O‘zbekistonda
kichik tadbirkorlik subyektlarini tekshirishga uch yilga moratoriy joriy
etiladi. Shuningdek, biznes uchun “Birinchi xato uchun — ogohlantirish”
qoidasi tatbiq qilinib, qoidani ilk bor buzgan tadbirkorlarga jarima solishdan
avval kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun beriladi.
O‘zbekistonda kichik tadbirkorlik
subyektlarining faoliyatini har qanday tekshirishga uch yil muddatga
moratoriy e’lon qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining 27-avgustda
imzolangan tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni
amalga oshirishga qaratilgan farmonda nazarda tutilgan.
Xususan, moratoriy davrida
kichik tadbirkorlik subyektlarini tekshirish noqonuniy hisoblanadi. Bunday
huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Biroq ayrim holatlar bundan mustasno. Jumladan, jinoyat ishi doirasidagi
tekshiruvlar, inson salomatligiga ta’sirini o‘rganish, mehnat qonunchiligiga
rioya etilishi yuzasidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar, fuqarolarning
murojaatlari, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qoplash yoki qaytarish hamda
tadbirkorlik subyekti tugatilishi bilan bog‘liq tekshiruvlarga moratoriy tatbiq
etilmaydi.
“Samarali nazorat” tadbiri
Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining
huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil — biznes
ombudsman tomonidan “Samarali nazorat” tadbiri o‘tkaziladi.
Uning doirasida nazorat
organlarining so‘nggi uch yilda o‘tkazgan tekshiruvlari materiallari
joyiga chiqib, to‘liq o‘rganiladi. O‘rganish yakunlariga ko‘ra, nazorat
organlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishlar yuzasidan vakolat doirasida
tegishli choralar ko‘riladi.
Tekshiruv o‘tkazish tartibi buzilgani yoki noqonuniy tekshiruvlar
aniqlangani taqdirda, faoliyati tekshirilgan tadbirkorlik subyektlarining
buzilgan huquqlarini tiklash choralari ham ko‘riladi.
Biznes ombudsman har olti oyda “Samarali nazorat” tadbiri doirasida amalga
oshirilgan ishlar yuzasidan Prezident administratsiyasiga axborot kiritib
boradi. Shuningdek, 2028-yil 1-dekabrgacha tadbir natijalari asosida
tadbirkorlik subyektlari faoliyatini nazorat qilishning ishchan, profilaktik
va natijaga yo‘naltirilgan mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha takliflar
kiritadi.
O‘rta va yirik biznes uchun tashabbus tarzidagi audit
2027-yil 1-yanvardan 2028-yil
31-dekabrgacha huquqiy eksperiment tariqasida o‘rta va yirik tadbirkorlik
subyektlari uchun yangi mexanizm joriy qilinadi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar
auditorlik tashkilotini jalb qilgan holda soliq va yig‘imlarni to‘g‘ri
hisoblash hamda to‘lash bo‘yicha tashabbus tarzidagi auditdan o‘tishi mumkin
bo‘ladi.
Auditorlik xulosasi soliq organlari tomonidan tan olinadi. Audit
o‘tkazilgan davr uchun soliq organlari soliq auditi o‘tkazmaydi. Faqat
auditorlik xulosasi qamrab olmagan soliq huquqbuzarliklari aniqlangan holatlar
bundan mustasno.
Agar audit davomida aniqlangan xato va kamchiliklar 30 kun ichida
bartaraf etilsa, tadbirkorlik subyektiga moliyaviy jarimalar qo‘llanmaydi.
Mazkur eksperiment doirasida audit o‘tkazishi mumkin bo‘lgan tashkilotlar
reestri Soliq qo‘mitasi tomonidan yuritiladi va uning rasmiy veb-saytida
e’lon qilib boriladi. Auditorlik xulosasini tan olish oqibatida to‘lanmay
qolgan soliq va yig‘imlar aniqlansa, buning uchun auditorlik tashkiloti
javobgar bo‘ladi.
“Birinchi
xato uchun — ogohlantirish”
Farmonga ko‘ra, tadbirkorlik
subyektlarida bir yil davomida o‘tkaziladigan har qanday takroriy tekshiruv
faqat Biznes-ombudsmanning ruxsati bilan amalga oshiriladi. Bunda kamera soliq
tekshiruvi bundan mustasno.
Tadbirkorlik
subyektlariga moliyaviy jarimalar qo‘llashda “Birinchi xato uchun —
ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi. Unga ko‘ra, qoidani birinchi marta
buzgan, biroq fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i yoki boshqalarning mulkiga
zarar yetkazmagan tadbirkorga darhol jarima solinmaydi. Avval kamchilikni
bartaraf etish uchun unga 10 kun muddat beriladi.
2027-yil 1-yanvardan tadbirkorlik
subyektlari faoliyatini tugatish yoki vaqtincha to‘xtatib turishga olib
kelayotgan sabab va omillarni doimiy tadqiq qilish tizimi ham yo‘lga
qo‘yiladi.
Bunda tadbirkor faoliyatini tugatish
yoki to‘xtatib turish bo‘yicha ariza topshirganida, buning sabablari qayd etib
boriladi. Ushbu ma’lumotlar Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan
o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimida avtomatik tahlil
qilinadi.
Adliya vazirligiga
uch oy muddatda farmonda nazarda tutilgan ushbu imkoniyatlarni mazkur
avtomatlashtirilgan tizimda yaratishni ta’minlash topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, biznes tekshiruvi
uchun moratoriy haqida Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni Xorazm viloyatida
tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda
2025-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-yanvargacha kichik biznes uchun har qanday
qo‘shimcha majburiyatlarga moratoriy joriy etilgan.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
07 09 2026 / 14:45