Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Yil oxirida yangilangan 2025-yil budjeti. Davlat organlari xarajatlari qanday o‘zgardi?



Ulashing :


2025-yil oxirida hukumat davlat budjetiga tuzatishlarni tasdiqladi, davlat organlari xarajatlari 41,2 trln so‘mga (14,6%) oshdi. Eng ko‘p mablag‘ Iqtisodiyot va moliya vazirligi orqali o‘tkazildi, kuch tuzilmalari, ayrim vazirlik va jamg‘armalarga ajratilgan mablag‘lar ko‘paydi. Gazeta o‘zgartirishlarni o‘rgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-dekabr kuni 2025-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga davlat xarajatlarini oshirishni nazarda tutuvchi tuzatishlarni ma’qulladi.

Qonunchilik palatasi tegishli hujjatning qabul qilingani haqida xabar bermagan. Tuzatishlar ko‘rib chiqilgani va qabul qilingani xujjat Senat tomonidan ko‘rib chiqilayotganda ma’lum bo‘ldi.

Gazeta tuzatishlar haqida avval ham yozgandi, shunga qaramay, yil oxiridagi o‘zgarishlardan so‘ng budjet moddalari qanday o‘zgarganini batafsil tahlil qilishga qaror qildi.

Respublika budjeti xarajatlarining keskin o‘sishi

Eng muhim o‘zgarish vazirlik va idoralar uchun budjetdan ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlariga taalluqli. Yil oxirida davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan tuzatishlarga ko‘ra (hukumat an’anaviy ravishda yil oxirida allaqachon sarflangan mablag‘larni deputatlarga tasdiqlatadi), vazirlik va idoralar uchun xarajatlar hajmi 281,6 trln so‘mdan 322,9 trln so‘mga oshdi.

O‘sish 14,6 foizdan ortiqni yoki 41 trln so‘mni (taxminan 3,4 mlrd dollar) tashkil etdi.

O‘zgarishlardan eng ko‘p manfaatdor tashkilot Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘ldi. Qo‘shimcha mablag‘larning asosiy qismi ushbu vazirlik orqali o‘tkazildi, chunki u subsidiyalar va transfertlarning bosh taqsimlovchisi hisoblanadi. Uning budjeti 17,7 trln so‘mga — 96 trln so‘mdan 113,7 trln so‘mgacha (+18,4 foiz) oshdi.

Yakuniy hujjatda Iqtisodiyot va moliya vazirligining asosiy yangi xarajatlari aks ettirilgan moddalar:

Paxtaga subsidiyalar. Yakuniy hujjatga yangi xarajat moddasi kiritildi — fermerlar uchun birja savdolari orqali sotilgan paxta xomashyosini subsidiyalashga 3 trln so‘m;

Energiya samaradorligi. Ijtimoiy obyektlar va ko‘p qavatli uylarning energiya samaradorligini oshirish uchun 2,66 trln so‘mlik yangi xarajat moddasi kiritildi;

Sirdaryo viloyati infratuzilmasini rivojlantirish xarajatlari alohida qatorga ajratildi — 910,8 mlrd so‘m;

Prezident topshiriqlari asosida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish xarajatlari 2 trln so‘mdan 3,3 trln so‘mga oshirildi;

Mahallalar infratuzilmasi. 1000 ta “og‘ir” mahalla infratuzilmasini yaxshilash xarajatlari 1,4 trln so‘mdan 2,37 trln so‘mga oshirildi;

Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida “Yangi O‘zbekiston” massivi va Burhoniddin Marg‘inoniy majmuasini barpo etish, shuningdek, Marg‘ilon sanoat zonasi infratuzilmasi uchun yangi xarajat moddasi — 234,9 mlrd so‘m;

“Parkentsoy” turar joy massivida tashqi muhandislik-transport kommunikatsiyalari qurilishini moliyalashtirish va ushbu hududda jismoniy hamda yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararni qoplash uchun yangi xarajat moddasi — 244 mlrd so‘m;

Respublikaning 15 ta tuman (shahar)ida tajriba tariqasida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modelini joriy etish xarajatlari — 171 mlrd so‘m;

Vazirlikning “yashirin” zaxirasi. “Kreditorlik qarzlari va boshqa xarajatlar” moddasi 60 mlrd so‘mdan 1,89 trln so‘mga oshirildi. Bu vazirlik ichidagi kutilmagan xarajatlar uchun mo‘ljallangan erkin mablag‘lardir.

Xarajatlar moddalarining hammasi ham oshirilmagan. Ba’zi pozitsiyalar bo‘yicha xarajatlar, aksincha, qisqartirilgan.

Masalan, davlat qarzi bo‘yicha foizlarni to‘lash xarajatlari 20,46 trln so‘mdan 18,89 trln so‘mgacha (-1,57 trln) pasaytirilgan. Bu avvalroq so‘mning dollarga nisbatan mustahkamlanishi bilan izohlangan edi.

Ta’lim kreditlarini moliyalashtirish jamg‘armasiga o‘tkaziladigan mablag‘ miqdori 2,8 trln so‘mdan 2,53 trln so‘mgacha kamaytirilgan.

Yakuniy hujjatda dastlabki versiyada bo‘lmagan ustav kapitaliga ajratmalar bo‘yicha yangi xarajatlar paydo bo‘lgan. Ustav kapitalini oshirish uchun Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasiga 500 mlrd so‘m, Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasiga esa 137,7 mlrd so‘m ajratilgan.

Gazni ishlab chiqarish yoki xarid qilishning bozor qiymati va ularning ichki bozordagi chakana narxlari o‘rtasidagi farqni qoplash summasi 7 trln so‘m miqdorida o‘zgarishsiz qolgan.

Boshqa vazirliklar

Energetika vazirligining budjeti deyarli 3 barobarga — 123 mlrd so‘mdan 351,7 mlrd so‘mgacha oshirilgan. Xususan, fuqarolarning quyosh panellaridan elektr energiyasini sotib olish uchun subsidiyalar qonunning dastlabki tahririda 10 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, yakuniy variantda 215 mlrd so‘mgacha ko‘paygan.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi budjeti 1,99 trln so‘mdan 2,85 trln so‘mga (+864 mlrd, yoki 43,4 foiz) oshgan. Xarajatlarning deyarli barcha o‘sishi bitta qator bilan bog‘liq — Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladigan mablag‘ 1,15 trln so‘mdan 2,02 trln so‘mgacha ortgan.

Hududlarning bosh rejalari va arxitektura-rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish xarajatlari 100 mlrd so‘mdan 121 mlrd so‘mga oshirilgan.

Bunda qurilish me’yorlari va qoidalarini (QMQ) ishlab chiqish xarajatlari 50,2 mlrd so‘mdan 35,2 mlrd so‘mgacha, 1991-yilgacha qurilgan eski uy-joylarni pasportlashtirish xarajatlari 30 mlrd so‘mdan 23,5 mlrd so‘mgacha, shuningdek, vazirlikning joriy xarajatlari (apparat ta’minoti va boshqalar) 242 mlrd so‘mdan 211 mlrd so‘mgacha qisqartirilgan.

Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligi budjeti 59,16 trln so‘mdan 59,62 trln so‘mgacha yoki 462 mlrd so‘mga (+0,7%) oshgan.

Yakuniy hujjatda loyiha tafsilotlarida ko‘rsatilmagan o‘ziga xos xarajatlar paydo bo‘lgan:

· “Toza qo‘llar” dasturi: sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalarini sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlash uchun 311,4 mlrd so‘m ajratilgan.

· Bolalar bog‘chalarida ovqatlanish: autsorsing usulida ovqatlanishni tashkil etish uchun 255,7 mlrd so‘m xarajat qo‘shilgan.

Chet ellik o‘qituvchilarni jalb qilish xarajatlari 250 mlrd so‘mdan 240 mlrd so‘mga, ta’lim obyektlarini loyihalash, qurish va rekonstruksiya qilish xarajatlari esa 4,01 trln so‘mdan 3,92 trln so‘mga qisqartirilgan.

Transport vazirligi budjeti 112 mlrd so‘mga oshib, 6,71 trln so‘mdan 6,82 trln so‘mga yetgan. Toshkent metropoliteni zararlarini qoplash va tashishlar xavfsizligini ta’minlash xarajatlari uchun yangi modda paydo bo‘lgan, ushbu maqsadlarga 144 mlrd so‘m ajratilgan.

Qonunning yakuniy tahririda Prezident administratsiyasi budjeti 1,86 trln so‘mdan 2,52 trln so‘mga yoki 662 mlrd so‘mga (+35,6 foiz) oshirilgan. Apparatni saqlash va operatsion faoliyat xarajatlari 1,66 trln so‘mdan 2,27 trln so‘mga (+617 mlrd so‘m) oshgan.

Yakuniy budjetda yangi satr paydo bo‘lgan — 190 mlrd so‘m miqdorida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish. Ta’kidlash joizki, budjetning dastlabki versiyasida ushbu jamg‘arma (xuddi shu 190 mlrd so‘m miqdori bilan) Vazirlar Mahkamasi budjetida bo‘lgan, lekin oxir-oqibat u bevosita Prezident administratsiyasi ixtiyoriga o‘tkazilgan.

Administratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish xarajatlari 200 mlrd so‘mdan 244 mlrd so‘mga oshgan.

Raqamli texnologiyalar vazirligi budjeti 532,4 mlrd so‘mdan 443,4 mlrd so‘mgacha yoki 89 mlrd so‘mga (-16,7 foiz) qisqargan.

Qisqartirish vazirlikning joriy xarajatlariga taalluqli.

Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi (u orqali AKT sohasidagi ustuvor loyihalar moliyalashtiriladi) xarajatlari 203 mlrd so‘mga — 1,69 trln so‘mdan 1,89 trln so‘mgacha oshgan.

Asosiy o‘zgarish — “Xavfsiz shahar” yagona integratsiyalashgan tizimlarini yaratish va rivojlantirish bilan bog‘liq xarajatlar bo‘lib, ular 151 mlrd so‘mga oshib, 415 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Foto va video qayd etish kameralari yordamida aniqlangan huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarimalardan tushum 264 mlrd so‘mdan 360 mlrd so‘mga (+36,4 foiz) ko‘paygan.

Kim kamroq mablag‘ oldi va qayerda budjet o‘zgarmadi?

Barcha idoralar ham qo‘shimcha mablag‘ olmagan. Xarajatlarning umumiy o‘sishiga qaramay, ayrim budjetlar qisqartirilgan yoki o‘zgarishsiz qolgan:

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi budjeti 6,28 trln so‘mdan 6,11 trln so‘mgacha qisqargan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi umumiy budjeti 4,99 trln so‘mdan 4,96 trln so‘mgacha biroz kamaygan, bunda asosiy moddalar (onkologiya, gemodializ, emlash) deyarli o‘zgarishsiz qolgan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi budjeti 21 trln so‘m darajasida saqlanib qolgan. Bolalar nafaqalari va kam ta’minlangan oilalarga yordam xarajatlari (7,35 trln so‘m) o‘zgarmagan.

Boshqa xarajatlar

Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi deyarli ikki barobarga ko‘payib, 1 trln so‘mdan 1,9 trln so‘mga yetgan.

Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini, shuningdek, ayrim xizmat turlari bo‘yicha tariflarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlar 2 barobardan ko‘proq oshib, 13,24 trln so‘mni tashkil etdi — indeksatsiya muddatidan oldinroq va kattaroq hajmda o‘tkazildi.

Qabul qilingan hujjatda “boshqa tashkilotlar” — huquqni muhofaza qilish organlari va kuch ishlatar tuzilmalar (Davlat xavfsizlik xizmati, IIV, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya va boshqalar) xarajatlari 36,7 foizga yoki 18,36 trln so‘mga (1,53 mlrd dollarga) oshirilib, 49,99 trln so‘mdan 68,35 trln so‘mga yetkazilgan. 2022-yilda bu xarajatlar yil yakuniga ko‘ra 2,2 trln so‘mga, 2023-yilda 1,91 trln so‘mga, 2024-yilda 2,6 trln so‘mga oshgan edi. 2026-yil uchun qabul qilingan davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda xarajatlarni yana 5,77 trln so‘mga (+8,4 foiz) oshirib, 74,12 trln so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Joriy xarajatlar (ish haqi, texnika, ta’minot) 48,48 trln so‘mdan 67,19 trln so‘mgacha (+18,7 trln) ko‘paygan, kapital qo‘yilmalar (qurilish) esa 1,5 trln so‘mdan 1,16 trln so‘mgacha qisqargan.

Jamg‘armalar

Taqqoslama tahlil shuni ko‘rsatmoqdaki, pensiya tizimi qo‘shimcha mablag‘lar olgan. Pensiya jamg‘armasining umumiy xarajatlari 74,94 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan bo‘lsa-da, yakuniy ko‘rsatkich 1,7 trln so‘mga oshib, 76,64 trln so‘mni tashkil etgan.

Pensiya jamg‘armasi barcha xarajatlarni faqat o‘z daromadlari (ijtimoiy soliq) hisobidan qoplab bera olmaydi, shu sababli farq (taqchillik) budjet hisobidan qoplanadi. Yakuniy variantda davlat tomonidan qoplanadigan bu farq miqdori oshgan.

Dastlab jamg‘arma davlatdan 18,55 trln so‘m olishi ko‘zda tutilgan edi, biroq yakuniy natijada transfert 1,7 trln so‘mga oshirilib, 20,25 trln so‘mga yetkazilgan.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (“suveren jamg‘arma”). Bu mamlakatning 2016-yilda tashkil etilgan “g‘aznasidir”. Dastlab, jamg‘arma budjetdan kapital qo‘yilmalar va oltin, mis hamda gazni belgilangan chegaraviy qiymatlardan yuqori narxlarda sotishdan olingan qo‘shimcha daromadlar (2019-yilgacha) hisobiga moliyalashtirilgan.

TTJ orqali mamlakat uchun strategik loyihalar moliyalashtirildi, biroq keyinchalik jamg‘arma mablag‘lari turli maqsadlarda ishlatila boshlandi.

Qonunning yakuniy tahririda ushbu jamg‘armadan xarajatlar keskin ravishda 7,6 trln so‘mga — 20,3 trln so‘mdan 27,9 trln so‘mgacha oshirilgan. Daromadlar prognozi 2,4 trln so‘mga ko‘payib, 22,2 trln so‘mdan 24,6 trln so‘mga yetgan.

Budjetdan Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladigan mablag‘lar 6,18 trln so‘mdan 7,67 trln so‘mgacha (+1,5 trln) oshgan.

Ijtimoiy himoya jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘ 1 trln so‘mga ko‘paytirilgan (1,8 trln so‘mdan 2,8 trln so‘mgacha).

Davlat budjetidan “El-yurt umidi” jamg‘armasiga (Xorijda ta’lim olish) o‘tkazmalar 600 mlrd so‘mdan 500 mlrd so‘mgacha, Migratsiya jamg‘armasiga 100 mlrd so‘mdan 50 mlrd so‘mgacha, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga esa 715 mlrd so‘mdan 558,1 mlrd so‘mgacha qisqartirilgan.

Davlat aktivlarini boshqarish jamg‘armasi budjeti davlat mulkini sotishdan kutilayotgan daromadlarni sezilarli darajada oshirish maqsadida qayta ko‘rib chiqilgan. Xususiylashtirishdan olinadigan daromadlar prognozi 11,8 trln so‘mdan 13,2 trln so‘mga oshirilgan.

Mulkiy zararni qoplash bo‘yicha maqsadli jamg‘arma qo‘shimcha 150 mlrd so‘mga to‘ldirilgan — 550 mlrd so‘mdan 700 mlrd so‘mgacha.

Eslatib o‘tamiz, Iqtisodiyot va moliya vazirligi yil davomida budjet xarajatlarini oshirish bo‘yicha tashabbuslarni parlament muhokamasiga kiritmagani hamda deputatlarga qo‘shimcha xarajatlar zarurligi bo‘yicha asoslar taqdim etmagani ma’lum qilindi. Davlat budjetiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga yil oxirida taqdim etilgan.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

12 02 2026 / 14:29