Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

JB O‘zbekistonga xususiy sektorni kengaytirishda logistika, turizm va farmatsevtikaga ustuvorlik berishni tavsiya qildi



Ulashing :


Jahon banki O‘zbekistonga xususiy sektorni kengaytirishda logistika, turizm, farmatsevtika sohalariga ustuvorlik berishni tavsiya qildi. Bu sohalarni isloh qilish orqali o‘rta muddatli istiqbolda $5,2 mlrd dan $6,4 mlrd gacha xususiy investitsiyalarni jalb qilish, 300 mingdan ortiq ish o‘rinlarini yaratish mumkin.

Jahon banki O‘zbekistonga xususiy investitsiyalarni jalb qilish, sifatli ish o‘rinlarini yaratish va xususiy sektorning rolini oshirish uchun logistika, turizm va farmatsevtika sohalariga ustuvorlik berishni tavsiya qildi. Bu haqda bank tomonidan yaqinda e’lon qilingan “O‘zbekiston xususiy sektori diagnostikasi” (“Uzbekistan: Country Private Sector Diagnostic”) nomli yangi tahliliy hisobotda so‘z yuritiladi.

So‘nggi yillardagi iqtisodiy o‘sish, hisobotda ta’kidlanishicha, tobora ko‘proq kapital jalb etilishi hisobiga yuz bermoqda. Siyosiy hamda institutsional to‘siqlar sharoitida o‘sishda umumiy omillar unumdorligi va mehnatning hissasi kamayib boryapti.

“Korxonalar o‘z faoliyatini cheklovchi asosiy omillar sifatida ko‘pincha soliq stavkalari (24 foiz), moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyati (12 foiz) va malakali kadrlar yetishmasligini (11 foiz) ko‘rsatmoqda. Bu, ayniqsa, kichik va o‘rta korxonalarning faoliyatini rasmiylashtirishi hamda kengayishiga to‘sqinlik qilyapti. Infratuzilmaning ishonchliligi ortib, elektr energiyasi va kommunal xizmatlardagi uzilishlar kamaygan va ularga ulanish tezlashganiga qaramay, korxonalarning o‘sishi soliq, moliyalashtirish va inson kapitali bilan bog‘liq muammolar tufayli cheklanganligicha qolmoqda”, — deyiladi hisobotda.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston iqtisodiyotining hozirgi o‘sish sur’atlarini saqlab qolish uchun alohida tarmoqlar darajasida qo‘shimcha sa’y-harakatlar talab etiladi, deydi JB ekspertlari. Xususan, raqobat muhiti yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish, xodimlarning kasbiy ko‘nikmalari yetishmovchiligiga barham berish hamda infratuzilma va tartibga solish muammolarini hal etish shular jumlasidan. Hisobotda qayd etilishicha, aynan infratuzilma va tartibga solish muammolari mamlakatga xususiy investitsiyalar oqimini hamon to‘xtatib turibdi.

“O‘zbekiston iqtisodiy transformatsiyasining keyingi bosqichi xususiy sektor salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun bozor islohotlarini davom ettirishni talab qiladi, — deydi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin. — Raqobatni kuchaytirish va biznesni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish lozim. Bu investitsiyalarni jalb qilish, ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish orqali unumdorlikni oshirish va zamonaviy iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan malakali ishchi kuchini rivojlantirishga yordam beradi”.

Davlat investitsiyalaridan raqobatbardosh xususiy sektorga asoslangan modelga o‘tishni jadallashtirish uchun Jahon banki O‘zbekistonga logistika, turizm va farmatsevtika sohalariga ustuvorlik berishni tavsiya qilmoqda. Qayd etilishicha, ushbu yo‘nalishlar xususiy kapitalni jalb qilish va ish o‘rinlarini yaratish salohiyati nuqtai nazaridan tanlab olingan. Qolaversa, mazkur sohalarda islohotlarni qisqa muddatli istiqbolda amalga oshirish imkoniyati mavjud hamda davlat tomonidan joriy etilishi mumkin bo‘lgan aniq choralar orqali xususiy investorlar uchun jozibador shart-sharoitlarni yaratish mumkin. Hisobotda aytilishicha, ushbu yo‘nalishlardagi islohotlar O‘zbekistonga o‘rta muddatli istiqbolda 5,2 mlrd dollardan 6,4 mlrd dollargacha xususiy investitsiyalarni jalb qilishi hamda 300 mingdan ortiq bevosita va bilvosita ish o‘rinlarini yaratishga yordam berishi mumkin.

Bank tahlillariga ko‘ra, ushbu yo‘nalishlarda tavsiya etilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda mavjud to‘siqlarni bartaraf etish imkoniyati yuqori. Shuningdek, tegishli islohotlar amalga oshirilgan taqdirda, sohaga xususiy kapital kirib kelishi, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishi hamda ushbu chora-tadbirlarning boshqa rivojlanish maqsadlariga erishishga hissa qo‘shishi ehtimoli o‘rtachadan yuqorigacha baholanmoqda.

Logistika: avtomobil transportida yuk tashish va ombor xo‘jaligi

O‘zbekistonning geografik joylashuvi (Yevroosiyo “O‘rta yo‘lagi” bo‘ylab joylashgani va dengizga chiqish imkoniyati yo‘qligi) samarali logistika va ombor xizmatlariga talabni yuzaga keltirmoqda. Yevroosiyo savdo yo‘nalishlarining o‘zgarishi hamda mamlakatda ishlab chiqarish va agrosanoat sohalarining o‘sishi hisobiga 2030-yilga borib xalqaro avtomobil yuk tashish oqimlari sezilarli darajada kengayishi kutilmoqda.

Ombor bozori tahlillariga ko‘ra, “A” toifasidagi inshootlar uchun sof taklif taqchilligi qariyb 88 foizni tashkil etadi. Bu xususiy investorlar uchun zamonaviy logistika parklari, bojxona omborlari va “sovuqlik zanjiri” markazlarini qurish hamda boshqarish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligini anglatadi. Sohada bozor tuzilmasi va ruxsatnomalar berish tizimi tarqoqligicha qolmoqda. Bundan tashqari, arzon narxlarda xizmat ko‘rsatuvchi, mas’uliyati past operatorlar bazasi katta bo‘lib, ularda sifat, xavfsizlik va zamonaviy aktivlarga investitsiya kiritish uchun rag‘bat cheklangan.

Hisobotda aytilishicha, quyidagi yo‘nalishlarda tegishli islohotlarni amalga oshirish sohaga qo‘shimcha xususiy investitsiyalarni jalb qilish uchun sharoit yaratishi, jumladan, logistika sohasiga investitsiya oqimini ochishi, xizmatlar ishonchliligini oshirishi va transchegaraviy raqobatbardoshlikni yaxshilashi mumkin:

· yer uchastkalarini ajratish va alohida infratuzilma obyektlarini qurish uchun ruxsatnomalar olish tartib-taomillarini soddalashtirish, jarayonlarini boshidan oxirigacha raqamlashtirish;

· xalqaro yuk tashish ruxsatnomalaridan (Dazvol) yanada shaffof raqamli foydalanishni ta’minlash.

Ushbu islohotlar natijasida sohaga kirib kelishi mumkin bo‘lgan xususiy kapitalning ehtimoliy hajmi 950 mln — 1,05 mlrd dollar darajasida baholanmoqda. Qolaversa, 108 mingtagacha ish o‘rinlari (37−41 mingta to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda 60−67 mingta bilvosita) yaratilishi mumkin.

Savdo aloqalari kengayib, JSTga a’zo bo‘lish doirasida standartlar uyg‘unlashgani sari, ruxsatnomalar berishning prognozliligi ortishi va xizmat ko‘rsatish sifati standartlari investorlar ishonchini mustahkamlaydi. Qolaversa, ushbu segmentlarni rivojlantirish mamlakatning mintaqaviy savdo va tranzit markazi, jumladan, “O‘rta koridor” doirasidagi rolini kuchaytirishga yordam beradi, deyiladi hisobotda.

Madaniy va ekologik turizm

Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekiston turizm sohasida madaniy va ekologik turizmni rivojlantirish uchun hali foydalanilmagan katta salohiyat mavjud. Xususan, soha o‘zida YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan ko‘plab obyektlarni hamda hali to‘liq o‘rganilmagan tabiat va sarguzasht turizmi imkoniyatlarini mujassam etgan.

Turizmga xususiy sarmoyalarni jalb qilish salohiyati asosan ikki segmentga tayanadi: O‘zbekistonning boy madaniy merosi va 4000 dan ortiq tarixiy yodgorliklariga asoslangan madaniy turizm hamda mamlakatning rang-barang landshaftlari imkon beradigan ekologik turizm.

Hukumat 2030-yilgacha sayyohlar sonini 20 millionga yetkazishni va qisqa muddatga keladigan, kam xarajat qiladigan mintaqaviy segmentlardan tashqari yangi bozorlarni ham qamrab olishni maqsad qilgan. Dastlabki islohotlar havo qatnovlarini yaxshilash va turar joy obyektlarini qisman xususiylashtirishni o‘z ichiga oladi, biroq yuqori daromadli bozor segmentlarini jalb qilish uchun turistik obyektlarni boshqarish, mehmondo‘stlik ko‘nikmalari va destinatsiya infratuzilmasini takomillashtirish zarur.

Hisobotga ko‘ra, yer ijarasi qoidalarining tarqoqligi, meros obyektlarida joylardagi boshqaruvning zaifligi hamda tabiat va sarguzasht turizmi infratuzilmasidagi kamchiliklar sifatli turizm mahsulotlariga investitsiya kiritishga to‘sqinlik qilmoqda. Yer kodeksiga o‘zgartirishlar kiritib, yer ajratishning standartlashtirilgan va raqobatbardosh tizimini mustahkam egalik huquqi bilan ta’minlash, obyektlarni boshqarishning huquqiy asoslariga ruxsat beruvchi me’yoriy hujjatlarni chiqarish hamda asosiy turistik manzillar infratuzilmasiga sarmoya kiritish orqali xususiy kapitalga daromadli loyihalarni ishlab chiqish imkonini berish mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, yer ijarasi, turizm sohasida kadrlar salohiyatini oshirish va turizm obyektlarini professional boshqarish mexanizmlari bo‘yicha qonunchilik islohotlari sohaga qo‘shimcha ravishda 3,1 mlrd dollardan 4,2 mlrd dollargacha xususiy investitsiyalarni jalb qilishi va 180 mingga yaqin ish o‘rinlarini yaratishi mumkin, deyiladi JB hisobotida.

Ushbu chora-tadbirlar, shuningdek, O‘zbekistonga an’anaviy yo‘nalishlardan chiqib, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bozor segmentlariga o‘tish orqali xorijiy sayyohlar oqimini diversifikatsiya qilish imkonini beradi.

Farmatsevtika: jenerik dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar

Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekiston farmatsevtika sohasida analog dori vositalari (jeneriklar) va biologik faol qo‘shimchalar (BFQ) ishlab chiqarish segmenti xususiy investitsiyalarni jalb qilish uchun katta salohiyatga ega. Bu ushbu turdagi mahsulotlarga ichki va mintaqaviy talabning ortib borayotgani bilan bog‘liq.

“Mamlakat farmatsevtika bozoriga hozirda qator to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilgan va ko‘plab firmalar mintaqaviy bozorlarni ta’minlash uchun sifat darajasini oshirishga intilmoqda. Biroq mahsulotlarning bozorga chiqish vaqtini qisqartirish, sifatini kafolatlash va eksport kanallariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish uchun tartibga solish tizimlarini xalqaro normalarga muvofiqlashtirish lozim. Joriy tartib-qoidalar tufayli ro‘yxatdan o‘tkazish muddatlari 7−12 oygacha cho‘zilmoqda, bioekvivalentlik tadqiqotlari uchun mahalliy salohiyatning yo‘qligi esa jeneriklarning raqobatbardoshligini cheklamoqda”, — deyiladi hisobotda.

O‘zbekistonga farmatsevtika sohasini rivojlantirishda, jumladan, quyidagi yo‘nalishlarga e’tibor qaratish tavsiya etilmoqda:

· dori vositalarining bioekvivalentligini o‘rganish uchun akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarni tashkil etish (analog dori vositasi asl dori vositasi kabi ta’sir qilishini tasdiqlash);

· farmatsevtika korxonalarida ishlab chiqarish amaliyotini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish;

· faol farmatsevtik ingrediyentlar bo‘yicha hujjatlarni takomillashtirish;

· dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ishlab chiqarishni tasdiqlash jarayonlarini soddalashtirish.

Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, manzilli islohotlar o‘rta muddatli istiqbolda sohaga qo‘shimcha 188 mln dollargacha xususiy investitsiyalarni jalb qilish va 20 mingtagacha bevosita va bilvosita ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.

Xalqaro normalarga muvofiqlashish eksport bozorlariga yo‘l ochadi hamda global ishlab chiqaruvchilar va distribyutorlar bilan hamkorlik o‘rnatish imkonini beradi. Bu esa O‘zbekistonning farmatsevtika mahsulotlarining raqobatbardosh mintaqaviy ishlab chiqaruvchisi sifatidagi mavqeini mustahkamlashga yordam beradi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

13 07 2026 / 14:37