O‘zbekistonda tadbirkorlarga asossiz jarimalar
qo‘llangani uchun javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilmoqda. Bunga bunday
amaliyot ko‘p uchrashi va bu uchun jazo yo‘qligi sabab qilib
keltirilmoqda. Xususan, 2024-yilda tadbirkorlarga 5280 marta, 2025-yilning
6 oyida esa 3755 marta asossiz jarima qo‘llanilgan.
Biznes ombudsman tomonidan tadbirkorlik subyektiga nisbatan asossiz
ravishda jarimalar qo‘llagan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish ko‘zda
tutilgan qonun loyihasi jamoatchilik uchun e’lon qilindi.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi
kodeks 241−11-moddasi bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, nazorat qiluvchi,
huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat organining va davlat
tashkilotining mansabdor shaxsi tomonidan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan
asossiz ravishda moliyaviy jarimalar qo‘llash, agar bunday holat sud tomonidan
qonunga xilof deb topilsa bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan
40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Biznes ombudsmanning ma’lum qilishicha, 2024-yil
davomida tadbirkorlik subyektlari tomonidan asossiz ravishda qo‘llangan
moliyaviy jarimalar bo‘yicha sudlarga jami 6370 ta shikoyat arizasi kelib
tushgan. Ularning 5280 tasi birinchi instansiya sudlari tomonidan to‘liq
qanoatlantirilib, natijada qariyb 1,4 trln so‘m miqdordagi moliyaviy jarimalar
bekor qilingan.
2025-yilning birinchi yarmida esa sudlarga 4738
ta shikoyat kelib tushgan bo‘lib, ularning 3755 tasi qanoatlantirilgan
va natijada qariyb 3,1 trln so‘m miqdordagi jarimalar bekor qilingan.
“Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra,
tadbirkorlik subyektlariga nisbatan nazorat qiluvchi organlar tomonidan asossiz
ravishda moliyaviy jarimalar qo‘llanishi holatlari amaliyotda ko‘p uchramoqda
va ushbu jarimalarni noto‘g‘ri qo‘llaganlik yuzasidan qonunchilikda
ma’muriy javobgarlik belgilanmagan”, — deydi qonun loyihasi mualliflari.
Qayd etilishicha, ma’muriy javobgarlikning mavjud
emasligi o‘z navbatida, nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi hamda
boshqa davlat organining va davlat tashkilotining mansabdor shaxslari
tomonidan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan asossiz va hech bir sabablarsiz
moliyaviy jarimalarni qo‘llashga sabab bo‘lmoqda va ularning mas’uliyatini
inkor etmoqda.
“Sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan shikoyatlarning
asosiy qismi tadbirkorlik subyektlari foydasiga hal etilgani
va trillionlab so‘m miqdordagi jarimalar bekor qilinganligi, mazkur
muammoning dolzarbligi hamda tizimli yechim zarurligini taqozo etmoqda”, —
deyiladi loyiha hujjatida.
Qonun loyihasi muhokamasi 9-noyabrgacha davom etadi.
gazeta.uz