Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Jahon banki O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishi prognozini 2026-yil uchun 7,9 foizgacha oshirdi



Ulashing :


Jahon banki O‘zbekiston 2026-yilda YAIM 7,9%ga o‘sishini kutmoqda. Avvalgi prognoz 6,4% edi. Bank 2027-yil uchun iqtisodiy o‘sish prognozini ham 6,7%dan 7,5%ga oshirdi. Yangi hisobotga ko‘ra, iqtisodiy o‘sishni ish haqi va bandlikning ortishi, pul o‘tkazmalari hamda investitsiyalar qo‘llab-quvvatlamoqda.

Jahon banki O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sishi bo‘yicha 2026-yil uchun prognozini aprel oyidagi 6,4 foizdan 7,9 foizga oshirdi. Bu avvalgi prognozga nisbatan 1,5 foiz bandga ko‘p.

Yangilangan ko‘rsatkichlar 6-oktabr kuni e’lon qilingan “Yevropa va Markaziy Osiyo iqtisodiyoti: Sun’iy intellekt amalda — ish o‘rinlari, korxonalar va unumdorlik” nomli hisobotda keltirilgan.

Jahon banki 2027-yil uchun iqtisodiy o‘sish prognozini ham 6,7 foizdan 7,5 foizga oshirdi. 2028-yilda esa O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,1 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Hisobot jadvaliga ko‘ra, 2026-yilda O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan mamlakatlari orasida iqtisodiy o‘sish sur’ati bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallaydi. Faqat Qirg‘izistonda yuqoriroq o‘sish — 9,6 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Jahon banki prognozicha, 2027-yilda O‘zbekiston 7,5 foizlik o‘sish bilan birinchi o‘ringa chiqadi.

Jahon banki O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishini real ish haqi va bandlikning oshishi, pul o‘tkazmalari hamda infratuzilma, energetika va uy-joyga investitsiyalar hisobiga saqlanayotgan ichki talab bilan bog‘lamoqda. Bank davom etayotgan tarkibiy islohotlarning ham ahamiyatini qayd etgan.

2026-yilning birinchi yarmida mamlakatga pul o‘tkazmalari hajmi 13 foizga oshib, shu davr uchun rekord daraja — 9,2 mlrd dollarga yetdi. Tushumlarning qariyb 70 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keldi.

Oltin hisobga olinmagan holda, O‘zbekiston eksporti Xitoy va Markaziy Osiyodagi qo‘shni mamlakatlarga yetkazib berish kengaygani hisobiga qariyb 30 foizga o‘sdi. Hisobotda qayd etilishicha, oltin yetkazib berish kamaygani sababli umumiy eksport hajmi qisqargan.

O‘zbekiston energetika, raqamli infratuzilma va sanoatdagi yirik loyihalarni qo‘shgan holda, sezilarli miqdorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda davom etmoqda. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va kreditlarni o‘z ichiga olgan xorijiy manbalar hisobidan moliyalashtirilayotgan investitsiyalar mamlakatdagi jami investitsiyalarning 70 foizidan oshgan.

Bank prognozida 2026-yilda budjet taqchilligi deyarli o‘zgarmay, yalpi ichki mahsulotning 2,2 foizi darajasida qolishi keltirilgan. Ekspertlar ijtimoiy va investitsiya xarajatlarining oshishi energetika subsidiyalari hamda davlat korxonalariga maqsadli kreditlar qisqartirilishi, shuningdek, budjet daromadlari ko‘payishi hisobiga qoplanishini kutmoqda.

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda xususiy sektordagi ish o‘rinlarining 60 foizdan ortig‘i hanuz norasmiy. So‘nggi besh yilda bu ko‘rsatkich deyarli o‘zgarmagan.

“Hozirgi iqtisodiy o‘sish mehnatga layoqatli yoshdagi aholi ko‘payib borayotgani sharoitida rasmiy bandlikni ta’minlaydigan yetarlicha unumli ish o‘rinlarini yaratmayapti”, — deb qayd etgan Markaziy Osiyo haqidagi hisobot mualliflari.

Markaziy Osiyo va YeSA mintaqasi

Markaziy Osiyo Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasining eng tez rivojlanayotgan submintaqasi bo‘lib qolmoqda. Jahon banki bahosiga ko‘ra, 2025-yilda bu yerda iqtisodiy o‘sish 7,1 foizni tashkil etgan, 2026-yilda esa 5,8 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda. Iqtisodiyotni ichki talabning barqarorligi hamda transport va energetikaga davlat investitsiyalari qo‘llab-quvvatlashi davom etadi.

2026-yilda Yevropa va Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan iqtisodiyotlari orasida o‘sishning eng yuqori ko‘rsatkichlari yana Markaziy Osiyo mamlakatlarida kutilmoqda: Qirg‘izistonda — 9,6 foiz, O‘zbekistonda — 7,9 foiz va Tojikistonda — 7,5 foiz. Qozog‘iston iqtisodiyoti 4,6 foizga o‘sishi prognoz qilingan.

2027-yilda submintaqa yalpi ichki mahsuloti o‘sishi 5,4 foizgacha, 2028-yilda esa 5,1 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyoda iqtisodiy faollikni ichki talab va transport hamda energetikaga yo‘naltirilayotgan davlat investitsiyalari qo‘llab-quvvatlamoqda. Hisobotda yirik loyihalar sifatida Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li, Transkaspiy transport yo‘lagi va Rog‘un GESi keltirilgan.

Umuman olganda, Yevropa va Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish 2025-yildagi 2,6 foizdan 2026-yilda 2,2 foizgacha sekinlashadi. Jahon banki buni energiya resurslari narxining yuqoriligi, geosiyosiy noaniqlik va asosiy savdo hamkorlarida o‘sish sur’atining pasayishi bilan izohlamoqda. Rossiyada iqtisodiy o‘sish 0,8 foiz, Rossiya hisobga olinmagan mintaqada esa 3 foiz bo‘lishi kutilmoqda.

Jahon banki asosiy xatarlar qatorida savdodagi uzilishlarning kuchayishi, Ukrainadagi urushning davom etishi, energiya, transport va o‘g‘itlar narxining oshishi, moliyalashtirish shartlarining qat’iylashishi hamda ekstremal ob-havo hodisalarini keltirgan.

Sun’iy intellekt va mehnat bozori

Hisobotning alohida bo‘limida sun’iy intellekt mehnat unumdorligini oshirish va mintaqada mehnatga layoqatli aholi soni qisqarishiga qarshi kurashishda qanday yordam berishi mumkinligi tahlil qilingan.

Mintaqadagi har beshinchi xodimning vazifalari sun’iy intellekt ta’siriga sezilarli darajada duchor bo‘lishi mumkin bo‘lgan lavozimda ishlaydi. Shu bilan birga, kompaniyalarning o‘ndan biridan kami sun’iy intellektdan foydalanadi va bu asosan oddiy vazifalar bilan cheklangan.

O‘zbekistonda sun’iy intellekt ta’siridan eng ko‘p ma’muriy va yordamchi vazifalarni bajaradigan xizmatchilar himoyalanmagan.

2026-yilda “O‘zbekistonni tinglab” so‘rovining mart oyidagi natijalariga ko‘ra, mutaxassislarning 48 foizi va rahbarlarning 43 foizi ishda sun’iy intellektdan foydalanadi. Ofis xodimlari orasida — vazifalarining eng katta qismi sun’iy intellekt yordamida avtomatlashtirilishi mumkin bo‘lgan guruhda — bu ko‘rsatkich 27 foizni tashkil etadi.

Shu bilan birga, vazifalarini sun’iy intellekt yordamida avtomatlashtirish imkoniyati deyarli nolga teng deb baholanadigan kasb vakillari ham undan foydalanadi. Masalan, malakalanmagan mehnat bilan shug‘ullanuvchi xodimlarning 16 foizi bu haqda ma’lum qilgan.

Mualliflar avtomatlashtirish imkoniyati bilan sun’iy intellektdan amalda foydalanish o‘rtasidagi tafovutni asosiy raqamli ko‘nikmalar yetishmasligi bilan izohlash mumkinligini ta’kidlaydi. So‘rovning keyingi bosqichlaridan birida ishlayotgan respondentlarning qariyb 39 foizi boshqalar yordamisiz telefon yoki kompyuterda faylni nusxalay yoki boshqa joyga ko‘chira olmasligini aytgan.

Jahon banki mamlakatlarga bazaviy, raqamli va boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish, hisoblash quvvatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish hamda xodimlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini tayyorlashni tavsiya qildi. Sun’iy intellekt bilan ishlash uchun mutaxassislarni chuqur tayyorlashga qaratilgan tarmoq dasturlarini amalga oshirayotgan mamlakatlar qatorida O‘zbekiston ham qayd etildi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

08 10 2026 / 10:42