Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Benzin ko‘proq, dizel va kerosin kamroq import qilindi. O‘zbekistonning yonilg‘i importida nimalar ro‘y bermoqda?



Ulashing :


Iyunda O‘zbekistonning yonilg‘i importi aprel-may oylaridagi yuqori hajmlardan so‘ng pasaydi: benzin 2025-yilga nisbatan ko‘proq (lekin mayga qaraganda 1/3 baravar kam), dizel yonilg‘isi deyarli 19 baravar, kerosin esa 12,5 baravar kam olib kelingan. Benzin va kerosin o‘rtacha import narxi o‘sishda davom etdi.

O‘zbekiston yanvar-iyun oylarida 949,4 mln dollarlik neft va neft mahsulotlarini import qildi — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,2 foizga ko‘p, deya xabar beradi Gazeta o‘rgangan Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlari.

2025-yilning olti oyida ushbu tovar guruhi bo‘yicha importning qiymat hajmi 810,4 mln dollarni tashkil etgan. Shunday qilib, import xarajatlari 139 mln dollarga oshgan.

Importning eng yirik qismi benzin bo‘ldi. Yanvar-iyun oylarida mamlakatga 691,4 mln litr benzin olib kelindi, bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 73,7 foizga ko‘pdir. Qiymat jihatidan import 78,5 foizga o‘sib, 229,4 mln dollardan 409,5 mln dollarga yetdi.

Yarim yil ichida benzinning o‘rtacha import narxi 1000 litr uchun 592 dollarni tashkil etdi, bir yil avval bu ko‘rsatkich 576 dollar edi. So‘nggi oylarda u sezilarli darajada oshdi: aprelda — 1000 litr uchun 576 dollar, mayda — 632 dollar, iyunda — 727 dollar. Shunday qilib, iyun oyida benzinning o‘rtacha narxi may oyidagidan 15 foizga, aprel oyidagidan esa 26 foizga yuqori bo‘ldi.

Dizel yonilg‘isi importi esa, aksincha, qisqardi. Olti oy ichida 283 ming tonna dizel yonilg‘isi import qilindi, bu o‘tgan yilgiga nisbatan 18,7 foizga kam. Yetkazib berish qiymati 11,1 foizga — 257,5 mln dollardan 228,9 mln dollargacha kamaydi. Shu bilan birga, o‘rtacha import narxi 9,4 foizga o‘sib, bir tonnasi uchun 809 dollarni tashkil etdi.

Aprel oyida dizelning o‘rtacha import narxi bir tonna uchun 924 dollarni, mayda 966 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, iyun oyida 767 dollargacha pasaydi. Iyun oyida dizel yonilg‘isining fizik importi 2800 tonnagacha kamaydi — bu o‘tgan yilning iyun oyiga (51,8 ming tonna) qaraganda 18,7 baravar kamdir.

Taqqoslash uchun: may oyida 42,7 ming tonna, aprelda esa 39,5 ming tonna import qilingan.

Yanvar-iyun oylarida suyultirilgan gaz — propan importi qariyb 2,8 barobarga oshib, 156,2 ming tonnani tashkil etdi. Uning qiymati 3,6 barobarga ko‘payib, 86,3 mln dollarga yetdi. Propanning o‘rtacha import narxi bir tonna uchun 420 dollardan 553 dollarga (+31,7%) oshdi. Aprel oyida u 515 dollarni, mayda 576 dollarni, iyunda 679 dollarni tashkil etdi.

Moylash materiallari yetkazib berish 20,8 foizga o‘sib, 54,9 ming tonnani, ularning qiymati esa 22,9 foizga oshib, 98,5 mln dollarni tashkil qildi.

Boshqa suyuq yonilg‘ilar importi to‘rt baravardan ko‘proqqa — 18,8 ming tonnadan 77,3 ming tonnagacha oshdi. Qiymat jihatidan yetkazib berishlar 3,8 barobarga — 11 mln dollardan 42 mln dollargacha ko‘paydi. Shu bilan birga, o‘rtacha import narxi 7,1 foizga pasayib, bir tonnasi uchun 544 dollarni tashkil etdi.

Boshqa yengil distillyatlar importi 11 foizga — 98,5 ming tonnagacha, yetkazib berish qiymati esa 10,6 foizga — 59,2 mln dollargacha kamaydi. O‘rtacha import narxi deyarli o‘zgarmadi va bir tonnasi uchun 601 dollarni tashkil etdi.

Yarim yil ichida kerosin olib kelish 2,5 barobarga — 49,7 ming tonnadan 19,5 ming tonnagacha, uning qiymati esa 59,9 foizga — 19,7 mln dollargacha qisqardi.

Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil boshida Eron atrofidagi vaziyatning keskinlashuvi va Hormuz bo‘g‘ozi orqali yetkazib berishning uzilishi ortidan aviatsiya yonilg‘isi narxi keskin oshgan. May oyi oxiriga kelib, narxlar aprel oyidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan pasaydi, ammo fevral oyi oxiridagi darajadan ancha yuqoriligicha qoldi.

Bu O‘zbekistonga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Kerosin, shu jumladan aviakerosin importi aprel-iyun oylarida o‘tgan yilgi darajadan sezilarli darajada past bo‘ldi: aprel oyida O‘zbekiston 2025-yil aprelidagi 8700 tonna o‘rniga 5500 tonna (1,5 baravar kam); may oyida — bir yil avvalgi 11,1 ming tonna o‘rniga 1800 tonna (6,3 baravar kam); iyun oyida esa — o‘tgan yilning iyunidagi 23,9 ming tonna o‘rniga 1900 tonna (12,5 baravar kam) import qildi.

Shu bilan birga, kerosinning o‘rtacha import narxi o‘sib bordi. Aprel oyida u bir tonna uchun 879 dollar, mayda 1101 dollar, iyunda 1393 dollarni tashkil etdi (bu o‘tgan yilning iyun oyiga nisbatan 38,6 foizga ko‘p — 1005 dollar).

Natijada 12-iyun kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasi O‘zbekiston shaharlaridan Rossiyaga ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlar chastotasi qisqartirilganini e’lon qildi. Bu qaror aviatsiya yonilg‘isi tanqisligi va uning narxi oshgani bilan izohlanadi.

Eng kuchli pasayish mazutda qayd etildi. Uning importi 12,4 barobarga — 231,2 ming tonnadan 18,7 ming tonnaga kamaydi. Yetkazib berish qiymati 93,2 mln dollardan 5,3 mln dollargacha qisqardi. Mazutning o‘rtacha import narxi 29,2 foizga pasayib, bir tonnasi uchun 285 dollarni tashkil etdi.

Iyun

Iyun oyida neft va neft mahsulotlari importi 89,9 mln dollarni tashkil etdi. Bu 2025-yil iyuniga nisbatan 22,3 foizga, 2026-yil mayiga nisbatan esa 36,9 foizga kamdir. Taqqoslash uchun: aprelda import hajmi 174 mln, mayda esa 142,4 mln dollarni tashkil etgan edi.

Iyun oyida O‘zbekiston 36,9 mln dollarga 50,7 mln litr benzin import qildi. O‘tgan yilning iyun oyiga nisbatan jismoniy hajm 1,6 foizga, qiymat esa 32,8 foizga oshdi. Shu bilan birga, bu may oyi hajmidan 29,6 foizga va aprel ko‘rsatkichidan 64,3 foizga kamdir.

Iyun oyida propan importi 26,7 ming tonnaga (18,1 mln dollar) yetdi — bu o‘tgan yilga nisbatan jismoniy hajmda 3,4 barobar, qiymat jihatidan esa deyarli olti barobar ko‘pdir.

O‘rtacha import qiymati bojxona qiymati va yetkazib berilgan mahsulotning jismoniy hajmi asosida hisoblanadi. Bu ichki bozordagi yonilg‘ining chakana narxi emas.

Yonilg‘i zaxiralari yetadimi?

Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov shu hafta O‘zbekistonda neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi hozirda 1,2 mln tonnadan oshganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, xususiy tadbirkorlar yana 600−700 ming tonna mahsulot import qilmoqda. Ya’ni, neft mahsulotlari bozorining taxminan uchdan bir qismi — 33−37 foizi — import hissasiga to‘g‘ri keladi.

U yonilg‘ining har bir turi (benzin, dizel, kerosin) bo‘yicha ishlab chiqarish va import hajmlarini alohida aytib o‘tmadi, biroq zaxiralar yaqin 2−3 oyga yetishini ta’kidladi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 2025-yil dekabrida kuz-qish mavsumida dizel yonilg‘isiga bo‘lgan talab 776 ming tonnani tashkil etishini ma’lum qilgan edi. U o‘shanda talabni qoplash uchun quyidagi hajmlarda mahsulot yetkazib berish ko‘zda tutilganini ta’kidlagandi (jami 740 ming tonna, bu e’lon qilingan talabdan kam):

· 317 ming tonna — “O‘zbekneftgaz”;

· 196 ming tonna — Saneg kompaniyasi;

· 227 ming tonna — import.

Ya’ni, dizel hajmining qariyb 30 foizi importga to‘g‘ri kelgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, neft mahsulotlari ishlab chiqarish va import bo‘yicha umumiy ma’lumotlar bozordagi vaziyatni baholash uchun yetarli emas. Uning fikricha, yonilg‘ining asosiy turlari — benzin, dizel, propan, kerosin va mazut bo‘yicha ishlab chiqarish va yetkazib berish tarkibini, shuningdek, mamlakatlar bo‘yicha import ulushi, hukumatlararo kelishuvlar bo‘yicha kvotalar va ularning taqsimlanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilish zarur.

Bakirov benzinni misol qilib keltirdi: 2026-yilning yanvar-may oylarida ichki ishlab chiqarish 502,2 ming tonnani yoki qariyb 650 mln litrni, import esa 642 mln litrni tashkil etdi. Uning baholashicha, bu benzin importiga qaramlik taxminan 50 foizga yetganini anglatadi. Iqtisodchi, shuningdek, mahalliy ishlab chiqarish va import nisbati narxlarga qanday ta’sir qilishini, zaxiralar qaysi manbalar hisobidan shakllantirilishini hamda kuz-qish mavsumi uchun qanday ssenariylar ko‘rib chiqilayotganini tushuntirish muhim, deb hisoblaydi.

May oyida ishlab chiqarishning pasayishi

Besh oyda benzin ishlab chiqarish 2,9 foizga o‘sib, 502,2 ming tonnani tashkil etdi. Biroq may oyida 84,7 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarildi, bu o‘tgan yilning may oyiga nisbatan 13,7 foizga kamdir. Bu 2023-yil mayidan (46,2 ming tonna) buyongi eng past ko‘rsatkichdir. O‘shanda Buxoro neftni qayta ishlash zavodidagi rejali ta’mirlash ishlari fonida ishlab chiqarish keskin pasaygan edi. Bu safar ta’mirlash haqida xabar berilmadi.

Taqqoslash uchun: aprel oyida neftni qayta ishlash zavodlari 104,3 ming tonna benzin ishlab chiqargan edi.

Yanvar-may oylarida 476,4 ming tonna dizel yonilg‘isi ishlab chiqarildi — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,9 foizga ko‘p. May oyida ishlab chiqarish hajmi 95,4 ming tonnani tashkil etib, yillik hisobda 17,8 foizga kamaydi.

29-iyun kuni O‘zbekistonda Ai-92 benzinining birja narxi tarixiy eng yuqori ko‘rsatkichni yangilab, bir tonna uchun 13,92 mln so‘mga yetdi. Oy boshidan buyon yonilg‘i deyarli 12 foizga qimmatlashdi, bunda birjadagi taklif ayrim kunlarda deyarli ikki barobarga qisqardi.

Benzinning chakana narxi ham oshdi. Masalan, 14-iyun kuni Carvon (sobiq UNG Petro) shoxobchalarida Ai-92 markali benzinning bir litri 12,4 ming so‘m turgan bo‘lsa, 5-iyulga kelib uning narxi 13 ming so‘mgacha ko‘tarildi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyida benzin bir oyda o‘rtacha 3,9 foizga, bir yilda esa 16,7 foizga qimmatlagan. Jumladan, Ai-92 narxi 3,6 foizga, Ai-95 — 6 foizga, Ai-98 va Ai-100 — 3,9 foizga oshgan.

Narx o‘sishi Rossiyadagi benzin taqchilligi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. U yerda 1-apreldan benzin (1-iyundan esa aviayonilg‘i) eksportiga taqiq joriy etilgan, biroq bu cheklov hukumatlararo kelishuvlar, jumladan, O‘zbekistonga yetkazib beriladigan mahsulotlarga taalluqli bo‘lmasligi kerak.

Rossiyadagi yonilg‘i inqirozi Ukraina dronlarining neft infratuzilmasiga bergan zarbalari bilan bog‘lanmoqda, buning oqibatida mamlakat chet eldan benzin xarid qilishni ko‘paytirishga majbur bo‘ldi. Avvalroq Rossiya Hindiston va Belarusdan benzin import qilishni boshlagani, shuningdek, Qozog‘iston bilan 50 ming tonna yonilg‘i sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani xabar qilingan edi.

Rossiya bozoridagi uzilishlar Markaziy Osiyo mamlakatlariga ham ta’sir qildi. Iyul oyida Qirg‘iziston Energetika vazirligi Belarus, O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa davlatlarga yonilg‘i yetkazib berishni barqaror saqlashga ko‘maklashish iltimosi bilan murojaat qildi. Statistikaga ko‘ra, respublikaga benzinning qariyb 98,5 foizi Rossiyadan keltiriladi.

2023-yil boshida O‘zbekiston deyarli barcha benzinni Rossiyadan import qilgan. Hozirda Rossiya Federatsiyasining yetkazib berishdagi ulushi qancha ekani noma’lum.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

09 07 2026 / 10:41