OTB O‘zbekiston bilan
SIdan foydalangan holda muhim materiallar ishlab chiqarish va jarayonning
yopiq siklini rivojlantirish loyihalarini muhokama qilmoqda. OTB departamenti
rahbari Yevgeniy Jukov Gazeta`ga bergan intervyusida O‘rta koridor, energiya
koridori, Rog‘un va Qambarota GESlari haqida so‘zlab berdi.
Osiyo taraqqiyot banki
3-may kuni “Kritik muhim mineral resurslardan ishlab chiqarish sari” deb
nomlangan yangi sheriklik moliyalashtirish mexanizmi ishga tushirilganini e’lon qildi.
U Osiyo va Tinch okeani mintaqasi mamlakatlariga toza energetika,
akkumulyatorlar, elektromobillar va raqamli texnologiyalar uchun zarur
bo‘lgan minerallarni yetkazib berish zanjirlarini rivojlantirishga yordam
berishi kerak.
OTB prezidenti Masato
Kanda bankning Samarqanddagi 59-yillik yig‘ilishida ta’kidlaganidek, mintaqa
“faqatgina xomashyo manbai bo‘lib qolmay”, balki ish o‘rinlari, texnologiyalar
va qo‘shilgan qiymatga ham ega bo‘lishi kerak. Mexanizm mamlakatlarning oddiy
qazib olishdan murakkabroq bosqichlarga — qayta ishlash, ishlab chiqarish
va retsiklingga o‘tishiga
qaratilgan.
Osiyo taraqqiyot
bankining Iqlim o‘zgarishi va barqaror rivojlanish departamenti bosh
direktori Yevgeniy
Jukov 4-may kuni Gazeta`ga bergan intervyusida OTB O‘zbekistonga kritik
minerallar sohasida qanday yordam berishi mumkinligi, nima uchun O‘rta koridor
boshqa yo‘nalishlar o‘rnini bosa olmasligi, Kaspiy orqali o‘tadigan “yashil”
energiya yo‘lagi loyihasi qaysi bosqichda ekani va bankning yangi ekologik
hamda ijtimoiy talablari loyihalarni tayyorlashga qanday ta’sir qilishi haqida
gapirib berdi.
— OTB sessiyalaridan birida kritik minerallar mavzusi muhokama
qilindi. O‘zbekiston prezidenti ham OTBning “kritik minerallardan — ishlab
chiqarish sari” dasturiga qo‘shilishni taklif qildi. Bank bu yo‘nalishda
O‘zbekistonga qanday yordam bera oladi? Aniq loyihalar bormi?
— OTB uchun bu nisbatan yangi sektor. O‘tgan yilning iyul yoki
avgust oyida OTB Direktorlar kengashi kritik minerallar bo‘yicha yangi
siyosatni qabul qildi. Bungacha biz ushbu sohada deyarli ishlamagan edik. Ammo
global va mintaqaviy iqtisodiyot dekarbonizatsiya o‘tishini amalga
oshirayotgani hamda kritik minerallar jahon va mintaqa iqtisodiyoti uchun
juda muhimligi sababli biz ushbu sektorga kirishga qaror qildik.
Avgust oyining
o‘zidayoq Pokistonda oltin va mis qazib olish bo‘yicha ilk loyihani ma’qulladik (Belujiston
provinsiyasidagi Reko Diq mis-oltin konini o‘zlashtirish uchun 410 mln dollar
ajratildi). Qolgan mamlakatlarda esa ishlarni endi-endi boshlayapmiz.
Biz O‘zbekistonda
hukumat bilan sun’iy intellektdan foydalangan holda o‘ta muhim materiallarni
ishlab chiqarish hamda yanada yopiqroq ishlab chiqarish tizimini yo‘lga qo‘yish
imkoniyatlarini muhokama qilmoqdamiz.
Albatta, O‘zbekistonda
ruda qazib olish ancha oldin, sovetlar davridan boshlangan. Biroq biz hukumatga
va alohida korxonalarga ushbu rudani sun’iy intellekt yordamida yanada
samaraliroq usulda qazib olishda yordam bermoqchimiz. Shuningdek, korxonalarga
chiqindilar kamroq bo‘lishi va qayta ishlash samaradorligini oshirish uchun
aylanma iqtisodiyotni qurishda ko‘maklashishni istaymiz.
Eng asosiy g‘oyalardan
biri — bankka a’zo bo‘lgan rivojlanayotgan mamlakatlarimizning faqat ruda
qazib olish bilan shug‘ullanadigan eng quyi bosqichda qolib ketmasligidir.
Chunki qo‘shilgan qiymat va mablag‘ u yerda emas, balki keyingi qayta
ishlash bosqichlaridadir.
Biz O‘zbekiston
va mintaqaning boshqa mamlakatlariga ushbu zinapoyadan ko‘tarilishda
yordam berish uchun ham davlat, ham xususiy sektor bilan hamkorlik qilishni
istaymiz. Agar mintaqaning geologik xaritasiga qarasak, “kritik materiallar
va minerallar” deb ataluvchi resurslarning aksariyati bizda —
O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa qo‘shni davlatlarda ekanini ko‘ramiz.
Bizda texnik yordam dasturi, grant qo‘llab-quvvatlovi mavjud va biz
O‘zbekistonda tog‘-kon sektorini modernizatsiya qilish ustida ishlaymiz.
Sun’iy intellekt haqida gapirganda, biz aynan O‘zbekistonni nazarda
tutyapmiz.
Umuman olganda, e’lon
qilingan moliyaviy sheriklik doirasi hozircha 20 mln dollarni tashkil etadi.
Ammo mablag‘larni samarali sarflasak, katta ehtimol bilan bu miqdor
ortadi. U yerda ikki qism bo‘ladi: birinchisi — ko‘proq texnik
yordam, ikkinchisi — investitsiyaviy, ya’ni loyihalarni tayyorlashga emas,
balki aynan konkret loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan
mablag‘lar.
— OTB ushbu tashabbus doirasida O‘zbekistondagi biror loyihada
qatnashishi mumkinmi?
— Mamlakatlar bo‘yicha hech qanday cheklovlar yo‘q. Ushbu trast
jamg‘armasi Osiyo taraqqiyot bankining barcha mamlakatlariga taalluqlidir. Agar
O‘zbekistonda qiziqarli loyihalar bo‘lsa, demak, undan O‘zbekistonda
foydalanamiz.
— O‘zbekiston bundan avval YeI va AQSh bilan
kritik muhim minerallar sohasida alohida kelishuvlar tuzgan edi va ularda,
jumladan, xomashyo yetkazib berish ham muhokama qilingan. OTBning yangi
tashabbusi asosiy urg‘uni ishlov berilmagan resurslar eksportidan mamlakat
ichida qayta ishlashni rivojlantirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega
mahsulotlar yetkazib berishga ko‘chiradi deb ayta olamizmi?
— Bu — O‘zbekiston hukumatining qarori. O‘zbekiston —
suveren davlat, bu resurslardan qanday foydalanishni o‘zi hal qiladi.
Bizning nuqtai
nazarimizdan, ushbu minerallarga ega bo‘lgan har qanday mamlakat uchun ularni
shunchaki qazib olish, poyezdga yuklash va jo‘natib yuborish emas, balki qayta
ishlash, qimmatroq sotish, ko‘proq daromad ko‘rish va mamlakat ichida
ko‘proq ish o‘rinlari yaratish ancha foydaliroq bo‘lgan bo‘lardi.
— O‘tgan yili siz O‘rta koridordan energetikaga oid bo‘lmagan savdoda
o‘z salohiyatining taxminan 10 foizi darajasida foydalanilayotganini aytgan
edingiz. Oxirgi yillardagi investitsiyalar va dunyodagi vaziyatni hisobga
olganda, hozirda nima asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda — portlarning jismoniy
infratuzilmasimi, bojxona raqamlashtirilishimi yoki tariflarmi?
— Portlarning jismoniy holati, infratuzilma, tartibga solish
masalalari va tariflar — bularning barchasi muammoligicha qolmoqda.
Ammo biz bu muammolarni bartaraf etish uchun mintaqa mamlakatlari bilan
hamkorlik qilyapmiz.
Shuni aytishim
mumkinki, yaqin kelajakda ham biz bu borada qanchalik ishlamaylik, O‘rta
koridor hech qachon shimoliy, janubiy yoki sharqiy yo‘laklar o‘rnini to‘liq
bosa olmaydi. Baribir bu multimodal yo‘lak: siz konteynerni Kaspiy dengizi
sohiliga olib keldingiz, uni kemaga yukladingiz, keyin yana poyezdga
qo‘ydingiz — va shunday qilib bir necha marta takrorlanadi.
Xususiy sektor bilan
gaplashganimizda, ular hozirgi vaqtda O‘rta koridor orqali tashish narxi boshqa
koridorlarga qaraganda taxminan uch baravar qimmat ekanini aytmoqda.
Ehtimol, bu hajmi kichik, lekin qiymati baland bo‘lgan tovarlarni tashish uchun
mos kelar. Ammo arzon va katta hajmli tovarlar uchun unday emas.
Shunga qaramay, biz mamlakatlar bilan
ishlayapmiz, chunki bu koridor, garchi boshqa yo‘nalishlar o‘rnini to‘liq
bosa olmasa-da, ta’minot yo‘llarini diversifikatsiya qilish uchun juda muhim.
— O‘zbekistonning bundagi ishtiroki qanday?
— Osiyo taraqqiyot bankida MOMIH (Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy
hamkorlik dasturi) dasturi mavjud. Biz ko‘plab sektorlarda, jumladan, transport
va energetika sohalarida ish olib boryapmiz.
O‘zbekistonliklar
uchun, ehtimol, O‘zbekistonning bundagi ishtiroki eng qiziqarlisi bo‘lsa kerak.
O‘zbekiston dunyodagi dengizga chiqish uchun kamida ikkita davlat chegarasini
kesib o‘tish kerak bo‘lgan ikki mamlakatdan biridir: O‘zbekiston
va Lixtenshteyn. Shu sababli barcha muqobil yo‘llar juda qiziq
bo‘lishi tabiiy.
Biz transport
sektorida O‘rta koridorni rivojlantirish ustida ishlayapmiz, ayniqsa,
Qozog‘istonda va O‘zbekistonda ham.
O‘tgan yili Ozarbayjon,
Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlarining iltimosiga ko‘ra, biz “yashil energiya koridori” deb nomlangan loyiha ustida ish boshladik. U O‘zbekiston va
Qozog‘iston energetikasini Ozarbayjon bilan, balki undan nariga — Gruziya
orqali G‘arb bilan bog‘lashi kerak. Gruziyada Jahon banki ko‘magida Qora dengiz
orqali Ruminiyaga va undan uzoqroqqa tarmoq o‘tkazish loyihasi ishlab
chiqilmoqda.
Mintaqa mamlakatlari,
ayniqsa, O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energetikaga, birinchi navbatda, quyosh
va shamol energiyasiga juda ko‘p mablag‘ sarflamoqda. Kelajakda bu
yo‘lakdan ana shunday energiyani eksport qilish uchun foydalanish mumkin
(2030-yildan boshlab O‘zbekiston “yashil” elektr energiyasi ortiqcha qismini
Yevropaga eksport qilishni rejalashtirmoqda).
— Yashil energiya koridori loyihasi hozir qaysi bosqichda?
— Hozirgi kunda biz dastlabki texnik-iqtisodiy asoslar (TIA)ni
moliyalashtirdik. O‘tgan yili dastlabki ishlar uchun 250 ming dollar miqdorida
grant ajratilgan edi. Endilikda biz Italiyaning CESI kompaniyasini
yolladik — bu kompaniya Jahon banki bilan Gruziyada Qora dengiz
orqali o‘tadigan loyiha ustida ham ishlamoqda.
Biz taxminan 1 mln
dollar ajratdik, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ham taxminan
shuncha miqdordagi mablag‘ bilan qo‘shildi. Hozirda biz yanada batafsilroq TIA
ustida ishlayapmiz. Keyin ko‘ramiz: agar kerak bo‘lsa, tartibga solish sohasida
o‘zgartirishlar tavsiya qilamiz va TIA loyiha iqtisodiy va moliyaviy
jihatdan qiziqarli ekanini ko‘rsata olsa, infratuzilmaning o‘zini
moliyalashtirishga yordam beramiz.
Energiya koridori bilan
birga, biz Kaspiy dengizi tubi bo‘ylab internet kabelini o‘tkazish ustida ham
ishlayapmiz.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Qozog‘istondan Ozarbayjonga Kaspiy dengizi tubi
orqali o‘tadigan tolali-optik kabel liniyasiga ulanish ustida ishlamoqda.
Bu internet-trafik uchun muqobil yo‘nalish yaratish imkonini beradi
va mamlakatga milliardlab foyda keltiradi, deb bayonot bergan edi DataVolt
vakili 2025-yil oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lgan uchrashuvda.
— Internet kabelini yotqizish loyihasi bo‘yicha tafsilotlar bilan
bo‘lisha olasizmi?
— Hozircha tafsilotlar sir emas, shunchaki rivojlanishning ancha erta
bosqichidamiz.
— Markaziy Osiyo energiya tizimlarini birlashtirish va mintaqaviy
elektr energiyasi bozorini yaratish muhokama qilinmoqda. Eng murakkab
masalalardan biri — tarif shakllanishidir. Aholi uchun tariflar
subsidiyalanadigan mamlakatlar hukumatlarini aholining zaif qatlamlariga zarar
yetkazmasdan bozor narxlariga o‘tishga qanday ishontirish rejalashtirilmoqda?
— Bu, albatta, aholiga ta’sir ko‘rsatadigan masala. Ammo biz ushbu
bozorni rivojlantirishni istaymiz. Biz infratuzilmaga katta mablag‘ kiritdik
va mamlakatlarga CAPS (Central Asia Power System, Markaziy Osiyo
birlashgan energiya tizimi) faoliyatini qayta tiklashda yordam berdik. Bunga
ko‘p million dollarlab investitsiya kiritganmiz.
Ammo hozirda ko‘plab
yangi generatsiya quvvatlari, ayniqsa, qayta tiklanuvchi energiya manbalari,
jumladan, Tojikistondagi va kelajakda Qirg‘izistondagi gidroenergetika
obyektlari ishga tushmoqda. Biz elektr uzatish tarmoqlari ushbu yangi
energiyani qabul qilishga tayyor bo‘lishini ta’minlashimiz kerak. Va biz
bu borada mamlakatlarimiz bilan birga ishlaymiz.
Esimda, bir necha yil
avval qishda mintaqada kichik bir inqiroz yuz bergandi, o‘shanda
energetika tizimi biroz izdan chiqqan edi (2022-yil yanvardagi blekaut).
O‘ylaymanki, mamlakatlar kelajakda bunday holat takrorlanmasligidan manfaatdor.
Qiziqarli jihatlardan
biri shundaki, biz, albatta, energiya o‘tishi va qayta tiklanuvchi energiya
manbalarini rivojlantirishga e’tibor qaratmoqdamiz. Biroq ular yangi
infratuzilma — nafaqat energiya uzatish, balki uni saqlash tizimlari,
ya’ni akkumulyatorlar bilan to‘ldirilishi kerak.
O‘tgan yili biz
Gruziyada 200 MVt quvvatga ega akkumulyatorlarga investitsiya kiritdik.
Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda ham shunga o‘xshash loyihalarni
muhokama qilyapmiz. O‘ylaymanki, O‘zbekistonda ham bu borada muzokaralar
ketmoqda.
Ma’lumot uchun: 22-yanvar kuni
Jahon banki “Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini rivojlantirish
va energiya tizimlarini integratsiya qilish” (REMIT) dasturini tasdiqladi.
Qiymati 1 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan ushbu dastur uzatish infratuzilmasini
mustahkamlashi, tarmoqlar ishonchliligini oshirish uchun raqamli tizimlarni
joriy etishi va sektordagi muvofiqlashtirishni kuchaytirishi kerak.
Birinchi mintaqaviy elektr energiyasi bozori Markaziy Osiyoda 10 yil ichida
paydo bo‘lishi lozim.
— Iqtisodiy koridorlar bilan bog‘liq konkret loyihalar va MOMIH
dasturi doirasidagi boshqa tashabbuslar haqida so‘zlab bersangiz.
— Biz koridorlar nafaqat infratuzilmaviy, balki iqtisodiy loyiha ham
bo‘lishini istardik. Shunchaki yo‘l qurish — bu, albatta, juda muhim. Ammo
MOMIH dasturi doirasida biz bu shunchaki infratuzilma yoki transport
yo‘lagi emas, balki iqtisodiy koridor bo‘lishi kerakligi haqida gapiryapmiz.
Biz mamlakatlarimiz
o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikning har qanday shaklda kuchayishini
olqishlaymiz. Shuningdek, Bishkek va Olmaota o‘rtasidagi shunga o‘xshash
koridor ustida ham ishlayapmiz.
Chegara punktlari infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha katta dastur
tayyorlayapmiz. O‘tgan yili Qirg‘izistonda to‘rt-beshta shunday postni modernizatsiya
qilish bo‘yicha loyihani ma’qulladik. Biz u yerda shunchaki “quti”
qurmoqchi emasmiz, balki yangi tizimlarni joriy etmoqchimiz.
Markaziy Осиё mintaqaviy
iqtisodiy hamkorlik (MOMIH) dasturi doirasida oltita transport yo‘lagidan
iborat tarmoq shakllantirilmoqda. Ulardan biri — 2-yo‘lak — umumiy
jihatdan O‘rta koridor nomi bilan mashhur Transkaspiy xalqaro transport
yo‘nalishiga mos keladi. Shu bilan birga, yangi transformatsiyalovchi
loyihalar, jumladan, Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida suvosti
energiya va tolali-optik kabelini yotqizishni nazarda tutuvchi “Kaspiy
yashil energiya yo‘lagi”, shuningdek, Pokiston, Qirg‘iziston, Tojikiston,
Qozog‘iston va O‘zbekistonni qamrab oluvchi MOMIH raqamli yo‘lagi
rivojlantirilmoqda.
Parallel ravishda, Qozog‘iston va Qirg‘iziston chegara xizmatlarini
modernizatsiya qilishga qaratilgan Olmaota-Bishkek iqtisodiy koridori,
shuningdek, yirik gidroenergetika loyihalari — Tojikistondagi Rog‘un GES
va Qirg‘izistondagi Qambarota GES-1 loyihalari ilgari
surilmoqda.
— OTB Rog‘un GES loyihasini moliyalashtirishda ishtirok etishni
muhokama qilgan edi. Qandaydir qaror qabul qilindimi?
— Biz hali ushbu loyihaga investitsiya kiritmadik. Hozircha texnik
yordam ko‘rsatyapmiz. Bu loyiha bo‘yicha yetakchi tashkilot Jahon
bankidir. Biz ular bilan, shuningdek, Yevropa banki, Osiyo infratuzilmaviy
investitsiyalar banki va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqdamiz.
Loyiha qimmat, yirik
va texnik jihatdan murakkab. Hozirda balandligi oshirilayotgan to‘g‘on
bo‘yicha savollar bor. Investitsiya kiritish haqida qaror qabul qilishdan oldin
biz bu masalani juda diqqat bilan o‘rganyapmiz.
Biz ko‘rsatayotgan
yordamning yana bir qismi — yo‘lni boshqa joyga ko‘chirishni
moliyalashtirganimizdir. Eski yo‘l hozirda suv ostida qolgan yoki to‘g‘on
kerakli balandlikka ko‘tarilgach, suv bosadigan hududdan o‘tadi. Biz
yuqoriroqdan o‘tadigan aylanma yo‘lni qurib bo‘ldik.
Loyihani hali qabul
qilganimiz yo‘q. Biz uni qo‘llab-quvvatlashni istaymiz, lekin hozircha aniq
moliyaviy tasdiq mavjud emas. Davlatga yordam berish uchun Jahon banki
va barcha sheriklar bilan muhokamalarni davom ettiryapmiz.
— Qambarota GES bo‘yicha vaziyat qanday?
— Qambarota GESni ham diqqat bilan o‘rganyapmiz. Qirg‘iziston
hukumatidan loyihani moliyalashtirishda yordam berish bo‘yicha so‘rov olganmiz.
Bu yerda ham Jahon banki yetakchi rol o‘ynamoqda.
Biz ushbu loyiha
bo‘yicha Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi muzokaralar
qanday ketayotganini juda sinchkovlik bilan kuzatyapmiz. Bilaman, kelishuv hali
imzolanmagan. Tushunishimcha, suv resurslari mavjud bo‘lgan Qirg‘iziston hamda
suv tanqisligi kuzatilayotgan janubiy Qozog‘iston va O‘zbekiston (Farg‘ona
vodiysi) o‘rtasida suv resurslarini taqsimlash bo‘yicha savollar bor.
Mamlakatlar kelishuvga
erishishiga hamda xuddi Rog‘un GES kabi muhim loyihalar ma’qullanishi
va amalga oshirilishiga umid qilamiz.
— 2027-yil 1-yanvardan OTBning yangilangan ekologik va ijtimoiy
siyosati (ESF — Environmental and Social Framework) kuchga kiradi.
Bu mahalliy ekotizimlar uchun xavflarni istisno qilish maqsadida “yashil”
loyihalarga, masalan, O‘zbekistondagi shamol elektr stansiyalariga qo‘yiladigan
talablar yanada qattiqlashishini anglatadimi? Bu loyihalarni amalga
oshirish muddatlariga qanday ta’sir qilishi mumkin?
— Ha, chunki endi ekologik tarkibiy qism bizning yangi ekologik
va ijtimoiy siyosatimizning bir bo‘lagiga aylanadi.
Biz ushbu hujjatni
qabul qilayotganimizda, barcha mamlakatlar — nafaqat mablag‘ ajratadigan,
balki mablag‘ oladigan davlatlar bilan ham jiddiy muhokamalar bo‘lib o‘tgan
edi. Manfaatlar muvozanati baribir saqlanib qolishiga umid qilamiz.
Biz bunga e’tiborliroq
bo‘lishimiz va loyihalarning kreditoldi tayyorgarlik bosqichlarida ko‘proq
sarmoya kiritishimiz kerak, toki bu keyinchalik amalga oshirish paytida
muddatlarning cho‘zilishiga olib kelmasin. Mintaqaning ko‘plab mamlakatlarida
fuqarolik jamiyati ancha faol, shuning uchun biz ehtiyotkorlik bilan
ishlashimiz kerak.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
08 05 2026 / 12:33