Taqdim etilgan infografika 2024 yildagi global
dehqonchilik ko‘lamlarini namoyish etadi va asosiy oziq-ovqat ekinlari hamda
muhim tijoriy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini
taqqoslash imkonini beradi. Ma’lumotlar BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi
tashkiloti (FAO) statistikasiga asoslangan.
Ro‘yxatdagi yetakchilarning bir qismi — insoniyat
uchun asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, boshqalari esa yirik sanoat
tarmoqlarining ishlashini ta’minlaydi: bioyonilg‘i, shirinliklar va qadoqlangan
mahsulotlar ishlab chiqarish kabi sohalarni.
Shakarqamish mutlaq birinchi o‘rinda — yiliga 1,94
milliard tonna, ya’ni barcha boshqa ekinlarni sezilarli darajada ortda
qoldiradi.
Ikkinchi o‘rinda — 1,22 milliard tonna hajm bilan
makkajo‘xori. Keyin esa dunyodagi eng muhim ikki oziq-ovqat ekin-mahsuli —
guruch va bug‘doy keladi: mos ravishda 820 va 798 million tonna.
Braziliya shakarqamish hamda soyaning eng yirik ishlab
chiqaruvchisi hisoblanadi, Xitoy, Hindiston va Rossiya kabi Yevrosiyo
gigantlari esa dunyo bo‘yicha bug‘doy ishlab chiqarishda yetakchi o‘rinlarni egallaydi.
Ko‘plab ekinlarda ishlab chiqarishning yaqqol
mintaqaviy markazlari mavjud. Masalan, soya asosan Xitoy, AQSh va Janubiy
Amerika mamlakatlarida — Argentina, Braziliya va Paragvayda yetishtiriladi.
Braziliyada har yili uchta keyingi eng yirik ishlab
chiqaruvchi mamlakatning jami yig‘im-terimidan ham ko‘proq shakarqamish
yetishtiriladi. Qamish faqat oddiy shakarni ishlab chiqarish uchungina emas,
balki bioyonilg‘i, patoka va turli shirinliklar tayyorlashda ham qo‘llanadi.
2024 yilda 294 million tonnaddan ortiq qand lavlagi
ishlab chiqarilgan — bu jahon shakar hajmining taxminan 20 foiziga to‘g‘ri
keladi. Qamishdan farqli o‘laroq, lavlagi faqat shakar olish va uni keyinchalik
qayta ishlash maqsadida yetishtiriladi.
Makkajo‘xori jahon qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi
hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallaydi, uning eng yirik ishlab chiqaruvchisi
esa hali ham AQSh bo‘lib qolmoqda. Ayni paytda hosilning katta qismi, ayniqsa
AQShda, chorva uchun yem-xashak sifatida yoki bioyonilg‘i ishlab chiqarishga — birinchi
navbatda etanolga sarflanadi.
AQSh makkajo‘xori tarmog‘ini yarim asrdan ortiq vaqt
davomida keng ko‘lamli subsidiyalar bilan qo‘llab-quvvatlab keladi. Bu yerda
“Makkajo‘xori kamari” deb ataladigan hudud alohida ahamiyatga ega —
mamlakatning Ayova shtati atrofida, O‘rta G‘arbda joylashgan agrar mintaqa.
Bugun Ayova Meksikadan — makkajo‘xorini ilk bor Kolumbgacha bo‘lgan davrda
yetishtirishni boshlagan mamlakatdan uch baravar ko‘p jo‘xori yetishtirmoqda.
О.Мatnazarov, kun.uz