Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

“Muammo suv yetishmasligida emas, uni boshqarishda”. Ekspertlar — MO suv resurslarining kelajagi haqida



Ulashing :


Iqlim o‘zgarishi, infratuzilma eskirishi va MOda aholi soni o‘sishi suvdan foydalanish masalasini milliy xavfsizlik darajasiga chiqarmoqda. Toshkentda ekspertlar asosiy xavf-xatarlarni muhokama qilib, mintaqadagi suv tanqisligini bartaraf etish choralarini taklif etdi. Munozaralar obzori — Gazeta materialida.

Suv endilikda faqatgina tarmoqqa oid masala bo‘lishdan to‘xtab, iqtisodiyot, iqlim, geosiyosat va energetika chorrahasidagi strategik resursga aylandi. Mart oyi oxirida bo‘lib o‘tgan Tashkent Water Week forumida ekspertlar global suv tendensiyalari va Markaziy Osiyo davlatlari oldida turgan mintaqaviy muammolarni muhokama qildi. Gazeta muxbiri ularning chiqishlari asosida obzor tayyorladi.

“Suv yetarli bo‘lgan taqdirda ham, uni tejash kerak”

O‘zbekiston Progressiv islohotlar markazi ijrochi direktori Mirshohid Aslanovning fikricha, bugungi kunda Markaziy Osiyo duch kelayotgan suv muammolari resurslarni baholashning eskirgan usullaridan real vaqt rejimidagi monitoring tizimlariga zudlik bilan o‘tishni talab qilmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, suvdan samarasiz foydalanish oqibatlari allaqachon global miqyos kasb etgan.

“Orol dengizi tubidagi tuz hatto Shimoliy qutbda ham qayd etilgan. Bu umumiy muammolarga nisbatan yagona yondashuvni ishlab chiqish qanchalik muhimligini ko‘rsatadi”, — dedi u.

Tarixiy xatolar Orol dengizining deyarli yo‘q bo‘lib ketishiga olib keldi, bu esa iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va aholi salomatligi uchun og‘ir oqibatlarni keltirib chiqardi. Aslanovning fikricha, bu O‘zbekistonga qo‘shnilar bilan ham to‘plangan tajriba va chiqarilgan xulosalar, ham inqirozni hal qilishning yangi yondashuvlari bilan bo‘lishish huquqini beradi.

O‘zbekiston Progressiv islohotlar markazi rahbari mintaqa mamlakatlari, jumladan, Afg‘oniston uchun ham asosiy muammo sifatida resurslarni boshqarishni ko‘rsatdi. Uzoq vaqt davomida Markaziy Osiyoda suv taqsimoti taxminiy hisob-kitoblarga tayangan holda amalga oshirib kelingan.

“Afsuski, hozircha biz suv hajmini yetarlicha aniq baholamayapmiz va uni samarasiz boshqaryapmiz. Real ma’lumotlarga asoslangan shaffof yondashuv zarur”, — dedi Aslanov.

Hozirda O‘zbekistonda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish rejalashtirilayotganini u yana bir bor eslatib o‘tdi. Xususan, prezidentning fevral oyidagi farmoniga muvofiq, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari millionlab gektar qishloq xo‘jaligi yerlariga tatbiq etiladi.

Transchegaraviy daryolar haqida gapirar ekan, ekspert Afg‘oniston va boshqa davlatlarning umumiy suv resurslaridan foydalanish huquqini qo‘llab-quvvatladi.

“Biz Afg‘onistonga o‘zimiz yo‘l qo‘ygan xatolardan qochishga yordam berishga tayyormiz. Tajribamiz shuni ko‘rsatadiki, suv yetarli bo‘lgan taqdirda ham, uni asrash kerak”, — dedi u.

Mirshohid Aslanov mintaqa davlatlarini yagona ma’lumotlar bazasiga ega bo‘lgan suv resurslarini boshqarishning birlashgan tizimini yaratishga chaqirdi. Uning fikricha, suv iste’molining shaffof hisobi mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlaydi va mintaqaning iqtisodiy o‘sishiga xizmat qiladi.

“Masala ekologiyada emas, balki milliy xavfsizlikda”

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti Mintaqaviy tadqiqotlar markazi rahbari Murod Uzoqov o‘z chiqishida mintaqadagi suv inqirozini kuchaytirayotgan asosiy omillarni sanab o‘tdi.

Uning fikricha, suv resurslari taqchilligining ortib borishi demografik o‘sish bilan bog‘liq: oxirgi 25 yil ichida Markaziy Osiyo aholisi deyarli ikki baravar ko‘paydi va 2050-yilga kelib 100 million kishidan oshishi mumkin. Bu jarayon faol urbanizatsiya va iqtisodiy rivojlanish bilan birga kechmoqda, bu esa suv resurslariga bo‘lgan bosimni bir necha barobar oshiradi.

Boshqaruv va texnologik muammolar tufayli suvdan foydalanish tizimi samarasizligicha qolmoqda. Kanallar, to‘g‘onlar va taqsimot tizimlarining eskirgani sababli suv isrofi ayrim joylarda 40−50 foizga yetmoqda. Suv resurslarining qariyb 90 foizi sug‘oriladigan dehqonchilikka sarflanadi — vaholanki, dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich taxminan 30 foizni tashkil etadi.

Suv xo‘jaligini samarasiz boshqarish oqibatida mintaqaning yillik iqtisodiy yo‘qotishlari 2 milliard dollarga baholanmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo yerlarining qariyb 37 foizi allaqachon degradatsiyaga uchragan. Vaziyat yomonlashgan taqdirda, 2050-yilga kelib hosildorlik 40 foizga kamayishi mumkin, bu esa oziq-ovqat inqirozi xavfini keltirib chiqaradi.

“Suv va iqlim kun tartibi ekologik muammolar toifasidan milliy va mintaqaviy xavfsizlik darajasiga ko‘tarildi. U iqtisodiy rivojlanish, energetika va oziq-ovqat barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi”, — dedi Murod Uzoqov.

Ekspert vaziyatga ta’sir etuvchi alohida omil sifatida global isishni ko‘rsatib o‘tdi. Mintaqada harorat dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan tezroq ko‘tarilmoqda, bu esa suv resurslarining 80 foizini ta’minlovchi Pomir va Tyan-Shan muzliklarining erishini tezlashtiryapti. Oxirgi 50 yil ichida ularning maydoni uchdan birga qisqargan.

Prognozlarga ko‘ra, 2050-yilga kelib Amudaryo va Sirdaryo havzalaridagi suv oqimi 5−13 foizga kamayishi mumkin. Bu ekotizimlar va yog‘ingarchilik tartibining o‘zgarishiga, shuningdek, qurg‘oqchilik va ob-havo anomaliyalari tez-tez takrorlanishiga olib keladi. Uzoqov so‘nggi yillarda mintaqada jala quyishi holatlari kuchayayotganiga e’tibor qaratdi — bunda bir oylik yog‘ingarchilik me’yori bir necha kun ichida yog‘ib o‘tadi.

Suv tanqisligi va qishloq xo‘jaligidagi daromadlarning kamayishi ichki iqlim migratsiyasiga sabab bo‘lishi mumkin, ya’ni aholi qishloq xo‘jaligi hududlarini ommaviy ravishda tark etib, shaharlarga ko‘chib o‘ta boshlaydi. Odamlarning bunday oqimi mavjud infratuzilma va ijtimoiy xizmatlarga qo‘shimcha bosim yuklaydi.

Shu nuqtai nazardan, ekspert suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, mintaqadagi asosiy daryolarning transchegaraviy xususiyatini inobatga olgan holda, kompleks boshqaruv sohasida Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligini mustahkamlash uchun samarali va kelishilgan choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladi. O‘zaro manfaatli yechimlarga olib boruvchi yo‘l so‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan ishonchdir. Ijobiy misollar sifatida u Norin daryosining suv-energetika resurslaridan birgalikda foydalanish, Qambarota GES-1 qurilishiga tayyorgarlik va Zarafshon daryosida gidroenergetikani rivojlantirish loyihalarini sanab o‘tdi. Ekspert, shuningdek, Afg‘oniston bilan Qo‘shtepa kanali bo‘yicha munosabatlardagi progreslarni alohida qayd etdi.

“Qo‘shtepa kanali qurilishi masalasidagi hamkorligimiz tizimli ekspertlar muloqoti formatiga o‘tdi. Doimiy faoliyat yurituvchi qo‘shma ishchi guruhi tuzildi, bu esa muhokamalarni siyosiy tekislikdan sof professional darajaga o‘tkazish imkonini berdi”, — deb ta’kidladi Murod Uzoqov.

Inqirozni bartaraf etish uchun Uzoqov suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, soha mutaxassislarini tayyorlash va xususiy investitsiyalarni jalb qilish uchun moliyaviy vositalarni yaratishga e’tibor qaratishni taklif qildi. Uning fikricha, suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish va qabul qilish ustuvor vazifa bo‘lishi kerak.

“Inqirozlarni bartaraf etish bilan cheklanmaslik kerak”

Xalqaro suv resurslarini boshqarish institutining (IWMI) Markaziy Osiyo bo‘yicha ofisi katta ilmiy xodimi Iskandar Abdullayev mintaqaning qat’iy suv iqtisodiyotiga o‘tishi zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘zlarining “suv izi”ni diqqat bilan kuzatib borishlari kerak: suv qayerda, qanday hajmda va qanday sarflanayotganini hamda bu jarayonlarning iqtisodiy samaradorligi qanday ekanini aniq tushunib olishlari lozim.

U zamonaviy suv xavfsizligi konsepsiyasi endilikda bitta davlat doirasi yoki iqtisodiyotning alohida ustuvor tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash bilan cheklanib qolmasligini ta’kidladi. Markaziy Osiyo davlatlari qo‘shni mamlakatlar manfaatlarini hisobga olgan holda tarmoqlararo yondashuvni joriy etishlari zarur. Abdullayev qishloq xo‘jaligiga alohida e’tibor qaratib, har bir tomchi suvdan maksimal hosil olish tamoyili asosida ishlovchi “aqlli” agro va biotexnologiyalarni rivojlantirishga chaqirdi.

Global isish ta’sirini baholar ekan, IWMI vakili e’tiborni resurslarning jismoniy tanqisligidan oldindan aytib bo‘lmaydigan omillarga qaratdi.

“Iqlim o‘zgarishi faqat suv yetishmasligi degani emas. Bu o‘sib borayotgan noaniqlikdir. Oylar va yillar oldin an’anaviy rejalashtirishga tayanishimiz mumkin bo‘lgan davrlar o‘tdi. Bugungi kunda vaziyat doimiy ravishda o‘zgarib bormoqda”, — dedi Iskandar Abdullayev.

Markaziy Osiyo davlatlari infratuzilmaning modernizatsiyasiga, suv saqlash tizimlarini qurishga va hisob-kitobni raqamlashtirishga faol sarmoya kiritayotganiga qaramay, ekspertning fikricha, faqatgina texnokratik yondashuv muammoni to‘liq hal qilishga qodir emas. Uning hisoblashicha, mintaqa tabiiy ekotizimlarning salohiyatiga yetarlicha baho bermayapti.

“Biz yashil tizimlarimizni unutib qo‘ydik. Ulardan foydalanish murakkab infratuzilma qurishga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi va iqlim bilan bog‘liq xavflarni yumshatadi, shuningdek, katta miqdordagi mablag‘larni tejash imkonini beradi”, — deya ta’kidladi Abdullayev.

Uning fikricha, yangi texnologiyalarni muvaffaqiyatli ommalashtirish uchun hukumatlarning muvofiqlashtirilgan harakatlari, daryo havzalari darajasida boshqaruvning raqamli tizimlarini joriy etish va birgalikda ekologik prognozlar ishlab chiqish zarur.

Ekspert suv resurslarini samarali boshqarish yo‘lidagi asosiy to‘siqlardan biri sifatida akademik doiralar va davlat tuzilmalari o‘rtasidagi tarqoqlikni ko‘rsatdi. Ma’lumotlar cheklangan, tadqiqotchilar va siyosatchilar o‘rtasida axborot almashish kanallari yo‘lga qo‘yilmagan sharoitda qaror qabul qilish jarayonining samaradorligi pasayadi. Ma’lumotlar yetishmasligi va aloqaning zaifligi boshqaruv qarorlari sifatini tushiradi va ilmiy bazaning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi.

“Reaktiv boshqaruvdan uzoq muddatli rejalashtirishga o‘tish kerak. Inqirozlarni bartaraf etish bilan cheklanmaslik kerak”, — deya xulosa qildi Iskandar Abdullayev.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

03 04 2026 / 9:46