S&P Global Ratings O‘zbekistonning suveren kredit reytingini barqaror
prognoz bilan BB darajadan BB+ darajasiga ko‘tardi. Bu mamlakat
tarixidagi eng yuqori reyting. Investitsiyaviy BBB− darajasigacha yana bir
pog‘ona qoldi. “Yurtimizga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashni davom
ettiramiz”, — dedi Saida Mirziyoyeva.
S&P Global Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning milliy
va xorijiy valyutadagi uzoq muddatli suveren kredit reytinglarini BB
darajasidan barqaror prognoz bilan BB+ darajasiga ko‘tardi.
“Bu mamlakatimiz tarixida hozirgacha erishilgan eng yuqori
ko‘rsatkich, endi „investitsiyaviy“ (BBB-) pog‘onaga bir qadam qoldi”, —
deb yozdi Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining
Telegram kanalida.
U reytingning oshirilishi “tizimli iqtisodiy islohotlar, muvozanatli
moliya siyosati hamda prezidentning uzoqni ko‘zlagan strategik yondashuvi
samarasi” bo‘lganini ta’kidladi.
“Yurtimizga bo‘lgan ishonchni
mustahkamlash, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish yo‘lidagi qat’iy
harakatimizni davom ettiramiz”, — deya qo‘shimcha qildi Saida Mirziyoyeva.
Hisobotda nima deyilgan?
BB+ darajasiga erishish kredit reytinglarining spekulyativ toifasidan
investitsiyaviy toifasiga o‘tishni anglatadi.
S&P o‘z hisobotida budjet ko‘rsatkichlari yaxshilangani, oltin-valyuta
zaxiralari ortgani va iqtisodiy islohotlar o‘tkazilayotganini qayd etdi.
Shu bilan birga, agentlik tahlilchilarining fikricha, O‘zbekistonda
oltinga qaramlik, davlat korxonalari va tashqi qarzlar bilan bog‘liq
xatarlar saqlanib qolmoqda.
O‘zbekistonning qisqa muddatli reytinglari B darajasida saqlab qolindi.
Shu bilan birga, valyutani o‘tkazish va konvertatsiya qilish
xatarlari bahosi BB+ darajasidan BBB− darajasiga ko‘tarildi.
Agentlik reytingning oshirilishini budjet ko‘rsatkichlari va to‘lov balansi
holatining yaxshilanishi, davlat qarzining nisbatan mo‘’tadil darajada ekani,
shuningdek, energetika va davlat sektoridagi islohotlar bilan izohladi.
Reytingni qayta ko‘rib chiqish
omillaridan biri O‘zbekiston YaIMining rasmiy bahosi oshirilgani bo‘ldi.
13-noyabr kuni Milliy statistika qo‘mitasi korxonalar statistikasini
aniqlashtirish, shuningdek, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish
yakunlari bo‘yicha 2017−2025-yillar uchun YaIM ko‘rsatkichlari qayta ko‘rib
chiqilganini ma’lum qildi.
Natijada 2025-yil uchun nominal YaIM 15 foizga — 277 trln so‘mga (22
mlrd dollar) oshirilib, 2127 trln so‘mga (169 mlrd dollar) yetkazildi.
Bu qarz yukining hisob-kitob ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada
yaxshiladi. S&P agentligining yangilangan prognoziga ko‘ra,
2026−2029-yillarda sof davlat qarzining YAIMga o‘rtacha nisbati avval kutilgan
30 foiz o‘rniga 24 foizni tashkil etadi.
Bunda gap qarzning o‘zi kamaygani haqida emas, balki YaIM statistik
jihatdan qayta ko‘rib chiqilgani ortidan qarzning iqtisodiyot hajmiga nisbati
yaxshilangani haqida bormoqda.
Agentlik O‘zbekistonning qarz tarkibi nisbatan qulayligicha qolayotganini
qayd etadi: tashqi davlat qarzining 83 foizi rasmiy kreditorlardan, asosan
imtiyozli shartlarda, uzoq muddatli to‘lov va past foiz stavkalari bilan
jalb qilingan qarzlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, S&P qarz yuki yanada oshishini prognoz qilmoqda.
2029-yilga borib sof davlat qarzi YaIMning 26 foiziga yetishi mumkin.
Taqqoslash uchun, 2017-yilda davlat sof moliyaviy aktivlarga ega edi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston davlat qarzining qariyb 84 foizi xorijiy
valyutada nominatsiyalangan bo‘lib, bu uni so‘m kursining o‘zgarishiga
ta’sirchan qiladi.
Reytingning oshirilishiga
xizmat qilgan ikkinchi muhim omil jahon bozorida oltin narxining yuqoriligi
tufayli tashqi iqtisodiy ko‘rsatkichlarning yaxshilanishi bo‘ldi.
S&P bahosiga ko‘ra, O‘zbekiston tovar eksportining 30−40 foizi
va xalqaro zaxiralarining 85−90 foizi oltin hissasiga to‘g‘ri keladi.
2023-yildan buyon mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari hajmi ikki
baravardan ziyodga oshdi va 2026-yil oktabr oyi oxiriga kelib taxminan 64
mlrd dollarga yoki YaIMning 32 foiziga yetdi.
Noxomashyo eksportining o‘sishi, turizmdan tushadigan daromadlar va mehnat
migrantlarining pul o‘tkazmalari tashqi iqtisodiy barqarorlikni qo‘shimcha
ravishda qo‘llab-quvvatlamoqda.
Xususan, 2025-yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 28 foizga oshib,
18,9 mlrd dollarga yoki YaIMning 11,2 foiziga yetdi. Tushumlarning qariyb 78
foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keldi.
Shu bilan birga, agentlik zaxiralar va eksport daromadlarining
jahon bozoridagi oltin narxiga yuqori darajada bog‘liq ekanidan
ogohlantirmoqda.
S&P oltinning o‘rtacha narxi 2026-yildagi bir troy unsiyasi uchun 4300
dollardan 2027-yilda 4000 dollargacha, 2028−2029-yillarda esa 3500 dollargacha
pasayishini prognoz qilmoqda.
Shu fonda, agentlik bahosiga ko‘ra, foydalanish mumkin bo‘lgan xalqaro
zaxiralar hajmi 2026-yil oxiriga kelib taxminan 62 mlrd dollarlik eng yuqori
ko‘rsatkichga yetadi va shundan so‘ng kamaya boshlaydi.
2026-yilda iqtisodiyot 8 foizga o‘sadi
S&P agentligi 2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishi prognozini 8
foizgacha oshirdi. 2027−2029-yillarda agentlik o‘rtacha yillik o‘sishni 6,7
foiz darajasida kutmoqda.
Bunga asosiy omillar sifatida ichki iste’mol, energetika, tog‘-kon sanoati
va infratuzilmaga yo‘naltirilgan davlat investitsiyalari, shuningdek,
ijtimoiy xarajatlar xizmat qiladi.
Agentlik O‘zbekiston dunyodagi eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlar
qatoriga kirishini qayd etadi. 2017-yilda iqtisodiy liberallashuv
boshlanganidan buyon mamlakat YaIMi yiliga o‘rtacha taxminan 6 foizga o‘sib
kelmoqda.
Shu bilan birga, iqtisodiyotning o‘sishi sezilarli darajada
investitsiyalar hisobiga ta’minlanmoqda — ularning hajmi YaIMning qariyb
36 foiziga yetadi va bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri
hisoblanadi.
S&P agentligi 2026-yilda
O‘zbekistonda aholi jon boshiga YAIM 2019-yildagi 2365 dollarga nisbatan
taxminan 5200 dollarni tashkil etishini prognoz qilmoqda. Biroq o‘sish hisobga
olingan taqdirda ham, bu ko‘rsatkich xalqaro mezonlar bo‘yicha nisbatan
pastligicha qolmoqda.
Shuningdek, agentlik 2026-yilda o‘rtacha yillik inflyatsiya
2020−2025-yillardagi 11 foizlik o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 6,7 foizgacha
pasayishini kutmoqda.
S&P hukumatning davlat korxonalari, davlat-xususiy sheriklik
va budjet majburiyatlari bilan bog‘liq moliyaviy xatarlarni cheklash
bo‘yicha ko‘rgan chora-tadbirlarini ijobiy baholadi.
Xususan, agentlik davlat korxonalarining tashqi qarz olishini tartibga
solish joriy etilganini, DXSH loyihalari bo‘yicha yangi majburiyatlarga
cheklovlar qo‘yilganini hamda energetika subsidiyalari isloh qilinganini qayd
etdi.
Davlatning elektr energiyasi va gazni subsidiyalashga yo‘naltirilgan
xarajatlari 2023-yildagi 1,5 mlrd dollardan (yoki YaIMning 1,2 foizidan)
2025-yilda 600 mln dollargacha (yoki YaIMning 0,4 foizigacha) qisqardi.
Budjet konsolidatsiyasi va xomashyo narxlarining qulayligi tufayli
S&P 2026−2029-yillarda o‘rtacha yillik budjet taqchilligi
2021−2024-yillardagi 3,5 foizga nisbatan YaIMning taxminan 3 foizini tashkil
etishini kutmoqda.
Shu bilan birga, agentlik DXSH loyihalarining tez sur’atlarda kengayib
borayotganiga e’tibor qaratmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra imzolangan
bitimlarning umumiy qiymati YAIMning 21 foizi miqdorida baholangan.
Hukumat bunday loyihalar bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri va shartli
majburiyatlarni YaIMning taxminan 15 foizi darajasida baholamoqda. Ularning
amalga oshirilishi, ayniqsa alohida loyihalarda muammolar yuzaga kelgan
taqdirda, davlat moliyasi uchun qo‘shimcha xatarlar tug‘dirishi mumkin.
Shuningdek, S&P makroiqtisodiy siyosat yaxshilanganiga qaramay,
O‘zbekistonning institutsional tizimi nisbatan zaifligicha qolayotganini qayd
etadi.
“Qarorlar qabul qilish
markazlashgan holda qolishini, davlat boshqaruvidagi so‘nggi yaxshilanishlarga
qaramay, hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro tiyib turish va muvozanat
mexanizmlari esa hamon cheklangan bo‘lishini kutmoqdamiz”, — deyiladi
hisobotda.
Agentlik, shuningdek, o‘xshash kredit reytingiga ega mamlakatlarga nisbatan
korrupsiyaning yuqori darajasi saqlanib qolayotganiga ishora qilib, ayni paytda
korrupsiyani qabul qilish ko‘rsatkichi yaxshilanganini qayd etadi.
Reyting qanday shartlarda oshirilishi yoki pasaytirilishi mumkin?
S&P budjet pozitsiyasi mustahkamlangan taqdirda, xususan, budjet
taqchilligi va davlat korxonalarini qayta kreditlash hajmi qisqarishi
hisobiga O‘zbekiston reytingini yanada oshirish imkoniyatini istisno etmaydi.
Shu bilan birga, agar budjet taqchilligi va tashqi hisob-kitoblar
taqchilligi agentlik prognozlaridan yuqoriroq chiqsa, reyting pasaytirilishi
mumkin.
Ehtimoliy sabablar qatorida tashqi savdo sharoitlarining yomonlashuvi,
daromadlarning mutanosib o‘sishisiz davlat xarajatlarining oshishi, qarz jalb
qilishning qimmatlashuvi hamda davlat korxonalari muammolari tufayli davlatda
qo‘shimcha majburiyatlarning yuzaga kelishi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, O‘zbekistonning Rossiya bilan yaqin iqtisodiy aloqalari,
jumladan, pul o‘tkazmalariga bog‘liqlik, tashqi savdo va ehtimoliy ikkilamchi
sanksiyalar bilan bog‘liq geosiyosiy xatarlar ham saqlanib qolmoqda.
“Barqaror
prognoz bir tomondan O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy o‘sishi va davlat
qarzining qulay tarkibi, ikkinchi tomondan esa xomashyo tovarlari, eng avvalo,
oltin narxiga yuqori darajada ta’sirchanlik, shuningdek, energiya
resurslarining jahon narxlari va geosiyosiy voqealar borasidagi noaniqlik
tufayli yuzaga keladigan xatarlar o‘rtasidagi muvozanatni aks ettiradi”, —
deya qayd etadi S&P.
Bundan roppa-rosa bir yil avval — 2025-yil 21-noyabr kuni S&P
Global Ratings O‘zbekistonning suveren kredit reytingini barqaror prognoz bilan
BB− darajasidan BB darajasiga ko‘targan edi. Bu qaror makroiqtisodiy siyosatning yaxshilanishi, barqaror iqtisodiy
o‘sish va tarkibiy islohotlarning amalga oshirilishi bilan izohlangan.
Shu tariqa, bir yil ichida mamlakat reytingi ketma-ket ikki
pog‘onaga — BB− dan BB+ darajasigacha ko‘tarildi.
Iyun oyida Fitch Ratings O‘zbekistonning uzoq muddatli reytingi bo‘yicha
prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga yaxshilagan va reytingni “BB”
darajasida tasdiqlagan edi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
23 11 2026 / 12:08