Rossiya va Ukraina
hukumatlari tomonidan ba’zi turdagi oziq-ovqat mahsulotlari eksportiga taqiq
kiritilishi O‘zbekistondagi narxlarning ham qimmatlashishiga bevosita va
bilvosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Rossiya va Ukraina o‘rtasida yuzaga
kelgan harbiy ziddiyat sabab ushbu mamlakatlardagi iqtisodiy vaziyat nihoyatda
yomonlashib ketdi.
Ukraina hukumatining tegishli qarori bilan go‘sht, suli, javdar, grechka,
shakar, sharbat va tuz eksportiga cheklov joriy
qilindi. Shuningdek, bug‘doy,
jo‘xori, parranda go‘shti, tovuq tuxumi va kungaboqar yog‘i kabi mahsulotlar
eksporti mamlakat iqtisodiyot vazirligining tegishli ruxsatnomasi
bilangina amalga oshiriladi.
Rossiya hukumati ham 14 martdan boshlab Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi
mamlakatlariga bir qancha turdagi donli ekinlar, oq shakar va shakarqamish eksport qilish
bo‘yicha taqiq kiritdi. Xususan, 2022 yilning 30 iyuniga qadar bug‘doy,
arpa, meslin, makkajo‘xori va javdar, 31 avgustga qadar esa shakar eksport
qilish cheklanmoqda. Shuningdek, eksport qilinadigan kungaboqar yog‘i
uchun boj 2022 yilning 1 aprelidan 313 dollargacha oshiriladi.
2021 yilda O‘zbekiston Rossiya bilan 7,51 mlrd dollarlik (import hajmi
5,45 mlrd dollar), Ukraina bilan esa 704 mln dollarlik (import hajmi 472,4 mln
dollar) tashqi savdo aylanmasi qayd
etgan. Ushbu mamlakatlardagi
eksport taqiqlari O‘zbekiston ichki bozoriga qanday ta’sir qilishi mumkin?
Rossiya va Ukrainadan O‘zbekistonga qanday oziq-ovqat mahsulotlari
import qilinadi?
2021 yilda O‘zbekistonga xorijiy mamlakatlardan 2,92 mlrd dollarlik
oziq-ovqat tovarlari import qilingan. Bu asosan Qozog‘iston (34,1 foiz), Rossiya (27,3
foiz), Braziliya (11,2 foiz), Belarus (3,6 foiz) va Ukraina (2,2 foiz)
kabi davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ukrainadan asosan go‘sht (ushbu mamlakatdan umumiy oziq-ovqat
importining 18,4 foizi), shakardan tayyorlangan qandolat mahsulotlari (ulushi
13,4 foiz), o‘simlik yog‘i (ulushi 12,6 foiz), kakao va undan tayyorlangan
mahsulotlar (ulushi 11,6 foiz) import qilingan.
Rossiya esa o‘simlik yog‘i (ulushi 26 foiz), margarin (ulushi 10,8
foiz), kakao va undan tayyorlangan mahsulotlar (ulushi 10,5 foiz), spirsiz
ichimliklar (4,6 foiz), qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari (ulushi 4,3
foiz), sut mahsulotlari (ulushi 2,2 foiz) va go‘sht (ulushi 1,2 foiz) kabi
tovarlar importida salmoqli ulushni egallagan.
Belarusdan esa go‘sht (ulushi 79 foiz), sut va sut mahsulotlari (ulushi
12,1 foiz) import qilingan.
Ushbu mamlakatlarda cheklovlar joriy qilingani yoki ehtimoliy
kuchaytirilishining O‘zbekistondagi go‘sht, shakar, o‘simlik moyi va don
mahsulotlari narxlariga ta’sirini ikki xil omil bilan baholash mumkin.
O‘zbekistonga don mahsulotlari va un asosan Qozog‘istondan import
qilinadi. Gazeta.uz ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda Qozog‘istondan O‘zbekistonga don
mahsulotlari yetkazib berish hajmi 648,3 mln dollarni (umumiy don importining
97,9 foizi), un yetkazib berish esa 92,9 mln dollarni (umumiy importning
97,2 foizi) tashkil qilgan.
Don mahsulotlari
Don mahsulotlari importida Rossiyaning ulushi juda kam bo‘lsa-da, bu
boshqa omil bilan xarakterlanadi. Eldala.kz ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda Qozog‘istonda g‘alla
hosili me’yordan taxminan chorak baravarga (odatiy yillardagi 20-22 mln
tonna o‘rniga 16 mln tonna) kam bo‘lgan. Bu esa bug‘doy eksportini boj yoki
kvotalar orqali cheklash haqida takliflar yangrashiga sabab ham bo‘ladi. Ammo
Rossiyadan Qozog‘istonga katta miqdorda bug‘doy eksport qilinishi (YeOII
doirasida tovar yetkazib berishda eksport bojlari olinmasligi hisobiga ham
Rossiyadan import qilish narxlarni qimmatlashtirmaydi) mamlakat ichki bozorini
sezilarli darajada qo‘llab-quvvatlagan. Raqobat vujudga kelishi narxlarning
barqarorligini ta’minlagan va Qozog‘istonda yetishtirilgan don mahsulotlarining
bir qismi Markaziy Osiyo davlatlariga (xususan, O‘zbekistonga) eksport
qilingan.
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil yakuniga qadar 2 mln 771 ming tonna bug‘doy
doni va 357,7 ming tonna un xususiy sektor tomonidan asosan Qozog‘istondan
import qilingan hamda 26,8 ming tonna bug‘doy doni (Tojikistonga hamda Qirg‘izistonga)
va 949,1 ming tonna un (1 mln 265 ming tonna bug‘doy hisobida) Afg‘onistonga
eksport uchun yo‘naltirilgan. Rossiyada don mahsulotlari eksportiga taqiq joriy
qilinishi esa Qozog‘iston ichki bozorida talabning ortishiga, narxlarning
nisbatan oshishiga va eksport qisqarishiga (yoki narxlari oshishiga) olib
kelishi mumkin. Bu esa O‘zbekistondagi don mahsulotlari va un bahosiga bevosita
ta’sir o‘tkazadi. Shuningdek, Rossiyaga qarshi kiritilgan iqtisodiy sanksiyalar
fonida don narxi jahon bozorida keskin ko‘tarilib ketdi. Chunki Rossiya
dunyodagi eng yirik bug‘doy eksportchisi (jahon savdosining deyarli 20 foizi)
hisoblanadi.
Bundan tashqari, tabiiy gaz narxlari oshishi hisobiga mineral o‘g‘itlar
narxi qimmatlashishi ham don mahsulotlari narxiga (mahsulotni yetishtirish
tannarxi oshishi) ta’sir o‘tkazadigan omillardan yana biri bo‘lishi mumkin.
Go‘sht va shakar
O‘zbekiston tashqi bozorlardan katta miqdorda go‘sht va shakar import
qilmaydi va ushbu mahsulotlarga bo‘lgan ichki ehtiyoj mahalliy ishlab chiqaruvchilar
tomonidan ta’minlanadi. Ammo ushbu mahsulotlar narxlarining qimmatlashishiga
ham bir qancha omillar sabab bo‘lishi mumkin.
Xususan, o‘tgan yilda «Angren shakar» MChJ va «Xorazm shakar» MChJ
korxonalari tomonidan 595,5 ming tonna shakar ishlab
chiqarilgan bo‘lsa,
2021 yilning yanvar-noyabr oylarida 23,2 ming tonna shakar xorijdan import qilingan.
Shu bilan bir qatorda, o‘tgan yil yakuniga qadar 620 ming tonna shakar
xomashyosi Braziliyadan import qilingan, ya’ni mahalliy ishlab chiqaruvchilar
ham tayyor mahsulot uchun xomashyoning asosiy qismini xorijdan eksport qiladi.
Shu nuqtayi nazardan, quyidagi ikki omil shakar narxlariga ta’sir ko‘rsatishi
mumkin:
Birinchidan, G‘arb davlatlarining sanksiyalari sababli O‘zbekistondan
olisda joylashgan Braziliyadan xomashyo import qilishdagi logistika xarajatlari
oshadi. Ayni vaziyatda yuk tashish sanoati jiddiy muammolarga duch kelmoqda.
Ikkinchidan, neft va gaz narxi oshishi bevosita shakar, makkajo‘xori va
ayrim o‘simlik moylari narxi oshishiga olib keladi. Qanday qilib neft
shakar narxiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin? Savolga javob juda oddiy – bioetanol
orqali. Neft qanchalik qimmat bo‘lsa, bioetanol ishlab chiqarish shunchalik
foydali bo‘ladi va yetishtirilgan shakarqamish hajmi bioetanol ishlab
chiqarishga yo‘naltiriladi va shakar hamda ozuqa ishlab chiqarish uchun ular
shuncha kam taklif qilinadi.
Statistikaga ko‘ra, go‘sht mahsulotlari ham asosan O‘zbekistondagi
mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetishtiriladi. Narxlarning
qimmatlashishiga arpa, bug‘doy va boshqa chorva ozuqalarining qimmatlashishi va
Qozog‘iston tomonidan chorva mollari eksportiga taqiqlar joriy qilingani ta’sir
o‘tkazishi mumkin.
O‘simlik yog‘i
O‘zbekiston iste’mol bozorida o‘simlik yog‘iga bo‘lgan yillik
ehtiyojining (475 ming tonna) o‘rtacha 45 foiz qismi import hisobidan qoplanadi. Kungaboqar yetishtirish bo‘yicha dunyodagi eng
yetakchi mamlakatlar esa aynan Ukraina va Rossiya (mos ravishda 1-va
2-o‘rinlarda turadi). Ushbu mamlakatlarda bojlar oshirilishi va ma’lum
cheklovlar o‘rnatilishi esa O‘zbekiston ichki bozorida o‘simlik yog‘i
narxlariga ta’sir qilish ehtimoli juda yuqori.
Xususan, 2021 yil birinchi choragida eksport qilishdagi muammolar sabab
o‘simlik yog‘i narxi keskin qimmatlab ketgandi. Shundan so‘ng narxni barqaror
saqlash maqsadida ushbu mahsulot vaqtinchalik muddatga qo‘shimcha qiymat
solig‘idan ozod ham qilingan.
Hozirgi holatdan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, Ukraina hududidan
va Boltiqbo‘yi davlatlari portlaridan keyinchalik Rossiya hududi bo‘ylab
tranzit holda O‘zbekistonga yetib keladigan ko‘plab turdagi mahsulotlar bahosi
qimmatlashadi. Shuningdek, Rossiya orqali eksport qilinadigan ba’zi
mahsulotlarimizni xalqaro bozorga yetkazib berishda ma’lum muammolarga ham duch
kelinishi mumkin.
Avvalroq, Qishloq xo‘jaligi vazirligi respublikada aholi va korxonalar
talabini uzluksiz, yetarli miqdorda va barqaror narxlarda bug‘doy, un, shakar
mahsulotlari bilan ta’minlash hamda ichki bozorlarda narxlar keskin
o‘zgarishining oldini olish to‘liq ta’minlangani haqida xabar
bergandi.
Doston Ahrorov
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
18 03 2022 / 14:27