Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Tilning rivojlanishi fuqarolar fikrini aniq ifoda etishi va rasmiy hujjatlarni oson tushunishida namoyon bo‘ladi — prezident



Ulashing :


Prezident O‘zbek tili bayrami munosabati bilan tabriklab, o‘zbek tilini rivojlantirishda ta’lim va adabiyot sifatini oshirish, til o‘rganayotganlarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini bildirdi. U davlat idoralarini namuna bo‘lib, hujjatlar va murojaatlarga javoblar savodli va tushunarli yozilishi kerakligini aytdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbek tili bayrami munosabati bilan xalqqa yo‘llagan tabrigida tilning insonlar hayotidagi o‘rni, avvalo, undan qay darajada samarali foydalanilishiga bog‘liq ekanini ta’kidladi.

Bola o‘z fikrini ravon bayon eta olsa, talaba murakkab mavzuni tushungan holda o‘rgansa, fuqaro rasmiy hujjat mazmunini osongina anglasa — til taraqqiyotining natijasi aynan shunda ko‘rinadi", — dedi davlat rahbari.

“Inson aynan til orqali o‘zini anglaydi, oilasi va el-yurtiga mehr tuyg‘usini ifoda etadi. Xalqning xotirasi, bilim va tajribasi, orzu-umidlari ham tilda mujassam bo‘ladi. Davlat tilining qadri va ahamiyati haqida gapirganda biz, avvalo, ana shu jihatlarni yetakchi o‘ringa qo‘yamiz”, — dedi prezident.

“Bizning buyuk ajdodlarimiz aynan ona tilimiz boyliklaridan ilhom olib, ilm va adabiyot olamida durdona asarlar yaratganlar, inson qalbi va jamiyat hayoti haqida teran fikrlar yozib qoldirganlar. Ana shu an’analarni davom ettirgan holda, o‘z tilimizning imkoniyatlarini yangi ilm, texnologiya va ijod namunalari bilan boyitish bizning mas’uliyatli vazifamizdir”, — deyiladi tabrikda.

“Hamjihatlikning asosi — har bir insonning ona tili va qadriyatlariga hurmat”

“O‘zbekiston — turli millat va elat vakillari yagona oila bo‘lib, birgalikda yangi hayot va kelajak barpo etayotgan umumiy Vatanimiz. O‘z tilimiz davlat tili sifatida fuqarolarimizning muloqot tiliga aylanib, ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etishlariga xizmat qilayotgani barchamizni albatta quvontiradi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident “jamiyatdagi do‘stlik va hamjihatlikning muhim asosi — har bir insonning ona tili va madaniy qadriyatlariga hurmat hamda e’tibor bilan munosabatda bo‘lishdir. Shu bois mamlakatimizda qoraqalpoq va boshqa tillarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, shu bilan birga, o‘zbek tilini o‘rganish uchun qulay sharoitlar yaratish borasidagi ishlar o‘zaro uzviy bog‘liq holda amalga oshirilmoqda”, deb ta’kidladi.

O‘zbek tilini o‘rganayotganlarni qo‘llab-quvvatlash

Davlat tilini bilish insonlar uchun yangi bilim va imkoniyatlar eshigini ochadi, umumiy bugun va kelajakka daxldorlik hissini kuchaytiradi. “Bu borada o‘zbek tilini endigina o‘rgana boshlagan insonga samimiy munosabatda bo‘lish, uning intilishini qo‘llab-quvvatlash ayniqsa muhimdir”, — dedi davlat rahbari.

U yoshlar o‘zbek tilida fikrlashi va ijod qilishi, shuningdek, xorijiy tillarni o‘zlashtirib, dunyodagi ijobiy o‘zgarishlar bilan hamqadam bo‘lishi uchun yanada qulay sharoitlar yaratish zarurligini ta’kidladi. Bunda tarjima san’ati alohida o‘rin tutadi. U orqali insoniyat tafakkuri xazinasining durdonalari bilan tanishish, o‘zbek tilidagi g‘oya va asarlarni boshqa xalqlarga yetkazish mumkin.

Shavkat Mirziyoyev xorijda o‘zbek tilidan dars berayotgan o‘qituvchilarni rag‘batlantirish, tadqiqotchi va talabalarning qiziqishini oshirish, ularni sifatli adabiyotlar hamda ta’lim resurslari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratish lozimligini qo‘shimcha qildi.

“Dars berish va adabiyot sifati tilga bo‘lgan qiziqishni oshiradi”

Prezident ta’lim sohasida o‘quvchilarning o‘qish, tushunish, fikrni bayon qilish va savodli yozish ko‘nikmalariga asosiy e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.

“O‘zbek tilini ona tili sifatida o‘rganayotgan bola bilan uni davlat tili sifatida egallayotgan o‘quvchining ehtiyojlari o‘rtasida albatta farq bor. Darslik va o‘qitish usullarini yangilashda bu albatta hisobga olinishi lozim, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev dars berish sifati, bolalar adabiyoti, kutubxonalar va zamonaviy ta’lim vositalari tilga bo‘lgan qiziqishni oshirishini qayd etdi. U bu jarayonning muhim qismi sifatida “oiladagi samimiy suhbat, kitoblarni birgalikda o‘qish va bolaning savollariga e’tibor qaratish”ni tilga oldi.

“Davlat muassasalari namuna bo‘lishi kerak”

Prezident tilni rivojlantirishga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishda davlat muassasalari namuna bo‘lishi muhimligini ta’kidladi.

“Qonunlar, qarorlar, yo‘riqnomalar va murojaatlarga javoblar savodli, ravon va tushunarli tilda yozilishi kerak. Fuqaro o‘z huquq yoki majburiyatlarini tushunishda ortiqcha qiyinchiliklarga duch kelmasligi lozim”, — dedi u.

“Davlat tiliga hurmat davlat xizmatining sifatida ham ko‘rinishi kerak”, — deb qo‘shimcha qildi davlat rahbari.

Sifatli tadqiqotlar va to‘g‘ri atamalar

Prezident yana bir muhim vazifa sifatida zamonaviy ilmiy manbalardan foydalanish va yangi tadqiqotlar natijalarini o‘zbek tilida bayon etish imkoniyatlarini kengaytirishni qayd etdi. “Tibbiyot, muhandislik, iqtisodiyot va boshqa sohalarda ishonchli adabiyotlar, sifatli tarjima matnlari va elektron resurslarga ehtiyoj katta”, — dedi u.

“Bu borada hurmatli olimlarimiz, tilshunos, tarjimon va mutaxassislarning hamkorligi zarur. Atamalarni tanlashda ma’no aniqligi, ularning tushunarli va xalqaro ilmiy muloqot bilan bog‘liq bo‘lishiga e’tibor qaratishimiz kerak. Lug‘atlarimiz ham tilning jonli taraqqiyoti va yangi bilimlarni izchil aks ettirib borishi lozim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Raqamli muhitda tildan foydalanish

Prezident yana bir dolzarb vazifa — raqamli muhitda o‘zbek tilidan to‘laqonli foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish ekanini ta’kidladi. Buning uchun sifatli matn va nutq namunalarini saralash, elektron lug‘atlar, tarjima va tahrirlash vositalarini rivojlantirish muhim.

“Nutqni matnga, matnni ovozga aylantiradigan texnologiyalar ta’limda, mehnat jarayonida va kundalik hayotda odamlarga qulaylik yaratishi kerak. Bunday resurslarni tayyorlashda mualliflik huquqi va shaxsiy ma’lumotlar himoyasiga oid qoidalarga amal qilinishi lozim”, — dedi prezident.

“Biz barpo etayotgan inklyuziv jamiyat talablaridan kelib chiqqan holda, ulardan nogironligi bo‘lgan insonlar ham foydalana olishiga alohida e’tibor qaratishimiz zarur”, — dedi davlat rahbari.

U davlat tilidagi kontentda qo‘llanadigan sun’iy intellekt texnologiyalari sifati “ular insonga qay darajada aniq va foydali yordam bera olishi” bilan baholanishini qayd etdi.

O‘qish, yozish va axborotdan foydalanish qulayligi

Shavkat Mirziyoyev yozuv va imlo masalalarida “o‘qish, yozish va axborotdan foydalanish qulayligi” asosiy mezon bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

“Bu boradagi yechimlar ilmiy asos, jamoatchilik bilan muloqot va amaliy tayyorgarlikka tayanishi lozim. Ta’lim, nashriyotlar va raqamli tizimlarning o‘zaro muvofiqligi, turli avlodlarning ehtiyojlari puxta hisobga olinishi zarur”, — dedi u.

“Ona tilimizni sevib, ardoqlab, uning shuhratini oshirishga, dunyo bilan muloqotini kengaytirishga har birimiz munosib hissa qo‘shaylik!” — deya so‘zini yakunladi prezident.

Avvalroq Gazeta shu kuni Shavkat Mirziyoyev lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish to‘g‘risidagi qonunni imzolagani haqida yozgan edi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

22 10 2026 / 12:39