Iqtisodiyot Assambleyasi raisi Muxtor Umarov 20 may kuni o‘tkazilgan
tadbirkorlar bilan uchrashuvda investorlar jalb qilish yo‘llariga oid fikrlari
bilan o‘rtoqlashdi.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tashkilot raisi har bir tadbirkor uchun ijtimoiy mas'uliyatni chuqur his qilish va birlashish davri kelganini aytgan.
«Bundan buyog‘iga davlat biznes bilan shug‘ullanmaydi. Shunday qilishga
uringanda ko‘rdik: korrupsiya, monopoliya ildiz ota boshladi yoki oldinga emas,
orqaga qarab yurish ketyapti.
Endi biz — tadbirkorlarning uyimizda bemalol o‘tirishga haqqimiz yo‘q.
Ijtimoiy mas'uliyatni his qilish vaqti keldi. Ortimizda butun bir jamiyat
turibdi.
Bir gap aytaman: zimmamizda Rossiya yoki Turkiyada ishlab yurgan
yurtdoshlarimizning ham javobgarligi bor. Agar biz ularga yetarli sharoit
yaratib berganimizda, shu yerda ishlayotgan bo‘lishardi. Hozir yurtimizda
malayziyalik tadbirkorlar mehmon bo‘lib turishibdi. Ular O‘zbekistonga investitsiya
olib kirishda hali boshlang‘ich darajada ekanini aytishdi.
Muammolarning hozirgi yechimi — xorijlik hamkorlar bilan yaxshi
ishlashimiz zarur. Yaqinda Turkiyaga borib keldik. U yerdagi tadbirkorlar
Xitoyga ham mol sotisharkan. «Sizlarga maza-a? Oziq-ovqat ko‘p. Oldingizda 1,5
milliard odami bor Xitoy bozori turibdi. U yer 3 kunlik yo‘l. Oziq-ovqat
sotinglar», - dedi.
Men hech kim qilmayapti demayman. Qilayotganlar bor, lekin juda kam. Biz
tashqariga (xorijga, eksport ma'nosida — tahr.) chiqa olmayapmiz. Bu katta
muammo. Buni qilish zarur. O‘zbekistonga yirik tadbirkorlar kerak. Kichik
tadbirkorlar tezroq katta tadbirkorlarga aylanishi lozim.
Avvalo, o‘z bozorimizni egallashimiz kerak. Yo‘qsa, uni ertaga chet
elliklar kelib egallaydi. Qayerda tadbirkorlar kuchli bo‘lsa, oldin o‘z
bozorini egallaydi. Masalan, Turkiya bozorini egallash qiyin. Chunki u yerda
milliard dollarlab pul tikadigan tadbirkorlar ko‘p. Lekin bizda aksariyat chet
elliklar biznes qilib, katta mablag‘larni olib chiqib ketyapti.
Biz tor o‘ylashimizning asosiy sababi – faqat ichki bozorni
o‘ylashimizda. Bizning 34 millionlik bozorimiz bor, xolos. Siz eksport haqidagi
statistikalarga e'tibor bering. Eksportimizning yarmi tilla va gaz hissasiga
to‘g‘ri keladi. Bizda tekstil, turizm va boshqa o‘nlab sohalarda katta
imkoniyatlar mavjud.
Aytmoqchimanki, birlashish vaqti keldi. Nega ko‘pchiligimiz chet
elliklar hamkorlikka kelsa uyalib qolamiz? Chunki bizda ilm yetishmayapti.
Lekin harakat qilish zarur.
Hozirda 2050 yilgacha eksportni o‘stirish bo‘yicha strategiya tuzyapmiz.
Yurtning rivoji, ertaga keladigan avlodlar uchun ham yaxshi hayot tashlab
ketishimiz kerak. Hozir sizning biznesingiz 100 ming dollarlik bo‘lsa, uni 10
million dollarlikka chiqaring. Shunda kelajak uchun yanada yaxshi imkoniyatlar
hozirlagan bo‘lasiz», - dedi Muxtor Umarov.
Avvalroq, Assambleya raisi oldinda turgan eng muhim masala ilmni
rivojlantirish va uni biznes bilan integratsiya qilish ekani, bu borada ancha
ortda qolib ketayotganimiz haqida gapirgandi.
Shuningdek, Muxtor Umarov sovet davridan qolgan eksport rejasi,
maxsus bank xizmatlarining yo‘qligi, eksport qiluvchilarga jarimalar qo‘llash
amaliyoti borligi kabi muammolar eksportchi tadbirkorlarni qiynab
kelayotganini ta'kidlagandi.
Kun.uz.dan olindi
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
21 05 2021 / 16:51