O‘zbekiston va Ozarbayjon 1995-yil 2-oktabrda
diplomatik aloqalar o‘rnatgan. 1996-yilda Ozarbayjon Toshkentda o‘z
elchixonasini ochgan bo‘lsa, 1998-yil may oyida Bokuda O‘zbekiston elchixonasi
ish boshlagan. O‘sha 1996-yilning o‘zida prezidentlar Islom Karimov va
Haydar Aliyev Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagandi.
2022-yil iyun oyida Strategik
sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish
to‘g‘risidagi deklaratsiyaning hamda 2024-yil avgust oyida Ittifoqchilik
munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi muhim bosqichlarga
aylandi. Gazeta mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarning rivojlanishi
bo‘yicha obzorni e’lon
qilgandi.
Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga
davlat tashrifi arafasida biz Strategik sheriklikni chuqurlashtirish
to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolanganidan buyon hamkorlik qanday rivojlangani
va qaysi sohalar eng muvaffaqiyatli bo‘lgani haqida obzor tayyorladik.
O‘zbekiston va Ozarbayjon
o‘rtasida erkin savdo tartibi amal qiladi, unga ko‘ra, o‘zaro tovar yetkazib
berish bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan. So‘nggi yillarda tovar ayirboshlash
yuqori sur’atlarda o‘sdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM)
ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-yildan 2025-yilgacha o‘zaro savdo hajmi 9,5
barobarga — 32,5 million dollardan 307,3 million dollargacha oshdi.
2022-yilda —
deklaratsiya imzolangan paytda — tovar ayirboshlash hajmi taxminan 182
million dollarga baholangandi. 2024-yil
yakunlariga ko‘ra bu ko‘rsatkich 252 million dollarga yetdi, 2025-yilda esa 300
million dollarlik marradan oshdi. 2026-yilda o‘sish yanada tezlashdi. Birinchi
chorakda tovar ayirboshlash 80,1 million dollarga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 42,5 foizga
yuqoriladi.
O‘zbekistondan eksport
qilinayotgan tovarlar importdan qariyb uch barobar ko‘p: 80 million
dollarga nisbatan 227,3 million dollar. 2025-yilda O‘zbekiston yetkazib
berishlarining asosiy qismini sanoat tovarlari tashkil etdi — 63,4 million dollar. Keyingi o‘rinlarda
mashina va transport uskunalari (49,3 mln), oziq-ovqat mahsulotlari (36,3
mln), ichimliklar va tamaki mahsulotlari (34,3 mln) turadi. Xizmatlar
ulushiga 22,5 million dollar, tayyor mahsulotlarga 11 million dollar, kimyo
sanoati mahsulotlariga esa 5,1 million dollar to‘g‘ri keldi.
Ozarbayjondan import kamroq
diversifikatsiya qilingan. 80 million dollarning yarmidan ko‘pi — 43,2
million dollari yoki 54 foizi oziq-ovqat mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Keyingi o‘rinlarda sanoat tovarlari (17,4 mln), mashina va uskunalar (5,8
mln), kimyo mahsulotlari (5,4 mln) va xizmatlar (4,3 mln) qayd etilgan.
2025-yil iyun oyida
hukumatlararo komissiya yig‘ilishida tomonlar 2030-yilga borib tovar
ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ygan. Buni ham savdo hajmini oshirish, ham o‘zaro
investitsiyalar va sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ko‘paytirish
hisobiga amalga oshirish rejalashtirilgan.
ITIM ma’lumotlariga ko‘ra,
2017-yilda Ozarbayjonning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari
hajmi atigi 100 ming dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yil yakunlari bo‘yicha 173,7
million dollarga yetdi. O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi
korxonalar soni 2017-yildagi 71 tadan 460 tagacha oshdi. Ular asosan qurilish,
qayta ishlash sanoati va qishloq xo‘jaligi sohalarida faoliyat yuritmoqda.
2023-yil iyul oyida
tashkil etilgan Ozarbayjon — O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi (OO‘IK)
ikki tomonlama sarmoyaviy hamkorlikning asosiy institutiga aylandi. Uning ustav
kapitali 500 million dollarni tashkil etadi. Kompaniyaning ustuvor
yo‘nalishlari qayta ishlash sanoati, sog‘liqni saqlash, ta’lim, logistika,
moliyaviy texnologiyalar va energetika hisoblanadi.
O‘zbekiston Investitsiyalar,
sanoat va savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil o‘rtalariga kelib
OO‘IK umumiy qiymati 360 million dollardan ortiq bo‘lgan 15
ta loyihani moliyalashtirgan. Kompaniyaning shaxsiy investitsiya portfeli
hajmi 2026-yil o‘rtalariga kelib 144 million dollarga yetdi. OO‘IK amalga oshirishni rejalashtirgan loyihalar qatorida Yangi Toshkentda xalqaro maktab qurish,
Toshkentdagi American University of Technology`ni qo‘llab-quvvatlash hamda
Ozarbayjon hududida avtomobil zavodini tashkil etishda ishtirok etish kabilar
bor.
Agalarov Development
kompaniyasining Chorvoq suv ombori bo‘yidagi Sea Breeze Uzbekistan barcha
fasllarda ishlovchi kurorti Ozarbayjonning O‘zbekistondagi eng yirik loyihasiga
aylanishi kerak. 2024-yilda kompaniya rahbari Emin Agalarov loyihani Shavkat
Mirziyoyevga taqdim etgan, o‘shanda uning qiymati 10 milliard dollarga baholangandi. Hozirda loyiha boshlang‘ich bosqichda turibdi.
2025-yilning iyunida tomonlar loyihani 5 milliard dollar miqdorida amalga
oshirish bo‘yicha bitim imzolagan, bu esa O‘zbekiston sayyohlik sohasiga
kiritilgan eng yirik xususiy investitsiya bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda
qurilishning Chorvoq ekotizimiga va suv ta’minotiga ta’siri yuzasidan
qizg‘in jamoatchilik muhokamasi bo‘lgan. Shundan so‘ng rasmiylar
investorga “qat’iy talablar” qo‘yilganini
ma’lum qilgan: suv omboriga oqova tashlangan taqdirda, qurilish to‘xtatiladi,
shartnoma bekor qilinadi va yer olib qo‘yiladi. Yanvar oyida
Bo‘stonliq tumanida jamoatchilik eshituvlari bo‘lib o‘tdi, aprelda esa ekologik
ekspertiza loyihaning birinchi bosqichini qo‘shimcha ishlov berish sharti
bilan ma’qulladi.
2024-yil sentabr oyida xuddi
shu kompaniya Toshkent markazida qiymati 133 million dollarli 750
xonadonga mo‘ljallangan Agalarov Residence premium turar joy majmuasini qurishni boshlagan.
2024-yil avgust oyida
O‘zbekiston va Ozarbayjon to‘qimachilik sohasida yettita qo‘shma loyihani
ishga tushirishga kelishib olgandi, ularning eng
yirigi Yevlax tumanida Global Textile kompaniyasining qiymati 104 million dollar
bo‘lgan paxta-to‘qimachilik klasteridir. Ozarbayjonning “Azersheker”
kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyiha paxta yetishtirishdan
tortib tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni ko‘zda tutadi.
Loyihani yakunlash dastlab 2026-yil o‘rtalariga rejalashtirilgandi.
Kelgusida tomonlar loyihalar
ko‘lamini yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda. 2026-yil iyul oyida
Ozarbayjonning yangi elchisidan ishonch yorliqlarini qabul qilar ekan, Shavkat
Mirziyoyev yaqin istiqbolda ikki davlatning qo‘shma investitsiya portfeli
hajmini 10 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilganini ma’lum qilgan.
Qoraqalpog‘istondagi Ustyurt
platosida neft va gaz qidiruvi O‘zbekiston va Ozarbayjonning eng
yirik qo‘shma loyihasi hisoblanadi. 2025-yil iyul oyida Ozarbayjonning davlat
neft kompaniyasi SOCAR mahsulot taqsimotiga oid bitimni imzolash orqali ilk
bor O‘zbekistonning qazib olish sektoriga kirib keldi. Loyihaga kiritilayotgan
sarmoya 2 milliard dollargacha baholanmoqda, Ustyurt qa’rida
esa dastlabki prognozlarga ko‘ra 100 million tonnagacha neft va 35
milliard kub metr gaz bo‘lishi mumkin.
2026-yil may oyida
Britaniyaning BP kompaniyasi sheriklardan 40 foizli ulushni sotib olib,
loyihaga qo‘shildi, biroq SOCAR
loyiha operatori bo‘lib qolmoqda. Platoda seysmik qidiruv ishlari boshlab
yuborilgan. “O‘zbekneftgaz”, ishlar muvaffaqiyatli bo‘lgan taqdirda,
O‘zbekiston neft mahsulotlari importidan to‘liq voz kechishi mumkinligini bildirgandi.
Tomonlar elektr
energetikasi sohasida ham hamkorlik qilmoqda. 2024-yil noyabr oyida Bokuda
bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim bo‘yicha konferensiyasida O‘zbekiston, Qozog‘iston
va Ozarbayjon prezidentlari “yashil energetika koridori” to‘g‘risidagi
bitimni imzolagan. Hujjatga ko‘ra,
Markaziy Osiyo davlatlari quyosh va shamol stansiyalarida ishlab
chiqarilgan elektr energiyasini Ozarbayjon orqali Yevropaga yetkazib berishni
rejalashtirmoqda.
Hozircha loyiha tayyorgarlik
bosqichida: uch davlat qo‘shma korxona tuzib, texnik-iqtisodiy asoslarni
ishlab chiqmoqda, elektr uzatish tarmoqlarini qurish esa keyingi bosqichlarga
qoldirilgan.
O‘rta koridor (Transkaspiy
yo‘nalishi) Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi transport-logistika
hamkorligining asosiy yo‘nalishi hisoblanadi. Ushbu yo‘nalish orqali Markaziy
Osiyodan yuklar Kaspiy dengizi, Ozarbayjon va Gruziya orqali Turkiya hamda
Yevropaga jo‘natiladi. O‘zbekiston yuklari Kaspiy dengiziga Qozog‘iston
va Turkmaniston portlari orqali chiqadi. Shu bois O‘zbekiston
mamlakatni qo‘shnilar hududi orqali o‘tuvchi transport koridoriga bog‘lovchi
o‘zaro bog‘liqlik loyihalaridan manfaatdor. 2024-yil oxirida Qirg‘iziston
orqali O‘zbekiston va Xitoyni bog‘laydigan yangi temiryo‘l qurilishi boshlangan.
Bundan tashqari, Xitoy —
Qirg‘iziston — O‘zbekiston — Turkmaniston — Ozarbayjon —
Turkiya (CASCA+) multimodal yo‘nalishi faoliyat ko‘rsatmoqda. 2025-yilda ushbu
yo‘nalish bo‘ylab 6720 dan ortiq konteyner tashuvlari amalga oshirildi, bu bir yil avvalgiga nisbatan 47 foizga
ko‘pdir. 2026-yil uchun ham ushbu yo‘nalish bo‘yicha imtiyozli tariflar
belgilangan bo‘lib, tashuvlar hajmining yanada oshishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Transport
vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ikki
tomonlama tashuvlar 2024-yil yakunlari bo‘yicha 100 ming tonnadan oshgan va 2023-yilga nisbatan 5 foizga o‘sgan.
Tranzit tashuvlarga keladigan bo‘lsak, ularning hajmi ancha ko‘p: 2024-yilda
O‘rta koridor doirasida Boku porti orqali 1 million tonnadan ortiq O‘zbekiston
yuklari o‘tgan — bu bir yil avvalgiga nisbatan 26 foizga ko‘p. 2026-yilda
esa o‘sish 1,5 million tonnagacha yetishi prognoz qilinmoqda.
Yuklarni rasmiylashtirish ham
soddalashtirilmoqda: ikki mamlakat o‘rtasidagi bojxona tranziti chegaradan
o‘tishni tezlashtiruvchi elektron E-TIR tizimiga o‘tkazildi, avtotransportda tashishda esa tomonlar qog‘oz
ruxsatnomalardan voz kechib, elektron E-PERMIT tizimiga o‘tmoqda.
2024-yilda Qirg‘iziston,
O‘zbekiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya va Tojikiston
temiryo‘l idoralarining ko‘p tomonlama uchrashuvi yakunlari bo‘yicha
“Yevroosiyo transport yo‘nalishi” assotsiatsiyasi tashkil etilgan — bu yuk tashuvlarini tezlashtirish va
yo‘nalishda yuzaga keladigan to‘siqlarni tezkor bartaraf etishga qaratilgan
doimiy maydondir. 2026-yil fevral oyida O‘zbekiston, Ozarbayjon va Gruziya
temiryo‘llari Toshkentda Transkaspiy yo‘nalishini birgalikda rivojlantirishga
qaratilgan hamkorlik bitimini imzolagan.
2021-yilda O‘zbekiston
Qorabog‘ni tiklashda yordam berishga tayyorligini bildirgan edi. O‘shanda
Shavkat Mirziyoyev mamlakat mintaqadagi yodgorliklar, madaniyat
va ma’rifat obyektlarini qayta tiklashga hissa qo‘shishini aytgandi.
2023-yil avgust oyida O‘zbekistonning Ozarbayjondagi bosh gumanitar loyihasi yuzaga keldi: Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev birgalikda Fuzuliy shahrida o‘zbek tomoni mablag‘lari hisobiga qurilgan 960 o‘rinli Mirzo Ulug‘bek nomidagi o‘rta maktabni ochdi. Maktab o‘z faoliyatini 100 nafar o‘quvchi bilan boshlagan bo‘lsa, bugungi kunda u yerda 650 ga yaqin bola ta’lim olmoqda.
Ozarbayjonning ishtiroki qariyb 40 ming ozarbayjonlik
istiqomat qiladigan va Haydar Aliyev nomidagi Madaniyat markazi faoliyat
yuritayotgan Toshkent shahrida ham yaqqol seziladi. 2022-yil iyun oyida, Ilhom
Aliyevning aynan deklaratsiya imzolanishiga asos bo‘lgan davlat tashrifining
birinchi kunida, prezidentlar poytaxt markazida Haydar Aliyev nomidagi ko‘cha
va yodgorlik barelefiga ega xiyobonni ochgan.
2025-yil yozida ikki mamlakat prezidentlariga Bokudagi
“O‘zbekiston” mavzuli bog‘i loyihasi taqdim etilgan. Qiymati qariyb 80 million
dollar bo‘lgan bog‘ “O‘zbekiston ko‘zgusi” sifatida rejalashtirilgan bo‘lib,
yiliga 800 ming nafar tashrif buyuruvchiga mo‘ljallangan.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
26 08 2026 / 15:53