·
Soliq imtiyozlari biznes va
aholini qo‘llab-quvvatlash vositasi sifatida qaraladi. Lekin iqtisodiy
mohiyatiga ko‘ra, ularning aksariyati budjet xarajatlaridir. Yashirin
iqtisodiyotni qisqartirish instituti rahbari Abbosbek Jo‘rayev nega
O‘zbekistonga soliq xarajatlari bo‘yicha shaffof hisobotlar zarurligi haqida.
·
Davlat sohalarni nafaqat
budjetdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlar vositasida, balki soliq imtiyozlari
orqali ham qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Biroq samaradorligi baholanmas ekan,
bunday choralar, keltiradigan foydasi isbotlanmagan taqdirda ham, yillar
davomida amalda saqlanib qolishi mumkin. Iqtisodiyot va moliya vazirligi
huzuridagi Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va fiskal tahlil instituti
direktori Abbosbek Jurayev soliq
xarajatlari to‘g‘risidagi hisobot tizimi O‘zbekistonga nima uchun zarurligini
tushuntirib beradi.
Ko‘plab mamlakatlar uchun soliq
xarajatlarini tizimli hisobga olish va samaradorligini baholash masalasi
dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston ham bundan mustasno emas. Bugungi
kunda qanday soliq imtiyozlari chinakamiga samara keltiradi-yu, qaysilarini
qayta ko‘rib chiqish kerakligini tushunish nihoyatda muhim.
Soliq imtiyozlari va qo‘shimcha
chegirmalar berish iqtisodiyotni rag‘batlantirish vositalaridan biri
hisoblanadi. Davlat soliq mexanizmlaridan ayrim tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash,
investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlikni rivojlantirish va ijtimoiy
vazifalarni hal etish maqsadida foydalanadi. Biroq taqdim etilgan soliq
va bojxona imtiyozlari va ularning samaradorligi masalasi
jamoatchilikda doimiy ravishda savollarni keltirib chiqarmoqda.
Imtiyozlarning taqdim etilishi
sabablari va ularning iqtisodiy tabiatini tushuntirmagan holda, faqat
raqamlarni e’lon qilish imtiyozdan foydalanuvchilarga nisbatan salbiy
munosabatlarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurash
agentligining xabar qilishicha, 2025-yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston tadbirkorlari 178,1 trln
so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalangan, bu esa davlat budjeti daromadlarining
deyarli 50 foizini tashkil etadi. Bunda imtiyozlarning eng katta hajmi
qo‘shilgan qiymat solig‘iga to‘g‘ri keladi.
Biroq shuni tushunish muhimki,
imtiyoz deb ataladigan yengilliklar har doim ham iqtisodiy jihatdan imtiyoz
bo‘lavermaydi. Ayrim hollarda bu soliq arxitekturasining bir qismi
bo‘lishi mumkin. Bu yerda soliqning “etaloni” qanday bo‘lishini
va undan chetga chiqishning qanday darajasi imtiyoz sifatida qaralishi
mumkinligini tushunish muhim. Shuning uchun ham soliq xarajatlarini baholash
tizimi zarur.
Masalan, eksport uchun QQSning
nol stavkasi — bu iqtisodiy nuqtai nazardan imtiyoz emas, balki soliq
arxitekturasining elementidir. Tovarlar eksport qilinadigan mamlakatda soliqqa
tortiladi, shuning uchun nol stavkani qo‘llash soliqqa tortishning xalqaro
mantig‘iga mos keladi.
Yana bir misol — jismoniy
shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar. Ish beruvchi
yuridik shaxs sifatida hisobotni taqdim etadi, imtiyozdan foydalanuvchi esa
jismoniy shaxs hisoblanadi. Xodim ish haqi hisobidan farzandining oliy o‘quv
yurtida o‘qishi uchun haq to‘lasa, ish beruvchi soliqni hisoblashda to‘lov
manbaida imtiyozni qo‘llaydi. Shunday qilib, ish beruvchi hisobot taqdim
etdi, imtiyozni esa jismoniy shaxs oldi.
Xalqaro shartnomalar bo‘yicha
umumiy normalar ham mavjud. Masalan, erkin savdo zonasi doirasida ayrim
mamlakatlardan tovarlarni bojsiz olib kirish qo‘llaniladi. Bu holda imtiyoz
oluvchi sifatida yuridik shaxsni ko‘rsatish unchalik to‘g‘ri emas. Ushbu
Bitimning respublika uchun qiymatini ko‘rsatish to‘g‘riroq.
Naqd xorijiy valyutani import
qilishda QQS bo‘yicha imtiyoz ham iqtisodiy mohiyatiga ko‘ra imtiyoz emas,
balki soliq arxitekturasi elementi hisoblanadi, chunki uning nominal qiymatini
oshirish mumkin emas.
Shunday qilib, imtiyozlarni
hisobga olish tizimi yo‘lga qo‘yilmasa, davlat soliq tizimi orqali qayta
taqsimlanadigan resurslarning to‘liq hajmini ko‘rmaydi. Bundan tashqari, budjet
yukining o‘sishi sharoitida qaysi imtiyozlar iqtisodiy samara berishini va
qaysilari qayta ko‘rib chiqishni talab qilishini tushunish ayniqsa muhimdir.
Tizimli hisobotning yo‘qligi ham imtiyozlarning
to‘planib qolishiga olib kelishi mumkin. Ularning ko‘pchiligi, obyektiv zarurat
yoki isbotlangan iqtisodiy samara bo‘lmasa ham, yillar davomida amal qilishda
davom etadi.
Nima uchun
soliq imtiyozlari budjet xarajatlari sifatida qaralishi kerak?
Xalqaro
moliya institutlari, jumladan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi soliq xarajatlari
bevosita budjet xarajatlariga teng ekanini ta’kidlaydi, chunki ular ham
resurslarni aholining alohida guruhlari, iqtisodiyot tarmoqlari yoki xo‘jalik
yurituvchi subyektlar foydasiga qayta taqsimlashga qaratilgan.
Lekin
budjetdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlar va soliq imtiyozlari orasida muhim
farq bor. An’anaviy budjet xarajatlari tasdiqlash, nazorat qilish
va jamoatchilik muhokamasidan o‘tadi. Soliq imtiyozlari esa ko‘pincha
budjetning haqiqiy yo‘qotishlari sifatida qabul qilinmaydi. Vaholanki,
iqtisodiy tabiatiga ko‘ra ular davlat potensial daromadlarining bir qismidan
voz kechishini anglatadi.
Natijada,
shunday vaziyat yuzaga keladiki, rasman budjet muvozanatli bo‘lib ko‘rinishi
mumkin, biroq davlat resurslarining ma’lum hajmi bunday qarorlarni to‘liq
baholamasdan soliq tizimi orqali qayta taqsimlanadi.
Soliq xarajatlari — shunchaki soliq imtiyozlari emas. Bu davlat
moliyaviy siyosatining to‘laqonli elementi bo‘lib, budjet barqarorligiga,
iqtisodiyot tuzilmasiga va davlat resurslarini taqsimlash samaradorligiga
ta’sir ko‘rsatadi.
Qanday
turdagi imtiyozlar soliq xarajatlariga kiradi?
Hozirgi
vaqtda Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va fiskal tahlil instituti
soliq xarajatlari to‘g‘risidagi tizimli hisobotlarni shakllantirish bo‘yicha
ishlarni boshlamoqda.
Muayyan
chora soliq xarajati ekanini aniqlash uchun “me’yor” deb nima hisoblanishini
tushunish zarur. Buning uchun har bir soliq turi bo‘yicha etalon shakllantirish
talab etiladi.
Etalon soliq tizimi — soliqqa tortishning bazaviy modeli bo‘lib, soliq
imtiyozining mavjudligi unga nisbatan aniqlanadi. U soliqning standart
konstruksiyasining bir qismi bo‘lgan elementlarni va soliq xarajatlari
ko‘rinishidagi og‘ishlarni yuzaga keltiruvchi choralarni ajratish imkonini
beradi.
Bu ancha
murakkab vazifa. Xalqaro amaliyotda yagona universal yondashuv mavjud emas: bir
xil soliq choralari turli mamlakatlarda soliq siyosatining maqsadlari
va davlatning institutsional xususiyatlariga qarab turlicha talqin
qilinishi mumkin.
Shu sababli,
institut har bir soliq turi bo‘yicha etalon tizimini aniqlash metodikasini
ishlab chiqish va e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga
foydalanuvchilar soni va summasi ko‘rsatiladi.
Etalon soliq
tizimini tayyorlash texnik masala emas. Bu soliq xarajatlarini
va davlatning fiskal siyosati sifatini xolisona baholash uchun fundamental
asosdir.
Soliq xarajatlari qanday baholanadi?
Dastlabki bosqichda baholash budjetga kelib tushmaydigan daromadlarni
hisoblash asosida amalga oshiriladi. Ya’ni, u yoki bu imtiyozni
qo‘llash natijasida davlat ololmagan soliq tushumlari hajmi aniqlanadi.
Bu usul
nisbatan oddiy bo‘lib, soliq xarajatlari ko‘lami haqida umumiy tasavvurga ega
bo‘lish imkonini beradi. Biroq, uning cheklovlari ham mavjud. Xususan, bunday
yondashuv soliq to‘lovchilarning xulq-atvoridagi ehtimoliy o‘zgarishlarni
hisobga olmaydi. Masalan, imtiyoz bekor qilingan taqdirda potensial daromadlar
har doim ham budjetga to‘liq hajmda tushmasligi mumkin.
Shunga
qaramay, hisobot tizimini joriy etishning dastlabki bosqichida aynan ushbu usul
eng ko‘p amalda qo‘llaniladigan va amalga oshiriladigan bo‘ladi.
Keyingi bosqichlarda soliq xarajatlari samaradorligini tahlil qilish, soliq
to‘lovchilarning xatti-harakatlarini baholash va olingan natijalarni
budjetni rejalashtirish tizimiga integratsiya qilish uchun uslubiy asos
yaratish zarur.
Ushbu tizim
alohida yo‘nalish sifatida soliq xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning
shaffofligi va ochiqligini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘ladi. Bu esa
soliq-budjet siyosati sohasida yanada barqaror tahlil va nazorat tizimini
yaratish imkonini beradi.
Hisobotlar
eng ko‘p qo‘llab-quvvatlashni kim olayotganini ko‘rsatib beradimi?
Xarajatlarni
baholash imtiyozni taqdim etish yo‘nalishlari, imtiyoz oluvchilar soni,
shuningdek, yirik miqdordagi imtiyoz oluvchilar bo‘yicha tayyorlanadi.
Shuningdek, tahliliy materiallar va u yoki bu imtiyozlarni
qo‘llash uchun asoslar, xususan, Soliq kodeksi, Bojxona kodeksi, Xalqaro
shartnomalar me’yorlari va boshqalar mavjud bo‘ladi.
Soliqning
pasaytirilgan stavkalarini qo‘llashdan tushadigan summalarni alohida bo‘limda
ko‘rsatish rejalashtirilmoqda.
Bunday
yondashuv nafaqat soliq xarajatlarining umumiy hajmini ko‘rish, balki soliq
tizimi orqali qaysi tarmoqlar, soliq to‘lovchilarning qaysi toifalari yoki
yordam oluvchilar guruhlari eng ko‘p qo‘llab-quvvatlanayotganini bilib olish
imkonini ham beradi.
Nima uchun
soliq xarajatlarining samaradorligini baholash murakkab vazifa?
Soliq
xarajatlarining samaradorligini baholash eng murakkab vazifalardan biri
hisoblanadi. Hatto aniq belgilangan maqsadlar mavjud bo‘lganda ham muayyan
imtiyozning e’lon qilingan natijalarga erishishga qanchalik hissa qo‘shishini
har doim ham xolisona aniqlash imkoniyati mavjud emas.
Ko‘p hollarda biznesning rivojlanishiga soliq imtiyozlaridan ham ko‘ra
jiddiyroq omillar ta’sir ko‘rsatadi: ya’ni, moliyalashtirish imkoniyati, infratuzilma,
ma’muriy muhit, raqobat darajasi va institutsional sharoitlar (biznes
yuritish uchun “o‘yin qoidalarini” belgilab beradigan tartib-taomillar,
qonunlar, me’yorlar va institutlar majmui, iqtisodiyotning rivojlanganligi
yoki jamiyat hayoti).
Shuning
uchun soliq xarajatlarining samaradorligini baholash kompleks yondashuvni,
sifatli ma’lumotlarga tayanilgan statistikani va jiddiy tahliliy bazani
talab qiladi.
Bunday
baholash asosiy savolga javob topishi kerak: imtiyoz e’lon qilingan
maqsadlar — investitsiyalarni rag‘batlantirish, ish o‘rinlarini yaratish,
tarmoqlarni rivojlantirish yoki ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga erishishni
ta’minlaydimi yoki yo‘q? Bunda nafaqat berilgan imtiyoz hajmi, balki uning
amaldagi iqtisodiy natijasi va budjet barqarorligiga ta’sirini ham hisobga
olish muhim.
Yangi tizim
eskirgan imtiyozlarni bekor qilishga olib kelishi mumkinmi?
Hisobot
tizimining maqsadlaridan biri aynan amaldagi soliq imtiyozlarini muntazam
ravishda qayta baholashdan iborat. Agar ayrim chora-tadbirlar kutilgan samarani
bermasa yoki dolzarbligini yo‘qotsa, davlat ularni tuzatish, cheklash yoki
bekor qilish bo‘yicha yanada asosli qarorlar qabul qilishi mumkin.
Bu soliq
tizimini iqtisodiyotning barcha ishtirokchilari uchun yanada samarali, shaffof
va adolatli qilish imkonini beradi.
Soliq
xarajatlari budjet siyosatining shaffof qismiga aylanishi kerak
Zamonaviy
davlat moliyasi tizimi soliq xarajatlarini shaffof hisobga olmasdan samarali
faoliyat ko‘rsata olmaydi.
Bugungi
kunda gap shunchaki soliq imtiyozlari haqida emas, balki iqtisodiyotning
alohida tarmoqlarini rivojlantirishga, budjet barqarorligiga, investitsiya
muhitiga va resurslarni taqsimlash samaradorligiga bevosita ta’sir
ko‘rsatadigan davlat iqtisodiy siyosatining to‘laqonli vositasi haqida bormoqda.
Asosiy
vazifa — soliq xarajatlari sohasida qabul qilinayotgan qarorlarning
tizimliligi, shaffofligi va tahliliy asoslanganligini ta’minlash.
Shundagina soliq siyosati davlatning barqaror iqtisodiy rivojlanishining
chinakam samarali vositasiga aylanishi mumkin.
Soliq-budjet
siyosatini tahlil qilishning zamonaviy tizimini shakllantirish doirasida
institut tomonidan tijorat tashkilotlari, kichik korxonalar, mikrofirmalar,
qurilish sohasi tashkilotlari, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari,
yuridik shaxslarning alohida bo‘linmalari, shuningdek notijorat tashkilotlari
o‘rtasida onlayn so‘rov o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
So‘rovnomaning
asosiy maqsadi — tadbirkorlik subyektlari to‘qnash kelayotgan dolzarb
muammolarni aniqlash hamda tegishli takliflarni yig‘ib, ulardan soliq-budjet
siyosatini takomillashtirish bo‘yicha tashabbuslarni tayyorlashda
foydalanishdir.
So‘rovda ishtirok etish, qo‘shimcha ma’lumot olish, shuningdek takliflarni
yuborish uchun manfaatdor shaxslar institut bilan rasmiy elektron pochta manzili office@ifs.imv.uz hamda
(71) 239−19−52 telefon raqami orqali bog‘lanishlari mumkin.
Muallif
fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
09 06 2026 / 15:18