Oq shakar importini cheklash xomashyo taqchilligi va mahsulotlar
narxi oshishiga olib kelishi mumkin, deb ogohlantirdi UzBev. Assotsiatsiya
hisob-kitobiga ko‘ra, shakar narxi 15−28%, ta’minotda uzilishlar yuz bersa,
yana ko‘proq oshishi mumkin. Tashkilot kvotalarni to‘xtatib, hukumat yopiq
qarorini e’lon qilishga chaqirdi.
O‘zbekiston alkogolsiz ichimliklar
va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi (UzBev) Gazeta’ga
bergan izohida 2027-yil 1-yanvardan oq shakar importiga cheklovlar joriy
etilishi bilan bog‘liq xavflar haqida bayonot berdi. Tashkilot bahosiga ko‘ra,
hukumat qarori xomashyo taqchilligi, shakar, ichimliklar, qandolat mahsulotlari
va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshishiga olib kelishi mumkin.
Gap Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi “xizmat doirasida
foydalanish uchun” grifli 417-sonli yopiq qarori haqida bormoqda. Hujjatga ko‘ra, oq shakar importiga yiliga 300
ming tonna miqdorida kvota joriy etiladi. Mamlakatda shakar iste’moli esa,
UzBev’ning aniqlashtirilgan bahosiga ko‘ra, yiliga 750−770 ming tonnani tashkil
etadi.
Assotsiatsiya ijrochi direktori Alfiya Musinaning fikricha, hukumat
mahalliy shakar zavodlari uni barqaror yetkazib berishni yo‘lga qo‘ya olishidan
avval muhim ishlab chiqarish xomashyosidan foydalanish imkoniyatini
cheklamoqda. UzBev cheklovlarni iqtisodiy oqibatlarni baholab bo‘lgunga qadar
to‘xtatib turish, qarorni e’lon qilish va kvotalarni shaffof taqsimlashni
ta’minlashga chaqirdi.
“Shakar
importi — oziq-ovqat sanoatining qutqaruv halqasi”
Assotsiatsiya mamlakatda shakar ishlab chiqarishni rivojlantirish,
investitsiyalarni jalb qilish va mahalliylashtirish darajasini oshirishni
qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
“Biroq bitta yangi
shakllanayotgan tarmoqni qo‘llab-quvvatlash minglab boshqa korxonalar uchun
ishlab chiqarish xomashyosidan foydalanish imkoniyatini cheklash hisobiga
amalga oshirilmasligi prinsipial jihatdan muhim, deb hisoblaymiz.
Bu korxonalar ish o‘rinlari, investitsiyalar, soliq tushumlari
va mahalliy brendlar mahsulotlarini ishlab chiqarishni
ta’minlaydi”, — deyiladi bayonotda.
Assotsiatsiya shakar importini oziq-ovqat sanoatining barqaror ishlashi
uchun eng muhim shartlardan biri deb atadi.
“Bugun shakar importi oziq-ovqat
sanoatini barqaror ushlab turgan qutqaruv halqasidir. U butun ishlab
chiqarish va sotuv zanjirining uzluksiz ishlashi uchun muhim bo‘g‘in. Uni
uzib qo‘yish zanjirdagi minglab odamlarni xavf ostida qoldirishi mumkin”.
UzBev fikricha, hukumat mahalliy ishlab chiqarish yetishmovchiligini
xorijdan tayyor shakar yetkazib berish orqali qoplash imkoniyatidan erta voz
kechgan.
“Hukumat o‘z qarori bilan
bozorni bu kafolatdan juda erta mahrum qildi. Bunda hali mustaqil
ishlashga tayyor bo‘lmagan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni „suzishga
o‘rgatish“ umidi bor. O‘zimizda ishlab chiqarish nol bo‘lgan sharoitda bunday
qadam taqchillik va narxlarning keskin oshishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib
boradi!” — dedi Alfiya Musina.
Ichimliklar
sanoati uchun kvota bitta kompaniya ehtiyojidan ham kam
Hukumat qaroriga ko‘ra, 2027-yildan oq shakar importining yillik
kvotasi 300 ming tonnani tashkil etadi. U uch toifadagi korxonalar
o‘rtasida taqsimlanadi: ichimliklar, qandolat mahsulotlari va boshqa
oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga 100 ming tonnadan.
Shu bilan birga, UzBev mamlakatning shakarga bo‘lgan yillik ehtiyojini
taxminan 750−770 ming tonna deb baholamoqda.
Assotsiatsiyaning
ta’kidlashicha, faqat bitta ichimlik ishlab chiqaruvchi kompaniyaning ehtiyoji
mazkur tarmoq uchun belgilangan umumiy kvotadan 1,5 baravar ko‘p. Bayonotda
korxona nomi keltirilmagan.
Bozorning qolgan ehtiyojini import qilinadigan shakar xomashyosini qayta
ishlaydigan mahalliy shakar zavodlari hisobiga qoplash rejalashtirilgan.
UzBev hisob-kitoblariga ko‘ra, 460 ming tonna tayyor oq shakar olish
uchun taxminan 470 ming tonna shakar xomashyosi importi talab etiladi.
Bu oyiga o‘rtacha 39 ming tonnani tashkil qiladi.
Biroq assotsiatsiya mahalliy ishlab chiqaruvchilar zarur hajmni ta’minlay
olishiga shubha bildirmoqda.
U keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda shakar ishlab chiqarish
hajmi qisqargan:
·
2023-yilda —
599,4 ming tonna;
·
2024-yilda —
474,4 ming tonna;
·
2025-yilda —
200,5 ming tonna.
UzBev
ta’kidlashicha, 2025-yil oktabridan mahalliy korxonalarda shakar ishlab
chiqarish to‘xtagan va 2026-yil davomida qayta tiklanmagan. Bayonotda ishlab chiqarishning butun ko‘rsatilgan davrda to‘xtaganini
mustaqil tasdiqlovchi ma’lumot keltirilmagan.
Toshkent viloyati statistika boshqarmasining 2026-yil 8-maydagi ma’lumotida esa viloyatdagi yirik sanoat korxonalari 2026-yil yanvar-mart
oylarida 133,9 ming tonna shakar ishlab chiqargani aytilgan. Biroq
bu ma’lumotlar ayni boshqarmaning yillik ko‘rsatkichlari bilan mos kelmaydi. Masalan, hisobotda 2025-yil birinchi
choragida 251,6 ming tonna ishlab chiqarilgani ko‘rsatilgan, butun 2025-yil
uchun esa bu ko‘rsatkich atigi 113,9 ming tonnani tashkil etadi.
Bundan tashqari, Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 2025-yilning birinchi yarmida butun O‘zbekiston bo‘yicha 165,5
ming tonna shakar ishlab chiqarilgan.
Xorazm viloyatida vaziyat boshqacha. 2026-yil yanvar-mart oylari
bo‘yicha hisobotda shakar ishlab chiqarish ko‘rsatkichi o‘rniga chiziq tortilgan. Yanvar
hamda yanvar-fevral oylari bo‘yicha hisobotlarda ham xuddi shunday chiziqlar
qo‘yilgan.
MDH Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonda atigi 9100 tonna
shakar ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 21
baravar kam (taxminan 190 ming tonna).
Assotsiatsiya, shuningdek, hozircha zavodlarni uzluksiz ishlatish uchun
zarur miqdordagi shakar xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli
shartnomalar va barqaror logistika yo‘nalishlari mavjudligini tasdiqlovchi
yetarli ma’lumotlar yo‘qligini ta’kidlamoqda.
Tashkilot bahosiga ko‘ra, Rossiya va Braziliyadan shakar xomashyosi
yetkazib berish bir oydan uch oygacha vaqt olishi mumkin.
“Shuning uchun 2026-yil
dekabr — 2027-yil fevral oylarida bozor taklifi va ehtiyoji o‘rtasida
uzilish yuzaga keladi”, — deya ogohlantirmoqda UzBev.
Assotsiatsiya fikricha, tayyor shakar importini cheklash mahalliy
korxonalar yetishmayotgan hajmni qoplay olishidan ancha oldin kuchga kirishi
mumkin.
Bu ta’minotda uzilishlar, ishlab chiqarish xomashyosi qimmatlashishi
va oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshishi xavfini yuzaga keltiradi.
Shakar 15−28 foizga qimmatlashi, stress ssenariysida esa bundan ham ko‘proq
oshishi mumkin
UzBev import qilinadigan shakar xomashyosini O‘zbekistonda qayta ishlash
tayyor oq shakarni sotib olishdan har doim ham arzon bo‘lmasligiga e’tibor
qaratmoqda.
Assotsiatsiya hisob-kitoblariga ko‘ra, bir tonna shakarni import shakar
xomashyosidan ishlab chiqarishning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlari quyidagicha:
·
Braziliyadan Poti porti orqali
yetkazib berish bilan — QQSsiz 787 dollar;
·
Rossiyaning
janubiy hududlaridan — 695−713 dollar;
·
Rossiyaning
markaziy hududlaridan — 733−752 dollar.
Taqqoslash uchun, tashkilot
Rossiyadan import qilinadigan tayyor oq shakar qiymatini tonnasiga QQSsiz
taxminan 620 dollar deb baholamoqda.
Shu tariqa, UzBev hisob-kitoblariga ko‘ra, import xomashyosini mahalliy
korxonalarda qayta ishlash orqali tayyorlangan mahsulot tannarxi xorijda ishlab
chiqarilgan tayyor shakar narxidan yuqori bo‘lishi mumkin.
Assotsiatsiya narxlar o‘zgarishining ehtimoliy uchta ssenariysini —
mo‘'tadildan inqirozligacha bo‘lgan variantlarni ishlab chiqqan.
O‘rtacha ssenariy 2026-yil dekabr —
2027-yil yanvar oylarida shakar narxi 15−28 foizga, tonnasiga taxminan 783
dollargacha oshishini nazarda tutadi.
Stress ssenariysi dekabr oyida yetkazib
berishda uzilishlar, kvotalarni taqsimlash va mahalliy qayta ishlashni
boshlashda kechikishlar, shuningdek, mavjud zaxiralarni sotuvdan olib qo‘yishni
nazarda tutadi.
Bunday holatda, UzBev bahosiga
ko‘ra, shakar narxi tonnasiga 1050−1150 dollarga yetishi mumkin. Assotsiatsiya
bu ssenariyda narx 34−47 foizga oshishini ko‘rsatmoqda.
Bu ko‘rsatkichlar assotsiatsiyaning hisob-kitoblarga asoslangan
ssenariylari bo‘lib, hukumat yoki Markaziy bankning rasmiy prognozlari emas.
“Tayyor shakar importiga to‘siqlar uning mahalliy ishlab chiqarish tannarxi
yuqori bo‘lgan sharoitda butun oziq-ovqat sanoatida xomashyo va tayyor
mahsulotlar narxi oshishiga olib keladi”, — deb hisoblaydi UzBev.
Tashkilot bahosiga ko‘ra, qo‘shimcha xarajatlar ichimliklar, qandolat
mahsulotlari va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarining tannarxiga qo‘shiladi.
Assotsiatsiya mahalliy korxonalar raqobatbardoshligi pasayishi xavfidan ham
ogohlantirmoqda.
“Natijada mahalliy mahsulotlar
narx bo‘yicha xorijiy mahsulotlardan ortda qoladi, bu esa arzonroq import
ichimliklari oqimiga olib kelib, o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining
raqobatbardoshligini pasaytiradi!”
UzBev ta’kidlashicha, korxonalar yuqori raqobat sharoitida, jumladan
eksport bozorlarida ham faoliyat yuritadi. Bu bozorlarda xomashyo
qimmatlashishi ortidan mahsulotning sotuv narxlarini har doim ham oshirish
imkoni bo‘lmaydi. Shu sababli shakar importini cheklash ichimliklar sanoatining
eksport salohiyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
UzBev
Rossiya shakarining reeksporti haqidagi vajni shubha ostiga qo‘ydi
Assotsiatsiya kvotalarni joriy etishga Rossiya shakarining uchinchi
davlatlar orqali reeksport qilinishining oldini olish zarurati asos qilib
ko‘rsatilishi mumkinligiga ham alohida to‘xtaldi.
UzBev fikricha, bu vaj qo‘shimcha dalillarni talab qiladi, chunki
Rossiyadan O‘zbekistonga shakar to‘g‘ridan-to‘g‘ri katta hajmlarda yetkazib berilmoqda.
Rossiyaning “Agroeksport” federal markaziga tayanib, Interfax xabar berganidek, 2025-yilda Rossiya O‘zbekistonga 417 ming tonna shakar eksport qilgan.
Bu 2024-yilga nisbatan 170 ming tonnaga ko‘p.
O‘zbekiston Rossiya shakarining ikkinchi yirik xaridoriga aylangan. Bunda
yetkazib berish hajmining oshishiga 2025-yil 1-oktabrdan oq shakar
importiga nisbatan 20 foizlik aksiz solig‘i bekor qilingani ham ta’sir qilgan.
Assotsiatsiya Rossiya
shakarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri import qilishga ruxsat berilgan bir paytda, uni
uchinchi davlatlar orqali olib kirishdan maqsad qanday cheklovlarni chetlab
o‘tish ekanini so‘ramoqda. “Mahsulotning uchinchi davlat orqali
o‘tkazilganining o‘zi bojxona qonunchiligi yoki tovarning kelib chiqishini
aniqlash qoidalari buzilganini isbotlamaydi”, — deyiladi bayonotda.
UzBev fikricha, qonunbuzilishlar aniqlangan taqdirda butun oziq-ovqat
sanoatiga ta’sir qiladigan cheklovlar joriy etish emas, balki qonunni chetlab o‘tishning
aniq sxemalarini aniqlash kerak.
“Bozor
amalda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga bog‘liq bo‘lib qoladi”
Assotsiatsiya yana bir xavf sifatida shakar bozorida raqobat cheklanishi
mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Tashkilot fikricha, importning muqobil kanallari qisqarishi oziq-ovqat
sanoati korxonalarini mahalliy shakar zavodlarining ishlab chiqarish
imkoniyatlari va narx siyosatiga bog‘liq qilib qo‘yadi.
“Bu bozorda oligopol
tuzilma shakllanishi xavfini yuzaga keltiradi. Bunda cheklangan sondagi ishlab
chiqaruvchilar minglab iste’molchi korxonalarga nisbatan ustun mavqega ega
bo‘ladi”, — deya ogohlantirmoqda UzBev.
Kvotalarni taqsimlash bo‘yicha ochiq qoidalar mavjud emasligi ham alohida
tashvish uyg‘otmoqda.
Assotsiatsiya ta’kidlashicha, 20-noyabr holatiga import hajmlarini
taqsimlashning shaffof mexanizmi, korxonalarni kvota olishga qo‘yish mezonlari
va istisnolar berish shartlari e’lon qilinmagan.
Qarorda nazarda tutilgan mexanizm elektron auksionlarni o‘z ichiga oladi.
Biroq UzBev fikricha, tushunarli qoidalar va teng foydalanish kafolatlari
bo‘lmasa, import kvotalari cheklangan doiradagi ishtirokchilar qo‘lida
to‘planishi xavfi paydo bo‘ladi.
Assotsiatsiya ishlab chiqarishga bevosita ta’sir qiladigan qarorlar tadbirkorlar
bilan oldindan muhokama qilinmasdan qabul qilinishiga ham qarshi chiqdi.
“Muhtaram prezident tomonidan
ilgari surilgan biznes bilan ochiq muloqot formati, agar masalalar qarorlar
qabul qilinganidan keyin emas, balki ularni tayyorlash bosqichida muhokama
qilinsa, hukumat uchun yanada resurs tejamkor bo‘lar edi!” — deyiladi
murojaatda.
Tashkilot fikricha, tartibga solishning shaffof emasligi xaridlarni
rejalashtirayotgan, uzoq muddatli shartnomalar tuzib, yetkazib beruvchilar
va xaridorlar oldida majburiyatlar olayotgan korxonalar uchun noaniqlikni
kuchaytiradi.
Assotsiatsiya
nimani taklif qilmoqda?
UzBev hukumatni oq shakar importi miqdoriga cheklov joriy etish
to‘g‘risidagi qarorni qayta ko‘rib chiqish va iqtisodiy oqibatlarni to‘liq
baholab bo‘lgunga qadar uni amaliyotga kiritishni to‘xtatishga chaqirdi.
Jumladan, assotsiatsiya 417-sonli qarorni va kvotalarni taqsimlash
tartibini, xususan, ishtirokchilarni kvota taqsimotiga qo‘yish mezonlari hamda
istisno holatlari asoslarini e’lon qilishni taklif qilmoqda.
Bundan tashqari, tashkilot mahalliy shakar zavodlarining ishlab chiqarish
imkoniyatlari, shakar xomashyosi yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli
shartnomalar va tayyor mahsulotning prognoz tannarxi haqida tasdiqlangan
ma’lumotlarni taqdim etish zarur, deb hisoblaydi.
Assotsiatsiya, shuningdek, barcha oziq-ovqat sanoati korxonalari uchun
shakarga teng va kamsitilmagan shartlarda kirish imkoniyatini ta’minlash
hamda bunday qarorlar qabul qilinishidan oldin biznes bilan ochiq muloqot
o‘tkazish tarafdori.
“Biz mahalliy shakarga qarshi
chiqmayapmiz. Biz raqobatbardosh bozor, shaffof qoidalar va O‘zbekistondagi
barcha ishlab chiqaruvchilar uchun teng sharoitni yoqlab chiqyapmiz. Ayrim
yangi shakllanayotgan korxonalarni himoya qilish minglab boshqa korxonalar
rivojini cheklashga aylanib ketmasligi kerak”, — deyiladi xulosada.
Hukumat
qarori nimani nazarda tutadi?
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 30-iyulda Vazirlar Mahkamasi mahalliy shakar
ishlab chiqarishni rivojlantirish va bozorni barqarorlashtirish bo‘yicha
417-sonli qarorni qabul qilgan. Hujjatga “xizmat doirasida foydalanish uchun”
grifi qo‘yilgan va u Lex.uz'da e’lon qilinmagan.
Gazeta avvalroq xabar berganidek, qaror 2027-yildan import
kvotalarini joriy etishdan tashqari, Angren Shakar va Xorazm Shakar
zavodlarini qo‘llab-quvvatlashni ham nazarda tutadi. Jumladan, kreditlarni
qayta tuzish, foiz xarajatlarining bir qismini qoplash, 50 mln dollar
investitsiya jalb qilish va 2031-yilgacha soliq imtiyozlarini tayyorlash
rejalashtirilgan. Davlat tashkilotlari mahalliy shakar xaridlariga
ustuvorlik berishi kerak bo‘ladi.
Import kvotalarini elektron auksionlar orqali taqsimlash, ularning hajmini
har olti oyda qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. Bunda belgilangan 300 ming
tonnadan ortiq miqdorda oq shakar importiga ruxsat beriladimi-yo‘qmi,
hozircha aniq emas. UzBev avvalroq, bu masala 416-sonli hukumat qarori
bilan ziddiyatni keltirib chiqarishi mumkinligini bildirgandi. Mazkur qaror tarif kvotalaridan tashqari, tegishli bojni to‘lash sharti
bilan import qilishga ruxsat beradi. Assotsiatsiya cheklovlarning Jahon savdo
tashkiloti qoidalariga muvofiqligi masalasini ham ko‘targan.
O‘zbekistonda shakar ishlab chiqarish so‘nggi yillarda qisqargan. Milliy
statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarmida 165,5 ming tonna shakar ishlab
chiqarilgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 227,8 ming tonnani tashkil
etgan. Shu bilan birga, ikkita shakar zavodining loyihaviy quvvati yiliga 900
ming tonnadan oshadi, biroq ular import xomashyosiga bog‘liq. 2026-yil
yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston 652,8 ming tonna shakar va shakar
xomashyosini 440,1 mln dollarga import qildi. Bu 2025-yilning shu davriga
nisbatan 36 foizga ko‘p.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
24 11 2026 / 14:37