Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Raqobatsiz davlat xaridlari: qonun bor, cheklovlar yo‘q — korrupsiya xavfi saqlanib qolmoqda



Ulashing :


O‘zbekistonda davlat xaridlarining deyarli yarmi haligacha raqobatsiz usullarda o‘tkazilyapti. Qonunchilikdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish bo‘yicha “keng yo‘lak” tenderlarni chetlab o‘tishga imkon berayotgani va amaldagi nazorat tizimini qayta ko‘rib chiqish zarurligi to‘g‘risida Ekspert Xusain Radjapov maqolasi.

Xusain Radjapov (PhD), Toshkent davlat yuridik universiteti, “Biznes huquqi va sud himoyasi” tadqiqot markazi ilmiy xodimi, “Raqobat huquqi” mutaxassisi, Yaponiyaning Kobe Universiteti mehmon tadqiqotchisi.

2026-yil 16-fevraldagi prezident farmoni (PF-22) bilan tasdiqlangan “Mahalla infratuzilmasini yanada takomillashtirish va ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish bo‘yicha ustuvor islohotlar dasturi”da davlat xaridlarida korrupsiyaga qarshi kurash, ochiq va adolatli raqobatni ta’minlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etilgan.

Shuningdek, davlat dasturida davlat xaridlari sohasidagi muammolar qatorida ishtirokchilarning o‘zaro aloqadorligi va kartel bitimlariga alohida urg‘u berilgan. Ekspert davlat xaridlaridagi kartel kelishuvlari muammosi haqida avvalgi maqolasida batafsil yozgan edi.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda xaridlar tizimining shaffofligini oshirish va korrupsiya xavflarini kamaytirishga qaratilgan bir qator islohotlar amalga oshirildi: elektron tender va auksionlar joriy etildi, jarayonlar raqamlashtirilmoqda.

Biroq amaliyot shuni ko‘rsatyaptiki, davlat xaridlarining elektronlashtirilishi budjet mablag‘laridan samarasiz foydalanish muammosini o‘z-o‘zidan hal qila olmaydi. Xarid ishtirokchilari va buyurtmachilar tomonidan amalga oshiriladigan korrupsiya va kartel kelishuvlari barham topmayapti, shunchaki yangi shakllarga ko‘chyapti.

Suiiste’mol qilish holatlarining ildizi ko‘p hollarda buyurtmachilarning o‘z faoliyatiga borib taqaladi: aynan ular ijrochini oldindan “tanlab qo‘yishi”, xarid shartlarini o‘zgartirishi va xo‘jako‘rsinga raqobat tashkil qilib, yetkazib beruvchilarning xatti-harakatlarini yashirincha muvofiqlashtirishi mumkin. Muallif, shuningdek, raqobatli elektron davlat xaridlaridagi tipik korrupsiya sxemalari haqida avvalroq yozgan edi.

Ushbu maqolada boshqa, ko‘zga kamroq tashlanadigan, lekin xavflilik darajasi undan qolishmaydigan jihatga — raqobatsiz xaridlardagi korrupsiya xatarlariga e’tibor qaratish taklif etiladi. Amalga oshirilgan islohotlarga qaramay, davlat xaridlarining salmoqli qismi hanuzgacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish va yagona yetkazib beruvchidan xarid qilish orqali amalga oshirilmoqda, bu esa raqobatga, budjet mablag‘laridan samarali foydalanishga va korrupsiyaga qarshi haqiqiy kurashga bevosita tahdid soladi.

Iqtisodiyotning eng yirik segmenti

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2024−2025-yillarda davlat xaridlarining qariyb yarmi — 2024-yilda 46 foiz, 2025-yilda 43 foiz qismi tendersiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar va yagona yetkazib beruvchilar orqali amalga oshirilgan. Shundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar ulushi 28 foizni tashkil qiladi.

O‘zbekistonda davlat xaridlari tizimi shunchaki texnik yoki ma’muriy jarayon emas, balki iqtisodiyotning yirik segmenti hisoblanadi. Davlat xaridlari va buyurtmalarining mamlakat YAIMga nisbati taxminan 20 foiz deb baholanadi. Demak, bu sohadagi har qanday raqobatsizlik, samarasizlik yoki korrupsion xavflar — butun iqtisodiyotga ta’sir qiladigan tizimli muammo.

Shu nuqtai nazardan, davlat xaridlarida ochiqlik va adolatli raqobatni ta’minlash nafaqat huquqiy tamoyil, balki makroiqtisodiy barqarorlik va budjet mablag‘laridan oqilona foydalanish masalasidir.

Quyida Xusain Radjapov davlat xaridlarida raqobatsiz mexanizmlar, avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarning saqlanib qolayotgan sabablari, ularning korrupsiya xavfi bilan bevosita bog‘liqligi hamda qonunchilikdagi ziddiyatli yondashuvlarni tizimli ravishda tahlil qiladi. Ushbu tahlil davlatning korrupsiyaga qarshi siyosati va davlat dasturlarida belgilangan maqsadlarni shubha ostiga qo‘ymaydi. Aksincha, u raqobatli tartib-taomillardan ayrim istisnolar amaliyotda o‘z maqsadiga zid ravishda qo‘llanilib ketishi mumkin bo‘lgan huquqiy va institutsional zaif nuqtalarni, xususan, xarid qarorlarini tayyorlash va ijro etish bosqichlarida aniqlashga qaratilgan.

“Qonun bor, lekin raqobatli tartib-taomillardan keng istisnolar saqlanib qolmoqda”

“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 71-moddasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish mumkin bo‘lgan 21 ta holatni nazarda tutadi. Ushbu 21 ta holatda nazarda tutilgan asoslarning bir qismi, masalan, favqulodda holatlar, intellektual faoliyat natijalarining huquq egasidan xarid qilish, narxi davlat tomonidan tartibga solinadigan tovarlarni xarid qilish, shuningdek giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash hamda olib kirish kabi asoslar o‘z tabiatiga ko‘ra haqiqatan ham istisno holatlar hisoblanadi va jamoat manfaatlari nuqtai nazaridan umumiy jihatdan asosli hamda oqilona deb baholanishi mumkin.

Biroq, muammo shundaki, “Davlat xaridlari to‘g‘risidagi” qonunning 71-moddasida keltirilgan 21 ta holatning kamida yarmi amalda davlat xaridlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida amalga oshirishni talab qilmaydi — bunday xaridlar raqobatli tenderlar orqali ham bemalol amalga oshirilishi mumkin. Mazkur holatlar quyidagi 1-jadvalda keltirilgan. Aynan shu o‘rinda istisno qoidaning o‘rnini egallay boshlaydi.

1-jadval. To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar ro‘yxatidan chiqarish uchun taklif etilayotgan, raqobatli tender jarayonlarini o‘tkazish mumkin bo‘lgan asoslar

№

“Davlat xaridlari to‘g‘risidagi” qonunning 71-moddasiga ko‘ra amaldagi asos

Nima sababdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish uchun yetarlicha asos hisoblanmaydi

Qanday raqobatli usul qo‘llash mumkin

1

Sud ishlari uchun advokat (vakil) tayinlash

Yuridik xizmatlar bozori raqobatli; xizmat sifati va narxni solishtirish mumkin

Eng yaxshi takliflarni tanlash / malakalash mezonlariga asoslangan tender

2

Xizmat safarlari uchun chiptalar va yashash xarajatlari

Aviakompaniyalar, agentliklar va mehmonxonalar bozori raqobatli

Elektron do‘kon / kichik qiymatli xaridning soddalashtirilgan tartibi / auksion

3

Sanatoriy-kurort yo‘llanmalari va madaniy tadbirlarga chiptalar

Ko‘plab xizmat ko‘rsatuvchilar mavjud

Eng yaxshi takliflarni tanlash / tender

4

Yangi avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xo‘jaligi texnikasi

Dilerlar va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida raqobat mavjud

Tender / auksion

5

Rasmiy delegatsiyalar tashriflari uchun xizmatlar (yashash, ovqatlanish, suvenirlar)

Standart bozor xizmatlari; favqulodda holat emas

Eng yaxshi takliflarni tanlash / tender / elektron do‘kon (kichik xaridlar uchun)

6

VM zaxira jamg‘armasidan ajratilgan mablag‘lar, parlament delegatsiyalari uchun xaridlar

Mablag‘ manbasi raqobatni istisno qilishga asos bo‘lolmaydi

Tender / ikki bosqichli davlat xaridlari

7

Ijtimoiy muassasalar uchun oziq-ovqat xaridlari

Oziq-ovqat bozori yuqori raqobatli

Auksion (boshlang‘ich narxni pasaytirish) / tender

8

Tibbiy ko‘rik va davolash xizmatlari

Ko‘p hollarda xususiy klinikalar o‘rtasida raqobat bor

Eng yaxshi takliflarni tanlash / ikki bosqichli davlat xaridlari

9

“El-yurt umidi” jamg‘armasi ta’lim dasturlari va xorijiy mutaxassislar

Ta’lim xizmatlari bozori raqobatli

Eng yaxshi takliflarni tanlash / tender

10

Aloqa, internet va teleradiouzatish xizmatlari

Bozorda bir nechta provayder mavjud

Tender / auksion / ramkali xarid (uzoq muddatli)

Yuqorida keltirilgan holatlar bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarni istisno sifatida saqlab qolish ushbu sohalarda operativlikka emas, balki raqobat muhitining tizimli cheklanishiga olib keladi, ma’lum yetkazib beruvchilarga barqaror ustunlik beradi va natijada bozorda sun’iy monopollashuv yuzaga keladi.

Jadvalda keltirilgan ma’lumotlar haqiqatan favqulodda va noyob holatlarda istisnolar zarurligini inkor etmaydi; aksincha, u ayrim asoslar o‘z mohiyatiga ko‘ra raqobatli bozorlarga tegishli ekanini va ularni qonunda nazarda tutilgan raqobatli xarid tartib-taomillari orqali amalga oshirish mumkinligini ko‘rsatadi. Bu esa korrupsiya xavflarini kamaytirishga va bozorlar monopollashuvining oldini olishga xizmat qiladi.

Alohida ta’kidlab o‘tish joizki, 71-moddada raqobatsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish uchun asos bo‘ladigan eng bahsli norma — hukumat qarorlari asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish imkoniyatidir. Aynan shu yerda nazorat qilish qiyin bo‘lgan “keng yo‘lak” vujudga keladi.

Bu mexanizmning asosiy muammolari quyidagicha:

· bu asosni qo‘llash uchun aniq mezonlar belgilanmagan;

· moliyaviy cheklovlar yo‘q;

· xatto tender o‘tkazish obyektiv jihatdan mumkin bo‘lgan holatlarda ham ushbu “keng yo‘lak”dan foydalanish imkoniyati saqlanib qolmoqda.

Natijada yirik davlat xaridlari qonuniy tarzda raqobatli tartib-taomillarni chetlab o‘tishi mumkin. Bu ayrim insofsiz mansabdorlar hukumat qarorlarini niqob sifatida qo‘llab, ushbu “keng yo‘lak”dan foydalanib, tender o‘tkazmasdan yirik davlat buyurtmalarini o‘zlariga affillangan biznes tuzilmalariga o‘tkazishga urinishiga sharoit yaratadi. Bu esa davlat xaridlari tizimida institutsional korrupsiya xavfini jiddiy oshiradi.

“Istisnolar” hukumat qarorlari bilan rasmiylashtirilganda: to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar qanday qilib me’yorga aylanyapti

Amaliyotda hukumat qarorlari bilan vazirliklar, idoralar yoki davlat ishtirokidagi yirik korxonalarga tender o‘tkazmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish huquqi berilayotgan holatlar tobora ko‘proq uchramoqda. Qolaversa, ayrim qarorlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilishi lozim bo‘lgan kompaniya nomi ham aniq ko‘rsatib qo‘yilgan holatlar mavjud.

Xususan, faqat 2025-yil birinchi yarim yilligining o‘zida qabul qilingan ayrim hukumat qarorlarida:

· donni qabul qilish va hisob-kitob jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida “d-xarid.uz” axborot tizimini “Realsoft” MCHJdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida xarid qilishga ruxsat berilgan, biroq nega aynan ushbu kompaniya tanlangani va nima uchun tender o‘tkazilmagani bo‘yicha ochiq asos keltirilmagan;

· intensiv bog‘ va issiqxonalar barpo etish loyihalarida “AGROSANOAT INNOVATORLARI” MCHJga tovar va xizmatlarni tendersiz xarid qilish hamda loyihalash va qurilish ishlarini bir vaqtning o‘zida amalga oshirish huquqi berilgan, lekin kompaniyaga bunday eksklyuziv maqom taqdim etilishining sabablari ochiqlanmagan;

· qimmatbaho metallarni davlat kon-metallurgiya kompaniyalari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida sotish tartibi 2030-yilgacha uzaytirilgan, lekin bu mexanizmning raqobat muhiti va bozor shartlariga ta’siri ochiq baholanmagan;

· O‘zbekistonda majburiy markirovkalash tizimi hech qanday ochiq tanlovsiz “CRPT TURON” MCHJga topshirilgan;

· davlat neft-gaz kompaniyasi tomonidan qisqa muddat ichida trillion so‘mlarga teng to‘g‘ridan-to‘g‘ri bitimlar tuzilib, tendersiz shartnomalarning katta qismi muayyan xususiy kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Keltirilgan misollarda bir umumiy jihat bor: bu qarorlarda nega aynan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma mexanizmi tanlanayotgani, nima uchun tender o‘tkazish mumkin emasligi va nega davlat buyurtmalari ma’lum doiradagi xususiy korxonalar qo‘lida to‘planib qolayotgani ochiqlanmagan. Bu esa 71-moddadagi ushbu “keng yo‘lak” amalda raqobatsiz yirik xaridlarni qonuniylashtirish vositasiga aylanib qolganini ko‘rsatadi.

Bunday hukumat qarorlarining ayrimlari yopiq tarzda qabul qilinishi va jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinmasligi esa vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Jamiyat mezonlarni, asoslarni va muqobillarni ko‘rmas ekan, davlat xaridlari sohasida shaffoflik va hisobdorlikka jiddiy putur yetadi.

Cheklovlar bor edi — lekin tezda bekor qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining tashabbusi asosida 2022-yil 11-noyabrdagi prezident farmoni (PF-244-sonli) bilan hukumat qarorlari vositasidagi yirik raqobatsiz davlat xaridlari amaliyotini kamaytirishga qaratilgan cheklovlar joriy etilgan edi. Unga ko‘ra, 2023-yil 1-martdan boshlab:

· Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida BHMning 3 500 baravari va undan yuqori (1,44 mlrd so‘m va undan ortiq) davlat xaridlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma orqali amalga oshirish taqiqlangan;

· vazirliklar va ularning tasarrufidagi tashkilotlar o‘rtasida BHMning 3 500 baravari va undan yuqori xaridlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma orqali amalga oshirish man etilgan.

Bu cheklovlar raqobatsiz amaliyotlarning oldini olish va raqobatni kuchaytirishda yordamchi vositaga aylanishi mumkin edi.

Biroq ushbu normalar bir oyga ham yetmasdan, 2023-yil 4-apreldagi PF-47-sonli prezident farmoni (lex.uz bazasida mavjud emas, yopiq qaror) bilan chiqarib tashlandi. Keyinchalik 2025-yil 26-dekabrdagi PF-259-sonli prezident farmoni orqali muayyan qayta ko‘rib chiqishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, raqobatsiz xaridlar uchun “keng yo‘lak” saqlanib qolmoqda.

“Kompleks ekspertiza”: mustaqil nazoratmi yoki formal bosqich?

2024-yilda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgarishga ko‘ra, hukumat qarorlari asosida tuzilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar Kompleks ekspertiza qilish markazida ekspertizadan o‘tkazilishi shart deb belgilangan.

Rasman bu nazoratni kuchaytirish yo‘lida tashlangan qadam. Lekin savol tug‘iladi: bunday mexanizmni chinakamiga mustaqil yoki neytral deb hisoblash mumkinmi?

Markaz Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi tashkilot hisoblanadi. Demak, buyurtma ham, ruxsat ham, ekspertiza ham bir tizim ichida qolib ketyapti. Bunday sharoitda ekspertiza narxlarning oshirilishi, aloqadorlik va asoslanmagan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzilishiga qarshi to‘siqqa emas, balki jarayondagi oddiy bosqichga aylanib qolish xavfi yuzaga keladi. Institutsional jihatdan mustaqil bo‘lmas ekan, bu ekspertiza mexanizmining nazorat kuchi cheklanganligicha qoladi.

Strategiyada muammo tan olingan, lekin aniq yechim yo‘q

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-dekabrdagi 865-son qarori bilan tasdiqlangan 2025−2027-yillarda davlat xaridlari tizimini takomillashtirish va rivojlantirish strategiyasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar ulushining yuqoriligi muammo sifatida qayd etilgan. Shuningdek, hujjat quyidagilarni nazarda tutadi:

· to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarda narxni asoslash usullarini ishlab chiqish;

· raqobatsiz shartnomalarni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish amaliyotini joriy etish.

Biroq, bu yerda asosiy xavf yotibdi. Birinchidan, asoslantirish mezoni sifatida “boshlang‘ich narx”ga tayanishning o‘zi yetarli emas. Boshlang‘ich narx har doim ham haqiqiy bozor qiymatini aks ettiravermaydi. Muqobil takliflar bilan solishtirmasdan va raqobat muhitini tahlil qilmasdan turib, har qanday “asos” shartli bo‘lib qolaveradi va uni rasmiylashtirish oson bo‘ladi.

Ikkinchidan, jamoatchilik muhokamasi foydali vosita, lekin uning samaradorligi oshkor qilinayotgan ma’lumotlarning to‘liqligiga bevosita bog‘liq. Agar hukumat qarorlarida nima uchun tender o‘tkazish imkonsizligi va muayyan pudratchi qaysi mezonlar asosida tanlangani tushuntirilmasa, muhokama shunchaki rasmiyatchilikka aylanib qolishi xavfi bor. Har bir aniq shartnoma bo‘yicha “takomillashtirish”, “rivojlantirish” yoki “maqbullashtirish” haqidagi umumiy iboralar shaffof va tekshiriladigan asosning o‘rnini bosa olmaydi.

Raqobat qo‘mitasi va Antikorrupsiya agentligi xulosalari

Yuqorida keltirilgan 2024-yildan joriy etilgan Kompleks ekspertiza ham hukumat tizimi ichidagi mexanizm bo‘lgani sababli, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar uchun to‘laqonli institutsional filtr vazifasini bajara olyaptimi, degan savol paydo bo‘ladi.

Davlat xaridlarida, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishda Raqobat qo‘mitasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xulosalari majburiy xarakterga ega emasligi vaziyatni yanada chigallashtiradi. Hukumat qarorlarini qabul qiluvchi organlar ushbu idoralarning xulosasini olishi ham mumkin, lekin ularni inobatga olmasdan ham qaror qabul qilish huquqiga ega. Mohiyatan, nazorat organlarining xulosalari ochiqdan-ochiq xavfli qarorlarni to‘xtatib qo‘yish uchun yuridik kuchga ega bo‘lmay, tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib qolmoqda.

Bu holat to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar kabi eng yuqori korrupsiya xavfi mavjud bo‘lgan mexanizmlarda ayniqsa muammolidir. Hatto nazorat organi raqobatning cheklanishi xavfi, manfaatlar to‘qnashuvi yoki narxning asossiz oshirilganini ko‘rsatgan taqdirda ham, bu signallarni chetlab o‘tish mumkin.

Aslida esa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar o‘z tabiatiga ko‘ra budjet mablag‘larini raqobat asosida va samarali sarflash tamoyilidan istisno hisoblanadi. Demak, ularni qo‘llash susaytirilgan emas, aksincha kuchaytirilgan nazorat ostida amalga oshirilishi lozim. Ya’ni, ular majburiy ikki bosqichli institutsional filtrdan — monopoliyaga qarshi va korrupsiyaga qarshi nazoratdan o‘tishi shart.

Aks holda, paradoksal vaziyat yuzaga keladi: nazorat mexanizmlari rasman mavjud, lekin qaror qabul qilish jarayoniga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatmaydi. Natijada tizim o‘sha korrupsiya xavflarini faqat “qonuniyroq” niqob ostida takrorlashda davom etaveradi.

Nima qilish kerak?

Takliflarim quyidagicha:

1. 71-moddadagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish asoslarini qayta ko‘rib chiqish va qisqartirish. Jadvaldagi misollar 71-moddada to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga ruxsat beruvchi asoslarning kamida yarmi amalda istisno holatlar emasligini ko‘rsatadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar davlat xaridlarini amalga oshirishning “odatiy” usullaridan biriga aylanib qolmasligi kerak, balki o‘z mazmuniga ko‘ra ular faqat haqiqatan favqulodda va noyob holatlarda qo‘llaniladigan qat’iy istisno mexanizmi bo‘lishi lozim.

2. Hukumat qarorlari asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarni tuzish uchun aniq mezonlar ishlab chiqish: hukumat qarorlari asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish faqat strategik davlat ahamiyatiga ega loyihalar, milliy xafsizlik, xalqaro majburiyatlar va bozori hali shakllanmagan innovatsion loyihalar kabi holatlar bilan cheklanishi, har bir holatda esa nega tender o‘tkazilmayotgani va nega aynan shu ijrochi tanlangani qaror matnida ochiq asoslanishi shart.

3. Summaviy cheklovlarni qonun darajasida joriy etish va ularni chetlab o‘tish imkoniyatini qoldirmaslik: to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha BHMning 3 500 baravari kabi chegaraviy qiymatlar qonunga kiritilib, ushbu cheklovlar hukumat qarorlari bilan istisno tarzida ham bekor qilinishi mumkin bo‘lmagan qat’iy norma sifatida mustahkamlanishi lozim. Aks holda istalgan cheklov vaqtinchalik xarakterga ega bo‘lib, siyosiy qaror bilan bekor qilinishi mumkin.

4. To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalardan foydalanishda monopollashuvning oldini olish. To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar, o‘z tabiatiga ko‘ra, davlat buyurtmalarining cheklangan doiradagi yetkazib beruvchilar qo‘lida to‘planishiga va ularning barqaror monopol mavqelari shakllanishiga yordam beradi. Shu nuqtai nazardan, raqobatni qo‘llab-quvvatlash va korrupsiya xavflarini kamaytirish maqsadida yetkazib beruvchilarni diversifikatsiya qilish hamda yirik hajmdagi xaridlarni bir nechta mustaqil ijrochilar o‘rtasida taqsimlash mexanizmlarini ko‘zda tutish maqsadga muvofiq.

Shu bilan birga, har bir loyiha bo‘yicha bir nechta shartnoma tuzishning obyektiv imkoni bo‘lmasligi mumkin (masalan, yagona texnologik majmua mavjud bo‘lganda yoki natija uchun javobgarlik talablari qo‘yilganda). Biroq, xarid predmeti loyihaning sifati va boshqaruviga ziyon yetkazmagan holda bo‘lish imkonini beradigan hollarda, buyurtma hajmini bir nechta yetkazib beruvchilar o‘rtasida taqsimlash tamoyilini qo‘llash mumkin.

Bunday yondashuv buyurtmachining bitta kontragentga qaramligini kamaytiradi hamda monopollashuv va narxlarning oshib ketishi xavflarini jilovlaydi.

5. Majburiy uch bosqichli nazorat: formal ekspertizadan institutsional filtrga o‘tish zarurati. Davlat xaridlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarni qo‘llashni istisno holat sifatida qoldirib, ular uchun uch bosqichli majburiy nazorat mexanizmini qonun darajasida joriy etish maqsadga muvofiq:

· Kompleks ekspertiza qilish markazining ijobiy xulosasi — shartnomaning huquqiy, moliyaviy va texnik jihatdan asosliligini baholash;

· Raqobat qo‘mitasining ijobiy xulosasi — raqobatni cheklash xavflari, bozorda muqobil yetkazib beruvchilar mavjudligi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma qo‘llashning asosliligini baholash;

· Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ijobiy xulosasi — manfaatlar to‘qnashuvi, korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi xavflari va narxni asossiz oshirish ehtimollarini baholash.

Qonunchilikda ushbu uchta xulosadan kamida bittasi salbiy bo‘lgan taqdirda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga yo‘l qo‘yilmasligi aniq belgilab qo‘yilishi lozim.

Bunday yondashuv:

· to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalardan foydalanishni haqiqatan ham istisno holatga aylantiradi;

· nazorat mexanizmlarini formal tavsiya darajasidan real cheklov darajasiga olib chiqadi;

· qaror qabul qilish jarayonida institutsional muvozanatni ta’minlaydi;

· davlat siyosatining “korrupsiyasiz va adolatli raqobat” degan ustuvor maqsadlarini amaliy mexanizmlar bilan mustahkamlaydi.

Raqobat qo‘mitasi va Antikorrupsiya agentligi xulosalarini majburiy qilish masalasi Kompleks ekspertiza qilish markazi ekspertizasi bilan uyg‘un holda qonunchilikda mustahkamlansa, davlat xaridlarida raqobat va korrupsiyaga qarshi kurash deklarativ emas, institutsional kafolatga aylanadi.

Xorij tajribasi

Yevropa Ittifoqida oldindan e’lon qilmasdan shartnoma tuzishga (to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarga o‘xshash tartib) faqat juda istisno holatlarda yo‘l qo‘yiladi va bunday holatlar tor va qat’iy tarzda talqin qilinishi shart — bu Yevropa Parlamenti va Kengashi Direktivasida (32-modda) bevosita belgilangan.

AQShda davlat xaridlari to‘g‘risidagi federal qonunchilikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma orqali xarid qilish uchun aniq asoslar, masalan, muqobil yetkazib beruvchilarning mavjud emasligi, favqulodda holatlar, alohida bo‘limda sanab o‘tilgan bo‘lib, har bir bunday holat hujjatlar bilan asoslanishi shart.

Yaponiyada esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar faqat shoshilinchlik va raqobatni ta’minlash imkoni yo‘qligi kabi obyektiv omillar mavjud bo‘lgan hollarda qo‘llaniladigan cheklangan istisno sifatida qaraladi (29−3−4 modda).

Xulosa

O‘zbekistonda davlat xaridlari sohasida raqobatni kengaytirish yo‘lida ijobiy qadamlar tashlandi. Biroq raqobatsiz xaridlar uchun saqlanib qolgan “keng yo‘lak”, cheklovlarning bekor qilinishi va mustaqil nazoratning yetishmasligi korrupsiya xavfini tizimli ravishda saqlab qolmoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar aniq mezonlar, qat’iy limitlar va haqiqatan mustaqil nazorat bilan cheklanmas ekan, davlat xaridlari tizimida ochiqlik va samaradorlik haqida faqat shiorlar darajasida gapirish mumkin.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Savdo-sanoat palatasida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan so‘nggi ommaviy muhokamalar muammo nafaqat biznesning xulq-atvorida, balki davlat xaridlari tizimining arxitekturasida ham ekanligini ko‘rsatmoqda. Bu tizimli kamchiliklar, ularning aniq mexanizmlari hamda tendersiz yagona yetkazib beruvchidan xarid qilish muammolari keyingi nashrlarda alohida, yanada batafsil tahlil qilinadi.

*Ushbu maqolada keltirilgan tahlil va xulosalar mavjud hamda cheklangan ochiq manbalarga asoslangan bo‘lib, ular to‘liq qamrovli emas va ayrim kamchiliklar bo‘lishi mumkin. Shu bois, davlat xaridlari sohasini tegishli davlat tadqiqot markazlari va mustaqil tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda chuqur va kompleks tarzda o‘rganish, shu asosda tizimli yechimlar ishlab chiqish maqsadga muvofiq.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

03 03 2026 / 12:44