Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari ulkan istiqbolga ega



Ulashing :



XXR siyosiy hayotidagi yirik voqea – Xitoy Kommunistik partiyasining XX s’ezdi arafasida mamlakatning bosh matbuot organi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligining yaqin hamkori, yer yuzi bo‘ylab 4 million nusxada, 14 tilda nashr etiladigan «Jenmin jibao» gazetasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning ilg‘or diplomatik tashabbuslari hamda O‘zbekiston va Xitoy munosabatlariga bag‘ishlangan maqola chop etildi.

Ayni shu mavzuda Xitoyda ingliz tilida yuz ming nusxada chop etilib, o‘nlab mamlakatlarga tarqatiladigan «Global Times» gazetasi muxbirining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti xalqaro masalalar bo‘yicha prorektori, taniqli davlat va jamoat arbobi, diplomat, atoqli olim, professor Saidmuxtor Saidqosimov bilan intervyusi ham e’lon qilindi.

Suhbat Xitoy Kommunistik partiyasining 20-milliy qurultoyidan nimalar kutilayotgani, ushbu siyosiy tadbir dunyo uchun qanday ahamiyat kasb etishiga doir mulohazalar bilan boshlanib, Xitoy - O‘zbekiston munosabatining joriy holati, istiqboliga ulanib ketadi.

– Xitoyning taraqqiyoti, istiqboldagi rejalari, dunyodagi eng yirik davlatlarning biri sifatidagi kelajagi, tabiiyki, butun dunyoda katta qiziqish uyg‘otmoqda, – deydi Saidqosimov. – Shu jihatdan, an’anaga ko‘ra, Xitoyning asosiy siyosiy kuchi – mamlakat Kommunistik partiyasi Milliy qurultoyida kelajak uchun davlatning ichki va tashqi siyosati bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda. Binobarin uzoq muddatli istiqbolda ushbu voqea butun dunyo siyosiy markazlari, ekspertlari va tadqiqotchilari e’tiborini tortadi.

Ushbu yirik tadbir butun dunyoda vaziyat anchayin xavotirli, turli mintaqalarda jiddiy inqiroz, har xil nizolar kuzatilayotgan juda og‘ir va murakkab bir davrda bo‘lib o‘tayotgani ahamiyatli. Xalqaro iqtisodiy va savdo aloqasidagi uzilish tufayli ko‘plab mamlakatlarda ommaviy ochlik, qashshoqlik xavfi yuzaga kelgan. Bu holat pandemiyaning og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy oqibati, sayyoramizdagi keskin iqlim o‘zgarishining ekologik asorati bilan qo‘shilib, tobora kuchayib borayotgan energiya inqirozi natijasida, hatto, eng rivojlangan mamlakatlarda ham ommaviy ijtimoiy qo‘zg‘alish xavfini paydo qilmoqda. Borgan sari keskinlashib borayotgan bunday vaziyatda butun dunyo, tabiiyki, XKP navbatdagi Milliy qurultoyi ishining borishini diqqat va qiziqish bilan kuzatib, nafaqat mahalliy, balki global muammolarni hal etish bo‘yicha yangi, konstruktiv takliflar kutmoqda, deydi sobiq diplomat.

Uning ta’kidlashicha, birinchi navbatda harbiy va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mintaqalarda barqarorlikka erishish, urushayotgan tomonlar o‘rtasidagi qarama-qarshilikda yadro qurolidan foydalanishga olib boradigan real xatarning oldini olish muammosi hal etilishi kerak.

S.Saidqosimov ikki yurt rtasidagi munosabatga to‘xtalarkan, O‘zbekiston Xitoydagi barcha o‘zgarishlarni do‘st davlat, ishonchli strategik sherik sifatida diqqat bilan kuzatib borayotganiga urg‘u bergan. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy bilan munosabatga alohida e’tibor qaratayotgani e’tiborga molik.

Prezident Mirziyoyev bir necha bor ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Xitoyning har tomonlama ijtimoiy adolatga erishish, tobora ko‘proq aholini qashshoqlikdan olib chiqish va o‘rta sinfni ko‘paytirish, shu orqali umumbashariy farovonlik va tenglikka erishish borasidagi tajribasiga jiddiy qiziqish bildiradi.

O‘zbekiston “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi butun Yevroosiyo qit’asida transport infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan misli ko‘rilmagan rejani yuksak qadrlaydi va qo‘llab-quvvatlaydi, deydi professor Saidqosimov.

U O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatning darajasi va xususiyatiga baho berarkan, jumladan, shunday deydi: Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning yaqindagina amalga oshirilgan, xalqlarimiz hayotida tarixiy voqeaga aylangan O‘zbekistonga g‘oyat muvaffaqiyatli davlat tashrifi o‘zaro munosabatimiz qay daraja mustahkam ekanini ko‘rsatdi. Xitoy yetakchisi ushbu tashrif arafasida “O‘zbek-xitoy munosabatining yorqin kelajagini birgalikda yaratish yo‘lida” sarlavhali maxsus maqolada o‘zaro ko‘p qirrali hamkorlik yuksak qadrlangani chuqur ramziy ma’noga ega. Xitoy rahbarining ushbu chiqishi butun mamlakatda keng munosabat bildirilib, qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.

Si Szinpin yozganidek, “Xitoy va O‘zbekiston buyuk tamaddunga ega qadimiy davlatlar. Buyuk ipak yo‘li xalqlarimizning 2000 yildan ziyod vaqt davomidagi do‘stona aloqalaridan darak beradi. O‘zbekiston - Markaziy Osiyoning qoq yuragida joylashgan yirik davlat. Alohida ta’kidlash kerak, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘zbek xalqi Yangi O‘zbekistonni barpo etish sari buyuk yo‘lga tushib oldi. Turli sohalardagi islohotlar va taraqqiyot sur’ati jadal tus oldi. Mamlakat mutlaqo yangi qiyofaga ega bo‘ldi, munosib hayot sharoiti yaratilmoqda, respublikaning xalqaro maydondagi mavqei sezilarli ravishda mustahkamlandi. Samimiy do‘st va har tomonlama strategik hamkor sifatida muvaffaqiyatlaringiz bizni chin yurakdan quvontiradi”.

Darhaqiqat, Si Szinpin ikki davlat hamisha bir-biriga yordam berishini ta’kidlaganida mutlaqo haq. Xitoy va O‘zbekiston ikki tomonlama asosda ham, SHHT va boshqa ko‘p tomonlama platformalar doirasida ham yaqin hamkorlik qilib kelmoqda, tashqi aralashuvga birgalikda qarshi turish, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka va narkotik moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda birga harakat qilmoqda.

O‘zbekiston strategik aloqalarni yuksak qadrlaydi va Xitoyni doimiy ravishda ishonchli hamkor, yaxshi qo‘shni, ishonchli do‘st sifatida ko‘rib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Muvaffaqiyatli o‘tgan O‘zbekiston-Xitoy muzokaralari “Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasining Qo‘shma bayonoti”, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, raqamli iqtisodiyot, yashil rivojlanish, hududlararo ishbilarmonlik aloqalari, axborot va boshqa sohalarda hamkorlikka oid 15 hujjat imzolanishi bilan yakunlandi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi qardoshlikni rivojlantirishdagi ulkan xizmatlari uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinga Oliy darajadagi “Do‘stlik” ordenini topshirgani ham ikki mamlakat munosabati do‘stona muhitda rivojlanayotganidan dalolat.

O‘zbekiston “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining muhim ishtirokchisi. Ushbu yirik tashabbus doirasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi juda samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidlash joiz. Xitoy ko‘p yillardan buyon O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy hamkori mavqeini mustahkam saqlab kelmoqda. Bir qator davlatlararo, hukumatlararo, idoralararo bitimlar sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun zarur huquqiy asos yaratmoqda. Ikki mamlakat kompaniyalari ishtirokida sanoat kooperatsiyasi, infratuzilmani modernizatsiya qilish, transport, farmatsevtika, telekommunikatsiya sohalarida, qo‘shma yuqori texnologiyali sanoat parklari tashkil etish loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Xitoyning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyasi so‘nggi yillarda 10 milliard dollardan oshdi. Muhim qo‘shma loyihalar ilgari surilmoqda. “Xitoy – Markaziy Osiyo” gaz quvurining barcha 4 yo‘lagi O‘zbekiston hududidan o‘tadi. Qamchiq dovoni orqali yurtimizdagi eng uzun temir yo‘l tunneli foydalanishga topshirildi. Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston avtomobil yo‘lagi va Xitoy-Qozog‘iston-O‘zbekiston temir yo‘lining o‘tkazuvchanlik salohiyati e’tirof etilmoqda. Shanxay hamkorlik tashkiloti Samarqand sammiti doirasida O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li qurilishi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi uch tomonlama shartnoma imzolangani tarixiy ahamiyatga ega voqea bo‘ldi. Ushbu loyiha Xitoydan O‘zbekiston orqali Yevropaga va Janubiy yo‘lak orqali Fors ko‘rfazi davlatlariga yuk tashish va ushbu yo‘nalishlarda savdo geografiyasini kengaytirish, O‘zbekistonni ichki davlatdan mintaqadagi muhim kommunikatsiya markaziga aylantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Inchunin, O‘zbekiston Xitoy ko‘magida eksport yo‘nalishlarini sezilarli darajada diversifikatsiya qilmoqda, infratuzilmani modernizatsiya qilmoqda, sarmoya oqimini yangi yo‘nalishlarga burmoqda, salohiyatni oshirmoqda. Madaniy-gumanitar hamkorlik ham faol rivojlanmoqda. Bu muhim sohada san’at festivallari, gala-konsertlar, ko‘rgazmalar, seminarlar va boshqa turli qo‘shma ommaviy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Talabalar almashinuvi, adabiy asarlar tarjimasi va nashri, kinematografiya, teleko‘rsatuvlar tarjimasi va namoyishi, hududlararo aloqa o‘rnatish va kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarida hamkorlik kengaymoqda. Bularning bari xalqlarimizni yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda.

So‘nggi yillarda Xitoy O‘zbekiston uchun 6500 dan ziyod turli kasblar uchun mutaxassislar tayyorlab berdi. Xitoyning 2013 yil boshlangan Xivani arxeologik restavratsiya qilish loyihasi muvaffaqiyatli yakunlanib, qadimiy shaharga yangi ko‘rk bag‘ishladi. Turizm sohasidagi sheriklik jadal rivojlanmoqda. Qadimiy yurtimizning diqqatga sazovor joylarini ziyorat qilish imkoniga ega bo‘lgan xitoylik sayyohlar soni ortib bormoqda.

Mamlakatlarimiz xalqlarning o‘z siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini, mustaqil va demokratik tanlash huquqini, davlatlar suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligini hurmat qilish, tenglik, o‘zaro manfaatdorlik, aralashmaslik tamoyillarini hurmat qiladi.

Xitoy va O‘zbekiston hamjihatlik, mamlakatlar o‘rtasidagi kelishmovchilikni muloqot va maslahatlashuv orqali tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha sa’y-harakatni qat’iy birlashtirishda davom etadi. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Xitoy tomonidan ilgari surilgan xalqaro munosabatlarning yangi turini yaratish va insoniyat taqdiri yo‘lida mushtarak hamjamiyatni barpo etishga qaratilgan “Global xavfsizlik tashabbusi” va “Global taraqqiyot tashabbusi”ni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi, deydi professor Saidmuxtor Saidqosimov.

S.Rahimov, O‘zA


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

19 10 2022 / 14:58