Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Tadbirkorlik rivoji – xonadonlarimiz to‘kinligi



Ulashing :


Farg‘ona viloyati Respublikamizning sharqida, vodiyning janubida joylashgan. Shimoldan Namangan, Andijon viloyatlari va janubi-sharqdan Qirg‘iziston, G‘arbdan Tojikiston Respublikalari bilan chegaradosh industrial hudud sanaladi.

Mamlakatimizda Farg‘ona viloyati nafaqat aholi soni eng zich hudud ekani, balki sanoat, oziq-ovqat, neftni qayta ishlash va boshqa nometall mineral mahsulotlar ishlab chiqarish kabi faoliyat turlari bilan iqtisodiyotimiz saldosida salmoqli o‘ringa ega.

Joriy yilning 2 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar iqtisodiyoti, aholi turmush tarzi va hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida Farg‘ona vodiysi hududlariga tashrifining ikkinchi kuni Andijondan Farg‘onaga bordi. Dastlab Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida ko‘plab oilalar farovonligiga sabab bo‘layotgan «Global textile infinity» klaster faoliyatini o‘rganib, ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish uchun istiqbolli takliflarini berdi.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bugungi kunda 4 millionga yaqin aholisi bor Farg‘ona xalqi uchun viloyatda nafaqat davlat tomonidan, balki tinib-tinchimas mehnatkash aholisi evaziga mehnat sharoitlari, munosib turmush tarzi, qolaversa, ijtimoiy masalalarda omilkor yechimlar topilgan.

Shu o‘rinda viloyat iqtisodiyotining ko‘rsatkichlariga nazar tash-lasak, 2022 yilda Farg‘ona viloyat yalpi hududiy mahsulot hajmi joriy narxlarda 55 972,1 milliard so‘mni, 2021 yilga nisbatan 4,6 foizga o‘sishni tashkil etgan. Respublika bo‘yicha yalpi ichki mahsulotni shakl-lantirishda Farg‘ona viloyatining ulushi 6,3 foizga teng bo‘lgan.

Biroq 2022 yilda yangi tashkil etilgan kichik tadbirkorlik sub’ektlari soni 2021 yilga nisbatan 2,5 foizga pasayib, 8 ming 828 tani ko‘rsatdi. Bu pasayish, o‘z navbatida, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning YAHMdagi ulushiga ham ta’sir qildi. Jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning YAHMdagi ulushi 2021 yilda 69,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda 68,9 foizga to‘g‘ri keldi.

Bu tahlillar, joriy yilda viloyatda tadbirkorlik sub’ektlarini jadal tashkil etish bo‘yicha mahallabay ishlash dasturlarini qayta ko‘rib chiqish, tumanlar kesimida yangi tadbirkorlik sub’ektlarini yanada ko‘lamli tashkil qilish, mavjudlarini rivojlantirish, bu orqali, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlarni takomillashtirishni taqozo etadi.

Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari o‘z faoliyatini boshlashi uchun zarur ma’lumotlarni erkin foydalanishga chiqarish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektorga keng yo‘l ochish hamda iqtisodiy munosabatlarda erkin bozor tamoyillarini joriy etishga qat’iy amal qilish ijrosini yanada kuchaytirishni talab etadi.

Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi mamlakatimizda inson qadri va manfaati ustuvor ekanini o‘z ichiga olib, unda oilaviy tadbirkorlikka yanada turtki berish maqsadida moliyaviy ko‘mak ko‘lami kengaytirilishi, 2022 yilda bu yo‘nalishga 10 trillion so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilgani, 2023 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi uchun 12 tril-lion so‘m yo‘naltirilishini bejiz ta’kidlamagan.

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, viloyatda 2022 yili ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari 30 390,5 milliard so‘mni tashkil qilib, respublika sanoatidagi ulushi 5,5 foizga to‘g‘ri keldi. Jon boshiga sanoat mahsulotlari hajmi 7720,3 ming so‘mni tashkil qilgan holda, 2021 yilga nisbatan 2,7 foizga oshgan.

Tanganing ikki tomoni bo‘lganidek, viloyatda bugungi kunda 20 mingga yaqin oila uy-joyga muhtoj, har yili 30 mingdan ziyod yangi oilalar tashkil topishi tufayli uy-joyga bo‘lgan real talab oshib bormoqda. Bundan tashqari, 4-5 ta hududlarda ichimlik suvi ta’minoti darajasi 50 foizdan past, viloyatda kanalizatsiya va issiqlik ta’minoti tizimlari yetarli rivojlanmagan, ichki yo‘llar ta’mirga muhtoj.

So‘nggi olti yilda tadbirkorlik sub’ekttlari faoliyatlari kengayishi, tashkili etilishi sababli viloyatda elektr energiyasi iste’moli 1,3 barobarga oshgan. Iste’molchilar soni kengayishi natijasida elektr tarmoqlari, transformator va podstansiyalarning 30 foizi kapital ta’mirga muhtoj yoki ma’naviy eskirgan.

Ayni paytda, viloyatda ishsizlik muammosi ham mavjud, boz ustiga har yili mehnat bozoriga qo‘shimcha ko‘plab yoshlar kirib kelmoqda. Bundan tashqari, “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftarlari”da ro‘yxatdan o‘tkazilgan oilalar doimiy daromad manbaiga ega emas. Bunday ijtimoiy muammolar davlatimiz rahbari murojaatnomada aytgan “Kambag‘allikni qisqartirishning asosiy omili bu – aholini daromadli ish bilan ta’minlash...”, “2023 yilgi bandlik dasturini tumanlar kesimida puxta ishlab chiqib, tasdiqlash...” islohotlarni keng ko‘lamda amalga oshirishni talab etadi.

Chunonchi Murojaatnomadaaholi bandligini ta’minlashda yana bir katta manba – bu, ziroatchilik ekanini qayd etilib, ikki yil ichida aholiga 200 ming gektardan ziyod yer bo‘lib berilayotgani, bu esa qiyosan Samarqand viloyatining jami paxta va g‘alla maydonidoniga teng ekani qayd etilgan edi. Ishsizlik muammosini yechishda har bir viloyat uchun davlat tomonidan berilayotgan bu imkoniyatlar oziq-ovqat xavsizligini ta’minlashdagi asosiy omillardan bo‘lgan Ona zamindan samarali foydalanish zarurligini, bugun davlatimimiz rahbari bergan ulkan imkoniryatlardan unumli foydalanilmasa, ertaga kech bo‘lishi mumkinligini anglatadi.

Farg‘ona uchun yana bir katta imkoniyatlar eshigi ochildiki, prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida viloyatda kelgusi besh yilda 8 milliard dollar miqdordagi 11 mingdan ziyod puxta ishlab chiqilgan investitsiya loyihalari amalga oshirilishidir.

Davlatimiz rahbari tomonidan muammolarning real yechimi sifatida viloyatning har bir tumani sanoat tarmoqlariga ixtisos-lashtirilishi va lokomotiv sohasi hisoblangan neft va kimyo sanoatida jami 1,5 milliard dollarlik investitsiya hisobiga 93 ta loyiha amalga oshirilishi, 3 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi belgilab berildi.

Pirovardida esa, viloyatda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yanada kengaytirilib, «drayver» sohaga aylangan to‘qimachilik sanoatida kelgusi besh yilda 1,1 milliard dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilishi prognoz qilinmoqda. Xususan, Qo‘qon shahri vodiyning «savdo va transport-logistika markazi»ga aylantirilib, viloyatda kelgusi besh yilda xizmat ko‘rsatish hajmi 2,5 barobarga oshishi bo‘yicha sa’y-harakatlar olib borilishi qayd etildi.

Viloyatning kamchiliklaridan yutuqlari ko‘p. bugungi kunda Farg‘onada mahalliy tadbirkorlar, dehqon xo‘jaliklari sa’y-harakati bilan polizchilik, bog‘dorchilik va boshqa tarmoqlarda o‘z brendlariga ega bo‘lmoqda. Shu bois 2022 yilda jami amalga oshirilgan eksport hajmi – 827,2 million dollarni tashkil qilgan, 2021 yilga nisbatan 3,2 foizga, import hajmi – 1 234,3 million dollar, ya’ni 19,3 foizga oshgan.

Yuqorida aytganimizdek, aholisi zich ushbu hududda yangi sanoat sub’ektlari va investitsiya oqimlari suv va havodek zarur desak, to‘g‘ri bo‘ladi. O‘tgan yilda Farg‘ona viloyatida yil davomida o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 957,4 million dollarni tashkil etib, 2021 yilgi ko‘rsatkichga (512,3 million dollar) nisbatan o‘sish 445 million dollarga yoki 187 foizga teng bo‘ldi.

2022 yil davomida viloyat iqtisodiyotiga investitsiyalar kiritish bo‘yicha Xitoy – 375,1 million, Rossiya Federatsiyasi – 190,3 million, Shveysariya – 83,8 million, Janubiy Koreya – 78,8 million, Germaniya – 65,4 million, Singapur – 32,5 million va Turkiya – 30,3 million AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritgan. Shu bilan birga, Farg‘onaga investitsiya kiritgan mamlakatlarning umumiy soni 30 tani tashkil etishi, bu viloyatda juda barqaror investitsion muhit yaratilganidan dalolat.

Bundan tashqari, Farg‘onadagi 2022 yilda sanoat, farmatsevtika, ta’lim, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalari investorlar uchun eng jozibador ahamiyatga ega bo‘ldi. Bir tomondan raqamlashtirish tizimli ishlagani bois IT va innovatsion texno-logiyalar sohalarida ham yaxshi o‘sish dinamikasini kuzatildi. Rasmiy OAVda e’tirof etilganidek, o‘tgan yilda Standard & Poor's xalqaro reyting agentligi Farg‘ona viloyatida yuqori iqtisodiy o‘sish kuzatilganini e’tirof etib, unda tijoriy qarzdorlikning mavjud emasligi “B+” darajasidagi «Barqaror» prognozli kredit reytingda ekanini qayd etgan. Jahon hamjamiyati e’tiboridagi bu iqtsiodiy salmoq esa, viloyatni tashqi savdo-sotiq olamida shaffof investitsion muhit sifatida tanitdi.

«Inson qadri uchun» tamoyili asosida hududda aholi salomatligini muhofaza qilish va tibbiyotni qo‘llab-quvvatlash borasida xususiy sektorga imkoniyat berilgani raqobat va sifatni oshirishda muhim jarayon bo‘ldi. Natijada, viloyatda ayni paytda 720 taga shifo maskanlari ishlab turibdi, Farg‘ona shahridagi «Meridian» tibbiyot markazi tayanch sifatida 120 ta statsionar o‘ringa, yiliga 2 mingta jarrohlik amaliyotini o‘tkazish quvvatini o‘zida mujassam eta oladi.

Inson qadrini oshirish, ona va bola salomatligini saqlash, aholini reproduktiv nazoratini olib borishga doimo diqqat-e’tiborini qaratib kelayotgan davlatimiz rahbari Farg‘ona tibbiyot tizimida yaratilgan ushbu sharoitlar bilan tanisharkan, Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Xitoy kabi taraqqiy etgan davlatlardan keltirilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangani, aholining uzog‘i-yaqin-og‘iri-yengil bo‘layotganini guvohi bo‘ldi.

E’tiborlisi, o‘tgan yili viloyat tibbiyot markazi huzurida universitet ham tashkil etilgan bo‘lib, ayni paytda ushbu tibbiyot oliygohida 600 nafar talaba xorijiy professor-o‘qituvchilardan tahsil olishi, ular tajribasi asosida amaliyot o‘tayotgani viloyatning chekka qishloqlariga ham malakali kadrlar yetishtirib berish imkoni tug‘ilayotgani –bu muassasa zamonaviy laboratoriyalar va oliy dargohni o‘zida birlashtirgani bilan tibbiyot klasteri maqomini oldi, deya ayta olamiz.

Davlatimiz rahbari shifokorlar bilan suhbatda «Xususiy tibbiyotga sharoit yaratganimiz o‘zini oqladi, buni aholi qabul qildi. Chunki odamlarimiz yaxshi yashashga intilyapti, o‘z sog‘ligiga qarayapti. Aholi daromadini oshirish bo‘yicha qilayotgan hamma harakatlarimiz aslida shuning uchun – xalqimizning sog‘lom va farovon yashashi uchun», – dedi.

Xalqimiz orzu-havasli xalq. Farzanlar voyaga yeta boshladimi, unga uy-joy qilish, nabiralar ko‘rib, “danagidan mag‘zi shirin ekan” deb, ularni komil inson etib tarbiyalashdek oliy maqsadlarda yashaydi. Bunday xonadonlar Farg‘onada ham bisyor va bitta hovlida ikki-uchta o‘g‘ilni to‘ylab ahil va inoq yashayotgan, ammo uy-joyga muhtoj oilalar ham bor. Shu bois davlatimiz rahbari tashrif davomida kelgusi besh yillikda viloyat aholisini arzon va sifatli uy-joylar bilan ta’minlash masalasiga ustuvor vazifa sifatida etibor qaratdi. Shahar va tumanlarda 2022 yildan massiv shaklida 167 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilishini amalga oshirish hisobiga 3816 ta oila uy-joy bilan ta’minlanishi, ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya berish orqali 2610 ta ehtiyojmand oilaga xonadonlar ajratilishi bo‘yicha topshiriqlar berdi. Xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan shahar va tumanlarda yana 100 ta ko‘p qavatli turar joylar barpo etilishi jarayonlari olib borilayotgani ko‘zdan kechirildi.

Farg‘onada 40 ming aholiga mo‘ljallangan «Eko shahar» qurilishi, Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlari hududi kengaytirilib, jami 30 ming kvartirali 700 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalari yanada takomillashtirildi.

Davlatimiz rahbari ilgari surib kelayotgan davlat dasturlarida 2026 yilga borib viloyatda eksportchi korxonalar soni 10 barobarga ko‘payishi, 12 ming 600 gektar ekin maydonlari aholiga 10 dan 50 sotixgacha ochiq tanlov asosida uzoq muddatga ijaraga berilishi orqali talabga yarasha ish o‘rinlari yaratilishini ko‘zlda tutilgan. Qishloq xo‘jaligi, agrar soha, tadbirkorlik va iqtisodiy-ijtimoiy jabha-lardagi keng ko‘lamli islohotlar esa, jannatmakon Farg‘onani «yangi brend»lari va iqtisodiy ravnaqiga asosan jahonda taraqqiy etgan shaharlar qatorida tanitib, unga yanada navqiron qiyofa baxsh etadi.

Davlatimiz rahbari Farg‘ona viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy sohalar va aholi hayot darajasini yaqindan o‘rganar ekan, ta’lim-fan, innovatsiyalarni institutsional tatbiq qilgan holda, aholi, ayniqsa, yoshlarning ish bilan bandligini ta’minlash, uy-joy, salomatlik, investitsiya jozibadorligini oshirish hamda turizmni rivojlan-tirishga oid ko‘rsatmalar berdi.

Farg‘ona viloyatida jadal sur’atlar kasb etayotgan keng ko‘lamli bunday istiqbolli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bozor iqtisodiyoti sharoitida Yangi O‘zbekistonni barpo etishga har birimizdan oddiy fuqaro, faol ishtirokchi sifatida munosib hissa qo‘shishimizni taqozo qiladi, deb o‘ylaymiz.

Sherzod Qurbonov,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti,

Iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar) fakulteti talabasi, O‘zA


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

07 02 2023 / 11:06