O‘zbekiston
va Serbiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yildan
oshganiga qaramay, bu vaqt davomida o‘zaro munosabatlarda sezilarli
dinamika kuzatilmadi. O‘tgan yilning oktabr oyidan boshlab aloqalar sezilarli
tezlashdi: oliy darajadagi ikki o‘zaro tashrif davomida tomonlar o‘nlab
hujjatlarni imzoladi, strategik sheriklikni e’lon qildi hamda erkin savdo
va mehnat migratsiyasining yangi shartlari yuzasidan muzokaralarni
boshladi.
Serbiya O‘zbekiston mustaqilligini 1991-yil
oxirida tan olgan, mamlakatlar o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar esa 1995-yil
18-yanvarda o‘rnatilgan. Biroq shundan keyin o‘tgan qariyb
o‘ttiz yil davomida aloqalar sustlashgan edi.
Serbiya tashqi ishlar vazirining O‘zbekistonga
tarixdagi ilk tashrifi 2023-yil aprel oyida bo‘lib o‘tdi. O‘shanda Bosh
vazir birinchi o‘rinbosari va TIV rahbari bo‘lgan Ivitsa Dachich safari
davomida birvarakayiga Toshkent, Bishkek va Dushanbega rasmiy tashriflarni
amalga oshirdi.
O‘zbekistonning Serbiyada, Serbiyaning
O‘zbekistonda elchixonasi yo‘q. Munosabatlar uchinchi davlatlarda faoliyat
yurituvchi elchilarni o‘zaro akkreditatsiya qilish orqali olib boriladi.
Masalan, O‘zbekiston fuqarolari Serbiya vizalarini Ostona orqali rasmiylashtiradi. O‘zbekistonning
Serbiyadagi birinchi elchisi 2025-yil iyul oyida ish boshladi.
Bu lavozimga O‘zbekistonning Vengriyadagi elchisi, ayni vaqtda Sloveniya,
Xorvatiya va Chernogoriyada akkreditatsiyadan o‘tgan Oybek
Shahavdinov tayinlandi.
Serbiyaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ham
shu tartibda faoliyat yuritadi. 2025-yil oktabr oyida elchi Momchilo
Babich O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga ishonch yorliqlari
nusxalarini topshirdi. U 2021-yil
aprelidan buyon ishlab kelayotgan Miroslav Lazanskining o‘rnini egalladi.
Babich 2022-yil fevralidan buyon Serbiyaning Rossiyadagi elchisi bo‘lib,
o‘rindoshlik asosida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston
uchun ham mas’ul.
O‘zbekiston va Serbiya rahbarlarining ilk
uchrashuvi 2025-yilda bo‘lib o‘tdi. Prezident Aleksandr Vuchich 28-oktabr kuni
O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Bu Serbiya
prezidentining O‘zbekistonga ilk tashrifi edi — davlat rahbari Shavkat
Mirziyoyev buni butun hamkorlik davridagi birinchi sammit deb atadi. Mazkur
uchrashuv va muloqotning faollashuvi diplomatik munosabatlar
o‘rnatilganining 30 yilligiga to‘g‘ri keldi.
Tomonlar mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo
sanoati, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, agrosanoat majmuasi
hamda turizmni rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilab oldilar. Shuningdek, ular Transkaspiy yo‘lagi
doirasidagi “Markaziy Osiyo — Bolqon” yangi transport yo‘nalishlarining
muhimligini alohida ta’kidladilar. Yetakchilar tartibli mehnat migratsiyasi,
madaniy-gumanitar va ta’lim sohalariga oid masalalarni ham ko‘rib
chiqdilar.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha 10 dan ortiq
hukumatlararo va idoralararo hujjatlar to‘plami imzolandi. Unga investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va
himoya qilish, iqtisodiy hamkorlik, tibbiy xizmatlar, turizm, ta’lim, fan
va madaniyat, muhandislik, ilg‘or texnologiyalar va sun’iy intellekt
sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlar kiritildi. Bundan tashqari,
tomonlar savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha
hukumatlararo komissiya tuzishga kelishib oldilar.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga
ko‘ra, O‘zbekistonning Serbiya bilan tashqi savdo aylanmasi 2025-yilda 12,6 mln
dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich
2021-yilda 6,8 mln dollar bo‘lgan, 2022-yilda 15,9 mln dollarga yetgan,
2023-yilda esa 12,8 mln dollargacha qisqargan va shundan beri 12,6 mln
dollar atrofida saqlanib turibdi. Asosiy hajm Serbiya tomonidan yetkazib
beriladigan mahsulotlar hissasiga to‘g‘ri keladi. 2025-yilda O‘zbekiston
Serbiyaga 1,2 mln dollarlik mahsulot yetkazib bergan bo‘lsa, Serbiyadan 11,4
mln dollarlik mahsulot import qildi.
Serbiya Savdo-sanoat palatasining dastlabki
ma’lumotlariga ko‘ra, Serbiyadan O‘zbekistonga motor moylari, alyuminiy
folgadan yasalgan konteynerlar, gidravlika tizimlari, bochkalar, qog‘oz
va karton eksporti amalga oshirilmoqda. Yetkazib berilayotgan
mahsulotlarning qariyb uchdan bir qismi oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash
uskunalari hissasiga to‘g‘ri keladi. 2026-yilning yanvar-iyul oylarida
Serbiyadan O‘zbekistonga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari
eksporti 54,1 foizga o‘sdi.
O‘zbekiston Serbiyaga mayka va paxtali
futbolkalar, erkaklar ko‘ylaklari, shimlari va shortiklarini yetkazib
beradi. Yetakchi o‘rinlarni, shuningdek, mineral o‘g‘itlar, to‘qimachilik
xomashyosi va quruq mevalar egallaydi. O‘zbekistonda Serbiya kapitali
ishtirokidagi 10 ta korxona faoliyat yuritadi. Ular qurilish
materiallari ishlab chiqarish, savdo, xizmat ko‘rsatish, mashinasozlik
va mebel ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Serbiyada esa O‘zbekiston
fuqarolari yoki O‘zbekiston yuridik shaxslariga tegishli yettita subyekt ro‘yxatga
olingan.
2022-yilning birinchi yarmida Tashqi mehnat
migratsiyasi agentligi Serbiyani rasmiy mehnat migratsiyasining yangi
yo‘nalishi deb atadi va 410
kishining ishga joylashtirilganini ma’lum qildi.
Serbiyaga tashkiliy tarzda ishga yuborish
ko‘lami hali ham kichikligicha qolmoqda. Shu bilan birga, Serbiya
tomonining ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Serbiyadagi xorijiy
ishchilar orasida soni bo‘yicha beshinchi o‘rinda turadi. Ular asosan qurilish, umumiy ovqatlanish, yetkazib
berish va xizmat ko‘rsatish sohalarida band.
O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida mehnat
migratsiyasi sohasidagi ilk hujjat 2025-yil 28-oktabrda, prezidentlar
muzokarasi kunida imzolangan. Memorandum chet el fuqarolarining qonuniy
bandligini ta’minlash, ularning huquqlarini himoya qilish va noqonuniy
mehnat migratsiyasining oldini olishga qaratilgan.
2026-yil 19-may kuni O‘zbekiston tashqi ishlar
vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Serbiya mehnat, bandlik, faxriylar
ishlari va ijtimoiy siyosat vaziri Militsa Stamenkovski bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida migratsiya to‘g‘risidagi
hukumatlararo bitimni tayyorlash, viza tartib-taomillarini soddalashtirish
va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.
Serbiya tomoni EXPO 2027 ko‘rgazmasi obyektlari
qurilishiga o‘zbekistonlik mutaxassislarni jalb etishdan manfaatdor.
Stamenkovskining so‘zlariga ko‘ra, 2027-yil boshidan
Serbiyada eng kam ish haqi 600 yevroni tashkil etadi, yil oxiriga borib esa
uning 650 yevroga ko‘tarilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev
2026-yil 7-sentabr kuni Belgradda bo‘ldi. Bu O‘zbekiston
prezidentining diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan o‘ttiz yillik davrdagi
Serbiyaga ilk tashrifidir.
O‘sha kuni hukumatlararo komissiyaning birinchi
yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mamlakatlar o‘rtasida shu paytgacha mavjud
bo‘lmagan erkin savdo to‘g‘risidagi bitim ustida ishlash asosiy iqtisodiy
natija bo‘ldi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi rahbari Laziz
Qudratovning so‘zlariga ko‘ra, bo‘lajak bitim barcha tovarlar uchun paritet
asosida nol foizli stavkani nazarda tutadi.
Tashrif doirasida Belgradda O‘zbekiston-Serbiya
biznes-forumi ham bo‘lib o‘tdi va unda 200 dan ortiq kishi qatnashdi.
Forumda so‘zga chiqqan Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston uchun hamkorlikning
beshta ustuvor yo‘nalishini sanab o‘tdi: mashinasozlik
va elektrotexnika, farmatsevtika, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda
raqamli iqtisodiyot. Har bir yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekiston o‘z hududida ishlab
chiqarishni yo‘lga qo‘yishni taklif etayotgan aniq serb kompaniyalari,
jumladan, mashinasozlikda Goša FOM, farmatsevtikada Galenika
va AbelaPharm, yengil sanoatda esa Yumco va Luss Textile
to‘qimachilik korxonalari qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich
strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma
deklaratsiyani hamda 20 ta hujjatdan iborat to‘plamni imzoladi. Bundan tashqari,
harakatchanlik va mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi hujjat ham imzolandi. Bu o‘zbekistonliklar Serbiyada mahalliy aholi bilan
bir xil sharoitlarda va teng mehnat huquqlari bilan ishlashini anglatadi.
Avvalgi memorandumda bunday kafolatlar berilmagan va ishga joylashish
tartibi o‘rnatilmagan edi. Serbiyaning mehnat, bandlik, faxriylar
va ijtimoiy masalalar bo‘yicha vaziri Militsa Jurjevich-Stamenkovskining
so‘zlariga ko‘ra, bu Serbiya tomonidan xorijiy davlat bilan tuzilgan ilk
shunday hujjatdir.
Biznes-forumda so‘zga chiqqan Aleksandr
Vuchich, shuningdek, Serbiya taxminan bir yildan so‘ng uzoq masofaga uchuvchi
ballistik raketalar ishlab chiqarishni boshlashga umid qilayotganini ma’lum qildi va
O‘zbekiston bilan mudofaa sanoatida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Shu yerning o‘zida Shavkat Mirziyoyev Belgradda
O‘zbekistonning maxsus diplomatik vakolatxonasi ochilishini e’lon qildi.
Serbiya, o‘z navbatida, O‘zbekistonda elchixona ochishni rejalashtirmoqda, bu esa viza
rasmiylashtirishni soddalashtiradi. Tomonlar, shuningdek, poytaxtlar o‘rtasida
to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni tezlashtirishga kelishib
oldi.
Tashrifda ramziy ishoralar ham kuzatildi.
Aleksandr Vuchich Shavkat Mirziyoyevga mamlakatning oliy davlat mukofoti —
Serbiya Respublikasining Katta zanjirli ordenini topshirdi, Belgrad ko‘chalaridan biriga esa “Toshkent” nomi
berildi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
14 09 2026 / 11:28