Ekspert
yerni xususiylashtirish yoki xususiylashtirilmagan yer uchastkalarini ijaraga
berish orqali pul jamg‘arishni maqsad qilish katta xato bo‘lishi, bu ijtimoiy
kayfiyatni yaxshilamasligi, aksincha uni yomonlashtirishidan ogohlantirdi.
Kun.uz
«Iqtisodiy xabarlar tahlili» ruknining navbatdagi sonida moliyachi Otabek Bakirov bilan yer munosabatlari va
mulkchiligi, bu boradagi o‘zgarishlarni qanday tartibda o‘tkazish lozimligi
haqida suhbatlashdi.
— Yer munosabatlarini tartibga solish borasida
o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Fikringizcha, bu qanday tartibda amalga
oshirilishi kerak?
— Yer munosabatlari 100 yillar davomida
bizda ijtimoiy kayfiyatni, odamlarning hayotga nisbatan munosabatini keskin
o‘zgartiradigan masalalardan biri bo‘lib kelgan. Shuning uchun, e'tibor
bersangiz yer masalasi tufayli tuzumlar, yechimlar turlicha bo‘lgani sababli
davlatlar o‘zgargan. Shu sabab bu masalada juda ham ehtiyotkorlik va noziklik
bilan munosabatda bo‘lish kerak deb hisoblayman.
Ikkinchidan, bu masalada biz ijtimoiy shartnoma, ya'ni
davlat va jamiyat o‘rtasidagi qonun asosida ish ko‘rsak, bu munosabatlar
samimiyroq va to‘g‘riroq bo‘ladi. Bu qaysidir tarafning haq-huquqlari
buzilishining oldini oladi. Yer borasida kutilayotgan o‘zgarishlarni ijtimoiy
shartnoma va qonun doirasidagi qabul qilingan holatda boshlashimiz kerak
bo‘ladi. Bu eng asosiy bildiradigan fikrim va bu o‘zgarishlarni qonun
darajasidagi me'yoriy hujjat asosida belgilab olishimiz kerak va bu qonun keng
muhokamalar asosida qabul qilinishi darkor.
Chunki bizning asrlar davomidagi hayot tarzimiz va
o‘zaro ijtimoiy munosabatlarimizni ham yer masalalari belgilab kelgan.
Ba'zi bir davlatlar yer masalalari yuzasidan shoshma-shosharlik bilan qaror
qabul qilishi natijasida ko‘p muammolarga duch keldi. E'tibor bersangiz
qo‘shnimiz Qozog‘istonda yer bilan bog‘liq qonunchilikda dastlab yerni
xususiylashtirishda xorijiy davlat fuqarolari yoki rezidentlari ishtirok etishi
mumkinligi bilan bog‘liq holat kuzatilgani juda ko‘p ijtimoiy noroziliklarni
keltirib chiqardi va oxir-oqibatda oradan 1-1,5 yil vaqt o‘tgandan keyin ular
qonunchilikdan bu normalarni olib tashlashga majbur bo‘lishdi.
— Yer munosabatlarini tartibga solishda nimalarga
e'tibor qaratish kerak deb hisoblaysiz?
— Yuqorida ta'kidlab o‘tganimdek,
bilvosita ham, bevosita ham xorij fuqarolari O‘zbekistondagi yer uchastkalarini
xususiylashtirish jarayonida ishtirok eta olmasligi lozim. Bu juda ko‘p
davlatlar uchun asosiy prinsip. Davlatning sub'yektivligi, suvereniteti,
mahalliy aholiga hurmat, asrlar davomida shu zaminda yashab kelayotgan aholi
kayfiyatidan kelib chiqib shunday qilinadi.
Ikkinchi masala, yirik yer egalari yuzaga kelishiga
yo‘l qo‘ymaslik kerak. Bu latifundiyalar deyiladi, shular paydo bo‘lishining
oldini olish kerak. Yirik yer egalari yerga bo‘lgan munosabat sifatini faqat
pasaytiradi.
Uchinchi masala, amaldagi yerga nisbatan nomi
boshqacha bo‘lgan odamlarning huquqlari poymol etilishiga yo‘l qo‘ymaslik
kerak. Hozirgi kungacha bizda yer uchastkalariga nisbatan 6ta ko‘rinishdagi
huquq mavjud edi. Mulk, ya'ni egalik huquqi mavjud emas. Lekin bu yerda ijara
huquqi ham bor, foydalanish huquqi, meros qoldirish huquqi asosida foydalanish
huquqi kabi bir nechta ko‘rinishdagi normalar bor. Aholining juda katta qismi
meros qoldirish mumkin bo‘lgan foydalanish huquqi asosida o‘zlarining yashash
joylarida istiqomat qilishadi. 90-95 foiz aholi xuddi shunday o‘zlarining yer
uchastkalarida, taqdim qilingan tomorqalarida uylarini qurishgan, bir necha
avlodlar davomida unib-o‘sib kelishgan. Shuning uchun ham ularning huquqlarini
ta'minlash asosiy masala bo‘lishi kerak. Chunki yerni xususiylashtirish yoki
xususiylashtirilmagan yer uchastkalarini ijaraga berish orqali pul
jamg‘arishimiz, bundan pul topishimiz kerak degan vazifa qo‘yiladigan bo‘lsa,
katta xato bo‘ladi. Bu ijtimoiy kayfiyatni yaxshilamaydi, aksincha uni
yomonlashtiradi, xolos.
Mening fikrimcha, jismoniy shaxslarga o‘zining
foydalanish huquqiga ega bo‘lgan turar joylardagi yer uchastkalarini avtomatik
tarzda xususiy mulk sifatida qayta rasmiylashtirishga ruxsat berish kerak.
Yuridik shaxslarga nisbatan esa ularning mulki joylashgan yer uchastkalarini
belgilangan metodologiya bo‘yicha sotish mumkin. Yaqinda Sirdaryoda yer
solig‘ining 50 baravari miqdoridagi koeffitsiyent qo‘llandi, davlat rahbari
tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda esa yer solig‘ining 20 baravari miqdoridagi
koeffitsiyent e'lon qilindi. Bu degani, yer solig‘ingizning 20 yoki 50 baravari
miqdorida to‘lov to‘laysiz va natijada sizning yeringiz maqomi vaqtincha
foydalanish huquqidan mulk huquqiga o‘tkaziladi. Shu mexanizmni imkon boricha
tadbirkorlik sub'yektlariga nisbatan qo‘llash kerak, aholiga emas. Bu bilan biz
aholining hozirgi siyosatga, hozirgi bo‘layotgan o‘zgarishlarga ishonchini
saqlab qola olamiz.
Agarda biz O‘zbekistonda o‘zining turar joylaridagi
yer uchastkalarini xususiylashtirish orqali shuncha pul jamg‘arar ekanmiz degan
yo‘ldan yuradigan bo‘lsak, savol va e'tirozlarni ko‘paytirib yuborishimiz
mumkin. Xususan, bu kambag‘allik bilan bog‘liq masalalarga ham borib taqaladi,
ya'ni bizning kambag‘allarimizning boshqa davlat kambag‘allaridan farqli jihati
ularning aksariyati ota-bobosidan qolgan, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan o‘z
mulklariga ega. Shu sabab bu juda ham nozik va ehtiyotkorlik bilan munosabatda
bo‘lish kerak bo‘lgan masala hisoblanadi.
Albatta, yer uchastkalarining ochiq, hech qanday
istisnosiz, byurokratiyaga ish qoldirmaydigan vositalar orqali
xususiylashtirilishini to‘liq qo‘llab-quvvatlash kerak. Lekin qaysi harakat
bo‘lishidan qat'i nazar bu mexanizmlar qonun darajasida qabul qilinishi kerak.
Biz aholi qatlamlarining bunday rezonansli ijtimoiy qonunlar qabul
qilinayotganda muhokamalarda ishtirok etishini ta'minlashimiz darkor. Men
referendum tashkil qilish kerak demoqchimasman, ammo bu kabi masalalarni hal
qilayotganda jamoatchilik tomonidan kamida 6 oy davomida keng muhokama
qilinadigan yo‘ldan yurishimiz kerak. Bu hozirgi yangi davrning ikkinchi
bosqichidagi asosiy masalalardan bittasi o‘zi.
Yuqorida ta'kidlaganimdek, shoshma-shosharlik bilan
ish tutib ham bo‘lmaydi, lekin bizga o‘xshab haddan tashqari uzoq davr mobaynida
keyinga qoldirish ham imkonsiz. O‘sha eski davrdan o‘tib kelgan eng asosiy
muammolarimizdan bittasi yer munosabatlarining tartibga solinmagani bo‘lgan.
Natijada bu huquqlarning tartibga solinmagani uchun uni har doim, har daqiqada
buzaverish mumkin. Qachondir shu masalani qonuniylashtirishimiz kerak edi.
Lekin buni keng aholi muhokamalari va qonun doirasida amalga oshirishimiz
kerak.
— Bu o‘zgarishlar iqtisodiyotga ham ta'sir qilishi
mumkinmi?
— Yerga nisbatan mulkchilik shaklining va
munosabatlarining o‘zgarishi iqtisodiy o‘sishni ham tezlashtiradi. E'tibor
qaratadigan bo‘lsak, yer O‘zbekistonda garov obekti emasligining o‘zi, uning
pul aylanmasidan tashqarida ekanini anglatadi. Bizning mashinamiz, uy-joyimiz,
do‘konlarimiz kapitalistik munosabatlarga kirgan, ammo yer kapitalistik
munosabatlarga kirmagan. Asosiy qoida yerni kapitalistik munosabatlarga
kiritishda bo‘lishi kerak. Biror mamlakat yerni bozor vositasiga aylantirmasdan
turib iqtisodiy o‘sish doimiyligini ta'minlay olmagan. Albatta, bu yo‘ldan
o‘tilishi kerak.
— Ba'zi mamlakatlarda dastlabki davrda xorijiy
investitsiyalarni jalb qilish uchun yerni xorijliklarga mulk huquqi asosida
berish amaliyoti qo‘llangan. Masalan, Singapurda mustaqillikning dastlabki
yillarida shu yo‘ldan yurilgan. Hozirgi inqirozli davrda investitsiya oqimini
jalb qilish uchun shunga o‘xshash tadbirlarni amalga oshirish
to‘g‘ri bo‘lmaydimi?
— Yo‘q, men bunday hisoblamayman. Singapur
kabi mamlakatlar bu masalada umuman O‘zbekistonga qiyoslanadigan mamlakat emas.
Chunki bu mamlakat tarixan ochiq shahar bo‘lib kelgan. Mustamlaka paytida ham,
undan avval Xitoy bosqini davrida ham shunday ochiq ko‘rinishda bo‘lgan. Asrlar
davomida o‘z qarashlariga va qadriyatlariga ega bo‘lgan tub aholisi mavjud
bo‘lmagan. Masalan, singapurlik odam indoneziyalik kelib qo‘shni bo‘lib,
yonidan 50 gektar yoki 5 gektar yerni egallasa, unda og‘riqlar paydo bo‘lmaydi.
Chunki mentalitet shunday shakllangan.
Ikkinchidan, Singapur shahar-davlat bo‘lgani uchun
hech kim xavf solmagan. Chunki uning suvereniteti ochiqligida bo‘lgan.
O‘zbekistonning suverenitetini uning ochiqligida deya olmaymiz. Ayni paytdagi
murakkab global jarayonlarda bizning suverenitetimizga sharqdan ham, shimoldan
ham turli darajadagi xavflar mavjud. Buni inobatga olishimiz kerak, bularni
ko‘zdan qochirib bo‘lmaydi.
Men xorijliklarga yer sotish yoki sotmaslik borasida
O‘zbekistonning tajribasini qanaqadir Singapur yoki Yevropadagi ayrim
davlatlar: Malta yoki Kipr bilan solishtirmagan bo‘lardim. Biz bu masalani
o‘zimizga yaqin davlatlar: Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya
kabi davlatlar bilan qiyoslardim. Men ta'kidlamoqchi bo‘lgan narsa, boshqalar
qilgan xatoni qilishimiz kerak emas. Masalan, Qozog‘istonda Xitoyga nisbatan
qo‘rquv bor. Chunki xitoyliklar qanday ko‘rinishda kirib borishidan qat'i
nazar, kirib borgan hududini hech qachon tark etmaydi. Tarixan qarasangiz ham,
Xitoy diasporasi kirib borgan joyini hech qachon tark etmaganini ko‘rishingiz
mumkin. Bu hududda ular o‘z diasporasini yaratadi, integratsiyalashib ham
ketmaydi. Shu muammoni inobatga olishimiz kerak.
— Yirik yer egalari paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik
kerak dedingiz. Buning jamiyat uchun qanday salbiy jihatlari bor?
— Yirik yer egaligi deganda, men butun
boshli tumanlarning yer maydonlari 2-3ta yer egalari o‘rtasida taqsimlanib
qolishini nazarda tutyapman. Ular o‘zining miqyosida mahalliy hokimiyatlarni
ta'sir doirasiga tushira oladigan imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Butun
infratuzilma o‘shalarga bog‘liq bo‘lib qoladi, ularning bosimi ostida
shakllanishiga olib keladi. Butun boshli mahalliy siyosatning amalga
oshirilishi shularga bog‘liq bo‘lib qoladi. Bizdagi sharoitda yirik yer
egaligining asosiy xavfi shundan iborat.
Ikkinchi xatari shundaki, yer maydonlari sun'iy
sug‘orishga asoslangan, ya'ni suv resurslarining taqsimlanishi bilan bog‘liq.
Yer egalari qancha yirik bo‘lsa, suv nazorati ularning qo‘liga o‘tib ketish
ehtimoli yuqori. Bu ham katta xatar hosil qiladigan narsa. Bunda tabiiy
ravishda yirik yer egalarining imkoniyati mayda yer egalarinikiga nisbatan
yuqoriroq shakllanadi. Mayda yer egalarining yirik yer egalariga bog‘liqligi
yuzaga kelib qoladi.
Uchinchi xatari shundaki, yirik yer egalari yerga
nisbatan alohida, bog‘langan munosabatda bo‘lmaydi. Ular yerga istalgan paytda
sotib yuboriladigan obekt sifatida munosabatda bo‘ladi. Shu tomonlari ham
mavjud. Iqtisodiyotning boshqa sohalaridan bilamizki, qaysi soha bo‘lishidan
qat'i nazar ishlab chiqarishmi, xizmat ko‘rsatishmi, umuman olganda, mulkning, savdoning
bir qo‘lda to‘planib qolishi faqat zarar keltiradi. Monopolistik munosabatlar
doimiy ravishda iqtisodiy o‘sishni ham, ijtimoiy tenglikni ham buzadigan
omillar hisoblanadi.
O‘zbekistonliklar dunyodagi eng ko‘chmas xalqlardan
bittasi. O‘z tug‘ilgan joyiga, zaminiga turli rishtalar bilan mahkam bog‘langan
xalq. Biz shunday an'analarga egamizki, mahallada kimdir hovlisini turli
sabablar bilan sotayotgan bo‘lsa, avval mahallaga murojaat qiladi, chetdan
kelib o‘sha mahallaga begona odam kirishini ham lozim topmaydi. Bu o‘ta nozik
masala deganimning asl sababi ham shunda, aslida. Ko‘chmas xalqlarda yerning
o‘rni haddan tashqari yuqori. Maqollarimizga ham yerga bo‘lgan munosabat singib
ketgan. Oybekning «Qutlug‘ qon» romanida ham Mirzakarimboy bitta epizodda
jiyani Yo‘lchi qishloqdagi yerini sotib tog‘asining oldiga kelganda «Ey jiyan,
er kishi yer sotmaydi», deya qattiq koyiydi. Bu narsa shu darajada
mentalitetimizga singib ketganki, bizda bir tumandan ikkinchi tumanga ko‘chish
ham deyarli mavjud emas.
Kun.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
11 06 2021 / 16:13