Muqobil energiya
uskunasini o‘rnatgan aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha
mutlaqo yangi tizim joriy etiladi. Muqobil energiya uskunalarini o‘rnatish
istagida bo‘lgan aholi va tadbirkorlar bu imkoniyatlardan foydalanishi uchun
biron-bir idoraga borishga majbur bo‘lmaydi. Barcha hujjatlar uskuna xarid qilinadigan joyning o‘zida hal bo‘ladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida
iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va ijtimoiy soha ob’yektlarida qayta tiklanuvchi
energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga
bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
“Nima uchun ushbu yig‘ilishni o‘zim o‘tkazayapman?
“Inson qadrini ulug‘lash” yilida har bir fuqaromizning xonadonida yaxshi
yashashiga sharoit yaratishimiz zarur.
Bir narsani aniq tushunish kerak. Bir yilda
O‘zbekistonda 10 milliard dollarlik elektr va gaz iste’mol qilinadi. Agar
buning 10 foizini iqtisod qilishni o‘rgansak, bu 1 milliard dollarni boshqa
ehtiyojlar uchun sarflashimiz mumkin.
Hokim va vazirdan tortib,
mahalla raisigacha barcha darajadagi rahbarlar bu masalaning qanchalik
muhimligini tushunayaptimi, bu borada o‘zining mas’uliyatini his qilayaptimi,
degan savollar meni juda qiynaydi. Qaysi vazir yoki uning o‘rinbosari hisob-kitob
qilib, energiya sarfini qisqartirish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatdi? Ular o‘zi
nima uchun oylik olayapti?”, dedi davlat rahbari yig‘ilish avvalida.
Yig‘ilishda so‘nggi yillardagi islohotlar natijasida
aholining elektr ta’minotidagi uzilishlar ancha qisqargani qayd etildi. Lekin,
kuz-qish mavsumida aholining gazga bo‘lgan ehtiyoji keskin oshishi sababli
barcha yuklama elektr tarmoqlariga tushmoqda. Hozirgi kunda aholining kamida
2-3 milliard kilovatt soat elektr energiyasiga qo‘shimcha talabi mavjud. Kelgusi
besh yilda esa bu ehtiyoj yana 10 milliard kilovatt soatga oshadi. Bunday
vaziyatda eng samarali yo‘l – muqobil energiyadan foydalanishni
ko‘paytirish. Bu borada 2019 yilda alohida jamg‘arma tashkil qilinib,
aholiga byudjetdan subsidiya berish tizimi joriy etildi.
Lekin birorta viloyat, tuman va shahar hokimida yoki
vazirda o‘z tizimidagi tashkilotlarda energiya iste’moli, uni tejash, muqobil
energiya uskunalarini o‘rnatish bo‘yicha hisob-kitob yo‘qligi, ular joriy
qilingan subsidiya va kompensatsiyadan o‘z tarmog‘i yoki hududida foydalanish
bo‘yicha jon kuydirmagani tanqid qilindi.
Prezident ushbu masala umummilliy ahamiyatga egaligini
qayd etib, muqobil energiya uskunasini o‘rnatgan aholi va tadbirkorlarni
qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy etilishini ta’kidladi.
Bunda, aholi va tadbirkorlarga:
- o‘rnatilgan quyosh va shamol elektr uskunalari uchun
quvvatiga qarab 15 million so‘mgacha, suv isitish qurilmasi uchun esa 2 million
so‘mgacha kompensatsiya to‘lanadi;
- yoki uskuna qiymatini 3 yil ichida foizsiz
bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Ushbu tizim Energetika vazirligining maxsus
jamg‘armasi orqali joriy etilishi belgilandi. Muqobil energiya uskunalarini
o‘rnatish istagida bo‘lgan aholi va tadbirkorlar bu imkoniyatlardan
foydalanishi uchun biron-bir idoraga borishga majbur bo‘lmaydi. Barcha
hujjatlar uskuna xarid qilinadigan joyning o‘zida hal bo‘ladi.
Buning uchun:
- jamg‘arma mahalliy ishlab chiqaruvchilar hamda
hududlardagi sotuvchilar bilan hamkorlik shartnomalarini tuzadi;
- ishlab chiqaruvchilarning aholi va tadbirkorlarga
uskunalarni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga berish xarajatlari jamg‘arma tomonidan
qoplab beriladi;
- jamg‘armaga 100 mlrd so‘m ajratiladi, ishlatishiga
qarab yil yakuniga qadar yana 100 mlrd so‘m beriladi;
- jamg‘armaning elektron portali ishga tushirilib,
barcha jarayonlar to‘liq raqamlashtiriladi.
Mutasaddilarga tizimni 1 sentyabrdan amaliyotga joriy
qilish topshirildi.
Viloyat hokimlari oldiga joriy yilda “daftarlar”ga
kirgan kamida 5 mingta oilani, kelgusi yilda yana 10 mingtasini suv
isitish qurilmasi bilan ta’minlash choralarini ko‘rish vazifasi
qo‘yildi.
Yig‘ilishda tizimni “Yangi O‘zbekiston” massivlarida
qurilayotgan 620 ta ko‘p qavatli uy-joylarda joriy etish masalasiga to‘xtalib
o‘tildi. Masalan, Kitob tumani “Yangiobod” massividagi jami 96 ta
xonadonga ega 4 ta ko‘p qavatli uyda quyosh panellarini o‘rnatish hisobiga
yiliga 100 ming kilovatt soat elektr energiyasi iqtisod qilinmoqda.
Bu tajribani Navoiyda barpo etiladigan 2 ta “Yangi
O‘zbekiston” massivida jami 620 ta xonadonli 26 ta ko‘p qavatli uylar, 8 ta
bog‘cha, maktab va poliklinikada joriy qilish rejalashtirilgan. Ularda quyosh
suv isitish tizimlari hisobiga 4 million kilovatt soat elektr iqtisod qilish
mumkin. Bu – yiliga 2 milliard so‘m degani.
Viloyat hokimlariga “Obod qishloq” va “Obod mahalla”
dasturlari doirasida ko‘chalarni yoritish uchun faqat muqobil energiya
uskunalari o‘rnatishni nazarda tutish topshirildi.
Yig‘ilishda ijtimoiy soha ob’yektlarida ham
bosqichma-bosqich muqobil energiya uskunalarini o‘rnatish muhimligi
ta’kidlandi. Mutasaddilarga kelgusi yil Investitsiya dasturi
mablag‘larining kamida 15 foizini shunday qurilmalarni o‘rnatishga
yo‘naltirish topshirildi.
Bunda, yil yakuniga qadar 2 107 ta bog‘chada, 1 ming
maktabda, 1 071 ta oilaviy shifokor punkti, poliklinika va shifoxonalarda, 1
ming mahallada tashkil etilayotgan yangi tibbiyot punktlarida, 200 ta sanatoriy
va boshqa dam olish maskanlarida quyosh elektr panellari va suv isitish
qurilmalari o‘rnatiladi.
Shu bilan birga, 2023 yildan:
- savdo-ko‘ngilochar komplekslar, madaniyat va
istirohat bog‘lari, restoranlar, mehmonxonalar;
- supermarketlar, do‘konlar, bozorlar, savdo
omborlari;
- avtomobillarga gaz va yoqilg‘i quyish stansiyalari;
- aeroport, temir yo‘l va avtobus vokzallari;
- xususiy ta’lim va tibbiyot tashkilotlari;
- tijorat banklari va ularning filiallari kamida 25
foiz issiq suv iste’moli va tashqi yoritishni muqobil energiya hisobidan
qoplash talabi kiritiladi.
Mendeleyev nomidagi kimyo-texnologiya universitetida
100 kilovatt quvvatli quyosh elektr uskunasi o‘rnatilib, yiliga 200 ming
kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda, 36 ta suv isitish qurilmasini
o‘rnatish hisobiga yiliga 4,2 million kilovatt soat yoki qariyb 2 milliard
so‘mlik elektr energiyasi tejalmoqda. Oliy ta’lim vazirligiga ushbu tajribani
barcha oliygohlarda 2022 yilning o‘zida joriy qilish topshirildi.
Prezident vazirlik va idora, hokimlik, mahalla
binolarini ham muqobil energiyaga o‘tkazish vaqti kelganini ta’kidladi.
Vazirlik va idoralarda elektr va issiqlik energiyasi xarajatlarini
kamida 25 foizga qisqartirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish
topshirildi.
Moliya vazirligi:
- davlat idoralarida energiya resurslari iste’moli
bo‘yicha normativlarni ishlab chiqadi;
- yil yakuni bilan xarajatlarni kamaytirmagan
rahbarlarga nisbatan chora ko‘rish bo‘yicha taklif kiritadi;
- xorijiy konsultantlarni jalb qilib, barcha iqtisodiyot tarmoqlari va
ijtimoiy ob’yektlarda Energiya tejamkorlik milliy dasturini ishlab chiqadi.
Yig‘ilishda shular bilan birga:
- barcha viloyat, tuman (shahar) ichki ishlar
boshqarma va bo‘limlarida hamda jazoni ijro etish muassasalarida;
- barcha tuman soliq inspeksiyalari va viloyat soliq
boshqarmalarida;
- barcha viloyat, tuman va shahar prokuraturalari,
Bosh prokuratura Departamenti va Majburiy ijroning boshqarma va bo‘limlarida;
- barcha viloyat, tuman va shahar adliya idoralari,
davlat xizmatlari markazlari, FHDYo bo‘limlarida;
- barcha viloyat, shahar va tuman moliya, g‘azna,
pensiya idoralari, sug‘urta tashkilotlarida;
- kamida 1 mingta mahalla idorasi binolarida muqobil
energiya qurilmalarini o‘rnatish vazifasi qo‘yildi.
Bugungi yig‘ilishda belgilab berilgan chora-tadbirlar
hisobiga joriy yilning o‘zida muqobil energiya manbalari
qurilmalarining qo‘shimcha 1 trillion so‘mlik bozori yaratiladi. Shu
munosabat bilan har bir viloyatda kamida 1 tadan shunday qurilmalarni ishlab
chiqarish quvvatlarini tashkil etish lozimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda hududlarda mikro va kichik GESlar qurish
uchun maydonlar belgilanib, jami 56 megavattli 200 ta loyiha ishlab chiqilgani
ta’kidlandi (yiliga 180 ming kilovatt soat elektr ishlab chiqariladi). Bunda:
- 500 kilovattgacha bo‘lgan GESlarda ishlab
chiqarilgan elektr energiyasining boshlang‘ich xarid narxi tadbirkorlar uchun
jozibador tariflarda belgilanadi;
- loyiha uchun yer uchastkasi auksion g‘olibiga uzoq
muddatli ijaraga beriladi.
Shu bilan birga, 1 megavattgacha quyosh va
shamol, 5 megavattgacha mikroGESlarning ortiqcha elektr energiyasi kamida 10
yil davomida davlat tomonidan kafolatli xarid qilinadi. Yil
yakuniga qadar Andijon viloyatida 15 ta, Namanganda 10 ta, Qashqadaryo,
Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida 6 tadan, Samarqand, Sirdaryoda 2 tadan,
Buxoro, Jizzax, Farg‘onada 1 tadan loyihani boshlashga ko‘rsatma berildi. Umuman,
mamlakatimiz gidroenergetika salohiyatini hisob-kitob qilib, xususiy
sheriklik loyihalarini boshlash topshirildi.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
13 06 2022 / 16:20