O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 mart kuni iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
–
Koronavirus pandemiyasi paytida hamma sohalarni og‘ir sharoitdan olib chiqish
bo‘yicha qarorlar qabul qilganimiz o‘z natijasini berdi. Hozirgi vaziyatda ham
xavf-xatarlarni oldindan ko‘ra bilishimiz kerak. Dunyoda bo‘layotgan voqealar
natijalarga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi uchun aniq chora-tadbirlarni belgilab
olishimiz zarur. Ayniqsa, tadbirkorlarga yengillik yaratib, har tomonlama
qo‘llab-quvvatlashimiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Shundan
kelib chiqib, yig‘ilishda iqtisodiyot rivojining bugungi holati tahlil qilindi
va qo‘shimcha choralar belgilandi.
Iqtisodiy
taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi
savdo vazirligiga tadbirkorlar bilan kunlik muloqot o‘rnatib, ularning
loyihalari, ishlab chiqarish faoliyati, eksport-import amaliyotlariga
ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Tarmoq va
hududlarda kunlik monitoring o‘rnatib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan
xatarlarning oldini olish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish vazifasi qo‘yildi.
Tadbirkorlik sub’ektlariga aylanma mablag‘alarini to‘ldirishi uchun revolver
kredit berish tizimini yanada soddalashtirish zarurligi aytildi.
Prezidentimiz
eksport masalasiga ham to‘xtalib, eksportchi korxonalarning transport-logistika
masalalarini hal qilib borish, ularning transport xarajatlarini qisman qoplash
amaliyotini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Ma’lumki, bugungi kunda dunyoda
oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishda muammolar kuzatilmoqda hamda ularning
narxi sezilarli oshmoqda. Shu bois, Vazirlar Mahkamasiga ichki bozorda narxlar
barqarorligini ta’minlash, bug‘doy, o‘simlik yog‘i, shakar va boshqa oziq-ovqat
mahsulotlarini import qiluvchi tadbirkorlarga ko‘maklashish orqali aholi
talabini qondirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi. Shuningdek,
inflyatsiya darajasini kamaytirish va uning maqsadli ko‘rsatkichlarga tezroq
qaytishini ta’minlash Hukumatning asosiy vazifasi ekani yana bir bor qayd
etildi.
Markaziy bankka tashqi valyuta
bozoridagi noaniq vaziyatni inobatga olgan holda, ichki valyuta bozori
barqarorligi va almashuv kursi moslashuvchanligini ta’minlashda ehtiyotkorona
yondashuvni qo‘llab borish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda ichki valyuta
bozoridagi holatni kunlik kuzatib, tadbirkorlarni, umuman, xalqimizni joriy
vaziyat, kutilayotgan o‘zgarishlar va ko‘rilayotgan choralar haqida xabardor
qilish kerakligi ta’kidlandi.
UzAdan
olindi
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
24 03 2022 / 10:29