1 iyundan boshlab, g‘allani
davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tiladi. Bu islohot
iqtisodchilarning olqishiga, g‘alla yetishtiruvchi fermerlarning quvonchiga
sabab bo‘ldi. Boshqa tomondan, qolipli non (“buxanka”) narxi masalasi o‘rtaga
chiqdi. Kun.uz muxbiri mavzu yuzasidan savollarga Moliya vazirligi departament
rahbari To‘lqin Mirzayevdan javob oldi.
— To‘lqin aka, dastlab g‘alla islohotining
eng asosiy jihatlari haqida gapirsangiz. Nega u shu paytgacha kechiktirib
kelingan? Fermerlar boshiga solingan qiyinchiliklarni bugun qandaydir shaklda
kompensatsiya qilish haqida ham o‘ylanyaptimi?
— Islohot kechiktirilmagan. Bu borada
hukumat harakatlarni 2018-19-yillarda boshlagan edi. Masalan, pandemiyaga qadar
biz qolipli non va unning narxini birjaga – erkin savdoga chiqarib, hatto
bug‘doyning narxini ham erkinlashtirgan edik.
O‘sha paytlarda ba’zi fermerlar bizga
qo‘ng‘iroq qilib: “Korxonaga don olib keldim, lekin ular olishdan bosh
tortishyapti”, degan savollarni ham qo‘ygandi. Nega? Chunki o‘sha paytda bozor
erkinlashtirilib, bug‘doyga erkin bozor narxi qo‘yilgandi. Fermer bunda
g‘allani davlatga topshiradi va ikki kunda pulini oladi. Bozorda esa uni 10
kun, 1 oy yoki ikki oyda sotadi.
2020 yilda esa bizga pandemiya kirib
keldi. Pandemiya ilk kirib kelgan paytda uning iqtisodiyotga, aholining
ijtimoiy holatiga olib keladigan zararini baholab bo‘lmasdi.
Masalan, hamma eslaydi, o‘sha paytlarda
ko‘chalarda hattoki mashinalar harakati ham to‘xtab qolgandi. Bunday paytda
aholini un va non bilan ta’minlash uchun reformani vaqtincha to‘xtatib
turgandik.
Bunda, shuningdek, vaziyatdan kimlardir
o‘z qing‘ir maqsadlari yo‘lida foydalanmasin, degan maqsadlar ham ko‘zlangandi.
Bu chora pandemiya boshida – 3-4 oy
davomida o‘z samarasini berdi. Ammo karantin qoidalari yumshatilar ekan, uning
samarasi ham tushib boshladi. Chunki bu bozor va uni to‘la boshqarolmaysiz.
Vaqt va bozor ko‘rsatyaptiki, biz
cheklovlar bilan bir tomondan fermerning daromadini kamaytirib, uni qiyin
ahvolga tushirib qo‘yyapmiz. Ikkinchi tomondan esa aholiga non va un
mahsulotlari baribir davlat o‘ylagan narxda yetib bormayapti.
Hech kimga sir emas, xalq tilida “buxanka”
deyiladigan qolipli nonni Toshkent shahridan tashqarida, masalan, Chinoz yoki
Yangiyo‘lda 1 ming 600 so‘mdan topolmaysiz. Bu non viloyatlarda haqiqiy bozor
narxida sotilyapti.
Shu ma’noda, bu islohotning to‘xtab
turishiga ma’lum ma’noda pandemiya sabab bo‘ldi.
— Davlatning fermerlar oldidagi ma’naviy
qazdorligi masalasi-chi?
—Biz o‘tgan yili bug‘doyning 1 tonnasini
fermerlardan 1 mln 650 ming so‘mdan olgandik, ammo ularning moliyaviy ahvoli
yomonlashganini ko‘rib, yil oxirida tonnasiga yana 350 mingdan kompensatsiya
to‘lab berdik. Bu birinchi qadam bo‘ldi.
Bu yildan esa fermerlar bug‘doyni birjada
to‘liq bozor narxida sotadi. Bu degani endi ularning erkinligi to‘liq
ta’minlanadi.
— O‘tgan yili fermerlarga bug‘doyning bir
kilogrammi uchun 1 500 – 1 600 so‘mdan to‘langan. Bu yilgi o‘zgarishdan keyin
ichki bozorda non mahsulotlari narxida qanday o‘zgarishlar kuzatiladi?
— Haqiqatan ham, biz bu yil bug‘doy
narxining o‘tgan yilga qaraganda 2 barobar oshishini kutyapmiz. Bu deganiki,
boshqa narxlarda ham o‘zgarish kuzatiladi. Lekin mutaxassislarimizga ko‘ra,
buning natijasi faqat Toshkent shahrida sezilishi mumkin. Chunki bugun qolipli
non 1 600 so‘mdan faqat Toshkent shahrida sotilyapti. Boshqa hududlarda uning
narxi 1 800 so‘mdan 2 900 so‘mgacha.
Bu narxlar o‘sha yerda non ishlab
chiqarayotgan korxonaning texnologik imkoniyati va bozordagi talabga qarab
belgilanmoqda. Agar iste’molchi mahsulotni bu narxda olmasa, ishlab chiqaruvchi
ham sotolmaydi. Toshkent shahrida esa bu nonga talab katta. Shuning uchun ham
narxlar shunday saqlanib qolyapti.
Ammo yana shuni qo‘shimcha qilish kerakki,
biz bu o‘zgarishlarni bugun yo ertaga kutmayapmiz. Hali qachonki, biz bug‘doyni
iyun oyidan boshlab birjada sotishni boshlasak, undan keyin narxlar ma’lum
bo‘ladi. Bunda narxlarning aniq qanday o‘zgarishini aytish qiyin. Hammasini
tadbirkorlar o‘rtasidagi raqobat, talab va taklif belgilaydi.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video
orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi
— Mirvohid Mirrahimov.
kun.uzdan olindi
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
06 06 2022 / 10:09