Endi o‘zingizga qarashli tijoriy yoki yashash joyingizni
xususiylashtirishingiz mumkin. Bu nimani anglatadi, xususiylashtirishdan sizga
nima foyda, qancha to‘lash kerak? Kun.uz shu savollarga qisqa videoda, oddiy
tilda javob beradi.
O‘zbekistonda yer
xususiy mulkka aylanmoqda. Jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlariga tegishli,
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishi
mumkin bo‘ldi. Bu borada tegishli qonun va hukumat qarori kuchga kirdi.
Hozirda sizning
biror bir ko‘chmas mulkingiz bo‘lsa, u yerdagi faqat bino-inshoot sizga
tegishli, yer esa esa davlatniki. Endilikda o‘zingizga tegishli ko‘chmas mulk
joylashgan yerni davlatdan sotib olish mumkin bo‘ldi.
Siz nafaqat
o‘zingizga tegishli yerlarni xususiylashtirishingiz mumkin, balki elektron
onlaynga chiqariladigan boshqa yer uchastkalarini ham sotib olish imkoniyatiga
egasiz.
Xo‘sh, fuqaro o‘ziga tegishli bino joylashgan yer uchastkasini qanday
xususiylashtiradi?
1-bosqich. Davlat
xizmatlari markazlari (DXM)ga yoki Yagona davlat interaktiv portali (my.gov.uz)
orqali ariza topshiriladi.
2-bosqich. Ariza
qonunchilik me’yorlariga asosan ko‘rib chiqiladi: ya’ni shu bino haqiqatan
sizning nomingizga kadastr qilinganmi, binoni xususiylashtirish shaharsozlik
me’yorlariga mos keladimi, yer uchastkasi bugungi kunda ham reyestrda mavjudmi
– shu kabi jihatlar Kadastr agentligi va Qurilish bo‘limlari tomonidan ko‘rib
chiqiladi.
3-bosqich. Barcha
tekshiruvlardan o‘tgandan keyin, fuqaroga to‘lovni amalga oshirish, ya’ni
xususiylashtirish haqida xabarnoma yuboriladi.
Xususiylashtirish badali qancha?
Xususiylashtirish
to‘lovi ana shu yer uchastkasi uchun hisoblangan yer solig‘ining 20 barobari
miqdorida belgilangan. Bunda mol-mulk solig‘i qo‘shib hisoblanmaydi, aynan yer
uchastkasiga to‘lanadigan soliq hisobga olinadi.
Masalan, agar siz
bir yilda hovlingiz uchun 200 ming so‘m yer solig‘i to‘lasangiz, faqat bir
marta shu summaning 20 barobari miqdorida, ya’ni 4 million so‘m badal to‘laysiz
va yer uchastkasiga nisbatan mulk huquqini qo‘lga kiritasiz.
Shu bilan birga,
yer uchastkasini xususiylashtirish sizni yer solig‘i to‘lashdan ozod qilmaydi.
Yer solig‘ini xuddi avvalgidek to‘lab borishingiz lozim.
Xususiylashtirish
uchun to‘lovni amalga oshirganingizdan keyin o‘sha yer uchastkasiga
bo‘lgan davlat orderi beriladi. Order asosida kadastr
organlari yer uchastkasiga nisbatan mulk huquqingizni davlat ro‘yxatidan
o‘tkazadi.
Yer uchastkalarini
xususiylashtirish mutlaqo ixtiyoriy. Majburan xususiylashtirishga yo‘l
qo‘yilmaydi.
Yer solig‘ining 20
barobarini to‘lab, yer uchastkasini davlatdan sotib oldingiz, bu sizga nima
beradi? xususiylashtirishning foydalariga to‘xtalamiz:
Yerga bo‘lgan mulk huquqiga ega bo‘lasiz.
Deylik, hovlingizning
bir qismini kimgadir hadya qilmoqchisiz yoki yarmini sotmoqchisiz. Yer
uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqi yerni qismlarga bo‘lib sotish imkonini beradi.
Qanchasini kimga sotish mulkdor, ya’ni sizning xohishingiz.
Ikkinchidan, yerni sizdan davlat olib qo‘ya olmaydi, faqat sotib
olishi mumkin. Qonunchilikda davlatga tegishli yerlar yoki boshqa
shaxslar foydalanishida bo‘lgan yerlar olib qo‘yilishi nazarda tutiladi. Mulk
huquqidan boshqa 5ta turdagi huquq asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalari
olib qo‘yilishi mumkin. Siz yeringizga nisbatan mulk huquqini olishingiz bilan
(xususiylashtirish orqali) davlat shunchaki sizga tegishli bo‘lgan yerni olib
qo‘ya olmaydi.
Agar yer
uchastkasi davlatga kerak bo‘lsa, sizdan bozor narxida, shartnoma asosida sotib
olishi mumkin. Sizdan davlat yeringizni kelishilgan narxda sotib olsagina, yer
davlatga o‘tadi. Bu norma kelgusida qanchalik ishlashi mustaqil va adolatli sud
tizimiga bog‘liqligini aytishimiz lozim.
Yeringizni erkin qo‘shish, taqsimlash va ajratish huquqiga ega bo‘lasiz.
Yer uchastkalarini
qo‘shib yuborish, ajratish va qayta taqsimlash mexanizmlari bor. Bu mexanizmlar
yer uchastkasiga mulk huquqi bo‘lgandagina ishlaydi.
Bunda, masalan,
bir nechta mulkdor kelishib, yer uchastkalarini birlashtirgan holda o‘z narxidan
3-4 barobar qimmatga sotishi mumkin.
Yerdan garov sifatida foydalanish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Yerga nisbatan
mulk huquqini olganingizdan keyin undan garov obekti sifatida ham foydalanish
mumkin. Yerni mulk sifatida bankka garovga qo‘yib, ipoteka olish imkoniyati ham
yuzaga keladi.
Bu mavzudagi
boshqa ma’lumotlar “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini
xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun va bu qonunni amalga
oshirish bo‘yicha hukumatning 71-sonli qarorida batafsil keltirib
o‘tilgan.
Madina Ochilova tayyorladi.
kun.uz dan olindi
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
03 03 2022 / 11:54