yig‘ish mashinasi qayta jihozlanadi va dukkakli ekinlar
yetishtiruvchilarga biriktiriladi.
Ekologiya vazirligiga bir oy muddatda issiqxonalarni isitishda
ekologik talablarni buzgan subyektlarga nisbatan ta’sir choralarini
kuchaytirish bo‘yicha hukumatga takliflar kiritish topshirildi.
https://www.gazeta.uz/ru/
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
14 10 2025 / 10:53