2023 yil yanvar oyida markaz tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma tadbirkorlar mamlakatdagi biznes muhitiga ijobiy baho berayotganini ko‘rsatdi. Xususan, qishloq xo‘jaligi boshqa tarmoqlar orasida yuqori unumdorligi bilan ajralib turadi.
Joriy yildan boshlab O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhiti ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar vaqti-vaqti bilan Trading Economics axborot portalida e’lon qilinadi.
Yanvar oyidagi so‘rov natijalariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohasidagi ko‘rsatkichlar dinamikasi biroz pasaygan. Tahlilchilar yanvar oyida mamlakatdagi ishbilarmonlik muhitining holatini ijobiy deb baholamoqda. Shunday qilib, yig‘ma indikatorning 3 punktga pasayishiga qaramay, u 54 punktni tashkil etdi.
Markaz har oyda iqtisodiyotning turli sohalaridagi 1000 nafar tadbirkor o‘rtasida so‘rov o‘tkazadi. Ishbilarmonlik muhitining yig‘ma indeksi hozirgi holat va kutilayotgan ko‘rsatkichlar asosida shakllantiriladi. Ular o‘z navbatida, biznes yuritishdagi to‘siqlar haqida tashvishlanish darajasini namoyish etadi. Jahon bankining «Korxona so‘rovi» metodologiyasiga ko‘ra, tadqiqotning tanlab olish metodologiyasi sanoat tabaqalashtirilgan tasodifiy namunadir. O‘z navbatida O‘zbekistonning ishbilarmonlik muhiti indeksi "Ifo Institut“ iqtisodiy tadqiqotlar instituti va ”Berlin Economics" konsalting kompaniyasi ko‘magida Germaniyaning ishbilarmonlik muhiti indeksi (Geschäftsklimaindex) metodologiyasi asosida ishlab chiqilgan.
Respondentlarning 41 foizi o‘z biznesining hozirgi holatini «yaxshi» deb baholagan bo‘lsa, «yomon» deb qayd etganlarning ulushi 14 foizni tashkil etdi.
Korxonalarning 20 foizi ishchilar sonini ko‘paytirdi, tadbirkorlarning 41 foizi tovarlar/xizmatlarga bo‘lgan talabning o‘sishini qayd etdi.
Joriy yil yanvar oyida ishbilarmonlik muhitining hozirgi holati ko‘rsatkichi 13 punktga pasaydi va 34 punktni tashkil etdi, bu esa qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalari holatining yomonlashgani bilan izohlanadi. Shunga qaramay, qurilish sohasida jadal rivojlanish qayd etildi.
Keyingi 3 oy ichida biznesni rivojlantirish istiqbollarini kutish ko‘rsatkichi 76 punkt bilan yuqori darajada qolmoqda, bu barcha sohalarda unumdorlik bilan qo‘llab-quvvatlanadi.
Tahlil davrida tadbirkorlarning 50 foizi turli to‘siqlarga duch kelganligini ta’kidladi. Eng dolzarb muammolar sifatida respondentlar moliya va yerdan foydalanishdagi qiyinchiliklar, elektr va gaz ta’minoti tizimidagi uzilishlar, shuningdek, soliq ma’murchiligi va soliq stavkalarining yuqoriligini qayd etdi.
Sanoat sohasida gaz ta’minoti va elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar tez-tez uchrab turadi. Shu bilan birga, yerdan foydalanishda muammolar borligini bildiruvchi tadbirkorlar ulushi kamaydi.
Qishloq xo‘jaligi boshqa tarmoqlar orasida eng yuqori unumdorligi bilan ajralib turadi – respondentlarning 84 foizi keyingi 3 oy ichida yaxshilanishni kutmoqda.
Qurilish sohasida tadbirkorlar yuqori soliq stavkalari bilan bog‘liq muammolar haqida xabar berish ehtimoli kamroq bo‘ldi. Shu bilan birga, sektorning moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyoji boshqa tarmoqlar orasida eng yuqori bo‘lib qolmoqda.
Xizmat ko‘rsatish sohasida ob-havo sharoiti yomonlashgani sababli soliq ma’muriyati, elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar tez-tez uchrab turadi.
Feruzbek DAVLETOV,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar
markazi mutaxassisi.
O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
20 02 2023 / 13:10