Orol dengizining qurigan tubida ko‘kalamzorlashtirish ishlari samara
ko‘rsatdi, ammo bu yo‘nalishdagi keyingi ishlar ayniqsa O‘zbekiston va
Qozog‘iston o‘rtasidagi mintaqaviy muvofiqlashuvni talab qiladi. Bu haqda
batafsil — Orolni ko‘kalamzorlashtirish ustida ishlayotgan akademik Zinoviy
Novitskiy kolonkasida.
Orol muammosi — butun sayyora muammosi bo‘lib, uni barcha
birgalikda hal qilishi kerak. Bu fikr 22-aprel kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan
Mintaqaviy ekologiya sammitida yangradi. U yerda iqlim o‘zgarishi
oqibatlari, suv resurslari tanqisligi, yerlar degradatsiyasi va Markaziy
Osiyoda cho‘llanishning kuchayishi muhokama qilindi.
Cho‘llanishga qarshi kurash uchun ilmiy asos
Mening fikrimcha, O‘zbekiston ushbu sammitda juda muhim
tashabbusni — ekologik ilm-fan markazi hisoblangan Green University
huzuridagi Cho‘llanishga qarshi kurash va qurg‘oqchilikning oldini olish
markaziga mintaqaviy maqom berishni ilgari surdi.
Cho‘llanish — ijtimoiy-iqtisodiy tizim (kasalliklar, qashshoqlik,
ochlik, iqtisodiyotning beqarorligi) va tabiiy omillar (qurg‘oqchilik, suv
eroziyasi, tuproq sho‘rlanishi, o‘simlik qoplamining degradatsiyasi)
o‘rtasidagi murakkab o‘zaro ta’sir mahsulidir. Bu sohalar bir-birini
osonlikcha kuchaytirishi va cho‘llanish jarayonida teskari aloqaga ega bo‘lishi
mumkin.
Markaz negizida ilmiy salohiyatni birlashtirish yerlar degradatsiyasi
va Orol dengizining qurigan tubida tez-tez kuzatiladigan tuz-chang
chiqindilarini monitoring qilishning kuchli tizimini yaratish imkonini beradi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston hududidagi qurigan
Orol tubidan, maydoni taxminan 6 million gektarni tashkil etuvchi hududdan, har
yili havoga 150 mln tonnagacha tuz, chang va qum ko‘tariladi. Bu massalar
bulutlarga aralashib, 1000 km masofagacha ko‘chadi, sho‘r yomg‘ir va qor
ko‘rinishida tushib, shaharlar, qishloq hududlari, qishloq xo‘jaligi
va odamlar salomatligiga zarar yetkazadi.
Tuz va chang tarqalishining asosiy
manbalari bo‘lib quritilgan tubdagi maydoni taxminan 450 ming gektarni tashkil
etuvchi yumshoq va qisman qobiqlangan sho‘rxoklar qolmoqda. Bu hududlar
o‘simlik qoplamidan mahrum bo‘lgan va ularda deflyatsiya o‘choqlari hosil bo‘layotganini tez-tez
kuzatish mumkin. Ilgari biz quritilgan tubdagi sho‘rlangan tuproqlar maydoni
yil sayin tez sur’atlarda oshib borishini prognoz qilgan bo‘lsak, hozir
bu allaqachon ro‘y berdi.
Bunday hududlarni o‘rmonlashtirish juda qiyin — mavjud cho‘l
o‘simliklari kuchli sho‘rlanishga dosh berolmaydi. Shuning uchun grunt suvlari
yuzaga yaqin joylashgan sho‘rlangan yerlarda o‘sishi mumkin bo‘lgan o‘simliklar
izlanmoqda.
So‘nggi ikki yilda Orolning qurigan tubida Arundo donax (baland poyali
qamish) nomli o‘simlik muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilmoqda. U tuproq
va grunt suvlarining sho‘rlanishiga chidamli. Bu yil tajriba biogel
va betain qo‘llangan holda 2 gektar maydonda o‘tkazildi. Ilk ijobiy
natijalar allaqachon olingan.
Orolning qurigan tubida nima ishlar qilindi?
Dengizning qurib qolgan tubida o‘simlik qoplamining kamligi muammosi 50
yildan ortiq vaqtdan beri mavjud. Uzoq vaqt ishlar mahalliy darajada olib
borilib, sezilarli natija bermagan. Ular 2018-yildan keyin, Orol dengizining
qurigan tubini o‘rmon-meliorativ o‘zlashtirish bo‘yicha davlat dasturi qabul
qilingach, yangi ko‘lamga chiqdi.
Natijada hozirga qadar 2 million gektardan ortiq
ihota o‘rmonlari barpo etildi. Bu hududlarda deflyatsiya jarayonlari deyarli
to‘liq to‘xtagan — bitta saksovul butasi 1 tonnadan ortiq qum substratini
ushlab qolishga qodir
Bu ishlarga ilmiy asosni O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti
olimlari yaratgan bo‘lib, ular 1981-yildan boshlab tadqiqotlar olib borgan. Shu vaqt
ichida ular 20 dan ortiq ilmiy-tadqiqot loyihasini ishlab chiqqan. Ana
shu ishlanmalar asosida O‘rmonlar va yashil hududlarni ko‘paytirish,
cho‘llanishga qarshi kurash agentligi Orol dengizining qurigan tubida
o‘rmon-meliorativ ishlarini amalga oshirmoqda.
Nega o‘simlik qoplami juda muhim?
Va bu faqat ekologiya uchun emas
Mintaqaviy ekologiya sammitida ta’kidlanganidek, Orol dengizining
qurishi tufayli Orolbo‘yida yozgi harorat o‘rtacha 2−2,5 darajaga oshgan,
qurg‘oqchilik kuchaygan, qishlar sovuqroq bo‘lib qolgan. Atmosferaga karbonat
angidrid gazining katta miqdorda chiqarilishi va kislorodning kamayishi
iqlim o‘zgarishi hamda isishga olib kelmoqda. Bu ta’sirni eng kuchli his
qilayotgan hudud — Markaziy Osiyodir.
Shuning uchun O‘zbekiston 2030-yilga qadar Orol dengizi qurigan tubining
80 foizini o‘simlik bilan qoplashni rejalashtirmoqda. 2026-yil bahorida O‘zbekiston o‘rmonchilari 115 ming gektar ihota
o‘rmonlarini barpo etdi. Qurigan tubdagi ko‘chatlar bebaho ahamiyatga ega. Ular
Orolbo‘yi aholisini sog‘lom hayotga qaytarish, hayvonlarni ozuqa bilan
ta’minlash muammosini hal qilishga qodir biologik omildir. Shuningdek, ular
tuproq deflyatsiyasini minimal darajaga tushirib, havo tozaligi, karbonat
angidrid gazining kamayishi va kislorodning ko‘payishiga ijobiy ta’sir
ko‘rsatadi.
Tadqiqotlarimiz shuni ko‘rsatdiki, 4 yillik saksovul va cherkezning
1 gektari mos ravishda 1158,2 kg va 1547,8 kg karbonat angidrid
gazini yutadi hamda 835,4 kg va 1116,4 kg kislorod ajratadi.
Qurigan tubda keng ko‘lamli o‘rmonlashtirish ishlarini olib borish global isish
muammosini kamaytirishga yaqinlashish imkonini beradi. Bu O‘zbekistonning
xalqaro majburiyatlarni bajarishga qo‘shayotgan muhim hissasidir..
Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, 2040-yilga borib Orol dengizi
havzasida suv resurslari tanqisligi deyarli ikki baravarga — yiliga 20
milliard kubometrgacha oshishi mumkin. Qurigan tubda ustun shamollar
yo‘nalishiga perpendikulyar joylashtirilgan o‘rmonzorlar shamolning kinetik energiyasini
kamaytiradi va shu orqali tuproqdagi namlikni saqlab qoladi, chunki
bu holatda bug‘lanish 40 foizga kamayadi, havoning nisbiy namligi esa 30 foizga
oshadi. Natijada qator oralari va tasmalararo hududlarda o‘tsimon
o‘simliklar o‘sishi uchun qulay sharoit yaratiladi.
Cho‘ldagi xo‘jalik faoliyati
Prezident Shavkat Mirziyoyev avvalroq “cho‘l iqtisodiyoti” atamasini
qo‘llagan edi — bu cho‘llarni o‘zlashtirishga ilmiy yondashish
va undan dividend olish kerakligini anglatadi. O‘zbekistonda Orol
dengizining qurigan tubi taxminan 3,2 mln gektarni tashkil etadi va bu
hududni xo‘jalik va ekologik foydalanishsiz qoldirib bo‘lmaydi. Bunda gap
kompleks yondashuv haqida ketmoqda, ya’ni o‘rmonzorlar yaylov chorvachiligi,
asalarichilik, dorivor o‘simliklar yetishtirish, ekoturizm va ilmiy
almashinuv uchun asosga aylanishi kerak.
Biroq inson ham cho‘llanish qurboni, ham uning tarqatuvchisidir. Aynan
u, cho‘l resurslari tugamaydi degan psixologik qarash ta’sirida, ko‘pincha cho‘l
hududlarining kengayishi va yerlarning yo‘qolishiga sabab bo‘ladigan
harakatlariga yetarlicha ahamiyat bermaydi.
Tashvishli jihati shundaki, bugun Orolning qurigan tubida keng ko‘lamda
qidiruv ishlari va gaz qazib olish ishlari olib borilmoqda, yangi konlar
qidirilmoqda. Bu jarayonda nozik ekotizim og‘ir texnikalar g‘ildiraklari
ostida yo‘q qilinmoqda. Bir tomondan, bu tabiiy — hudud
rivojlanmoqda, ammo shu bilan birga gaz qazib chiqarish sanoati hisobidan
o‘rmonlashtirish ishlarini ham amalga oshirish zarur. Bu yerda birinchi
o‘ringa o‘rmonzorlar chiqishi kerak, ularga faqat noqulay yerlarga ekilgan
o‘simlik sifatida emas, kengroq ma’noda qarash lozim.
Orol dengizining qurigan tubidagi daraxtzorlar muhim ekologik, iqtisodiy
va ijtimoiy ahamiyatga ega.
Ekologik ahamiyati. O‘simliklar, jumladan, ozuqabop turlar, o‘z ildizlari bilan tuproqni
mustahkamlaydi va shu orqali uning yemirilishining oldini oladi.
Natijada sug‘oriladigan yerlarga tushib, ularning unumdorligini pasaytiradigan
tuz va chang kamroq tarqaladi. Havo tozaroq bo‘ladi, bu esa mahalliy
aholining genofondiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Iqtisodiy ahamiyati. Qurigan tubdagi o‘rmonlashtirishga yaroqli cho‘kmalar chorvachilik
uchun mustahkam ozuqa bazasini yaratish zaxirasi hisoblanadi. Biz qurigan tubda
yaylovlar yaratish usullarini ishlab chiqdik va ilmiy tavsiyalar
tayyorladik. Ularni joriy etish gektaridan 500 dan ortiq ozuqa birligi olish
mumkin bo‘lgan cho‘l butasimon yaylovlar yaratish imkonini beradi, bu esa
mintaqada chorvachilikning jadal rivojlanishiga xizmat qiladi. Mahalliy aholi
boqadigan chorva sonini 30−40 foizga oshirish mumkin bo‘ladi.
Ijtimoiy ahamiyati. Orolbo‘yida ish o‘rinlari yetishmaydi, shu bois odamlar
ko‘pincha Qozog‘iston, Rossiya va boshqa davlatlarga ish izlab
ketishadi. Qurigan tubda ko‘p komponentli butasimon yaylovlar yaratish maqsadga
muvofiq, ulardan foydalanib mahalliy aholi chorvachilikni rivojlantiradi.
Birgalikda 40−50 bosh sigir boqishi mumkin bo‘lgan fermerlarni sut mahsulotlarini
qayta ishlash bo‘yicha mini-zavodlar va mahsulotlarni olib ketadigan
transport bilan ta’minlash mumkin bo‘lardi. Odamlar o‘z mehnati
qadrlanayotganini his qiladi va o‘zini o‘zi ta’minlay oladi.
Orol uchun yana nima qilish zarur?
Men so‘nggi 40 yil davomida Orol dengizining qurigan tubida ishlab,
ilmiy loyihalarga rahbarlik qilib kelaman va konferensiyalarda aniq
takliflar bilan chiqish qilaman. Ular har doim qo‘llab-quvvatlanadi, ammo ahvol
o‘zgarmay qolmoqda. Shuning uchun Mintaqaviy ekologiya sammiti materiallariga
tayanib, takliflarimni yana bir bor aytmoqchiman va ular eshitilishiga
umid qilaman.
1. Qurigan tubda yuzaga kelayotgan haqiqiy
vaziyatni aks ettiruvchi asosiy hujjat bo‘lishi kerak. Afsuski, Markaziy
Osiyodagi barcha respublikalar o‘rmonchilari bunday hujjatdan mahrum, usiz
qurigan tubdagi ekologik vaziyatni haqqoniy baholash mumkin emas.
O‘zbekiston prezidenti Markaziy Osiyo atrof-muhitidagi o‘zgarishlarning
yagona mintaqaviy atlasini yaratishni taklif qildi. U mintaqadagi
cho‘llanish, tuproq degradatsiyasi jarayonlari va suv resurslari holati
dinamikasini yaqqol ifoda etadigan fundamental ilmiy-tahliliy bazaga aylanishi
kerak.
Mening fikrimcha, shuningdek O‘zbekiston
va Qozog‘iston uchun Orol dengizining qurigan tubini o‘rmon-meliorativ
o‘zlashtirish bo‘yicha yagona tizimni ishlab chiqish zarur. Bu hujjatda quyidagilar
aks ettirilishi kerak:
·
ildiz joylashadigan qatlamdagi tuproqning sho‘rlanish darajasi;
·
hududning deflyatsiyaga moyilligi;
·
tub cho‘kmalarining turi;
·
grunt suvlarining joylashish chuqurligi va minerallashuv darajasi;
·
hududning o‘tsimon va daraxt-butasimon o‘simliklar bilan qoplanganlik
darajasi.
Ushbu mezonlar qurigan tubda o‘rmon-meliorativ
ishlarni qay tartibda olib borishni belgilash, zarur texnologiya va cho‘l
o‘simliklari turlarini tanlash, shuningdek hisob-kitob va texnologik
kartalar asosida kerakli xarajatlarni aniqlash imkonini beradi.
Davlat mablag‘laridan foydalanishga nisbatan yanada qat’iy yondashuvni
ta’minlash muhim — tuproq sharoitlarini hisobga olmasdan massiv usulda
o‘rmonzor barpo etish amaliyotini qayta ko‘rib chiqish, uning o‘rniga lokal,
o‘choqsimon va yaylovlarni muhofaza qiluvchi texnologiyalarni keng
qo‘llash lozim.
2. Ilmiy ishlanmalarga asoslangan Ekologik
inqirozli holatlarga qarshi kurash bo‘yicha millatlararo dastur ishlab
chiqish maqsadga muvofiq. Orol muammosi mintaqadagi barcha davlatlar
sa’y-harakatlarini birlashtirishni talab qiladi. Faqat hamkorlik ekologik
inqirozning chuqurlashuvini to‘xtatish va barqaror yechimlarni ishlab
chiqish imkonini beradi. Bunday dasturni davlatlararo loyihalar formatida
tayyorlash maqsadga muvofiq, chunki ular butun mintaqa uchun umumiy boylikka
aylanadi.
3. Qurigan tubning o‘rmonlashtirilganlik
darajasi bo‘yicha to‘liq va haqqoniy manzarani shakllantirish uchun barpo
etilgan o‘rmonzorlarni inventarizatsiya qilish va ularning holatini doimiy
monitoring qilib borish zarur.
4. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev
2018-yildayoq Cho‘l ozuqabop o‘simliklar ko‘chatlarini yetishtirish
bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etishni taklif qilgan edi. Bu taklifni zudlik bilan amalga oshirish kerak, chunki
ishlab chiqarish sifatli ozuqabop o‘simliklar ekish materialiga juda
muhtoj.
Avvaliga bu mintaqaviy markaz bo‘ladi, keyinchalik Qozog‘iston
o‘rmonchilari bilan birlashib, Qozog‘istonning Kazalinsk shahrida tashkil
etilgan o‘rmon ko‘chatxonasi hamda Qoraqalpog‘iston hududida joylashgan o‘rmon ko‘chatxonasini
o‘z ichiga olgan Xalqaro ozuqabop o‘simliklar ko‘chatlarini
yetishtirish markazini tashkil qilish mumkin. O‘zbekiston va
Qozog‘iston O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari ko‘chat
yetishtirish bo‘yicha kompleks tavsiyalar ishlab chiqadi.
Ushbu markaz ko‘chatxonasida asbob-uskunalar bilan jihozlangan
ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini tashkil
qilish maqsadga muvofiq. U yerda yosh olimlar ilmiy tadqiqotlar olib
borib, dissertatsiya ishlarini yozishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, markazda
oliy ta’lim muassasalarining sohaviy fakultetlari talabalari, “yashil
texnikumlar” o‘quvchilari, Green University talabalari va magistrlari ham
amaliy o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tashi mumkin.
5. O‘rmonlashtirilgan qurigan tubdan
xo‘jalik aylanmasida foydalanish bo‘yicha klaster ishlab chiqish
zarur. Bunda yaylovlarni muhofaza qiluvchi o‘rmonchilik, asalarichilik, elita
cho‘l ozuqabop o‘simliklar urug‘chilik bazasini rivojlantirishga e’tibor
qaratilishi lozim.
6. Ilmiy asosda Ekologik ofat hududida
ekoturizmni rivojlantirish to‘g‘risida nizom ishlab chiqish kerak.
Menimcha, Mo‘ynoq — Kazalinsk yo‘nalishi ekoturizm uchun istiqbolli
hisoblanadi. Bu otlarda, tuyalarda, kvadrotsikllarda, piyoda amalga
oshiriladigan ekstremal ekoturizm, shuningdek ilmiy, ilmiy-tadqiqot
va umumta’limiy turizm bo‘lishi mumkin.
Men ushbu takliflar Orolning qurigan tubidagi ulkan hudud kelajagi uchun
muhim, deb hisoblayman. Ular qo‘shni davlatlar, birinchi navbatda Qozog‘iston
olimlari bilan xalqaro tashkilotlar ishtirokidagi mintaqaviy loyihalar
doirasida birgalikda ishlab chiqilishi mumkin.
Qurigan Orol tubidagi ko‘p yillik ish tajribam shuni ta’kidlash
imkonini beradiki, bugungi kunda o‘rmonzorlar Orol dengizi ekologik muammosini
hal qilishning yagona real yo‘li hisoblanadi.
Muallif haqida
Zinoviy Bogdanovich Novitskiy —
O‘zbekistonda va Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq
xo‘jaligi xodimi, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, akademik, O‘rmon xo‘jaligi
ilmiy-tadqiqot instituti Ihota o‘rmonlari va o‘rmon melioratsiyasi
laboratoriyasi mudiri.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
14 05 2026 / 15:16