Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekiston 2030-yilga borib iqtisodiyotni 300 mlrd dollargacha qanday oshirishni rejalashtirmoqda va bu qanchalik real?



Ulashing :


O‘zbekiston hukumati martgacha 2030-yilga borib YAIMni 300 mlrd dollargacha oshirish uchun iqtisodiy o‘sish modelini tayyorlashi kerak. Reja tarkibiy islohotlar va sanoatni rivojlantirishni ichiga oladi. Shuningdek, keyingi 10 yilda aholi jon boshiga YAIMni 10 ming dollargacha oshirish trayektoriyasi ham belgilanadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-noyabr kuni “Inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan milliy dasturlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Unda mamlakatning yaqin yillardagi rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi.

Yettita milliy dasturdan biri yuqori texnologiyalar va mehnat unumdorligini oshirishga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘ladi.

Iqtisodiyotni 300 mlrd dollargacha qanday oshirish rejalashtirilmoqda?

Yo‘l xaritasiga ko‘ra, 2027-yil mart oyiga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqa idoralar bilan birgalikda belgilangan maqsadlarga erishishning aniq mexanizmlarini belgilovchi prezident qarori loyihasini tayyorlashi lozim.

Hujjatda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish va barqaror ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan “Iqtisodiy o‘sishning yangi modeli va sanoat siyosatiga o‘tish” dasturini ishlab chiqish nazarda tutilishi kerak.

Xususan, oltita asosiy yo‘nalish bo‘yicha tarkibiy islohotlarni davom ettirish, shuningdek, iqtisodiyotning kamida sakkizta tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni belgilash rejalashtirilmoqda.

Hukumat 2030-yilga borib YAIMni 300 mlrd dollargacha oshirish, shuningdek, keyingi o‘n yil davomida aholi jon boshiga YAIMni 10 ming dollardan oshirishning yillik trayektoriyasini belgilashi kerak.

Ko‘rsatkichlarni ishlab chiqishda iqtisodiyotning alohida tarmoqlari va hududlarning hissasini, istiqbolli o‘sish yo‘nalishlarini, investitsiya manbalari va loyihalarni amalga oshirish mexanizmlarini aniqlash zarur.

Xususiy sektor va raqobatni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish, xizmatlar sohasi va zamonaviy infratuzilmada yangi o‘sish drayverlarini aniqlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Eksportni oshirish uchun logistika, sertifikatlashtirish, tashqi bozorlarga chiqish bilan bog‘liq muammolar va boshqa cheklovlarni aniqlash hamda bartaraf etish rejalashtirilmoqda.

450 mlrd dollar investitsiya va 2 mln ish o‘rni

Iqtisodiy dasturni amalga oshirish uchun hukumat yaqin o‘n yil ichida 450 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga 2027-yil iyun oyiga qadar zamonaviy texnologiyalar va yuqori daromadli loyihalarga urg‘u bergan holda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha yangi strategiya ishlab chiqish topshirildi.

Yo‘l xaritasiga muvofiq, maqsadli investitsiyalar hajmini yillar, tarmoqlar va hududlar kesimida taqsimlash zarur. 2027−2030-yillar davri uchun aniq maqsadli ko‘rsatkichlar, keyingi yillar uchun esa prognoz parametrlari belgilanishi kerak.

Investitsiya loyihalari portfelini har yili shakllantirish va yangilab borish ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, hukumat umumiy investitsiyalar hajmida xususiy va xorijiy investitsiyalar ulushini 80 foizgacha oshirish niyatida.

Asosiy yo‘nalishlar qatorida xalqaro brendlarni jalb qilish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni, yashil energetika va infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish o‘rin olgan.

Har bir yirik loyiha uchun investor, loyiha qiymati, moliyalashtirish manbalari, amalga oshirish muddatlari, infratuzilmaga bo‘lgan ehtiyoj, kutilayotgan eksport hajmi va yangi ish o‘rinlari soni to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan alohida pasport tuzish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish tartib-taomillarini soddalashtirish va investorlar tomonidan majburiyatlar bajarilishi ustidan monitoringni kuchaytirish rejalashtirilgan.

2030-yilga borib sanoatda 2 mln ta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish alohida maqsad bo‘ladi. Buning uchun hukumat yuqori daromadli ish o‘rinlari mezonlarini tasdiqlashi, 2026-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra ularning sonini aniqlashi va yangi maqsadli ko‘rsatkichlarni yillar, hududlar va tarmoqlar bo‘yicha taqsimlashi kerak.

Dual ta’limni rivojlantirish, sanoat korxonalari ehtiyojlarini hisobga olgan holda mutaxassislar tayyorlash, ishlab chiqarish zonalarini zarur infratuzilma bilan ta’minlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli tarmoqlarga investitsiyalar jalb etish ko‘zda tutilgan.

Ish o‘rinlari yaratish rejalarining bajarilishi mehnat, soliq va boshqa rasmiy hisobotlar asosida kuzatib borilishi nazarda tutilmoqda.

300 mlrd dollarlik maqsad qanchalik real — iqtisodchi fikri

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev sentabr oyida o‘zining Mirkonomika Telegram kanalida yangi iqtisodiy marraga erishish imkoniyatlarini tahlil qilgan edi.

U avvalroq O‘zbekiston 2030-yilga borib iqtisodiyot hajmini 240 mlrd dollarga yetkazishni rejalashtirganini eslatib o‘tdi. Mustaqillik bayrami tantanalari vaqtida davlat rahbari ushbu marrani 300 mlrd dollargacha ko‘tardi.

Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, yangi ko‘rsatkich xalqaro moliya tashkilotlari prognozlaridan unchalik katta farq qilmaydi.

U o‘z tahlilida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) prognoziga tayangan bo‘lib, unga ko‘ra O‘zbekistonning nominal YAIMi 2030-yilda 273,4 mlrd dollarga, 2031-yilda esa 301 mlrd dollarga yetishi kerak edi. XVJning yangilangan oktabr oyi prognoziga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi 2030-yilda taxminan 276,2 mlrd dollar, 2031-yilda esa 304,1 mlrd dollar darajasida baholanmoqda.

Xolboyev so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotining dollar hisobidagi nominal o‘sish sur’atlari yuqori ekaniga e’tibor qaratdi.

Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-yilda ushbu ko‘rsatkich 21,1 foizni tashkil etgan, 2026-yilning birinchi yarmida esa 26,8 foizgacha tezlashgan.

Iqtisodchi tezlashishning ikkita asosiy omilini ajratib ko‘rsatdi: real iqtisodiy o‘sish sur’atlarining 1,3 foiz punktiga oshishi va so‘mning o‘rtacha kursi 6,1 foizga mustahkamlanishi.

Agar birinchi yarim yillik sur’atlari yil oxirigacha saqlanib qolsa, 2026-yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi 186,5 mlrd dollarga yetishi mumkin, deya hisoblab chiqdi Xolboyev.

Shu bilan birga, u so‘m mustahkamlanishining biroz sekinlashishi dollar ifodasidagi nominal YAIM o‘sish sur’atlarining pasayishiga olib kelishi mumkinligini istisno etmadi.

Iqtisodiy o‘sishning uchta ssenariysi

Xolboyev dollar ifodasidagi nominal YAIM o‘sish sur’atlari saqlanib qolishiga qarab iqtisodiyot rivojlanishining bir nechta ssenariylarini ko‘rib chiqdi.

Birinchi ssenariy — 2024−2026-yillardagi sur’atlarni saqlab qolish. Agar iqtisodiyot dollar hisobida yiliga o‘rtacha 20 foizga o‘sishda davom etsa, 2030-yilga borib uning hajmi 389 mlrd dollarga yetishi mumkin. Iqtisodchining o‘zi bunday ssenariyni “juda optimistik” deb atadi.

Ikkinchi ssenariy — pandemiyadan keyingi sur’atlarni saqlab qolish. Yillik o‘rtacha o‘sish 16 foiz darajasida bo‘lganda, 2030-yilga borib YAIM hajmi 309 mlrd dollarni tashkil etishi mumkin, bu esa qo‘yilgan maqsaddan oshib ketish imkonini beradi.

Uchinchi ssenariy — 2017−2025-yillardagi o‘rtacha sur’atlar. Agar iqtisodiyot dollar ifodasida yiliga 9,8 foizga o‘ssa, 2030-yilga borib uning hajmi taxminan 234 mlrd dollarni tashkil etadi, ya’ni belgilangan mo‘ljaldan past bo‘lib chiqadi. Shu bilan birga, iqtisodchi 2017−2025-yillar davri koronavirus pandemiyasi hamda milliy valyutaning nisbatan kuchli qadrsizlanishi yillarini o‘z ichiga olishini ta’kidladi.

“Agar yaqin yillarda so‘mning sezilarli darajada qadrsizlanishi yuz bermasa (ayniqsa, so‘nggi ikki yilda u mustahkamlanmoqda) va pandemiyaga o‘xshash yirik inqiroz sodir bo‘lmasa, iqtisodiyotning 300 mlrd dollarlik ko‘rsatkichga erishish ehtimoli yuqori”, — deb yozdi Xolboyev.

Uning fikricha, qulay sharoitlar va yuqori o‘sish sur’atlari saqlanib qolgan taqdirda, yangi maqsadga to‘liq erishish mumkin.

“Umuman olganda, qo‘yilgan yangi maqsadga erishib bo‘lmaydi, deb aytib bo‘lmaydi. Agar pandemiyadan keyin kuzatilgan sharoitlar va o‘sish sur’atlari saqlanib qolsa, 2030-yilga borib biz ushbu marraga yeta olamiz”, — deya qayd etdi iqtisodchi.

Ushbu ssenariylarni baholashda gap aynan dollar ifodasidagi nominal YAIM haqida ketayotganini hisobga olish lozim, uning dinamikasi nafaqat tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish o‘sishiga, balki inflyatsiya, milliy valyuta kursining o‘zgarishi va boshqa omillarga ham bog‘liq.

Xolboyevning baholashicha, 300 mlrd dollarlik ko‘rsatkichga erishish O‘zbekistonga iqtisodiyotning nominal hajmi bo‘yicha Qatar, Ukraina, Marokash, Slovakiya va Kuvayt kabi davlatlarning 2025-yildagi ko‘rsatkichlaridan o‘zib ketish imkonini beradi.

Hududlarda aholi jon boshiga daromadlar qanday o‘zgarmoqda?

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari fonida O‘zbekiston hududlari o‘rtasida aholi daromadlaridagi tafovut qisqarayotgani yoki yo‘qligini ham tahlil qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, pandemiyadan so‘ng aholi jon boshiga dollar ifodasidagi nominal YAIM qariyb ikki baravarga oshgan. Shu bilan birga, uy xo‘jaliklari daromadlari taqsimotidagi tengsizlikni aks ettiruvchi Jini koeffitsiyenti ketma-ket ikkinchi yil pasaymoqda. Bu mamlakatda daromadlar tengsizligining umumiy darajasi qisqarayotganidan dalolat beradi.

Biroq alohida hududlar o‘rtasidagi vaziyat farq qiladi. Viloyatlar aholisining daromadlari yaqinlashayotganini baholash uchun Xolboyev ularning 2010-yildagi darajasini 2010−2025-yillardagi aholi jon boshiga daromadlarning o‘rtacha yillik o‘sish sur’atlari bilan taqqosladi.

Iqtisodiy nazariyaga ko‘ra, kamroq ta’minlangan hududlar muayyan sharoitlarda boyroq hududlarga qaraganda tezroq rivojlanib, ortda qolishni bosqichma-bosqich qisqartirishi mumkin. Agar bunday tendensiya kuzatilsa, dastlab daromadlari past bo‘lgan hududlar ularning yuqoriroq o‘sish sur’atlarini namoyish etishi kerak.

Xolboyevning tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonning barcha hududlari hisobga olinganda bunday qonuniyat kuzatilmaydi. Aksincha, 2010-yilda yuqoriroq daromadga ega bo‘lgan hududlar o‘rtacha tezroq o‘sgan.

Biroq iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, ushbu manzarani Toshkent sezilarli darajada o‘zgartirib yuboradi. 2010-yildayoq eng yuqori daromadli hudud bo‘lgan poytaxt keyingi 15 yil davomida boshqa hududlarga nisbatan aholi daromadlarining tezroq o‘sishini namoyish etgan.

“Agar Toshkent chiqarib tashlansa va bog‘liqlik qayta tekshirilsa, 2010-yildagi daromadlar darajasi bilan so‘nggi 15 yildagi ularning o‘rtacha o‘sish sur’atlari o‘rtasida teskari aloqa mavjudligi ma’lum bo‘ladi. O‘rtacha olganda, dastlab daromadlari pastroq bo‘lgan hududlar yuqoriroq daromadli hududlarga qaraganda tezroq o‘sgan”, — deya qayd etdi Xolboyev.

Shu tariqa, Toshkent hisobga olinmaganda 2010−2025-yillarda O‘zbekiston hududlari o‘rtasidagi daromadlar tafovuti qisqargan. Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, hisob-kitoblardan qo‘shimcha ravishda Navoiy viloyati chiqarib tashlanganda ham ushbu qonuniyat saqlanib qoladi.

Xolboyev poytaxtning alohida mavqeini, jumladan, 2020-yildan keyin xizmatlar sohasining jadal rivojlanishi bilan bog‘laydi. Pandemiyadan oldingi davr tahlil qilinganda, Toshkent mintaqaviy tengsizlikning umumiy manzarasiga bu qadar sezilarli ta’sir ko‘rsatmagan.

Shu bilan birga, iqtisodchi yana bir tendensiyaga e’tibor qaratdi: 2019-yildan keyin poytaxt hisobga olinmaganda ham viloyatlar o‘rtasidagi daromadlar yaqinlashuvi sekinlashgan.

“2019-yildan keyin Toshkent hisobga olinmaganda ham hududlar o‘rtasidagi daromadlar yaqinlashuvi sekinlashdi. Menimcha, bu alohida o‘rganishni talab qiladi”, — deya xulosa qildi Xolboyev.

Avvalroq Gazeta xabar berganidek, prezident Shavkat Mirziyoyev yangi maqsad — 2030-yilga borib O‘zbekiston YAIMini 300 mlrd dollargacha oshirish haqida ilk bor 28-avgust kuni mamlakat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan marosimda e’lon qilgan edi.

10-noyabrdagi farmon bilan ushbu mo‘ljallar milliy dasturda mustahkamlandi, hukumatga esa ularga erishishning aniq mexanizmlarini tayyorlash topshirildi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

13 11 2026 / 12:34