Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekistonda to‘qqiz oyda energiya resurslari qazib olish va yonilg‘i ishlab chiqarish qanday o‘zgardi?



Ulashing :


O‘zbekistonda 2026-yil yanvar−sentabr oylarida tabiiy gaz, neft, ko‘mir va gaz kondensati qazib olish hajmi kamayishda davom etdi. Eng sezilarli pasayish gaz qazib olishda qayd etildi — 16,4 foiz yoki 5,3 mlrd kub metr. Shu bilan birga, elektr energiyasi, dizel yonilg‘isi va benzin ishlab chiqarish hajmi oshdi.

2026-yilning to‘qqiz oyida O‘zbekistonda asosiy uglevodorod resurslarini qazib olish hajmi pasayishda davom etdi. Bu Milliy statistika qo‘mitasining Gazeta tahlil qilgan ma’lumotlarida keltirilgan.

Yanvar−sentabr oylarida tabiiy gaz qazib olish hajmi 27 mlrd kub metrni tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 16,4 foizga yoki 5,3 mlrd kub metrga kam (32,3 mlrd kub metr).

Taqqoslash uchun, 2024-yilning yanvar−sentabr oylarida 33,7 mlrd kub metr gaz qazib olingan. Shu tariqa, ikki yilda ishlab chiqarish qariyb 20 foizga yoki 6,7 mlrd kub metrga qisqardi.

Sentabr oyida gaz qazib olish hajmi qariyb 2,8 mlrd kub metrni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning sentabr oyiga nisbatan 17,6 foizga kam (3,4 mlrd kub metr), ammo avgust oyidagi ko‘rsatkichdan (2,6 mlrd kub metr) 7,7 foizga ko‘p.

O‘rtacha sutkalik gaz qazib olish hajmi avgustdagi 83,9 mln kub metrdan sentabrda 93,3 mln kub metrgacha oshdi — taxminan 11,3 foizga. Biroq bu ham 2025-yil sentabr oyidagi darajadan ancha past bo‘lib, o‘shanda bir sutkada o‘rtacha 113,3 mln kub metr gaz qazib olingan.

Umuman, uchinchi chorakda qariyb 8,7 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olindi. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 10,5 mlrd kub metrga nisbatan taxminan 17,3 foizga kam.

Iyul oyida yillik hisobda pasayish sezilarli sekinlashganidan so‘ng, qazib olish hajmining kamayish sur’ati yana tezlashdi: iyulda pasayish 7,9 foizni, avgustda qariyb 26,4 foizni, sentabrda esa 17,6 foizni tashkil etdi.

Elektr energiyasi

Elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘sishda davom etdi. Yanvar−sentabr oylarida O‘zbekistonda 67,16 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 7,3 foizga ko‘p (62,57 mlrd kVt/soat).

Sentabr oyida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi qariyb 6,63 mlrd kVt/soatni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning sentabr oyiga nisbatan 7,8 foizga ko‘p (6,15 mlrd kVt/soat). Avgust oyida 8,02 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilganini hisobga olganda, sentabr oyida ishlab chiqarish 17,4 foizga kamaygan.

Shu bilan birga, elektr energiyasi ishlab chiqarish tarkibi o‘zgarishda davom etmoqda. Yirik korxonalar (asosan gazda ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalari) to‘qqiz oyda 44,4 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqardi. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan 1,5 foizga kam (45,1 mlrd kVt/soat).

Faqat sentabr oyining o‘zida ularning elektr energiyasi ishlab chiqarishi 4,05 mlrd kVt/soatni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning sentabr oyiga nisbatan 3,2 foizga ko‘p (3,92 mlrd kVt/soat).

Elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi asosiy o‘sishni kichik korxonalar ta’minlamoqda. Ular qatoriga yangi quyosh va shamol elektr stansiyalari, shuningdek, boshqa elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilar kiradi. Yanvar−sentabr oylarida ular 22,76 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqardi. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan 30,3 foizga ko‘p (17,46 mlrd kVt/soat).

Shu tariqa, kichik korxonalarda elektr energiyasi ishlab chiqarish bir yilda 5,29 mlrd kVt/soatdan ko‘proqqa oshgan, yirik korxonalarda esa ishlab chiqarish qariyb 698 mln kVt/soatga qisqargan. Kichik korxonalarning umumiy ishlab chiqarishdagi ulushi 27,9 foizdan 33,9 foizgacha oshgan.

Sentabr oyida kichik korxonalar hissasiga qariyb 2,59 mlrd kVt/soat elektr energiyasi to‘g‘ri keldi. Bu 2025-yil sentabriga nisbatan 15,9 foizga ko‘p (2,23 mlrd kVt/soat). Avgust oyida ular 2,92 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqargan.

Shu bilan birga, statistika elektr energiyasi ishlab chiqarish asosiy faoliyat turi bo‘lmagan uy xo‘jaliklari va kichik korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini qamrab olmaydi.

Milliy statistika qo‘mitasi avvalroq 2025-yil bo‘yicha taqqoslama ko‘rsatkichlarga yillik balansni hisobga olgan holda aniqlik kiritgan. Shu sababli o‘tgan yil uchun e’lon qilingan ma’lumotlar avvalgi oylik hisobotlarda keltirilgan ko‘rsatkichlardan farq qilishi mumkin.

Benzin va dizel yonilg‘isi

Avtomobil benzini ishlab chiqarish hajmi yanvar−sentabr oylarida 913,2 ming tonnani tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 2,6 foizga ko‘p (890,1 ming tonna).

Biroq o‘sish sur’ati sekinlashdi. Yetti oy yakunlariga ko‘ra, benzin ishlab chiqarish 8,9 foizga, sakkiz oy yakunlariga ko‘ra esa qariyb 4,6 foizga oshgan.

Sentabr oyida neftni qayta ishlash korxonalari qariyb 101,9 ming tonna benzin ishlab chiqardi. Bu avgust oyiga nisbatan 28,3 foizga ko‘p (79,4 ming tonna). Bunga avgustda ishlab chiqarish keskin qisqarganidan keyin o‘sish kuzatilgani sabab bo‘ldi. O‘shanda benzin ishlab chiqarish iyul oyiga nisbatan 32,5 foizga kamaygan.

Taqqoslash uchun, iyun oyida 112 ming tonna, iyulda 117,7 ming tonna, avgustda esa 79,4 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan. Sentabrdagi tiklanishga qaramay, ishlab chiqarish hajmi hali iyul darajasiga qaytmagan.

O‘tgan yilning sentabr oyiga nisbatan ham benzin ishlab chiqarish hajmi pastligicha qoldi.

Dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish, aksincha, sezilarli darajada oshdi. To‘qqiz oyda mamlakatda 979 ming tonna dizel yonilg‘isi ishlab chiqarildi. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan 11,7 foizga ko‘p (876,1 ming tonna).

Sentabr oyida 144,7 ming tonna dizel yonilg‘isi ishlab chiqarildi. Avgustda bu ko‘rsatkich 150,9 ming tonna bo‘lgan, ya’ni ishlab chiqarish 4,1 foizga kamaygan. Shu bilan birga, o‘tgan yilning sentabr oyiga nisbatan ishlab chiqarish qariyb 60 foizga oshgan.

Dizel yonilg‘isi ishlab chiqarishda eng sezilarli o‘sish avgust−sentabr oylarida kuzatildi. Taqqoslash uchun, iyun oyida 91,6 ming tonna, iyulda 115,4 ming tonna dizel yonilg‘isi ishlab chiqarilgan.

Shu tariqa, so‘nggi ikki oyda neftni qayta ishlash korxonalari 295,6 ming tonna dizel yonilg‘isi ishlab chiqardi. Bu yil boshidan beri ishlab chiqarilgan umumiy hajmning qariyb 30 foizini tashkil etadi.

Ko‘mir, neft va gaz kondensati

Yanvar−sentabr oylarida ko‘mir qazib olish hajmi 5,4 mln tonnani tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 6,9 foizga kam (5,8 mln tonna). Shu bilan birga, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ortda qolish yetti oy yakunlariga nisbatan qisqardi. O‘shanda pasayish 9,5 foizni tashkil etgan.

Sentabr oyida qariyb 1 mln tonna ko‘mir qazib olindi. Avgustda bu ko‘rsatkich 900 ming tonna bo‘lgan, ya’ni qazib olish hajmi taxminan 11 foizga oshgan. Yillik hisobda sentabr ko‘rsatkichi 2025-yilning shu oyiga nisbatan qariyb 9 foizga kam (1,1 mln tonna).

Iyul−sentabr oylarida ko‘mir qazib olish hajmi qariyb 2,9 mln tonnani tashkil etdi. Bu yil boshidan beri qazib olingan umumiy hajmning yarmidan ko‘pini tashkil qiladi.

Neft qazib olish to‘qqiz oyda 1,6 foizga kamayib, 482,2 ming tonnani tashkil etdi. O‘tgan yili shu davrda 490,1 ming tonna neft qazib olingan. Shu bilan birga, ortda qolish asta-sekin qisqarmoqda: yetti oy yakunlariga ko‘ra, pasayish 2,7 foiz, sakkiz oyda esa 2,2 foizni tashkil etgan.

Sentabr oyida 57,2 ming tonna neft qazib olindi. Bu avgust oyiga nisbatan 1,6 foizga ko‘p (56,3 ming tonna), 2025-yil sentabriga nisbatan esa 2,9 foizga ko‘p (55,6 ming tonna). Bu neft qazib olish hajmi o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan ikkinchi oy ketma-ket yuqori bo‘layotganini anglatadi.

Gaz kondensati ishlab chiqarish yanvar−sentabr oylarida 729,2 ming tonnani tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 14,1 foizga kam (849,2 ming tonna).

Pasayish saqlanib qolayotganiga qaramay, yetti oy yakunlariga nisbatan qisqarish sur’ati sekinlashdi. O‘shanda pasayish qariyb 15 foizni tashkil etgan.

Sentabr oyida qariyb 80,9 ming tonna gaz kondensati ishlab chiqarildi. Bu avgust oyidagi ko‘rsatkich bilan deyarli bir xil (80,8 ming tonna). Bu iyul oyidagi 105,4 ming tonna ko‘rsatkichdan ancha past.

Yirik korxonalarda issiqlik energiyasi ishlab chiqarish to‘qqiz oyda 19,3 foizga kamayib, 14,42 mln Gkaldan 11,64 mln Gkalga tushdi. Sentabr oyida issiqlik energiyasi ishlab chiqarish hajmi qariyb 737 ming Gkalni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu oyidagi 924 ming Gkalga nisbatan 20,2 foizga kam.

Gaz qazib olish nega kamaymoqda?

Eslatib o‘tamiz, 27-oktabr kungi matbuot anjumanida “O‘zbekneftgaz” bosh geologi Nodir Muhiddinov tabiiy gaz qazib olish hajmi kamayishining asosiy sabablaridan biri yirik konlar zaxirasining sezilarli darajada sarflab bo‘lingani ekanini ma’lum qilgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim konlarda zaxiralarning 80 foizdan ko‘prog‘i qazib olingan. Yangi quduqlar va geologiya-qidiruv ishlari esa hozircha amaldagi konlardagi qazib olish hajmining pasayishini to‘liq qoplash imkonini bermayapti.

“Asosiy sabablardan biri yirik konlardagi zaxiralarning katta qismi- 80 foizdan ortig‘i allaqachon qazib olingani bilan bog‘liq. Shubilan birga, yangi geologiya-qidiruv ishlari vayangi konlardagi quduqlar hisobiga olinayotgan qazib olish hajmi hozircha bupasayishning o‘rnini to‘liq qoplashga yetmayapti”, — dedi u.

Muhiddinovning ta’kidlashicha, yil boshida kunlik gaz qazib olish qariyb 65 mln kub metrni tashkil etgan. O‘shandan buyon faoliyat yuritayotgan konlarda bazaviy qazib olishning pasayishi kuniga 12,6 mln kub metrga yetgan. Bu hajmning bir qismini ta’mirlash vayangi quduqlarni ishga tushirish orqali tiklashga erishildi, biroq sutkasiga qariyb 5 mln kub metrli hajm hali ham qoplanmay qolmoqda.

2026-yilning yanvar-sentabr oylari yakunlari bo‘yicha “O‘zbekneftgaz” va uning tizimidagi korxonalar qariyb 17 mlrd kub metr gaz qazib oldi. Yil oxirigacha kompaniya ushbu ko‘rsatkichni 22,8 mlrd kub metrga yetkazishni rejalashtirmoqda (2025-yildagi 25,2 mlrd kub metrga nisbatan). Shu tariqa, yillik qazib olish hajmi 2,4 mlrd kub metrga yoki 9,5 foizga qisqarishi mumkin.

Bunda e’lon qilingan prognoz prezidentning yanvar oyidagi yil davomida kamida 25,4 mlrd kub metr gaz qazib olish bo‘yicha topshirig‘idan past.

Yangilangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasiga ko‘ra, hukumat avvalroq mamlakatda tabiiy gaz qazib olish hajmini 2026-yildagi 40,2 mlrd kub metrdan 2027-yilda 42,9 mlrd kub metrga, 2030-yilga borib esa 48,5 mlrd kub metrga yetkazishni rejalashtirgan edi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

11 11 2026 / 14:15