Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Yuridik shaxs manzilini oʼzgartirish – faqat majburiyatlar bajarilganidan soʼng



Ulashing :


2 martdan tadbirkorlik subʼektlarining yuridik manzili soliq organlari ruxsati bilan oʼzgartiriladi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi PF-6098-son Farmoni bilan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash hamda soliqlarni toʼlashdan boʼyin tovlashning turli xil sxemalariga chek qoʼyish boʼyicha mutasaddi vazirlik va idoralarga aniq vazifalar belgilab berildi.

Oʼtkazilgan oʼrganish va tahlil natijalari tadbirkorlik subʼektlari oʼrtasida soliq toʼlashdan qasddan boʼyin tovlashning hududdan hududga koʼchish yoki boshqa subʼektga qoʼshilish kabi sxemalari bugungi kun amaliyotida juda keng tarqalganligini koʼrsatdi.

Shu munosabat bilan, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 dekabrdagi 763-son qaroriga asosan, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 9 fevraldagi 66-son qarorining 1-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan “Tadbirkorlik subʼektlarini davlat roʼyxatidan oʼtkazish tartibi toʼgʼrisida”gi nizomga oʼzgartirishlar kiritildi.

Unga muvofiq, endilikda bajarilmagan soliq majburiyati mavjud tadbirkorlik subʼektlarining yuridik manzilini oʼzgartirish bilan bogʼliq qayta roʼyxatdan oʼtishi soliq organining elektron xulosasi asosida amalga oshirilishi belgilab qoʼyildi.

Bunda, soliq organlari tomonidan tadbirkorlik subʼektlarining majburiyatlari bajarilishi quyidagi mezonlar asosida tekshiriladi:

1) bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari (73,5 mln. soʼm)dan ortiq soliq qarzi mavjudligi

2) amalga oshirilgan tovar aylanma hajmining soliq hisobotlarida toʼliq aks ettirilganligi

3) tovarlar importi boʼyicha realizatsiya hajmining soliq hisobotlarida toʼliq aks ettirilganligi

4) soliq hisobotlari belgilangan muddatlarda topshirilganligi

Аgar, tadbirkorlik subʼekti ushbu mezonlar boʼyicha soliq majburiyatini bajargan deb topilsa, qayta roʼyxatdan oʼtkaziladi.

Soliq majburiyati bajarilmaganligi sababli koʼchishga ruxsat etilmagan subʼektlar soliq majburiyatlarini toʼliq bajargandan soʼng manzilini oʼzgartirish bilan bogʼliq qayta roʼyxatdan oʼtish boʼyicha Davlat xizmatlari markazlariga takroran murojaat qilish huquqi ega.

Eslatib oʼtamiz, ushbu tartib 2021 yil 2 martdan boshlab kuchga kiradi.

DSQ Matbuot xizmati


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

12 02 2021 / 15:52