Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Investitsiya dasturini shakllantirish takomillashtiriladi



Ulashing :


Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirish tizimini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, investitsiya dasturlarini shakllantirish, ularni mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy holatiga keskin va ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan loyihalar bilan to‘ldirish, loyihalarni amalga oshirish hamda ular ishga tushirilgandan so‘ng investitsiyadan keyingi monitoring tizimi joriy qilinadi.

Investitsiya dasturi tarmoqlar va hududlarni rivojlantirishning tasdiqlangan konsepsiya va dasturlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida uch yillik davrga shakllantiriladi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Investitsiya dasturini, shu jumladan, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari va boshqa markazlashtirilmagan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxatini shakllantirib boradi, shuningdek, Investitsiya dasturining amalga oshirilishini umumiy monitoring va nazorat qilish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomda Investitsiya dasturini shakllantirish va amalga oshirish tartibi hamda uning mazmuniga qo‘yiladigan talablar, shuningdek, investitsiya dasturining amalga oshirilishini monitoring va nazorat qilish, investitsiya dasturining axborot ta’minoti, investitsiyadan keyingi monitoringini amalga oshirish tartibi aniq belgilab berilgan.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2023 yil 1 yanvardan boshlab Investitsiya dasturini “Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazorat va monitoring qilish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali monitoring qilish tartibiga to‘liq o‘tadi.

2023 yildan boshlab kelgusi yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi loyihasini shakllantirish “Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazorat va monitoring qilish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

O‘zA


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

19 01 2023 / 14:26